Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.10.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI YoZISh ORGANLARI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-sonli “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda FHDY deb ataladi) faoliyatini yanada takomillashtirish va fuqarolarning malakali yuridik yordam olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son)
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va u 2012-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda olis aholi punktlarida FHDY organlariga boʻlgan ehtiyojni oʻrgansin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda, tasdiqlangan mezonlardan kelib chiqib, FHDY organlari xodimlari sonini belgilasin;
ikki oy muddatda FHDY organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan fuqarolarning malakali yuridik yordam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadigan FHDYning yagona elektron arxivini tashkil etish, shuningdek hujjatlar va arxiv materiallari saqlanishini taʼminlash chora-tadbirlari dasturi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tegishli xizmat koʻrsatuvchi banklar bilan birgalikda FHDY organlarini toʻlovlarni bank plastik kartochkalaridan qabul qilish boʻyicha hisob-kitob terminallari va nazorat-kassa mashinalari bilan toʻliq jihozlashni taʼminlasin.
3. Belgilansinki, FHDY organlari taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlashning tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri N.T. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-dekabr,
346-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-dekabrdagi 346-son qaroriga
1-ILOVA
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining sonini belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda FHDY organlari deb ataladi) xodimlari sonini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. FHDY organlari quyidagilar hisoblanadi:
tuman va shahar FHDY boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda FHDY boʻlimlari deb ataladi);
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining FHDY arxivlari (keyingi oʻrinlarda — FHDY arxivlari).
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
3. Quyidagilar FHDY organlari xodimlari hisoblanadi:
mudir;
1 va 2-toifali inspektor;
ish yurituvchi (texnik xodimlar).
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
4. FHDY boʻlimlari va FHDY arxivlari xodimlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan mavjud shtatlar doirasida tashkil etiladi va tugatiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
FHDY organlari xodimlari soni koʻpi bilan bir yilda bir marta belgilanadi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son)
Bunda mehnatga haq toʻlash uchun FHDY organlari xarajatlari, shu jumladan yagona ijtimoiy toʻlov (martaba darajasi va belgilangan xizmat muddati uchun ustamalar toʻlovi bundan mustasno) davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
II. FHDY organlari xodimlari sonini belgilash mezonlari
5. Har bir FHDY organida:
a) FHDY boʻlimlarida — mudir va 1-toifali inspektor;
(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
b) FHDY arxivlarida — mudir, 1 nafar 1-toifali va 1 nafar 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi;
(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
6. FHDY boʻlimlari inspektorlarining ikkinchi va undan keyingi lavozimlarini belgilashda jamlangan holda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
a) tegishli tuman va shahar hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan quyidagi fuqarolik holati dalolatnomalari (tugʻilish, oʻlim, nikoh va nikohni bekor qilish), dalolatnoma yozuvlariga kiritilgan oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishlar, berilgan takroriy guvohnomalar va maʼlumotnomalar, xalqaro shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan huquqiy yordamlar va eksterritorial tamoyil asosida koʻrsatilgan xizmatlarning oʻrtacha oylik soni.
Bunda, bir xodimga (mudir va ish yurituvchi bundan mustasno) roʻyxatdan oʻtkazilgan fuqarolik holati dalolatnomalari, dalolatnoma yozuvlariga kiritilgan oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishlar, berilgan takroriy guvohnoma va maʼlumotnomalar, xalqaro shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan huquqiy yordamlar va eksterritorial tamoyil asosida koʻrsatilgan xizmatlarning soni oyiga kamida 250 — 300 ta boʻlishi kerak.
(6-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
b) xizmat koʻrsatiladigan tuman va shahar hududi aholisi soni. Bunda, xizmat koʻrsatiladigan hudud aholisi soni 50 ming kishidan 100 ming kishigacha boʻlganda — 1 nafar inspektor, 100 ming kishidan 150 ming kishigacha boʻlganda — 2 nafar inspektor, 150 ming kishidan 200 ming kishigacha boʻlganda — 3 nafar inspektor va 200 ming va undan ortiq kishi boʻlganda — 4 nafar inspektor lavozimi joriy etiladi.
7. FHDY organida inspektorlarning 4 va undan ortiq lavozimlari mavjud boʻlganda 1-toifali inspektorlar ular umumiy sonining yarmidan ortigʻini tashkil etmasligi kerak.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
8. Ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan mezonlarga qoʻshimcha ravishda FHDY boʻlimidagi inspektorlar lavozimlari sonini belgilashda, aniq holatlardan kelib chiqib, xizmat koʻrsatiladigan hudud chegaralarida aholi punktlarining bir-biridan uzoqligi va ular oʻrtasidagi mavjud transport harakati ham hisobga olinishi mumkin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
9. FHDY arxivlari inspektorlarining uchinchi va undan keyingi lavozimlarini belgilashda jamlangan holda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:
arxiv fondidagi mavjud hujjatlar yigʻmajildi soni. Bunda, inspektorlar soni bir xodimga har birida bir yilda 250 tadan varaq boʻlgan 4000 ta hujjatlar yigʻmajildi hisobidan belgilanadi;
FHDY boʻlimlaridan tushgan xabarnomalar boʻyicha fuqarolik holati dalolatnomalari yozuviga kiritilgan qaydlar soni. Bunda, inspektorlar soni bir oyda bir xodimga 450 — 500 ta kiritilgan qaydlar hisobidan kelib chiqib belgilanadi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
berilgan maʼlumotnomalar, takroriy guvohnomalar va fuqarolik holati dalolatnomalaridan koʻchirmalar soni. Bunda, inspektorlar soni bir oyda bir xodimga 250 — 300 ta berilgan hujjatlar hisobidan kelib chiqib belgilanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
10. FHDY organida 3 nafar va undan ortiq inspektor mavjud boʻlganda ish yurituvchi lavozimi joriy etiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
III. FHDY organlari xodimlari soni toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish
11. FHDY boʻlimlari va FHDY arxivlari xodimlari soni toʻgʻrisidagi takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Vazirlikka kiritiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
12. FHDY boʻlimlari xodimlari soni toʻgʻrisidagi takliflarga tuman va shahar boʻyicha quyidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan materiallar ilova qilinadi:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
oxirgi uch yilda FHDY boʻlimlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan fuqarolik holati dalolatnomalari, dalolatnoma yozuvlariga kiritilgan oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirishlar, berilgan takroriy guvohnomalar va maʼlumotnomalar, xalqaro shartnomalar boʻyicha koʻrsatilgan huquqiy yordamlar va eksterritorial tamoyil asosida koʻrsatilgan xizmatlarning soni.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 623-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)
aholi soni;
ushbu taklifni asoslaydigan boshqa maʼlumotlar.
13. FHDY arxivlari inspektorlari soni toʻgʻrisidagi takliflarga quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
oxirgi uch yilda arxiv fondidagi mavjud ishlar soni;
oxirgi uch yilda fuqarolik holati dalolatnomalari yozuviga kiritilgan qaydlar soni;
oxirgi uch yilda berilgan maʼlumotnomalar, takroriy guvohnomalar va fuqarolik holati dalolatnomalaridan koʻchirmalar soni;
ushbu taklifni asoslaydigan boshqa maʼlumotlar.
14. FHDY organlari xodimlarining soni toʻgʻrisidagi takliflar Vazirlik tomonidan umumlashtiriladi va kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga kiritiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
15. FHDY organlari xodimlarining soni toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishilgandan keyin Vazirlik mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq tegishli qarorlar qabul qiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-dekabrdagi 346-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha tarif setkasini joriy etish toʻgʻrisida” 1996-yil 12-apreldagi 147-son qaroriga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimcha
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 514-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son)
2. 28-ilovaning 1-bandi sakkizinchi xatboshidagi “Fuqarolik holatlarini qayd etish boʻlimlari boshliqlari (mudirlari) va” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 563-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2017-y., 09/17/873/0180-son, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son; 27.08.2020-y., 09/20/514/1243-son; 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son; 28.10.2022-y., 09/22/623/0970-son)