Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filialini tashkil etish toʻgʻrisida
(hujjat nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-avgustdagi 669-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 899-modda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash vazifalarining tobora kengayib borayotgan koʻlamlarini, shuningdek ayrim mintaqalardagi qishloq xoʻjaligi yerlarining minerallashishi va shoʻrlanganlik holatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib hamda mamlakat iqtisodiyotining ushbu eng muhim sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligining Buxoro davlat universitetining gidromelioratsiya fakulteti negizida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tashkil etish, unda “Suv xoʻjaligi va melioratsiya”, “Suv xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash”, “Yer tuzish va yer kadastri” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavrlar tayyorlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filialiga har yilgi talabalar qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-avgustdagi 669-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 899-modda)
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2010/2011 oʻquv yilida Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti Buxoro filialining 1 kursida oʻqiydiganlar kontingenti soni 100 kishini, shu jumladan Buxoro davlat universitetiga tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1 kursga qabul qilingan talabalar hisobiga: “Suv xoʻjaligi va melioratsiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 40 kishini, “Suv xoʻjaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 30 kishini, “Yer tuzish va yer kadastri” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha — 30 kishini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2010-yil 1-sentabrgacha Buxoro davlat universitetida ixtisoslik taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqiyotgan ikkinchi va uchinchi kurslar talabalari kontingentining Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialiga oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
4. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali faoliyatini tashkil etish, uning oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirish, oʻquv-metodik va ilmiy-pedagogik taʼminlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-avgustdagi 669-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 899-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri hamda Buxoro viloyati hokimi zimmasiga koʻrsatib oʻtilgan dasturning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2010-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda:
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar va oʻquv-yordamchi xodimlar bilan taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialida oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni darsliklar va oʻquv adabiyotlari, zamonaviy kompyuter texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
Buxoro davlat universitetining tashkiliy tuzilmasiga, shuningdek Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti hamda Buxoro davlat universiteti ustavlariga zarur oʻzgartirishlar kiritsinlar.
6. Buxoro viloyati hokimligi Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini Buxoro shahri, Gazli shoh koʻchasi, 32-uyga joylashtirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Buxoro davlat universitetining xarajatlar smetasiga, undagi “Gidromelioratsiya” fakultetining tugatilishini hisobga olgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
2010/2011 oʻquv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur budjet mablagʻlari ajratsin.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-avgustdagi 669-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 899-modda)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
182-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-noyabrdagi 311-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 44-son, 563-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 182-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Buxoro filialini tashkil etish, uning oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirish va ilmiy-pedagogik taʼminlash chora-tadbirlari
DASTURI
T/r‎

Tadbirlar mazmuni‎

Bajarish muddatlari‎ Bajarish uchun masʼullar‎
1. Filial faoliyatini tashkil etish masalalari
1.‎ Filialning shtat jadvali va xarajatlari smetasini tasdiqlash. 2010-yil avgust Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
2.‎ Tanlov asosida Filialni yuqori malakali kadrlar bilan butlash. 2010-yil avgust‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Buxoro davlat universiteti
3.‎ Filialning Homiylik kengashi tarkibini tasdiqlash, unga kadrlarning potensial isteʼmolchilari — viloyat korxonalari va tashkilotlari, vazirliklar va idoralar vakillarini kiritish. 2010-yil sentabr‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
4.‎ Filialning talabalari uchun amaliyot bazasini yaratish, Filial kadrlarining isteʼmolchilari hisoblangan viloyat korxonalari va tashkilotlari amaliyotini tashkil etish uchun masʼullarni biriktirish. Korxonalar va loyiha-qidiruv muassasalarida kafedralarning filiallari, boʻlimlarini tashkil etish.‎ 2010-2011-yillar‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
2. Filialning moddiy-texnika bazasini tashkil etish va mustahkamlash
5.‎ Nuqsonlarga doir dalolatnoma tuzish natijalari boʻyicha Filial binolarini taʼmirlash uchun zarur mablagʻlar ajratish.‎ 2010-yil avgust‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi
6.‎ “Gidravlika va gidrotexnik inshootlar”, “Nasos stansiyalari, energetika va aloqa”, “Melioratsiya”, “Hayot faoliyati xavfsizligi” oʻquv auditoriyalarini taʼmirlash va jihozlash.‎ 2010-yil avgust‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Amu-Buxoro Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi
7.‎ Filial uchun oʻquv korpusi qurish. Buyurtmachini, bosh pudratchini belgilash.‎ 2011-yil‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi
8.‎ Zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriya bazasini tashkil etish. Shu jumladan: Gidravlika; Melioratsiya; Gidromelioratsiya tizimlaridan foydalanish; Gidrotexnika inshootlari; Nasoslar va nasos stansiyalari; Qishloq xoʻjaligi suv taʼminoti va yaylovlarga suv chiqarish. Oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish uchun oʻquv ustaxonalari yaratish.‎ 2011 — 2014-yillar‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi
9.‎ Oʻquv-malaka amaliyotlarini, dala tadqiqotlarini oʻtkazish maqsadida Filialning Oʻquv-ilmiy markazi uchun yer ajratish (50 gektar). Oʻquv-ilmiy markazda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishning suv tejaydigan texnologiyalari oʻquv-tadqiqot poligoni tashkil etish (tomchilatib sugʻorish; yomgʻirlatib sugʻorish; tuproq orasidan sugʻorish; yer ustidan sugʻorishning takomillashtirilgan usullari).‎ 2011 — 2014-yillar‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi
10.‎ Boshqa joylardan kelgan talabalar yashaydigan joylarni mukammal taʼmirlash va jihozlash. ‎ 2012-yil Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi
11.‎ Filial talabalari uchun oshxona qurish va jihozlash.‎ 2011-2012-yillar‎ Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi
3. Filial faoliyatini oʻquv-metodik, pedagogik taʼminlash
12.‎ Suv xoʻjaligi va irrigatsiyani rivojlantirish vazifalariga, meliorativ tizim sharoitlari va xususiyatlariga, mintaqa, choʻl va sahro massivlari yer va tuproqlarining geologik, sifat tavsiflariga muvofiq Filialni tasdiqlangan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari, fanlar dasturlari bilan taʼminlash. 2010-yil avgust‎ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
13.‎ Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti filialini oʻquv-metodik adabiyotlar, axborot materiallari (shu jumladan ularning elektron variantlari), maxsus davriy nashrlar bilan taʼminlash. Filialning axborot-resurs markazini tashkil etish. 2010-yil sentabr Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Buxoro davlat universiteti
14.‎ Filialda maxsus fanlar boʻyicha mashgʻulotlar olib borishga jalb qilish uchun Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti va Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalaridan malakali pedagogik kadrlar tarkibini aniqlash. ‎ 2010-yil avgust‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
15.‎ Filialdagi pedagogik faoliyat uchun Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti magistraturasida yosh mutaxassislarni maqsadli tayyorlash.‎ 2011-yildan boshlab‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
16.‎ Filial oʻqituvchilarining Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti sohalar boʻyicha kafedralarida va “Isteʼdod” jamgʻarmasi orqali malaka va tajriba orttirishlarini tashkil etish.‎ 2011-yildan boshlab‎ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Isteʼdod” jamgʻarmasi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
17.‎ Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti oʻqituvchilari tomonidan maʼruzalar oʻqish uchun Filialda masofadan oʻqitish elementlarini joriy etish uchun texnik, dasturiy, metodik shart-sharoitlar yaratish.‎ 2011-yil Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, OʻzAAA
18.‎ Filialning maxsus kafedralari ilmiy tadqiqotlari yoʻnalishlarini belgilash, grantlar jalb etishni va xoʻjalik shartnomalarini bajarishni tashkil etish. Mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda suvni tejash, sugʻoriladigan yerlarning ekologik-meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar mavzulari roʻyxatini ishlab chiqish.‎ 2010-2011-yillar‎ Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti
19.‎ Mintaqaning suv xoʻjaligi muammolari boʻyicha Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari, “SANIIRI” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi va “Oʻzsuvloyiha”, “Oʻzdaverloyiha”, “OʻzGIP MCHJ” loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan birga qoʻshma ilmiy-tadqiqiy, ilmiy-metodik ishlanmalarni tashkil etish. ‎ 2011-yildan boshlab Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, OʻzFA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 292-modda; 2015-y., 44-son, 563-modda, 2017-y., 34-son, 899-modda)