Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 15.01.2026
Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YENGIL SANOAT MAHSULOTLARI YARMARKA SAVDOSINI TASHKIL ETISH BO‘YICHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-sonli “Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Marketing tadqiqotlari o‘tkazishga ko‘maklashish va yengil sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish, import qilinadigan past sifatli buyumlar hajmlarini qisqartirish, respublika ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini himoya qilish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish va ichki bozorning mahalliy yengil sanoat tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi binosining ko‘rgazmalar zalida doimiy ravishda yengil sanoat mahsulotlarini sotish bo‘yicha ko‘rgazma-yarmarka (keyingi o‘rinlarda ko‘rgazma-yarmarka deb ataladi) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Yengil sanoat mahsulotlarini sotish bo‘yicha ko‘rgazma-yarmarka ishini muvofiqlashtirish maqsadida ilovaga muvofiq tarkibda ko‘rgazma-yarmarkaning tashkiliy qo‘mitasi tashkil etilsin.
Quyidagilar ko‘rgazma-yarmarka tashkiliy qo‘mitasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini (trikotaj mato, gazlamalar, tikuvchilik buyumlari va boshqalar) sotish bo‘yicha salohiyatli tashqi bozorlarni o‘rganish va mahalliy korxonalarning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish;
ko‘rgazma-yarmarka ishida ishtirok etish uchun xorijiy mamlakatlarning yirik xaridorlari va importchilarini jalb etish, yengil sanoat mahsulotlarini yetkazib berish geografiyasini kengaytirish va sotishning muqobil bozorlarini, ayniqsa MDH, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga aniqlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish;
ko‘rgazma-yarmarka ishida qatnashish uchun mamlakatimiz korxonalarining keng doirasini, shu jumladan raqobatbardosh yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik va xususiy biznes korxonalarini jalb etish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlarni yarmarka savdolariga qo‘yish va sotish;
mahsulotlarni mintaqaviy va xalqaro miqyosda faol ilgari surish uchun ko‘chma ko‘rgazma-yarmarkalarni muntazam o‘tkazish asosida respublika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat tovarlarini ulgurji va chakana sotish ishlarini tashkil etish;
ko‘rgazma-yarmarkalarning o‘tkazilishi to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot taqdim etish.
3. Tashkiliy qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
4. “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi ko‘rgazma-yarmarka tashkiliy qo‘mitasining ishchi organi (keyingi o‘rinlarda — ishchi organ) etib belgilansin.
5. Ishchi organga quyidagi vazifalar yuklansin:
yengil sanoat mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlari o‘tkazish, mavzuli namoyishlarning har xil turlarini tashkil etish va tovarlarning yangi modellarini sotish, shuningdek respublika korxonalarida buyurtmalarni joylashtirishga ko‘maklashish;
mahalliy yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga xorijiy iste’molchilar bilan aloqalar o‘rnatishda, yengil sanoat mahsulotlarining salohiyatli xorijiy importchilari bilan o‘zaro manfaatli kontraktlar tuzishda ko‘maklashish;
ko‘rgazma-yarmarka ishi natijalari bo‘yicha aholining talabi yuqori bo‘lgan yengil sanoat tovarlari nomenklaturasini aniqlash, tovar ishlab chiqaruvchilarga mahsulot ishlab chiqarish uchun buyurtmalar tayyorlash masalalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini kengaytirishga, tovarlar dizayni va sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqish;
yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, savdo-vositachi tashkilotlar va iste’molchilar o‘rtasida amaliy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashish;
mahalliy tovarlarni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish maqsadida reklama-axborot faoliyati bo‘yicha kompleks tadbirlarni doimiy asosda o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi savdo uylari, kompaniyalari va diplomatik vakolatxonalari manziliga yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha respublikaning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini ochib beruvchi axborot va taqdimot materiallarini yuborish.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarning ko‘rgazma-yarmarka ishida faol ishtirok etishini ta’minlasinlar, shuningdek ko‘rgazma-yarmarkada qatnashishga savdo-vositachi tashkilotlarni jalb etishga ko‘maklashsin.
7. “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ko‘rgazma-yarmarka qatnashchilari bo‘lgan korxonalarga yengil sanoat tovarlarini sotish uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin, ularni omborxona binolari va tegishli inventar bilan ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilayotgan ko‘rgazma-yarmarkaning maqsad va vazifalari, respublika ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil sanoat tovarlarining yangi turlari to‘g‘risida aholini va manfaatdor ishbilarmon doiralarni ommaviy axborot vositalari orqali keng xabardor qilishni ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-yanvar,
25-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi 25-son qaroriga
ILOVA
Yengil sanoat mahsulotlarini sotish bo‘yicha ko‘rgazma-yarmarka tashkiliy qo‘mitasi
TARKIBI

E.M. G‘aniyev

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, tashkiliy qo‘mita raisi

R.R. Ro‘ziqulov

“O‘zbekyengilsanoat” DAK boshqaruvi raisi, tashkiliy qo‘mita raisining o‘rinbosari

Sh.N. Fayzullayev

Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari, tashkiliy qo‘mita raisining o‘rinbosari

E.E. Tursunov

Moliya vazirining o‘rinbosari

E.F. Gadoyev

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari

lavozimi bo‘yicha

Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari axborot-tahlil departamentining yetakchi mutaxassisi

X.K. Muxitdinov

“O‘zbekyengilsanoat” DAK huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi direktori, tashkiliy qo‘mita kotibi

O.A. Oxunboboyev

Tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti direktori

X.A. Abdulxakimov

“Alisher Navoiy” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi

M.T. Artikov

“MURUVVATTEKS” xorijiy sho‘ba korxonasi direktori

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari

Eslatma. Tashkiliy qo‘mita a’zolari boshqa ishga o‘tganda uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.