Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.02.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
QarorI
Bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini iqtisodiy sudlar tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 30-oktabrdagi 189-sonli qarori asosida kiritilgan oʻzgartirishlar bilan)
Sud amaliyotida vujudga kelayotgan savollar munosabati bilan va “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (bundan buyon matnda “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun, Qonun deb yuritiladi) bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga muvofiq quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi.
1. “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonun barcha yuridik shaxslarga (davlat korxonalariga va notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish yuritayotgan yuridik shaxslar mustasno) va yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek, agar pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek uning hududiy organlarining (bundan buyon matnda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi deb yuritiladi) bankrotlik ishlari yuzasidan bergan arizalari va iltimosnomalari Qonunda belgilangan eng qisqa muddatlarda koʻrib chiqilishi lozim.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi, shuningdek davlat soliq xizmati organi va prokurorning qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalari iqtisodiy sudlar tomonidan davlat boji toʻlovisiz ish yuritishga qabul qilinadi. Iqtisodiy sud tomonidan ariza qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji qarzdordan undiriladi. Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan kreditorning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan arizani qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, davlat boji ariza qaysi shaxsning manfaatlarini koʻzlab taqdim etilgan boʻlsa, shu shaxsdan undiriladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Belgilangan tartibda va miqdorda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 155-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
3. Qarzdor, agar uning Qonunning 4-moddasida belgilangan muddatda pul majburiyatlarini qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha oʻz majburiyatini bajarishga qodir emasligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlsa, pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha majburiyati yuzaga kelgan muddatdan qatʼi nazar, bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
4. Davlat soliq xizmati organi va boshqa vakolatli organ (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning undirilishi ustidan nazorat olib boruvchi vakolatli organ)ning qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizasiga qonun hujjatlariga muvofiq majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzni olishga doir choralar koʻrilganligi haqida dalillar ilova qilinishi kerak. Arizaga kreditorning qarzni undirish toʻgʻrisidagi sud qarori, ijro hujjati (ijro varaqasi, qarzdor tomonidan akseptlangan toʻlov talablari, notariusning ijro xati va boshqalar) yoki kreditor talablari qarzdor tomonidan tan olinganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlsa, ilova qilinadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Hisob raqamga qoʻyilgan va qarzdorning pul mablagʻlari yoʻqligi uchun bank bajarmagan inkasso topshiriqnomalarining arizaga ilova qilinishi davlat soliq xizmati organi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan qarzni olishga doir choralar koʻrilganligining dalili boʻlishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organi qarzdorning mol-mulki mavjud boʻlganda soliq qarzini undirishni qarzdorning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi iqtisodiy sudning qarorini va undirishni mol-mulkka qaratish natijasida soliq qarzi toʻlanmaganligini tasdiqlovchi dalillarni arizaga ilova qilishi shart.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
5. Qonunning 9-moddasiga muvofiq qarzdor rahbari, tugatish komissiyasi aʼzolari yoki tugatuvchi tomonidan iqtisodiy sudga qarzdorning arizasi taqdim etilmaganligi Qonunning 8-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin yuzaga kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdor rahbarining, tugatish komissiyasi aʼzolarining yoki tugatuvchining subsidiar javobgarligiga sabab boʻladi. Qayd etilgan shaxslarning subsidiar javobgarligi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda koʻriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
6. Qonunning 10-moddasiga koʻra iqtisodiy sud qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Agar bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgandan keyin qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza berilgunga qadar paydo boʻlgan qarzni undirish haqida kreditordan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi kelib tushgan boʻlsa, daʼvo arizasini qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq rad etiladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Agar koʻrsatilgan holatlar daʼvo arizasi (ariza) ish yurituvga qabul qilingandan keyin aniqlansa, u holda daʼvo arizasi IPK 107-moddasining 9-bandiga asosan koʻrmasdan qoldiriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizani qabul qilishda sudya qarzdor yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch yuz baravaridan, qarzdor shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonaga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh ming baravaridan, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa bazaviy hisoblash miqdorining kamida yigirma baravaridan kam boʻlmagan miqdorda jami qarzi mavjudligini va bu majburiyatlar yuzaga kelgan kundan eʼtiboran uch oy, qarzdor shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona olti oy davomida bajarilmaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishi zarur. Agar bunday hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, arizani qabul qilish Qonun 45-moddasining beshinchi qismi va IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan rad etiladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
8. Sudya bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash bilan bir vaqtda kuzatuv taomilini joriy etish masalasini hal qilishi lozim (Qonunning 48 va 62-moddalari). Arizani ish yuritishga qabul qilish va bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi iqtisodiy sudning ajrimida kuzatuv taomili joriy etilganligi koʻrsatiladi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Mol-mulki mavjud boʻlgan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilinganda, unda muvaqqat boshqaruvchining nomzodi koʻrsatiladi. Arizada muvaqqat boshqaruvchining nomzodi koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda iqtisodiy sud arizachidan yoki bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organidan yoxud sud boshqaruvchilarining professional birlashmasidan tegishli nomzodni taqdim etishni talab qiladi. Bunday holatda kuzatuv taomilini joriy etish va muvaqqat boshqaruvchini tayinlash masalasi Qonun 48-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza tushgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay hal qilinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kuzatuv taomili qarzdor — yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini oʻtkazish maqsadida qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza qabul qilingan paytdan eʼtiboran keyingi taomilga qadar qoʻllaniladi. Ushbu vazifalarning bajarilishi muvaqqat boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Bu qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning va soddalashtirilgan taomil boʻyicha qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ishlarga tatbiq etilmaydi.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
9. Qonunning 48-moddasiga muvofiq bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlashda sudya IPKda nazarda tutilgan tartibda va Qonunda belgilangan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasiga binoan kreditorlar talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni koʻradi (Qonunning 46-moddasi);
ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etadi (Qonunning 48-moddasi);
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqadi (Qonunning 59-moddasi);
qarzdorning eʼtirozlari (muvaqqat boshqaruvchining iltimosnomasi) mavjudligida arizachining qarzdorga nisbatan talablarining asosliligini tekshirish maqsadida sud majlisini oʻtkazadi (Qonunning 70-moddasi).
10. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish iqtisodiy sudning majlisida bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish alohida hollarda iqtisodiy sudning raisi tomonidan Qonunning 49-moddasiga muvofiq bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
11. Qonunning 18-moddasi birinchi qismiga muvofiq oliy maʼlumotli hamda kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organida attestatsiyadan oʻtgan va tegishli attestatga ega boʻlgan shaxslar sud boshqaruvchilari etib tayinlanishi mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi sud boshqaruvchilarining yagona reyestrini yuritadi va uning nusxasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisini tayinlash masalasini hal etishda iqtisodiy sud tegishli attestatni talab qilib olishi va uning nusxasini ish hujjatlariga qoʻshishi lozim.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
12. Qarzdor yoki kreditorlarga nisbatan manfaatdor shaxs, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslar, agar unga nisbatan bankrotlik taomili joriy etilgan boʻlsa, ilgari sud boshqaruvchisi vazifasini bajarayotgan paytda qarzdorga, kreditorlarga zarar yetkazgan va bu zararning oʻrnini qoplamagan shaxs, boshqa shaxslarning ishlarini va (yoki) mol-mulkini boshqarish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishiga cheklov belgilangan shaxs (bunday faoliyat bilan shugʻullanishdan mahrum etilgan yoki bunday faoliyatga noloyiq deb topilgan shaxs) sud boshqaruvchisi etib tayinlanishi mumkin emas.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud koʻrsatilgan asoslarga koʻra sud boshqaruvchisi lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni bu vazifaga tayinlashni rad etishga yoki sud boshqaruvchisini oʻz vazifasini bajarishdan ozod etishga haqlidir.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgan sanada, shu jumladan, agar bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgunga qadar bir yil muddat ichida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan qarzdor yuridik shaxs mansabdor shaxsi boʻlganning nomzodini sud boshqaruvchisi etib tayinlashni rad etishi lozim. Qarzdor yuridik shaxsning mansabdor shaxsi sifatida qarzdorning rahbari, kuzatuv kengashi, kollegial ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar, bosh buxgalter (buxgalter) tushuniladi.
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Qonun hujjatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganlik, shuningdek Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar sud boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod qilish uchun asos boʻladi.
Sud boshqaruvchisi vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda uni vazifasidan ozod qilish masalasi sud majlisida hal etiladi. Sud boshqaruvchisi va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida iqtisodiy sud tomonidan xabardor qilinadi. Ushbu sud majlisining oʻzida yangi sud boshqaruvchisini tayinlash, vazifasidan ozod etilgan sobiq sud boshqaruvchisini maʼmuriy va (yoki) moddiy javobgarlikka tortish, uning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanganda esa, IPKning 200-moddasi tartibida bu haqda prokurorga xabar qilish masalalari koʻrib chiqilishi mumkin.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisini oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilish va yangi sud boshqaruvchisini tayinlash toʻgʻrisidagi sud ajrimi darhol ijro etiladi. Ushbu sud ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini toʻxtatmaydi.
131. Sudlar, kreditorlar va boshqa taraflar soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlangan taqdirda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishlari lozim.
132. Sudlarga tushuntirilsinki, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrilayotgan har qanday tartib-taomil jarayonida iqtisodiy sudga soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
(13.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
133. Bankrotlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq sud boshqaruvchisi bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlashga doir harakatlarni amalga oshirishi va chora-tadbirlar koʻrishi hamda ular haqida kreditorlar yigʻilishiga, iqtisodiy sudga, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart.
(133-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 14-avgustdagi 224-sonli qarori bilan tasdiqlangan Soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish va qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash Qoidalarining (bundan buyon matnda Qoidalar deb yuritiladi) 9-bandiga binoan, qarzdorning arizasiga koʻra, bankrotlik toʻgʻrisida iqtisodiy sud tomonidan ish qoʻzgʻatishning barcha holatlarida soxta bankrotlik alomatlarini aniqlash sud boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi hamda kuzatuv tartiboti jarayonida roʻyobga chiqariladi.
(133-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Shu munosabat bilan sudlar qarzdorning arizasi boʻyicha bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganda va kuzatuv joriy etilganda, ajrim bilan muvaqqat boshqaruvchisiga qarzdorning soxta bankrotligi belgilari mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xulosani sudga taqdim etish majburiyatini yuklashi lozim.
Qoidalarning 21-bandiga muvofiq, bankrotlikni yashirish alomatlari bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatishdan oldingi davr mobaynida, shuningdek, bankrotlik taomillari jarayonida sud boshqaruvchisi tomonidan aniqlanadi
(13.3-bandining toʻrtinchi — oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan almashtirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(13.3-bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Sudlarning eʼtibori Qoidalarning 39 — 42-bandlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida tashkil etilgan xulosani hamda unga ilova qilingan materiallarni koʻrib chiqish va ular boʻyicha fikrni taqdim etish uchun doimiy ishlovchi Komissiya xulosani va unga ilova qilingan materiallarni xoʻjalik sudi tomonidan murojaat tushgan paytdan boshlab bir oy muddatda koʻrib chiqishi va oʻzining fikrini xoʻjalik sudiga taqdim etishi kerakligiga qaratilsin.
Shu munosabat bilan sudlar soxta bankrotlik (bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish) belgilari mavjudligi toʻgʻrisidagi sud boshqaruvchisining xulosasini va unga ilova qilingan hujjatlarni darhol mazkur Komissiyaga koʻrib chiqish uchun yuborishi lozim.
(133-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
14. Sud boshqaruvchisining noqonuniy harakati (harakatsizligi) natijasida kreditorlarga yoki qarzdorning mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda, kreditorlar va qarzdor daʼvo bilan umumiy yurisdiksiya sudiga murojaat etishga haqli.
15. Sud boshqaruvchisiga haq toʻlash miqdori va tartibi kreditorlar yigʻilishi tomonidan belgilanadi hamda iqtisodiy sudning ajrimi yoki hal qiluv qarori bilan tasdiqlanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchisi haqining miqdorini belgilashda qarzdor mol-mulkining qiymati, uning amalga oshiradigan ishlari hajmi hisobga olinishi lozim.
Kreditorlar yigʻilishining qarori bilan sud boshqaruvchisiga uning faoliyati natijalariga qarab toʻlanadigan qoʻshimcha haq belgilanishi mumkin. Agar kreditorlar bilan tuzilgan bitimda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, sud boshqaruvchisining haqi va qoʻshimcha haq qarzdorning mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qarori tahririda)
16. Qonun 19-moddasining birinchi qismiga asosan bankrotlik taomilini amalga oshirishda sud boshqaruvchisi tomonidan iqtisodiy sudga beriladigan daʼvo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanmasdan qabul qilinadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
17. Qonunning 25-moddasi birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilariga muvofiq bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni hamda sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisining faoliyatida qonun hujjatlari muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilgan taqdirda uni vazifasidan ozod qilish haqida iqtisodiy sudga ariza bilan murojaat etadi.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Qonunning 26-moddasi uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilariga koʻra bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining hududiy boshqarmalari ustav fondida davlat ulushi boʻlgan va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi oldida pul majburiyatlari boʻyicha qarzi bor korxonalarning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining koʻrsatmasiga binoan iqtisodiy sudga murojaat etadi, ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning bankrotligi taomillari jarayoni ustidan nazoratni amalga oshiradi, korxonalarning bankrotligi jarayonlari monitoringini yuritadi, sud boshqaruvchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, sud boshqaruvchisini belgilangan tartibda vazifasini bajarishdan ozod qilish zarurligi haqida bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga iltimosnoma bilan murojaat etadi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
18. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunning 52 va 53-moddalariga muvofiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar rasmiy nashr etib belgilangan “Birja” va (yoki) “Soliq info” gazetalarida chop etiladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori tahririda)
19. Kreditorlarning birinchi yigʻilishini oʻtkazish uchun kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladigan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlarning miqdori iqtisodiy sud tomonidan qarzdorga nisbatan bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatish haqidagi arizani qabul qilish sanasiga belgilanadi. Qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingunga va bankrotlikning tegishli taomilini joriy etishga qadar ijro muddati kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi majburiyatlari kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin vujudga kelgan qarzdorning kreditorlar oldidagi majburiyatlari kreditorlarning talablari reyestriga kiritilmaydi va qarzdorning ular oldidagi majburiyatlari navbatdan tashqari bajariladi. Bunda, majburiyat deganda, bitim tuzish yoki voqeaning sodir boʻlishi natijasida qarzdorda muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatining vujudga kelishi tushuniladi (masalan, mol-mulkni berish, pul mablagʻlarini toʻlash va boshqalar).
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kreditorlarning talablari reyestriga qarzdor va (yoki) sud boshqaruvchisi tomonidan tan olingan yoxud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari (hal qiluv qarori, qaror, hukm, ajrim, sud buyrugʻi) bilan tasdiqlangan, shuningdek davlat organlarining hujjatlari bilan aniqlangan talablar kiritiladi.
Kreditorlarning talablari reyestriga asosiy qarzdan tashqari, neustoyka (jarima, penya)ni undirish haqidagi talablar, shuningdek yuqoridagi hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa hisoblangan iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar (foizlar) kiritiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilgunga qadar vujudga kelgan, ammo qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin bajarish muddati kelgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlarning miqdori tegishli bankrotlik taomili (sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv) joriy etilgan sanaga belgilanadi.
(19-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdor bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish yuritish boshlangandan soʻng pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha talablar miqdori barcha hollarda, pul majburiyatlarini bajarish va majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati yuzaga kelganidan qatʼi nazar, tugatishga doir ish yuritish boshlangan sanaga belgilanadi, Qonunning 134-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan talablar bundan mustasno.
Qarzdorning chet el valyutasida qarzi mavjud boʻlganda, agar kreditor va qarzdor oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditorlarning birinchi yigʻilishini oʻtkazish uchun kreditorlarning talablari reyestriga kiritiladigan kreditorlarning talablari miqdori qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy kurs bilan, keyingi taomillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”da nazarda tutilgan tartibda (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 21-mayda 1364-son bilan roʻyxatga olingan) belgilanadi.
(19-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingandan keyin, shuningdek bankrotlikning tegishli taomili joriy etilgandan soʻng bajarish muddati kelgan pul majburiyatlari va majburiy toʻlovlar joriy toʻlovlar hisoblanadi.
(19-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
20. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritishni toʻxtatib turishga IPKning 101 va 102-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
(20-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani bankrotlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan taqdirda ham bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish toʻxtatib turiladi. Sudning qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha qabul qilingan sud hujjati qonuniy kuchga kirganda yoki tergov harakatlari tugaganda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish tiklanadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish toʻxtatilganda iqtisodiy sud Qonunning 50-moddasida koʻrsatilgan sud hujjatlarini chiqarishga haqli emas. Bunda iqtisodiy sud tomonidan joriy etilgan bankrotlik taomili davom ettiriladi. Ushbu davr mobaynida sud boshqaruvchisida oʻz vazifasini bajarayotganligi uchun haq olish huquqi saqlanib qolinadi.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
21. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud hujjatlari IPKda belgilangan tartibda, Qonunda nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sudning bankrotlik toʻgʻrisidagi ish doirasida chiqargan, IPKda nazarda tutilmagan ajrimlari ustidan faqat Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin, Qonunning 50-moddasi, 91-moddasi ikkinchi qismi va 124-moddasi toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan ajrimlar bundan mustasno, ushbu ajrimlar ustidan XPKda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinadi (protest keltiriladi).
(21-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Xususan, Qonunning 59-moddasiga koʻra bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha arizalar, shikoyatlar (iltimosnomalar) va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan iqtisodiy sudning ajrimlari ustidan Qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin. Koʻrsatilgan ajrimlar ustidan shikoyatlar (protestlar) ular chiqarilgan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida beriladi.
(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Kreditorlar yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish (Qonunning 13-moddasi beshinchi qismi) toʻgʻrisidagi iqtisodiy sudning ajrimi ustidan ham shu tartibda shikoyat beriladi (protest keltiriladi).
(21-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Sud boshqaruvchilarini tayinlash (ozod qilish, almashtirish) toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan Qonunda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinadi (protest keltiriladi). Agar sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomili joriy etilishi bilan bir paytda sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi yoki tashqi boshqaruvchi tayinlangan, tugatish boshqaruvchisi esa qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash bilan bir paytda tayinlangan boʻlib, ularni tayinlash toʻgʻrisida sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruvni joriy etish haqidagi iqtisodiy sudning ajrimida yoxud qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorida koʻrsatilgan boʻlsa, tayinlangan sud boshqaruvchisining nomzodi bilan kelishilmagan taqdirda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar Qonunda nazarda tutilgan tartibda sud hujjatining sud boshqaruvchisini tayinlashga doir qismi ustidan shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishi mumkin.
(21-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
22. Qonunning 50-moddasiga koʻra bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha iqtisodiy sudning qarorlari va ajrimlari darhol ijro etiladi. Lekin, bu hol sud hujjatlari qabul qilingan paytdan eʼtiboran qonuniy kuchga kirishini bildirmaydi. Ularning ustidan IPKda nazarda tutilgan tartibda shikoyatlar berilishi (protestlar keltirilishi) mumkin.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
23. Qonunning 54-moddasiga muvofiq xoʻjalik sudining qarzdorni bankrot deb topishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori quyidagi hollarda qabul qilinadi: bankrotlik alomatlari aniqlanmaganda, yaʼni qarzdorga jami talablar Qonunda belgilangan miqdordan kam tashkil etgan hollarda; iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qaror qabul qilgunga qadar kreditorlarning bildirilgan talablari qondirilganda; soxta bankrotlik aniqlanganda va Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
24. Qonunning 56-moddasiga binoan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanganda, kelishuv bitimi tuzilganda va u iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanganda, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi barcha kreditorlar bildirilgan talablaridan voz kechganda, kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan kreditorlarning barcha talablari har qanday bankrotlik taomili jarayonida qondirilganda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish iqtisodiy sudning ajrimi bilan tugatiladi.
Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonaga nisbatan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi sudgacha sanatsiya qilish oʻtkazilishi maqsadga muvofiqligi haqida qaror qabul qilganda va kreditorlar sudgacha sanatsiya qilish oʻtkazilishiga rozi boʻlgan taqdirda, iqtisodiy sud Qonunning 61-moddasi uchinchi qismiga muvofiq bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.
Agar iqtisodiy sudning qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida hal qiluv qarori boʻlsa yoki qarzdor korxona tugatilgan va davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish IPK 110-moddasining 2 va 4-bandlariga koʻra tugatiladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
25. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan barcha talablar qondirilganda va qarzdorning oʻz xoʻjalik faoliyatini davom ettirishga imkoniyati mavjud boʻlganda, tugatish boshqaruvchisi taqdim etgan hisobotni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi va unda qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori ijro etilmasligi koʻrsatiladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
26. Sud boshqaruvchisining qarzdor tomonidan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish, shuningdek uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi talablari IPK yoki Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan umumiy tartibda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish doirasidan tashqari koʻrib chiqiladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
27. Mehnat shartnomasi asosida ishlovchi shaxslarga mehnat haqi toʻlash va ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlash boʻyicha talablarning miqdori va tarkibi xususida sud boshqaruvchisi va qarzdor xodimlarining vakili oʻrtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar (mehnat shartnomasini bekor qilish bundan mustasno) Qonunning 59-moddasiga muvofiq iqtisodiy sud tomonidan koʻriladi.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
28. Qonunning 91-moddasi birinchi qismiga binoan agar qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyati aniqlangan boʻlsa, tashqi boshqaruv kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasi, mol-mulkida davlat ulushi boʻlgan korxonalar boʻyicha esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining arizasi asosida iqtisodiy sud tomonidan joriy etiladi.
(28-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tashqi boshqaruv oʻn ikki oydan (kam emas) yigirma toʻrt oygacha muddatga joriy etilishi mumkin. Sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvning jami muddati oʻttiz oydan oshmasligi lozim. Agar qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasi joriy etilmagan boʻlsa, u holda tashqi boshqaruvning eng koʻp muddati yigirma toʻrt oydan oshmasligi shart (shaharni tashkil etuvchi korxonalar hamda ularga tenglashtirilgan korxonalar bundan mustasno).
(28-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Qonunning 119-moddasi ikkinchi qismida kreditorlar bilan hisob-kitoblarni tugatish uchun belgilangan olti oygacha boʻlgan muddat tashqi boshqaruv muddatiga kirmaydi.
Tashqi boshqaruv uchun belgilangan muddatning qisqartirilishiga yoki uzaytirilishiga Qonunning 91-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar doirasida kreditorlar yigʻilishining iltimosnomasiga, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qaroriga yoki tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan yoʻl qoʻyiladi. Tashqi boshqaruv muddatini qisqartirish yoki uzaytirish masalasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilingan holda iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
(28-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
29. Qonunning 93-moddasiga muvofiq kreditorlar talablarini qondirishga nisbatan moratoriy tashqi boshqaruv joriy etilgunga qadar bajarish muddati kelgan pul majburiyatlariga va (yoki) majburiy toʻlovlarga tatbiq etiladi, qarzdorga nisbatan kuzatuv va (yoki) sud sanatsiyasi joriy qilinganidan keyin vujudga kelgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar bundan mustasno.
(29-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tashqi boshqaruv joriy etilganidan keyin bajarish muddati boshlangan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha talablarga moratoriy tatbiq etilmaydi. Bunday talablar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 784-moddasida belgilangan navbatga rioya etilgan holda tashqi boshqaruv davrida qanoatlantiriladi (Qonunning 93-moddasi beshinchi qismi).
30. Qonunning 124-moddasiga muvofiq tugatishga doir ish yuritish muddati toʻqqiz oydan oshishi mumkin emas. Shundan kelib chiqib, iqtisodiy sudning bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorida tugatish boshqaruvchisi tomonidan tugatishga doir ish yuritish natijalari haqidagi hisobotni taqdim etishning aniq muddatini belgilash lozim.
(30-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
Zarurat boʻlganda Qonun 124-moddasining uchinchi qismida sanab oʻtilgan holatlar mavjud boʻlsa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra yoki iqtisodiy sudning tashabbusi bilan bu muddat koʻpi bilan uch oyga uzaytirilishi mumkin.
(30-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
31. Qonunga muvofiq tuzilgan kelishuv bitimining shartlari faqat kelishuv bitimini tuzish haqida qaror qabul qilgan kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanaga kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablarga nisbatan tatbiq etiladi.
Kreditorlarning talablari reyestriga talablari kiritilmagan kreditorlar, kelishuv bitimi tasdiqlangan va bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish tugatilgandan soʻng, kelishuv bitimi shartlarini hisobga olmagan holda, oʻz talablarini umumiy tartibda taqdim etishga haqli.
Sudlar eʼtiborga olishi kerakki, kelishuv bitimini tuzish masalasi koʻrilayotgan kreditorlar yigʻilishida birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlari ovozga ega va qaror, basharti kreditorlar yigʻilishida ishtirok etayotgan ushbu guruhlar kreditorlarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshisi bilan toʻldirilgan)
32. Kelishuv bitimini tasdiqlash haqida iqtisodiy sud ajrim chiqaradi va unda bankrotlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish tugatilishi koʻrsatiladi.
Agar kuzatish taomilida qarzdor yuridik shaxs boshqaruv organining vakolatlari iqtisodiy sudning ajrimi bilan tugatilgan va muvaqqat boshqaruvchining zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, u holda qarzdor nomidan kelishuv bitimi muvaqqat boshqaruvchi tomonidan imzolanadi.
Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kelishuv bitimi tuzilganida, iqtisodiy sudning ajrimida qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori ijro etilmasligi koʻrsatiladi.
Ish haqi boʻyicha qarzning mavjudligi iqtisodiy sud tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish uchun asos boʻladi.
Qarzdor tomonidan kelishuv bitimining shartlari bajarilmagan holda, kreditorlar taalluqligiga koʻra umumiy yurisdiksiya sudiga yoki iqtisodiy sudga daʼvo arizasi berishga haqli. Bunda kreditorlarning talablari miqdori kelishuv bitimi shartlari asosida aniqlanadi.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
33. Qarzdorga qarzni toʻlash muddatini uzaytirish, boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish va (yoki) kreditorlarga tegishli qarzni kamaytirish yoʻli bilan moliyaviy yordam koʻrsatilishi kelishuv bitimining predmeti sifatida qabul qilinishi lozim va qarzdorning moliyaviy ahvolini boshqa bir bankrotlik taomilida tiklash boʻyicha chora sifatida koʻrilishi mumkin emas (qarzni kamaytirish yoʻli bilan moliyaviy yordam koʻrsatish bundan mustasno).
34. Shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxonaning bankrotligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ishlarni koʻrishda iqtisodiy sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-apreldagi 107-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga rioya qilishlari lozim.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qarori tahririda)
35. Qarzdorni bankrotlikning soddalashtirilgan taomili boʻyicha bankrot deb topish (tugatilayotgan yoki hozir boʻlmagan qarzdor) haqidagi arizani qabul qilishda kreditorlik qarzlarining miqdori ahamiyatga ega emas.
Qonunning 185-moddasi ikkinchi qismiga binoan qarzdorni bankrot deb topish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sud murojaat etilganda, arizaga qarzdorni tugatish toʻgʻrisidagi qaror ilova qilinishi lozim.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Hozir boʻlmagan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisida ariza berilganda, qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxs rahbarining hozir boʻlmaganligini, shuningdek ularning turar joyini aniqlashning imkoniyati yoʻqligini tasdiqlovchi dalillar iqtisodiy sudga taqdim etilishi kerak. Bunday dalillar manzil maʼlumot byurosi tomonidan shaxsning roʻyxatdan chiqib, boshqa hududga ketganligi haqida berilgan maʼlumotnoma, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlarining shirkati vakillari ishtirokida shaxsning roʻyxatga olingan manzilda yashamasligi toʻgʻrisida tuzilgan dalolatnoma, shaxsning vafot etganligi yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlishi mumkin.
(35-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Qarzdorning hozir boʻlmaganligi sifatida nafaqat uning rahbari yoʻqligi, balki xoʻjalik yurituvchi subyekt mol-mulkining yoʻqligini ham tushunish lozim. Bu hol qarzdor — yuridik shaxs turgan joyi (pochta manzili) boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlarining shirkati, turarjoy yoki odam yashamaydigan joyning mulkdori vakillari va (yoki) sud boshqaruvchisi ishtirokida tuzilgan dalolatnoma yoxud qarzdorning mol-mulki mavjud emasligi sababli ijro hujjatini ijrosiz qaytarish toʻgʻrisidagi davlat ijrochisining qarori bilan tasdiqlanishi mumkin.
(35-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish haqidagi arizada tugatish boshqaruvchisining nomzodi arizachi tomonidan koʻrsatiladi.
36. Qonunning 185-moddasiga binoan agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotganligi va (yoki) oʻzining ustav jamgʻarmasini shakllantirmaganligi munosabati bilan tugatilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli boʻlmasa, bunday yuridik shaxs Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi. Ushbu hollar aniqlanganda tugatish komissiyasi (tugatuvchi) tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan iqtisodiy sudga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni koʻrish uchun davlat soliq xizmati organiga murojaat etishi shart.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
37. Qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs kreditorlarining barcha talablari toʻliq qanoatlantirilgandan va hisob-kitoblar tugagandan keyin iqtisodiy sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi.
Qarzdor — yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning barcha kreditorlar talablarini qanoatlantirish uchun mol-mulki yetarli boʻlmagan hollarda, davlat ijrochisi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 37 va 39-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish haqidagi ijro varaqasini iqtisodiy sudga qaytaradi. Iqtisodiy sud ijro varaqasini qaytarish haqidagi hujjatlarni koʻrib chiqqandan keyin tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Agar Qonun 181-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq tugatish boshqaruvchisi tayinlangan boʻlsa, u holda tugatishga doir ish yuritish Qonunning 142 va 144-moddalarida belgilangan qoidalar boʻyicha tamomlanadi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
39. Yuridik shaxslarning ayrim toifalari, yakka tartibdagi tadbirkor, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning, tugatilayotgan yuridik shaxs va hozir boʻlmagan qarzdorning bankrotlik toʻgʻrisidagi ishi koʻrilayotganda, qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, Qonunning umumiy qoidalari qoʻllaniladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
40. Iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran Qonunning 125-moddasiga binoan ijro hujjatlarini ijro etish tugatiladi, ijro hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud ijrochilari tomonidan tugatish boshqaruvchisiga oʻtkaziladi. Sud xarajatlarini undirish haqidagi ijro hujjatlari iqtisodiy sud tomonidan tugatish boshqaruvchisiga yuboriladi.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
41. Tugatishga doir ish yuritish taomilini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida tugatish boshqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan hisobot Qonunning 144-moddasiga asosan iqtisodiy sud tomonidan, zarur hollarda, sud majlisida IPK 168-moddasining birinchi qismi talablariga rioya qilgan holda koʻriladi. Tugatish boshqaruvchisining hisoboti asosli deb topilganda, iqtisodiy sud tugatishga doir ish yuritish tamomlanganligi haqida ajrim chiqaradi, hisobot asossiz deb topilganda esa — sud tugatishga doir ish yuritishni tamomlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Ushbu holatda tugatishga doir ish yuritishni tamomlash masalasi kamchiliklar bartaraf etilganidan va yangi hisobot taqdim etilgandan soʻng koʻrib chiqiladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
42. Iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori bekor qilingan va ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan taqdirda, qarzdor boshqaruv organining vakolatlari tiklanadi. Bu holda tugatish boshqaruvchisi qarzdor boshqaruv organining vakolatlari tiklangan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida buxgalteriya va boshqa hujjatlar, muhr va shtamplar, moddiy va boshqa qimmatliklarning topshirilishini taʼminlaydi.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
43. Iqtisodiy sudlar, muayyan ish holatlaridan kelib chiqib, bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlarni sayyor sud majlislarida koʻrib hal etishlari lozim. Bunda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi, davlat soliq xizmati, prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda korxonalarni iqtisodiy nochor ahvolga olib keluvchi debitorlik-kreditorlik qarzlarining yuqoriligi hamda zarar koʻrib faoliyat koʻrsatish sabablarini aniqlash, xoʻjasizlik, pul mablagʻlarini behuda sarflash, ulardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yoʻl qoʻygan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalariga alohida eʼtibor berish kerak.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
44. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 1996-yil 1-martdagi “Respublika xoʻjalik sudlari tomonidan koʻrilgan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish va umumlashtirish natijalari haqida”gi 55-sonli, 1999-yil 16-iyuldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonunini (yangi tahrirda) qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 78-sonli, 2004-yil 20-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonunini (2003-yil tahririda) amalga kiritish bilan bogʻliq ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 112-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Toshkent sh.,
2006-yil 27-yanvar,
142-son