Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
FUQAROLIK ISHLARI BOʻYICHA SUD XARAJATLARINI UNDIRISH AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 37-sonli “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan mazkur masalaga doir qonunchilik toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlari davlat boji va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni (bundan buyon matnda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun deb yuritiladi) 3-moddasiga muvofiq davlat boji deganda, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy toʻlov tushuniladi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Davlat boji boshqa majburiy toʻlovlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etishi tufayli, sudlar fuqarolik ishlari boʻyicha davlat boji undirishga doir qonun talablariga soʻzsiz rioya etishlari shart.
3. Tushuntirilsinki, fuqarolik ishlari boʻyicha davlat boji quyidagilardan undiriladi:
1) sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan;
2) hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan;
3) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan;
4) chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan;
5) apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlaridan:
(3-bandning beshinchi kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
a) fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan;
b) ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
v) hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi ajrimlar ustidan;
g) hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
d) chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan;
6) hujjatlarning dublikatlarini va koʻchirma nusxalarini (shu jumladan, takroriy ravishda beriladigan sud hujjatlarining koʻchirma nusxalarini) berganlik uchun.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
4. Fuqarolik ishlari boʻyicha davlat bojini toʻlash bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilangan davlat boji stavkalarining miqdorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 13-bobiga muvofiq tartibga solinadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
5. Davlat boji ariza, daʼvo arizasi shikoyat (bundan buyon ariza) sudga berilgunga qadar toʻlanadi, agar qonunda boshqacha belgilanmagan boʻlsa (masalan, toʻlovchi davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan, davlat boji toʻlash kechiktirilgan yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadigan hollarida).
Davlat bojini naqd pulsiz shaklda toʻlaganligi fakti qogʻozdagi yoki elektron shakldagi toʻlov hujjati bilan tasdiqlanadi.
Davlat bojini naqd pul shaklida toʻlaganligi fakti:
bank tomonidan toʻlovchiga beriladigan belgilangan shakldagi kvitansiya bilan;
belgilangan shaklda toʻlovni amalga oshirgan mansabdor shaxs yoki davlat organi va tashkilotning kassasi tomonidan toʻlovchiga beriladigan kvitansiya bilan tasdiqlanadi.
Daʼvo bahosi chet el valyutasida belgilangan mulkiy nizo boʻyicha sudga ariza berilganda, davlat bojining miqdori ariza taqdim etilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy valyutada belgilanadi va undiriladi.
(5-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Agar muayyan sudda koʻrilishi kerak boʻlgan bir necha arizalar boʻyicha davlat boji bir toʻlov topshiriqnomasi bilan toʻlangan boʻlsa, toʻlov topshiriqnomasi ishlardan biriga ilova qilinadi. Qolgan ishlarga sudya tomonidan toʻlov topshiriqnomasi sanasi va raqami koʻrsatilgan asosda toʻlov topshiriqnomasi qoʻshib qoʻyilgan ishga havola qilingan holda davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi (maʼlumotnoma tuziladi).
Shuni nazarda tutish lozimki, toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji miqdori arz qilingan talabning xususiyatiga (mulkiy yoki nomulkiy) bogʻliq boʻladi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga koʻra, stavkalar boʻyicha aniqlanadi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Arizachining talabi mulkiy xususiyatga ega boʻlgan hollarda davlat boji miqdori davogar tomonidan koʻrsatiladigan daʼvo bahosidan kelib chiqqan tarzda belgilanadi va sudya tomonidan FPK 129 va 130-moddalariga muvofiq tekshiriladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Mulkiy xususiyatga ega boʻlgan, bir necha mustaqil talablardan iborat daʼvo arizalaridan, umumiy daʼvo summasidan kelib chiqqan holda davlat boji undiriladi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, bir necha mustaqil talablarni oʻz ichiga olgan, nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan daʼvo arizalaridan har bir talab uchun alohida davlat boji undiriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan)
Bir vaqtning oʻzida mulkiy va nomulkiy xarakterga ega boʻlgan mustaqil talablardan iborat boʻlgan arizalardan davlat boji har bir talab alohida, mulkiy va nomulkiy xarakterdagi arizalar uchun belgilangan tegishli stavkalar boʻyicha undiriladi. Masalan, nikohdan ajratish va mol-mulk haqidagi talab bitta daʼvo arizasida qoʻyilganda yoki bitta ishga birlashtirilganda, davlat boji har bir talab boʻyicha alohida undiriladi.
Daʼvo summasi koʻpaytirilganda, davlat bojining yetishmayotgan summasi daʼvo miqdorining koʻpaytirilganligi inobatga olingan bahosiga muvofiq undirilishi lozim, daʼvogar tomonidan daʼvo talablari kamaytirilganda esa, davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi.
7. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga koʻra, davlat boji quyidagi hollarda umumiy asoslarda undiriladi:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
qarshi daʼvo arizalaridan;
uchinchi shaxslarning ishga mustaqil daʼvo talablari bilan kirishganligi toʻgʻrisidagi arizalardan.
Ishga kirishgan daʼvogarning huquqiy vorisidan davlat boji, agar u daʼvogar tomonidan toʻlanmagan boʻlsa, umumiy asoslarda undiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
8. Daʼvo bir necha daʼvogar tomonidan birgalikda bir yoki bir necha javobgarga nisbatan taqdim etilganda davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi va daʼvogarlar tomonidan ular qoʻygan talablar ulushiga mutanosib tarzda toʻlanadi. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻninchi qismi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Bir daʼvogar tomonidan bir necha javobgarga nisbatan daʼvo taqdim etilganda ham, shuningdek sudya tomonidan bir turdagi bir necha talab bir ish yuritishga birlashtirilganda ham davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqqan holda undiriladi. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn birinchi qismi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Birlashtirilgan bir yoki bir necha daʼvo talablari sudya tomonidan alohida ish yuritishga ajratilganda, qonunchilik talablariga muvofiq toʻlangan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. U alohida ajratilgan ish yuritish boʻyicha hisobga olinadi, bu haqda sudya tomonidan tegishli maʼlumotnoma tuziladi va ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
9. Sud tomonidan ilgari koʻrmasdan qoldirilgan takroran berilgan ariza boʻyicha davlat boji qaytadan umumiy asoslarda toʻlanadi.
Shu bilan birga, agar ariza koʻrmasdan qoldirilganligi munosabati bilan davlat boji qaytarilishi lozim boʻlgan, lekin qaytarilmagan boʻlsa, basharti davlat boji budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida belgilangan umumiy daʼvo muddati oʻtmagan boʻlsa, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining beshinchi qismi);
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, kassatsiya shikoyatiga uni qaytarishga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgandan soʻng toʻlangan davlat boji qaytarilishi belgilangan boʻlsa-yu, lekin qaytarilmagan boʻlsa va u budjetga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida belgilangan umumiy daʼvo muddati tugamagan boʻlsa, davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi dastlabki hujjatning ham ilova qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
10. Sudga davlat boji toʻlanmagan ariza kelib tushganda, sudya arizachi qonun bilan davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan-qilinmaganligini tekshirishi shart. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolik ishlari boʻyicha davlat bojidan ozod qilingan jismoniy va yuridik shaxslar roʻyxati qatʼiy hisoblanadi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Bunda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasiga koʻra, 2020-yil 1-yanvarga qadar qabul qilingan boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan davlat bojini toʻlashdan ozod qilish ushbu hujjatlarning amal qilish muddati tugaguniga qadar kuchda qolishi inobatga olinishi lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Agar arizachi qonunga koʻra davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan va arizada uni toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash haqida iltimosnoma mavjud boʻlmasa, shuningdek pochta xarajatlari toʻlanmaganda, sudya arizani qaytarish haqida ajrim chiqarishi shart (FPK 195-moddasi). Ajrimda toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji, pochta xarajatlari summasi koʻrsatilishi va ushbu kamchilik bartaraf qilingandan soʻng takroran murojaat qilish imkoniyati mavjudligi tushuntirilishi shart.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
FPK 133-moddasining ikkinchi qismi, 193-moddasi mazmuniga koʻra, sudya fuqarolik ishini qoʻzgʻatish bosqichida arizachining iltimosnomasi boʻyicha, uni mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini toʻlashni kechiktirishga, boʻlib-boʻlib toʻlashga yoki miqdorini kamaytirishga haqli boʻlib, bu haqda arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqidagi yoxud arizachining iltimosnomasini qanoatlantirish haqidagi alohida ajrimida koʻrsatadi. Iltimosnoma rad qilinganda, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar sudning tegishli ajrimi bilan arizachiga qaytariladi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
11. FPK 133-moddasiga asosan ham jismoniy, ham yuridik shaxsdan davlat foydasiga undiriladigan sud xarajatlarini kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash yoki miqdorini kamaytirish masalasini hal qilishda, sud ularning bu xarajatlarni qisman yoki bir yoʻla toʻlashga qurbi yetmasligi holatlarini tasdiqlovchi holatlar mavjudligi haqidagi dalillarni (masalan, ish haqi (daromadi), bankda mablagʻlari mavjudligi, uning egaligida boʻlgan mulklar haqidagi maʼlumot, voyaga yetmagan farzandlari, boshqa boqimandalari borligi va h.k. toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni) tekshirishi lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
12. Davlat bojini qaytarish “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 18-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslarga muvofiq amalga oshiriladi. Boj qonunda talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlangan boʻlsa, shu ortiqcha toʻlangan qismi qaytariladi. Qonunda qayd etilgan boshqa hollarda boj toʻliq miqdorda qaytarilishi lozim.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, davlat boji summalarining qaytarilishi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 18-moddasining ikkinchi qismida belgilangan tartibda sudning ajrimiga asosan amalga oshiriladi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Agar daʼvogar bojni toʻlab, sudga ariza bilan murojaat qilmagan boʻlsa, sudning ushbu holatni tasdiqlovchi maʼlumotnomasi bojni qaytarib berish uchun asos boʻladi.
13. Sudlarning eʼtibori qaratilsinki, fuqarolik ishlarini koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarga:
guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar;
joyga borib koʻzdan kechirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar;
FPK 165-moddasida nazarda tutilgan hollarda javobgarni qidirish uchun qilingan xarajatlar;
sud xabarnomalarini va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlari;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar kiradi.
Boshqa sud xarajatlariga (FPK 132-moddasi birinchi qismining 5-bandi) sud tomonidan oqilona miqdorlarda belgilanadigan, haqiqatda yoʻqotilgan vaqt uchun undiriladigan kompensatsiya, vakilning yordami uchun toʻlanadigan xarajatlar va h.k. kiradi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, FPK 137-moddasida nazarda tutilgan yoʻqotilgan vaqt uchun haq sud tomonidan ishda mavjud hujjatlar asosida:
daʼvogardan — insofsizlik bilan asossiz daʼvo taqdim etilganda yoxud ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishiga muntazam qarshilik qilingan holda;
javobgardan — insofsizlik bilan daʼvoga qarshi eʼtiroz bildirilganda yoxud ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishiga muntazam qarshilik qilingan holda undirilishi mumkin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
14. FPK 135-moddasi talablariga koʻra, ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarni toʻlash taraflar zimmasiga yuklatilishi sababli, sudlarning eʼtibori ishni sud muhokamasiga tayyorlashda taraflar tomonidan ularni toʻlashga zarur pul summalarini sudning depozit hisobiga oldindan kiritish choralarini koʻrish lozimligiga qaratilsin.
Sud chiqimlarining taraf (taraflar) tomonidan oldindan kiritilmaganligi guvohni, ekspertni, mutaxassisni chaqirish, joyiga borib koʻzdan kechirish haqida qilingan iltimosnomani, agar bu tomonlarning huquq va majburiyatlarini, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona aniqlash uchun zarur boʻlsa, qanoatlantirishni rad etish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda ishni koʻrish bilan bogʻliq sarf qilingan chiqimlar, FPK 141-moddasida belgilangan qoidalar boʻyicha sud hujjati qabul qilinayotganda undiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
15. Tushuntirilsinki, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar tomonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalar va uni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyuldagi keyinchalik qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilgan “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga xarajatlarni toʻlash tartibi va miqdori haqida”gi Qonuni bilan belgilangan
16. Nazarda tutmoq lozimki, sud qarorini ijro qilish bilan bogʻliq xarajatlar deyilganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 75-moddasida nazarda tutilgan xarajatlar tushuniladi. Ularni qoplash mazkur Qonunning 77-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Umumiy qoidaga koʻra, ish boʻyicha sud xarajatlarini nizoda nohaq boʻlib chiqqan taraf toʻlaydi.
Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash va ularni davlat foydasiga undirish FPK 136 — 141-moddalari bilan tartibga solinadi Shu sababli, sud muhokamasi jarayonida sud (sudya) sud xarajatlari bilan, zarur hollarda esa, bir tarafga boshqa taraf yoʻqotgan, ish vaqti uchun haq toʻlash majburiyatini yuklash bilan bogʻliq holatlar mavjudligini tekshirishi shart, bu holatlar boʻyicha hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida tegishli xulosalar qilishi va nafaqat undiruvga boʻlgan huquqni, balki ish boʻyicha taraflar (tarafdan undirilishi lozim boʻlgan aniq summani belgilashi hamda shu summani hal qiluv qarorining (ajrimning) xulosa qismida koʻrsatishi lozim.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
18. Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar tomonidan taqdim etilgan daʼvo toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda, davlat boji javobgardan arz qilingan talablarning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda davlat daromadiga undiriladi.
Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan bir necha daʼvogarlar tomonidan bir necha javobgarlarga nisbatan taqdim etilgan daʼvo toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganda, davlat boji har bir javobgardan alohida, undan undirilgan summadan kelib chiqqan holda davlat foydasiga undiriladi.
Tushuntirilsinki, daʼvogar arz qilgan talablaridan voz kechganda u qilgan xarajatlarning oʻrni javobgar tomonidan qoplanmaydi.
Davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan daʼvogar oʻz daʼvo talablaridan ular javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qanoatlantirilganligi oqibatida voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan hollarda, davlat boji javobgardan davlat daromadiga undiriladi. (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn beshinchi qismi)
(18-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining yettinchi qismiga muvofiq ishni sud muhokamasiga tayyorlash muddati tugagunga qadar daʼvogar daʼvodan voz kechganligi munosabati bilan alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan holda, javobgardan davlat boji undirilmaydi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
19. Agar sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinayotganda daʼvo bahosi oshadigan boʻlsa, davlat boji daʼvo bahosining oshgan summasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining toʻqqizinchi qismi. Bunda kelib chiqqan farq davlat foydasiga daʼvogardan, daʼvo toʻliq qanoatlantirilganda esa, javobgardan undiriladi.
(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Sud, arz qilingan talablar doirasidan qonunda belgilangan hollarda chetga chiqqanida ham davlat boji shunday tartibda hisoblab chiqiladi. Bunda, davlat boji daʼvoning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda javobgardan undiriladi.
20. Daʼvo qanoatlantirilgan va javobgarlar zimmasiga solidar javobgarlik yuklatilganda, sud javobgarlardan davlat bojini ham solidar undiradi. Bu qoida fuqarolik ishini koʻrish bilan bogʻliq chiqimlarni undirishga ham tatbiq etiladi, protsessual ishtirokchining talabi bilan va faqat uning manfaatida amalga oshirilgan protsessual harakatlar uchun qilingan va boshqa protsessual ishtirokchilar tomonidan qoplanmaydigan xarajatlar bundan mustasno.
21. Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, fuqarolik ishlarining alohida toifalari boʻyicha daʼvo bahosini belgilashning xususiyatlari FPK 129-moddasida nazarda tutilgan.
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Jumladan:
aliment undirish haqidagi barcha daʼvolardan (bola, ota-ona, er-xotin va boshqalar taʼminoti uchun) davlat boji bir yil uchun aliment toʻlovlari jami summasidan, agar aliment undirilgan muddat bir yildan oshmasa, shu davr uchun aliment toʻlovlari jami summasidan hisoblab chiqiladi. Toʻlovlar summasi javobgarning oxirgi ish joyidagi oʻrtachaga oylik ish haqi (daromadi)dan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Javobgar. ishlamagan taqdirda, davlat bojini hisoblash uchun toʻlovlar summasi Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi;
(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
aliment qarzini toʻlashdan ozod qilish, aliment miqdorini oʻzgartirish (kamaytirish yoki koʻpaytirish) haqidagi daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlovlar kamaygan, koʻpaygan yoki bekor qilingan, lekin bir yildan ortiq boʻlmagan davr uchun belgilangan summadan kelib chiqqan holda belgilanadi va daʼvogardan undiriladi.
22. Mulkka nisbatan vorislik huquqi toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarilganda, davlat boji sud tomonidan mol-mulkning umumiy qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi va vorislarning har biridan uning ulushiga mutanosib ravishda undiriladi. (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining oʻn yettinchi qismi)
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Bunda mol-mulkning umumiy qiymatiga quyidagilar kirmaydi:
shaxsiy va mulkiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta summasi;
Oʻzbekiston Respublikasining kredit muassasalarida saqlanayotgan obligatsiyalar va omonatlar;
daromad summalari (mehnat haqlari), mualliflik haqlari;
vasiyatnoma va hadya shartnomalari boʻyicha davlat va yuridik shaxslarga oʻtayotgan mol-mulk qiymati;
Vatanni himoya qilish, davlat yoki jamiyat oldidagi boshqa majburiyatlarni bajarish munosabati bilan yoki inson hayotini, davlat mulkini va huquq tartibotni saqlash boʻyicha fuqarolik burchini bajarish paytida vafot etgan shaxslar mol-mulki;
Oldingi tahrirga qarang.
(22-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
FPK 262-moddasi birinchi qismining 3-bandiga koʻra, sud xarajatlari masalasiga doir qoʻshimcha hal qiluv qarori faqat hal qiluv qarorida sud xarajatlarini taqsimlash nazarda tutilmagan holda chiqarilishi mumkin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
24. Fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida koʻrishda, mazkur sud instansiyalari birinchi instansiya sudi tomonidan sud xarajatlarini undirishda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish choralarini koʻrishi lozim.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
25. Sud xarajatlari notoʻgʻri undirilgan holatlar aniqlanganda, apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari sudlarda protsessual qonunda koʻrsatilgan hollarda va tartibda, sud xarajatlarini undirishga, ularni toʻlashdan ozod qilishga, shuningdek undirilgan summa miqdorini kamaytirishga yoki ularni taraflar oʻrtasida qayta taqsimlashga haqli.
Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini va jinoyat ishlari yuzasidan sud chiqimlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Olin sud sudyasi Y.TURSUNBAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 24-noyabr,
14-son