Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.03.2020
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
KASABA UYuShMALARI, ULARNING HUQUQLARI VA FAOLIYATINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 6-dekabrdagi OʻRQ-588-sonli “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 8-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1 BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Kasaba uyushmalari
Kasaba uyushmasi ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalaridagi faoliyat turiga koʻra oʻz aʼzolarining mehnat huquqlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun mushtarak manfaatlar bilan bogʻlangan fuqarolarning jamoat birlashmasidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasi.
Kasaba uyushmalari oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirishi mumkin.
(1-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
2-modda. Kasaba uyushmalariga birlashish huquqi
Xodimlar, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida taʼlim olayotgan shaxslar hamda ish bilan taʼminlangan boshqa shaxslar (bundan buyon matnda xodimlar deb yuritiladi) hech qanday tafovutsiz va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan kirish huquqiga egadir.
Xodimlar barcha korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi), yakka tartibdagi tadbirkorlik va oʻzga mehnat faoliyati amalga oshirilayotgan boshqa ish joylarida kamida uch nafar xodimning tashabbusi bilan kasaba uyushmalarini tuzishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 16-moddasi ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi.
Kasaba uyushmalari ishlab chiqarish-tarmoq prinsipiga koʻra tarmoqlar va hududlar darajasida tuzilishi mumkin.
Ishlamaydigan pensionyerlarning kasaba uyushmasi aʼzoligiga kirishi yoki undan chiqishi tartibi kasaba uyushmasining ustavi bilan tartibga solinadi.
Kasaba uyushmalari ixtiyoriylik asosida respublika, tarmoq va hududiy birlashmalarini tashkil etishi, shuningdek ularga kirishi mumkin, mazkur birlashmalarga kasaba uyushmalari faoliyatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari va kafolatlari tatbiq etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning III-bobi (“Kasaba uyushmalari huquqlarining kafolatlari”).
Kasaba uyushmasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 11, 12-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 21 — 26-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Kasaba uyushmalari teng huquqlardan foydalanadi.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
3-modda. Kasaba uyushmalarining mustaqilligi
Kasaba uyushmalari oʻz faoliyatida davlat organlaridan, xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, ish beruvchilardan va ularning birlashmalaridan, siyosiy partiyalardan hamda boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas va ular tomonidan nazorat qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Kasaba uyushmalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonuni 5-moddasining uchinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 4-moddasining uchinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 5-moddasining uchinchi qismi.
Kasaba uyushmalari mustaqil ravishda oʻz ustavlarini ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar, uyushma tuzilishini belgilaydilar, rahbar idoralarini saylaydilar, oʻz faoliyatlarini tashkil etadilar, yigʻilishlar, konferensiyalar, plenumlar, qurultoylar oʻtkazadilar.
Kasaba uyushmalari oʻz ustavlarida belgilangan maqsadlarga va vazifalarga muvofiq ravishda boshqa mamlakatlarning kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilish, oʻz xohishiga koʻra xalqaro va boshqa kasaba uyushmalari birlashmalariga va tashkilotlariga kirish huquqiga egadirlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasi.
4-modda. Fuqarolarni kasaba uyushmalariga mansubligiga qarab kamsitishni taqiqlash
Fuqarolarning kasaba uyushmalariga mansubligi yoki mansub emasligi ularning qonun hujjatlarida kafolat beriladigan mehnat huquqlari, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari biror bir tarzda cheklanishiga sabab boʻlmaydi. Xodimni ishga qabul qilish, xizmat pogʻonalariga koʻtarish, shuningdek u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun muayyan kasaba uyushmasiga mansublikni, unga kirishni yoki undan chiqishni shart qilib qoʻyish taqiqlanadi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang:Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 6-moddasi.
5-modda. Kasaba uyushmalari faoliyatini toʻxtatish yoki taqiqlash
Kasaba uyushmasining faoliyatini tugatish ustavda belgilangan tartibda uning vakolatli organi qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonun hujjatlariga zid boʻlgan taqdirda, bu faoliyat sudning qarori bilan taqiqlanishi mumkin. Kasaba uyushmalarining faoliyatini biror bir boshqa organning qaroriga koʻra taqiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 36-moddasi.
6-modda. Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunlar
Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Ushbu Qonunni Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarida, ichki ishlar organlarida, Davlat xavfsizlik xizmatida hamda boshqa harbiy tuzilmalarda qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari ana shu tuzilmalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.
(6-moddasining uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
II BOB. KASABA UYuShMALARINING ASOSIY HUQUQLARI
7-modda. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish huquqlari
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnatga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflarni tegishli davlat organlariga kiritishga haqlidir.
Xodimlarning mehnat huquqlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi oldindan xabardor etilgan holda davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 19-moddasining ikkinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasi.
8-modda. Kasaba uyushmalarining mehnat qilish huquqini himoya etish sohasidagi huquqlari
Kasaba uyushmalari oʻz aʼzolarining mehnat huquqini himoya qiladi, ish bilan taʼminlash borasidagi davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etadi, tashkilotlarda ishdan boʻshatiladigan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishning qonun hujjatlari asosida jamoa shartnomasida belgilanadigan chora-tadbirlarini taklif etadi.
Ish beruvchining tashabbusi bilan xodimlarning soni (shtati) yoki mehnat sharoitlari oʻzgarishiga olib keladigan tarzda tashkilotni va uning tarkibiy boʻlinmalarini tugatish, ishlab chiqarishni toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish tegishli kasaba uyushmalari kamida ikki oy oldin xabardor qilingan hamda ular bilan xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan muzokaralar oʻtkazilgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 102-moddasi birinchi qismining 1-bandi.
Kasaba uyushmalari aholini ish bilan taʼminlashning holati va aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Agar jamoa shartnomasida, kelishuvida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan boʻlsa, bunday rozilikni olmay turib shartnomani bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 101-moddasi.
(8-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
9-modda. Kasaba uyushmalarining muzokaralar olib borish va jamoa shartnomalari, kelishuvlari tuzish huquqlari
Kasaba uyushmalari ish beruvchi, ish beruvchilarning birlashmasi bilan jamoa muzokaralarini olib borishda va jamoa shartnomalarini, kelishuvlarini tuzishda ustuvor huquqqa ega boʻladi, ularning bajarilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Agar kasaba uyushmalari jamoa shartnomasi, kelishuvi tuzish taklifi bilan chiqsa, ish beruvchilar, ularning birlashmalari bu haqda muzokaralar olib borishi shart.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining IV bobi (“Jamoa shartnomalari va kelishuvlari”).
10-modda. Kasaba uyushmalarining xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga doir huquqlari
Kasaba uyushmalarining mehnat sharoitlari va mehnatga haq toʻlash, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarishdagi xavfsizlik, xodimlarning uy-joy sharoitlari, ularni ijtimoiy sugʻurta qilish, ularning sogʻligʻini va madaniy manfaatlarini muhofaza qilish, pensiya taʼminoti sohasidagi huquqlari tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 144-moddasi birinchi qismi, 153-moddasi ikkinchi qismi, 157-moddasi birinchi qismi, 158-moddasi birinchi va ikkinchi qismi, 159-moddasi ikkinchi qismi, 174-modda, 194-moddasi birinchi qismi, 203-moddasi toʻrtinchi va toʻqqizinchi qismi, 216-moddasi birinchi qismi, 223-moddasi ikkinchi qismi, 236-moddasi toʻrtinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 31-moddasi.
Kasaba uyushmalarining respublika va hududiy birlashmalari oʻz vakolatlari doirasida xodimlarni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda, turmush darajasining asosiy mezonlarini, narx-navo indeksi oʻzgarishiga qarab kompensatsiya toʻlash miqdorlarini aniqlashda ishtirok etadi, tirikchilik uchun qonunda belgilangan zarur eng kam miqdorga hamda pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalarning miqdoriga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Kasaba uyushmalarining birlashmalari ushbu masalalar boʻyicha jamoa kelishuvlari tuzishi mumkin.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
11-modda. Kasaba uyushmalarining qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga doir huquqlari
Kasaba uyushmalari ish beruvchi tomonidan mehnat va kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi, aniqlangan xukuqbuzarliklar bartaraf etilishini talab qilishga haqli. Ish beruvchi qonun hujjatlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni koʻrib chiqishi va koʻrib chiqish natijalari haqida kasaba uyushmasiga oʻn besh kunlik muddat ichida xabar berishi shart.
Kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga daʼvo arizasi bilan, shuningdek sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 52-moddasi, 67-moddasi ikkinchi qismining 4-bandi, 2-kichik boʻlimi (“Daʼvo ishini yuritish”), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Vakillikka doir fuqarolik protsessual qonunchiligi normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandi.
Kasaba uyushmalari huquqiy yordam xizmatlariga va boshqa zarur organlarga ega boʻlishi mumkin.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 9-moddasi ikkinchi qismi 2-bandi.
12-modda. Mehnat nizolarini koʻrib chiqishda kasaba uyushmalarining huquqlari
Kasaba uyushmalari yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqishda qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi.
Kasaba uyushmalari qonun hujjatlarining, jamoa shartnomasi, kelishuvi shartlarining buzilganligi, mehnat va turmushning yangi ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarini belgilash yoki mavjud shart-sharoitlarini oʻzgartirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha jamoalarga doir mehnat nizolarini koʻrib chiqishda ishtirok etadi.
(12-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XV bobi (“Mehnat nizolari”).
13-modda. Kasaba uyushmalarining mehnatga oid masalalar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa masalalari yuzasidan axborot olish huquqlari
Kasaba uyushmalari ish beruvchidan, shuningdek davlat organlaridan, xoʻjalik boshqaruvi organlaridan mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan belgilangan statistika hisobotlari doirasida bepul axborot olishga haqlidir.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 24-moddasi oltinchi xatboshisi.
14-modda. Kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, ularning birlashmalari tomonidan jamoa shartnomalari, kelishuvlari bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqlari
Ish beruvchilar, ularning birlashmalari jamoa shartnomalari, kelishuvlari shartlarini buzuvchi qaror qabul qilgan taqdirda, kasaba uyushmalari ushbu qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritishga haqli, bu taqdimnoma bir haftalik muddatda koʻrib chiqiladi. Ish beruvchilar, ularning birlashmalari kasaba uyushmalarining ushbu talablarini qanoatlantirishni rad etgan yoki koʻrsatilgan muddatda ular oʻrtasida kelishuvga erishilmagan taqdirda, kelishmovchiliklar jamoalarga doir mehnat nizolarini hal qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 23, 34, 281-moddalari.
15-modda. Ish beruvchi va mehnat jamoasi yoki kasaba uyushmasi oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqish hamda hal etish
Xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga hamda ish beruvchi va mehnat jamoasi yoki kasaba uyushmasi oʻrtasida kelib chiqadigan nizolarni hal etishga doir masalalar qonun hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining XV bobi (“Mehnat nizolari”).
16-modda. Kasaba uyushmalarining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzishdagi ishtiroki
Kasaba uyushmalari migratsiya, ish bilan taʼminlash, mehnat, narx belgilash va ijtimoiy taʼminot masalalariga doir Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etishi mumkin.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 6-fevraldagi OʻRQ-518-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
III BOB. KASABA UYuShMALARI HUQUQLARINING KAFOLATLARI
17-modda. Kasaba uyushmalari faoliyatining kafolatlari
Ish beruvchilar va mansabdor shaxslar kasaba uyushmalarining huquqlariga rioya etishi, ularning faoliyatiga koʻmaklashishi shart. Ular kasaba uyushmalarining huquqlarini buzganlik yoki ularning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Ish beruvchilar va mansabdor shaxslar kasaba uyushmalari vakillarining shu kasaba uyushmalari aʼzolari ishlayotgan tashkilotlarga ustavda belgilangan maqsad va vazifalarni hamda qonun hujjatlarida berilgan huquqlarni amalga oshirish uchun kirishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 24, 26-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 49-moddasi.
18-modda. Ishlab chiqarishdagi ishidan ozod qilinmagan holda kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlar uchun kafolatlar
Quyidagilarga intizomiy jazo berilishi mumkin emas:
kasaba uyushmasi organi tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod qilinmagan xodimlarga — shu organning roziligi olinmasdan turib;
tashkilot boʻlinmalaridagi kasaba uyushmalari organlarining rahbarlariga — tegishli kasaba uyushmasi organining roziligi olinmasdan turib;
tashkilotdagi kasaba uyushmalari organlarining rahbarlariga, kasaba uyushmalari tashkilotchilariga — tegishli kasaba uyushmalari birlashmasining roziligi olinmasdan turib.
Kasaba uyushmalari organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod qilinmagan shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, ular aʼzo boʻlgan kasaba uyushmasi organining roziligi oldindan olingan taqdirdagina, tashkilotdagi kasaba uyushmalari organlarining raislari va aʼzolari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga esa, yuqoridagilardan tashqari faqat tegishli kasaba uyushmalari birlashmasining roziligi olingan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Kasaba uyushmalarining tashkilotchilari va kasaba uyushmalari guruhlarining tashkilotchilari bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga tegishli kasaba uyushmalari birlashmasi organining roziligi olingan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Kasaba uyushmalari saylab qoʻyiladigan organlarining ishlab chiqarishdagi oʻz ishidan ozod qilinmagan aʼzolariga jamoa shartnomasida, kelishuvida belgilanadigan shartlarga koʻra jamoa manfaatlarini koʻzlab jamoatchilik vazifalarini bajarishi uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan boʻsh vaqt beriladi, shuningdek kasaba uyushmasining qisqa muddatli oʻquvi vaqtida ularning oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Kasaba uyushmalarining saylab qoʻyiladigan organlari aʼzolari kasaba uyushmalari tomonidan chaqiriladigan qurultoylarda, konferensiyalarda, shuningdek kasaba uyushmalarining plenumlari va rayosatlari ishida delegat sifatida ishtirok etayotgan vaqtga ishlab chiqarishdagi ishidan ozod qilinib, ularga kasaba uyushmasining mablagʻlari hisobidan oʻrtacha ish haqi miqdorida haq toʻlanadi.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi.
19-modda. Ishlab chiqarishdagi ishidan ozod qilingan holda kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlar uchun kafolatlar
Kasaba uyushmalari organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ishdan ozod qilingan xodimlarga ularning saylov vakolatlari tugaganidan soʻng avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmagan taqdirda esa, oʻsha tashkilotda yoki xodimning roziligi bilan boshqa tashkilotda avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda ular qonunda, jamoa shartnomalarida, kelishuvlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismlari.
20-modda. Kasaba uyushmalari organlariga saylangan xodimlarning mehnatga oid qoʻshimcha kafolatlari
Kasaba uyushmalari organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga mahalliy mehnat organining oldindan roziligini olmasdan turib intizomiy jazo berishga, ular bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek kasaba uyushmalari organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil ichida ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi ikkinchi qismi.
21-modda. Kasaba uyushmalarining hamda ularga qarashli tashkilotlarning mulkiy va moliyaviy huquqlari
Kasaba uyushmalari mulk huquqi asosida oʻziga qarashli boʻlgan mol-mulk va pul mablagʻlariga egalik qiladi, ulardan foydalanadi hamda ularni tasarruf etadi.
Kasaba uyushmalari davlat organlari va boshqa tashkilotlarning majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi, oʻz navbatida ular ham kasaba uyushmalarining majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Kasaba uyushmalari budjeti mablagʻlarining manbalari, mablagʻlarni shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi ularning ustavlarida belgilanadi.
Kasaba uyushmalarining moliyaviy faoliyati ularning ustavlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Kasaba uyushmalariga qarashli tashkilotlar daromadlarining manbalari, ular olgan mablagʻlarning miqdorlari va soliqlarni toʻlash davlat soliq xizmati organlari va moliya organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining III-boʻlimi (“Soliq nazorati”).
Kasaba uyushmalari oʻz ustavlarida qayd etilgan maqsad va vazifalarga muvofiq belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, tijorat tashkilotlarini tashkil etish, noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish, turli fondlar tuzish huquqiga ega.
(21-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
22-modda. Ish beruvchining kasaba uyushmalari faoliyati uchun moddiy sharoitlar yaratish borasidagi majburiyatlari
Jamoa shartnomasiga, kelishuviga muvofiq tashkilot oʻz mulki boʻlgan yoxud oʻzi ijaraga olgan binolarni, xonalarni, inshootlarni va boshqa obyektlarni, shuningdek dam olishni tashkil etish, xodimlar va ularning oila aʼzolari bilan madaniy-maʼrifiy, jismoniy tarbiya- sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan dam olish maskanlarini, bolalar-oʻsmirlar oromgohlarini va boshqa sogʻlomlashtirish oromgohlarini kasaba uyushmalariga tekin foydalanish uchun beradi.
Tashkilot maqsadi va miqdorlari jamoa shartnomasida, kelishuvida belgilanadigan mablagʻlarni kasaba uyushmalariga oʻtkazadi.
Tashkilotda ish olib boradigan kasaba uyushmalarining faoliyati uchun boshqa moddiy sharoitlarni yaratish jamoa shartnomasi, kelishuvi bilan tartibga solinadi.
(22-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-413-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 48-son, 546-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
638-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 344-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 20-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 48-son, 546-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)