|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMIY FOYDALANILADIGAN AVTOMOBIL YOʻLLARINI TAʼMIRLASH VA SAQLASH ISHLARI TASNIFIGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari hajmini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. “Oʻzavtoyoʻl” DAK manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻtuvchi obyektlar boʻyicha oʻrtacha taʼmirlashga oid yoʻl-qurilish ishlari tugallangandan keyin, biroq 2012-yil 1-sentabrdan kechikmay, ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzavtoyoʻl” DAK hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zokirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 31-dekabr,
352-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-dekabrdagi 352-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-noyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari tasnifiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandning “a” kichik bandida:
a) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 6-bandda:
a) ikkinchi xatboshiga “ishlab chiqarish bazalari” soʻzlaridan keyin “yoʻl-foydalanish tashkilotlari balansidagi (taʼmirlash-foydalanish korxonalari binolari)” soʻzlari qoʻshilsin;
b) beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
v) oltinchi—oʻn ikkinchi xatboshi beshinchi — oʻn birinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash — avtomobil yoʻllarining ayrim uchastkalari va elementlari ishonchliligi va qulayliligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan foydalanish koʻrsatkichlarini yaxshilash maqsadidagi tiklash boʻyicha kompleks taʼmirlash ishlari. Bunda eskirgan qoplama qisman qoplash, uning tekisligini va ilashish sifatlarini tiklash va yaxshilash, yoʻl qoplamasi, yer koʻtarmasi, yoʻl inshootlari, avtomobil yoʻllarini jihozlash va obodonlashtirish, harakat xavfsizligini tashkil etish va taʼminlash elementlarining barcha buzilishlari va shikastlanishlarini bartaraf etish, shuningdek avtomobil yoʻlining butun uzunligida yil mobaynida amalga oshiriladigan avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarining mayda shikastlanishlarining oldini olish va tuzatish yoʻli bilan amalga oshiriladigan foydalanish koʻrsatkichlarini saqlash boʻyicha kompleks taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi”.
3. IV boʻlim oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. V boʻlim matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Taʼmirlanayotgan avtomobil yoʻlining ayrim uchastkalarida (yoʻlning ikki qismi oʻrtasidagi oraliq masofada — peregonlarda) foydalanish jarayonida doimiy ravishda paydo boʻladigan shikastlanishlarni, yoʻl qoplamasining eskirgan yuqori qatlamini bartaraf etish hamda avtomobil yoʻlining ayrim uchastkalari va ayrim yoʻl inshootlarining dastlabki foydalanish sifatlarini saqlash, qoplamaning tekisligini saqlash, yer koʻtarmasi, tonnellar, suv qochirgichlar, sunʼiy, himoyalash, mustahkamlash va tartibga solish inshootlari, yoʻl jihozlari, dam olish joylari va tarixiy yodgorliklarga borish yoʻllari, chiqish va kesib oʻtish yoʻllari hamda avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarining boshqa konstruktiv elementlarining shikastlangan joylarini sozlash, shuningdek toshqinlar va muz koʻchishlari davrida ularni buzilishdan saqlaydigan profilaktika ishlarini bajarish joriy taʼmirlashning vazifalari hisoblanadi.
Joriy taʼmirlash, qoidaga koʻra, avtomobil yoʻlining butun uzunligida doimiy ravishda bajariladi hamda yoʻl-foydalanish tashkilotining taʼmirlovchi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini joriy taʼmirlash texnik tekshirishlar va texnik koʻriklar (bahorgi, kuzgi va davriy) natijalari yoki nuqsonlar vedomostlari asosida tuzilgan bajariladigan ishlarga qarab belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari yoki xarajatlar smetalari doirasida amalga oshiriladi.
20. Qoplamaning tekisligi va ilashish sifatlari cheklangan yoʻl qoʻyiladigan qiymatgacha pasaygan yoki avtomobil yoʻli elementlarida va yoʻl inshootlarida buzilishlar va yemirilishlar toʻplanib qolganda yoʻl qoplamasi va yoʻl inshootlarining holatlarini texnik tekshirishlar va texnik koʻriklardan oʻtkazish natijalari avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlashni tayinlash uchun mezon hisoblanadi.
21. Avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini joriy taʼmirlashga quyidagi ishlar kiradi:
a) yer koʻtarmasi va suv ketkazish tizimi boʻyicha:
yer koʻtarmasi, suv ketkazish tizimi, zaxiralar, himoyalash, mustahkamlash va boshqarish inshootlarining ayrim shikastlanishlarini tuzatish;
oʻt ekib, tuproq toʻkib va qirqib qiyaliklar, koʻtarmalar va oʻymalarni qisman tekislash va ayrim uchastkalarning yoʻl chetlarini tekislash;
suv yuvib ketgan va yemirilgan uchastkalarni, shu jumladan girdob va oʻpirilish hodisalari oqibatida yemirilgan uchastkalarni tiklash, koʻchki tushgan, oʻpirilgan va sel olgan joylarni tozalash;
oʻyma va koʻtarmalar qiyaliklarining tikligini kamaytirish, barqaror chim qoplamasini yaratish boʻyicha zarur agrotexnika tadbirlarini oʻtkazgan holda yer koʻtarmasi va zaxiralarining qiyaliklariga oʻt ekish, yer koʻtarmasining barqarorligini taʼminlaydigan mustahkamlash va boshqa ishlar;
zax joylarda uncha katta uzunlikda boʻlmagan yer koʻtarmasini koʻtarish, uncha katta boʻlmagan oʻpirilgan uchastkalarni tugatish, akkumulyatsiya polkalari qurish, olib tashlanadigan qorni joylashtirish uchun va rejadagi egrilarda koʻrinishni taʼminlash uchun oʻymalar nishabliklarini qirqish, qiyaliklarini suv yuvishidan himoya qilish va chetdan keladigan qorni ushlab qolish uchun tuproqli koʻtarmalar, banketlar va bermalarni qurish;
kesishma va tutashmalarda, toʻxtash maydonchalarida, avtomobil turar joylarida, yoʻl-taʼmirlash xizmati obyektlariga, diqqatga sazovor joylarga borish yoʻllarida yer tasmasi va suv ketkazish tizimlarini tiklash;
mavjud suv ketkazishning zovurlarini yalpi tozalash va yangilarini qazish, suv yemirib ketishi mumkin boʻlgan uchastkalarda ularning devorini va tubini mustahkamlash;
drenaj, himoyalovchi va mustahkamlovchi qurilmalar, suv ketkazish novlari, koʻprik va quvurlarning suv kirish va chiqish oʻzanlari, yomgʻir kanalizatsiyasi, suv quduqlari nosozliklarini tuzatish, qirgʻoqni himoyalash va eroziyaga qarshi qurilmalarni tiklash;
yoʻl chetlarini toʻldirish, kesish va mustahkamlash;
b) yoʻl toʻshamasi boʻyicha:
sement-beton qoplamalardagi choklarni taʼmirlash va toʻldirish;
barcha turdagi qoplamalardagi chuqurlar, yoriqlar, oʻnqir-choʻnqirlar, gʻildirak izlarini toʻldirish, choʻkkan, yorilgan joylarni, yoʻl hoshiyalarini, bordyurlarni tuzatish;
talab qilinadigan tekislik va gʻadir-budirlikni taʼminlagan holda yoʻl qoplamasining eskirgan ustki qatlamlarini tiklash, eski qoplamadan takroran foydalanishni taʼminlaydigan usullar va metodlar bilan qoplamani tiklash;
barcha turdagi yoʻl toʻshamasiga ustki ishlov berish, himoya qatlamlari va yemirilish qatlamlarini qurish, qoplamani kartasimon taʼmirlash;
gʻildirak izlarini qora chaqir tosh yoki asfalt-beton bilan toʻldirgan va qoplamaning butun kengligida emulsiyali-mineral aralashmadan himoyalash qatlamini yotqizgan holda ikki qatlamli emulsiyali-mineral aralashmani yotqizish yoki gʻildirak izi notekisliklarini ustki ishlov berish, qisman frezerlash yoki qirrani tekislash yoʻli bilan gʻildirak izlarini yoʻqotish;
takomillashtirilgan qoplamalarning chetlariga bordyurlarni oʻrnatish va tiklash, mustahkamlash tasmalari va yoʻl chetlarini frezerlash va bitum-mineral aralashmalardan qoplamalar yotqizish;
plitalarni almashtirish, koʻtarish va tekislash, sement-beton qoplamalarda boʻylama yoki koʻndalang ariqchalarni kesib chiqish;
maydalangan toshli, shagʻalli va tuproqli yaxshilangan avtomobil yoʻllarining kesimini tiklash va ijro hujjatlariga muvofiq shagʻal yoki maydalangan tosh toʻkkan holda kuchaytirish;
asfalt-beton va sement-beton qoplamalarning koʻchib ketgan va uvalangan uchastkalarida emulsiyali-mineral aralashmalardan himoya qatlamlari yotqizish;
asfalt-beton qoplamalarning eskirgan ustki qatlamlarini tiklash va avtomobil yoʻllarining ayrim uchastkalarida va butun uzunligida qoplamaning yangi qatlamini yotqizish;
v) sunʼiy inshootlar boʻyicha:
inshootlar ayrim elementlari (panjara, toʻshama, tirgak, kashak, toʻsadigan devorlar va drenaj qurilmalari)ning uncha katta boʻlmagan shikastlanishlarini tuzatish;
yangi suv oʻtkazish quvurlarini qurish yoki ularning hisoblab chiqilgan ogʻirliklari va gabaritlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq taʼmirlanayotgan avtomobil yoʻli uchun belgilangan texnik toifaga toʻgʻri keladigan normalariga yetkazib, ularni toʻliq yoki qisman qayta qurish;
tosh devorlarni taʼmirlash, suvash, mixparchinlarni qisman almashtirish, koʻpriklar va yoʻl oʻtkazgichlarning metall elementlarini boʻyash;
ariqlardan oʻtish koʻprikchalarini almashtirish va tuzatish;
koʻchma koʻpriklardagi, parom kechuvlaridagi, qirgʻoqda toʻxtash joylaridagi uncha katta boʻlmagan buzilishlarni tuzatish (ochiq joylarni bitumlangan arqonlar bilan toʻldirish va boshqalar);
tirgak devorlar va parapetlarning shikastlangan joylarini taʼmirlash;
koʻprikning tutash zonasidagi choʻkkan joylarini toʻldirib tekislash, panjara va toʻsiqlarni, shuningdek yoritish stolbalarini yalpi boʻyash, koʻprik inshooti konstruksiyasiga tegishli belgilar qoʻyish;
temir-beton konstruksiyalarning nuqsonlarini yoʻqotish, shu jumladan yuzani gidrofoblash, plitalarning gʻovak, siniq va yoriq joylarini tuzatish, teshiklarini berkitish, diafragmalarning yemirilishlarini tuzatish, boʻylama choklarni yaxlitlash, oraliq qurilmalarni yalpi boʻyash;
telekuzatish, yoritish, ventilyatsiya, isitish, yongʻinni avtomatik oʻchirish, aloqa, kichik stansiya, tonnellarning elektr uzatish va suv ketkazish liniyalari (shu jumladan, sementatsiya) tizimining ishdan chiqqan ayrim elementlarini taʼmirlash va almashtirish;
boshqaruvchi qurilmalar koʻtarmalari konuslarini tiklash, buzilgan choklarni, koʻchma plitalarni, suv ketkazish tizimlarini, tayanch va koʻprik koʻtarmasining ayrim elementlarini, toʻsiqlar, panjaralar va yoʻlkalarni tiklash;
koʻpriklar va yoʻl oʻtkazgichlarning elementlarini boʻyash, suvash, chirish va yemirilishga qarshi himoya choralarini koʻrish;
suv oʻtkazish quvurlarining ayrim boʻgʻinlarini va kallaklarini uzaytirish, almashtirish, quvurlarning himoya qatlami va tutashgan joylarini toʻgʻrilash;
tonnel qoplamasini kuchaytirish, qisman almashtirish, gidroizolyatsiyani, ventilyatsiya, isitish, yoritish tizimlarini, shtolnya (yer osti yoʻli)ni hamda tonnellarda yongʻinni oʻchirish tizimini suv bilan taʼminlash uchun quduqlarni tiklash va yerosti suvlaridan himoya qilish, portallarni kuchaytirish, suv ketkazish novlarini va hokazolarni tiklagan (almashtirgan) holda yoʻl toʻshamasini tiklash, tirgak devorlarni, galereyalarni, koʻtarmalarni hamda boshqa himoyalash va mustahkamlash inshootlarni kuchaytirish;
koʻprik inshootida va koʻtarma bilan tutash joylarda suv ketkazish tizimlarini oʻrnatish yoki ularni almashtirish, oqova suvlarni tozalash qurilmalarini qurish yoki tiklash;
mustahkamlovchi va boshqaruvchi inshootlarni qurish, himoya inshootlari (koʻtarma gʻov, shporlar, dambalar va boshqalar)ni tiklash yoki qurish;
koʻtarmaning yemirilgan uchastkalarini tiklash va qiyaliklarni mustahkamlash, konusni mustahkamlash uchun tirgakni tiklash va boshqaruvchi inshootlarda qirgʻoqni mustahkamlash ishlarini amalga oshirish;
g) yoʻldagi binolar va yordamchi inshootlar boʻyicha:
devorlar va qoplamalar materiallarini 40 foizgacha almashtirgan holda binolarning nuqsonlari va shikastlanishlarini tuzatish, suvoqlarni toʻgʻrilash va tirqishlarni taʼmirlash, toʻsiq, devor, pol, shift, tom, eshik, pech, quduq, suv quvuri, kanalizatsiya va gaz tarmogʻi, aloqa liniyalarining ayrim elementlarini almashtirgan holda boʻyash, oqlash, oyna qoʻyish, taʼmirlash;
ishlab chiqarish binolari va yoʻldagi binolarning tashqi devorlarini qisman tiklash;
d) avtomobil yoʻllarini jihozlash, harakat xavfsizligini tashkil etish va taʼminlash boʻyicha:
yetishmayotgan yoʻl belgilarini tiklash va yangidan oʻrnatish hamda yoʻl qatnov qismining gorizontal yoʻl belgilarini chizish, shuningdek yakka tartibdagi loyihalash tablosini tiklash va oʻrnatish;
toʻxtash, bekat maydonchalari qurish va mavjudlarini tiklash, avtobus bekatlarida avtopavilyonlar, hojatxonalar, avtomobillarning toʻxtash va toʻxtab turish maydonchalari, piyodalar oʻtish joylari hamda yoʻlkalar, piyodalar va velosipedchilar yoʻlkalari, aholi punktlaridan oʻtadigan yoʻl uchastkalarida shovqindan himoya qilish qurilmalarini qurish va ularni taʼmirlash;
ayrim toʻsiqlar va yoʻnaltiruvchi qurilmalarni oʻrnatish hamda ayrim konstruktiv elementlarini almashtirgan holda ularni taʼmirlash;
harakatni dispetcher orqali va avtomatlashtirilgan boshqarish elementlari va tizimlarini oʻrnatish, tiklash va takomillashtirish, avtonom va masofadan turib boshqariladigan belgilarni va axborot almashib turadigan tabloni, svetofor obyektlarini yangidan oʻrnatish va mavjudlarini tiklash;
harakatlanish uchun xavfli avtomobil yoʻllarida gorizontal egri joylarda virajlar qurish;
avtomobil yoʻllari va ularning ayrim uchastkalari, yoʻl yechimlari, dam olish maydonchalarini, avtobus bekatlari, kuzatish maydonchalari va boshqa obyektlarni meʼmoriy-badiiy bezash, jihozlash va obodonlashtirish;
avtomobil yoʻllarining ayrim uchastkalarida, koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar va tonnellarda elektr yoritqichlarni taʼmirlash va tiklash;
yoʻl radio aloqasi hamda texnologik va signal beruvchi-chaqiruvchi aloqani taʼmirlash va tiklash, kabel tarmogʻini tiklash;
taʼmirlash davrida vaqtinchalik yotiq yoʻl belgilari chizish, vaqtinchalik yotiq yoʻl belgilarini oʻchirish va doimiy gorizontal va vertikal yotiq avtomobil yoʻl belgilarini chizish;
koʻrinishni taʼminlash uchun ayrim daraxtlarni olib tashlash va daraxt shoxlarini kesish;
avtomobil yoʻllari jihozlari va elementlarini boʻyash, ularni ozoda va tartibli saqlash;
e) joriy taʼmirlash boʻyicha boshqa ishlar:
avtomobil yoʻllarining taʼmirlanayotgan uchastkalarida vaqtinchalik aylanib oʻtish yoʻllarini qurish va ularni tugatish;
materiallarni saqlash va yerni rekultivatsiya qilish uchun maydonchalar qurish;
koʻprik inshootlarini loyihadan oldin tekshirish, avtomobil yoʻllari va boshqa yoʻl inshootlarining tashxisi va holatini baholash hamda loyiha-smeta hujjatlarini va taʼmirlash boʻyicha eng murakkab ishlarning muhandislik ishlanmasini ishlab chiqish;
yoʻl-foydalanish tashkilotlari va korxonalar balansidagi ishlab chiqarish bazalari va ochiq konlarga olib boradigan shoxobcha yoʻllarni, boshi berk temir yoʻllarni taʼmirlash”.
5. 30-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“mavjud sunʼiy sugʻorish tizimlarini saqlash va taʼmirlash”.
6. 31-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“31. Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarini saqlash boʻyicha boshqa ishlar:
avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini saqlash sifatini baholash;
avtomobil yoʻllari va ayrim yoʻl inshootlarini qoʻriqlash, soqchilik va yongʻin muhofazasi, safarbarlik zaxiralarini barpo etish;
yoʻl belgilarini xatlovdan oʻtkazish, pasportlashtirish, yoʻl kadastrini tuzish va yoʻl belgilarini joylashtirish sxemalarini ishlab chiqish;
avtomobil yoʻllarining holati tashxisi va uni baholash, koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa inshootlarni joriy va davriy koʻrikdan oʻtkazish, tekshirish va sinash, harakat jadalligini hisobga olish, yoʻl-transport hodisalari hisobini yuritish va ularning paydo boʻlishi sabablarini aniqlashda qatnashish, yoʻllar, koʻpriklar va boshqa yoʻl inshootlarining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish;
navbatchilik-dispetcherlik xizmatini, ishlab chiqarishni boshqarish markazlarini tashkil etish va ular uchun asbob-uskunalar sotib olish; ob-havo shart-sharoitlari va harakatlanish shart-sharoitlari monitoringi meteorologik tizimlarini, shuningdek harakatlanish shart-sharoitlari monitoringi va prognozlashtirish uchun foydalaniladigan video tizimlarni saqlash, shu jumladan ularning ishlashi uchun meteorologik tizimlar elementlarini va aloqa kanallarini ijaraga olish; meteorologik maʼlumotlarni sotib olish; avtomobil yoʻllaridan foydalanuvchilarni qatnovning holati toʻgʻrisida xabardor qilish (axborot tablolari, ommaviy axborot vositalari);
avtomobil yoʻllari va yoʻl inshootlarini saqlash boʻyicha eng murakkab ishlarga muhandislik va ilmiy-texnik ishlanmalarni ilova qilish; ilmiy-tadqiqot va tajriba-eksperiment ishlari; tarmoq normalari va qoidalarini, standartlarni hamda avtomobil yoʻllarining transport-foydalanish koʻrsatkichlarini oshirish va sifatini taʼminlash boʻyicha metodik hujjatlarni ishlab chiqish; adabiyotlar, tarmoq normalari, standartlar, qoidalar, shuningdek metodik hujjatlarni sotib olish, kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash;
yoʻl xoʻjaligi tuman pudrat taʼmirlash-foydalanish korxonalarining avtomobil yoʻllaridan foydalanish boʻlimini, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega boʻlgan avtomobil yoʻllarini saqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan taʼmirlash, foydalanish korxonalarining magistral yoʻllari tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish boʻlimini, shuningdek koʻprik xoʻjaligini saqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-foydalanish korxonalarining koʻprik xoʻjaligidan foydalanish va taʼmirlash boʻlimini saqlash;
tosh tushishiga qarshi tadbirlar, shu jumladan qiyaliklarni burmalash selga qarshi tadbirlar;
yoʻl oʻqi toʻsigʻiga yetishmayotgan nur qaytaradigan shchitlar, yoʻl oʻqi toʻsigʻi oldiga lappaklar oʻrnatish;
sunʼiy inshootlarda ventilyatsiya, majburiy suv ketkazish, yoritish tizimlari ishlashi uchun yetishmayotgan asbob-uskunalarni oʻrnatish, video kuzatish, qoʻriqlashning muhandislik-texnik vositalarining yetishmayotgan tizimlarini oʻrnatish;
axlat yigʻish uchun yetishmayotgan konteynerlarni oʻrnatish;
tarozida tortishni nazorat qilish postlarini tashkil etish va saqlash”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 566-modda)