|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
CHET ELDA KOʻRGAZMA-YARMARKA FAOLIYATINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Chet elda oʻtkazilayotgan Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalarida va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz mahsulotlari taqdimotini oʻtkazish va eksport kontraktlar tuzish orqali ishtirok etishini yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalarini har yillik asosida tashkil etish va mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning chet eldagi xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda keng ishtirok etishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Chet elda mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning koʻrgazma-yarmarka faoliyatini tashkil etishga, shu jumladan eksport salohiyati taqdimotiga va eksport kontraktlar tuzishga koʻmaklashish boʻyicha ilovaga* muvofiq tarkibda Idoralararo ishchi guruh tashkil etilsin. Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
*ilova berilmaydi
xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalari tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarni keng jalb etgan holda yuqori darajada tashkil etilishi va oʻtkazilishi bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtirish;
mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, eng avvalo kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga chet elda oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda qatnashishga tayyorgarlik koʻrishda, ekspozitsiyani tashkil etishda, sanoat tarmoqlarining investitsiya, ishlab chiqarish va eksport salohiyati taqdimotlarini oʻtkazishda va eksport kontraktlar tuzishda koʻmaklashish;
mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning koʻrgazma-yarmarka faoliyati natijadorligini, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng va yuqori samarali foydalanish hamda chet elda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalari va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda qatnashadigan mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tanlash vositasida oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining yetakchi ishlab chiqaruvchi hamda mahsulotlarning yuqori sifatli va raqobatbardoshli turlarini eksport qiluvchi sifatida xalqaro koʻrgazma-yarmarkalardagi yuqori reytingiga erishishni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi chet elda koʻrgazma-yarmarka faoliyatini tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul organ etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining takliflari hamda xorijiy davlatlar bilan ahdlashuvlar asosida chet elda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalari va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qatnashishini tashkil etish uchun chet elda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalari va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalar roʻyxatini har yili 10-noyabrgacha tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
“Oʻztadbirkoreksport” aksiyadorlik jamiyati va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining reklama tadbirlarini oʻtkazishda, ularning xalqaro koʻrgazmalar-yarmarkalarda qatnashishini tashkil etishda axborot va maslahat yordamlari koʻrsatishda ularga koʻmaklashsin;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-fevraldagi 57-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 9-son, 91-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda chet elda oʻtkazilayotgan Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalari va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalar doirasida qatnashishni tashkil etish va eksport kontraktlar tuzish ishlari natijalari boʻyicha mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mutaxassislarini ragʻbatlantirish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarini jalb etgan holda mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda qatnashishi uchun imtiyozli tariflarni qoʻllash, shuningdek xorijiy kompaniyalar vakillarini chet elda Oʻzbekistonning milliy koʻrgazma-yarmarkalarida qatnashishga taklif etish masalalarini muntazam ravishda ishlab chiqsin.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan koʻrgazmalar va yarmarkalarda qatnashish, shu jumladan chet elda oʻtkaziladigan koʻrgazmalar va yarmarkalarda qatnashish bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliqni hisoblab chiqishda chiqarib tashlanadigan reklama xarajatlariga tegishliligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini 2012-yil 1-avgustdan boshlab Internet global tarmogʻi orqali “onlayn” rejimida eksportga sotish mexanizmini joriy etsin.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda chet elda oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy koʻrgazma-yarmarkalarida va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda qatnashadigan mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarga koʻrgazma eksponatlarini tashishda imtiyozli tariflar boʻyicha xizmatlar koʻrsatsin.
9. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mahalliy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning chet elda koʻrgazma-yarmarkalarda qatnashishini tashkil etish ishlarining barcha bosqichlari va koʻrgazma-yarmarka faoliyatining yakunlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 16-mart,
73-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 12-son, 131-modda; 2016-y., 9-son, 91-modda)