Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Tabiiy muhitni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish umummilliy vazifa hisoblanadi va bu ekologiya tizimini, tabiat komplekslari va ayrim obyektlarning muhofazasini taʼminlashga, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega boʻlish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Shu munosabat bilan suv havzalari va havoning ifloslanishi, yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanish, qonunga xilof ravishda oʻrmonni kesish, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish va ekologiya sohasidagi boshqa jinoyat va huquqbuzarlik ishlari boʻyicha sud amaliyotini toʻgʻri va samarali amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ayrim sudlarda aybdorlarning harakatlarini notoʻgʻri tavsiflash hollari uchrab turibdi, ularni muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish masalasi hamma vaqt ham hal qilinmayapti. Maxsus bilimni talab qiladigan masalalarni hal etishga baʼzi hollarda mutaxassislar jalb qilinmayapti, ekologiyaga zarar yetkazayotgan barcha aybdor shaxslarga, shu jumladan, korxona va tashkilot rahbarlariga boʻlgan talablarni asossiz ravishda susaytirish yoki ularni javobgarlikka tortmaslik hollari mavjud. Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarning buzilish sabablarini va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti.
Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlarni toʻgʻri va bir xilda qoʻllanishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarga qatʼi amal qilish eng muhim davlat vazifalaridan biri ekanligiga, ularni hal qilish fuqarolarning sogʻligʻi va farovonligi, shuningdek respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan bogʻliq ekanligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunlari, yer, suv, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
Bunda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron boʻlishdan, yoʻq boʻlib ketishdan, oqilona foydalanmaslikdan muhofaza etilishini nazarda tutmoq lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar jumlasiga davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun moʻljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari, milliy bogʻlar, botanika bogʻlari, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kiradi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
3. Mazkur turkumdagi jinoyat va maʼmuriy ishlarni koʻrishda bevosita jinoyatni va boshqa huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxslar bilan chegaralanib qolmasdan, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlikda aybdor boʻlgan barcha shaxslar doirasini sinchiklab aniqlash shart. Xususan oʻzlarining harakatsizliklari yoki qonunga xilof harakatlari bilan tabiatga ziyon yetkazgan korxona va tashkilot rahbarlarining aybdorlik darajasini aniqlash va ularni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish masalasini hal qilish zarur. Shu bilan bir qatorda ekologiya nazorati organlarining tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzilishiga olib kelgan harakatsizliklari sabablari ham aniqlashi kerak. Asoslar mavjud boʻlganda bunday organlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilmogʻi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning daʼvolari yoki bu tashkilotlarga nisbatan qishloq xoʻjalik mulklariga shikast yetkazish yoxud buzish, meliorativ ishlarni sifatsiz bajarish, sanoat yoki qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish chiqindilari bilan atrof muhitning ifloslanishi natijasida ekinlar va hayvonlarning nobud boʻlishi yoxud tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni boshqacha tarzda buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha fuqarolik ishlarini koʻrishda yetkazilgan zarar mansabdor shaxslarning oʻz xizmat vazifalarini suiisteʼmol qilganligi yoinki mansab sovuqqonligi orqasida yetkazilganligi aniqlansa, sudlar ularning javobgarligi masalasini ham hal qilishlari, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 275-moddasiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qilishlari lozim.
Agar ekologiya, atrof-muhitni ifloslantirish yoki tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida yetkazilgan zarar korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning mansabdor shaxslari oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashlari yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilishlari sababli kelib chiqqan boʻlsa, toʻlangan zararni aybdordan regress tartibida undirish fuqarolik qonunchiligiga koʻra hal etiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
5. Ekologiya nazorati sohasida ishlayotgan mansabdor shaxslarning tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzuvchilar bilan jinoiy til biriktirganlik hollari aniqlanganda, bunday mansabdor shaxslar tabiiy atrof muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganligi va tegishli mansabdorlik jinoyati uchun javobgarlikka tortilmogʻi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni toʻgʻri hal qilish maqsadida sudlar tegishli ekspertizalarni gidrometeorologlar, sanitariya-epidemiya xizmati xodimlari, zoologlar, ixtiolloglar, botaniklar, ovshunos, oʻrmonshunos, tuproqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda tayinlashlari kerak. Bunda ekologiya ekspertizasi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning majburiy chorasi hisoblanishini va uni oʻtkazish “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24, 25-moddalarida belgilanganligini eʼtiborga olmoq zarur. Oʻzbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Tushuntirilsinki, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasiga binoan jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga koʻra ularning mablagʻlari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda surishtiruv va dastlabki tergov organlari, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar hamda sudlar ekologiya organining qonun hujjatlariga asoslangan (koeffitsiyent, barobar va boshqa qoidalar qoʻllanilgan holda) xulosasidan kelib chiqishlari lozim.
(61-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 245-moddasiga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi ushbu Kodeksning 66, 67, 682-moddalarida, 701-moddasining ikkinchi qismida, 702, 76-moddaslarida (suv xoʻjaligi obyektlarini shikastlantirish va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq qismida), 77-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 79-moddasining uchinchi qismida, 90-moddasining ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi qismlarida, 901-moddasida, 911-moddasining toʻrtinchi qismida, 921, 94-moddaslarida javobgarlik nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga taalluqlidir.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 791, 90-moddaslarida javobgarlik nazarda tutilgan hayvonot yoki oʻsimliklar dunyosidan foydalanish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadi va u ham doimiy, ham vaqtinchalik (mavsumiy) xarakterga ega boʻlishi mumkin. Bundan tashqari hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan. Xususan, ushbu qarorda Qizil kitobga kiritilgan oʻsimliklar va hayvonlarni tabiatdan har qanday koʻrinishda olish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, ovlanadigan hayvon turlari (shu jumladan baliqlar) esa Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini buzish deganda, ovni tegishli ruxsatnomasiz yoxud yovvoyi hayvonlar, yovvoyi qushlar yoki baliqlarni ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiq ovlash, shuningdek ovni taqiqlangan vaqtda yoki ruxsat berilmagan joylarda yoxud ruxsat etilmagan qurol, vosita va usullar bilan amalga oshirilish tushunilmogʻi lozim.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksi 202-moddasi 3-qismining “j” bandi boʻyicha javobgarlik ham Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgani hayvonlar, parrandalar, baliqlar, hayvonot dunyosi yoki oʻsimliklarning boshqa turlari yoʻq qilingan hollarda vujudga keladi. Bunda yetkazilgan ziyonning hajmi ahamiyatga ega emas.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksining 193-moddasiga muvofiq, boshqa ogʻir oqibatlar deganda, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi, ancha miqdordagi zararli moddalarning atmosferaga tarqalishi, yerlarning degradatsiyasi va radiatsiyaviy xavfsizlik normativlariga rioya qilmaganlik oqibatida odamlarning belgilab qoʻyilgan normativlardan oshgan holda nurlanish olishi kabi holatlarni tushunish lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
9. Jinoyat kodeksining 194-moddasida javobgarlik belgilangan atrof muhitni ifloslanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qasddan yashirganlik deganda, aybdor shaxs ekologik vaziyatning ahvoli toʻgʻrisida umuman yoxud oʻz vaqtida maʼlumot bermaganlik harakatlarini (harakatsizligini) tushunmoq lozim. Bunday maʼlumotlar haqiqatga muvofiq kelmasa (atrof muhitning ifloslaganligi koʻrsatkichlarini kamaytirib koʻrsatish va hokazolar), ular buzilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda sudlar jinoiy yoʻl bilan topilganini bila turib (baliqlarni, yovvoyi hayvonlarni, parrandalarni, daraxtlarni va hokazolarni) olgan yoki oʻtkazgan shaxslarni aniqlash choralarini koʻrishlari va muayyan holatlardan kelib chiqib, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 171-moddasi alomatlari bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
Oldingi tahrirga qarang.
11. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq boʻlgan fuqarolik, shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha yetkazilgan zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda sudlar qonun zararni toʻliq hajmda undirishni koʻzda tutishidan kelib chiqishlari shart. Zararni undirish miqdorini kamaytirishga faqat alohida hollarda sud tomonidan aniqlangan javobgar yoki aybdorning mulkiy ahvoliga qarab, jinoyat gʻaraz niyatda sodir etilmagan taqdirda, yoʻl qoʻyiladi va bu holat qabul qilingan qarorda asoslantirilgan boʻlishi shart.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
12. Amaldagi qonunlarga binoan qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan mahsulot (yovvoyi hayvon, parranda, baliq, daraxt, moʻyna va boshqalar) huquqbuzardan olib qoʻyilishi shart. Agar bunday mahsulot huquqbuzardan olib qoʻyilgan va ish sudda koʻrilgunga qadar sotilgan boʻlsa, sud hukmda, qarorda tushgan mablagʻni tegishli tashkilotning hisobiga oʻtkazishni koʻrsatishi zarur.
Qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan mahsulotni olib qoʻyish imkoniyati boʻlmasa (huquqbuzar tomonidan foydalanilgan yoki sotilgan, yaroqsiz holga kelgan va hokazolar), sud mahkumdan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan yoinki javobgardan uning belgilangan narxlarda hisoblangan qiymatini undirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qonunga koʻra, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga oid summalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 290-sonli, 2017-yil 15-iyundagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 375-sonli qarorlarida va sohaga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan tartibda undiriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
14. Hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish haqidagi jinoyat ishlari boʻyicha sudlanuvchiga tegishli jinoyat qurollari, shu jumladan, avtomashina, mototsikl va qayiqlar, agar jinoiy harakat ular yordamida amalga oshirilsa yoki sodir etilishi osonlashtirilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq musodara qilinishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik harakatini sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilish masalasi Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq hal qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda, shuningdek bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun vakolatli organlarning maʼmuriy jazo qoʻllash haqidagi qarorlari xususida keltirilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda, qonunning maxsus talablariga ogʻishmay rioya etishlari, qonuniy asoslar boʻlmagan (masalan, yetkazilgan moddiy zararning oʻrni Jinoyat kodeksining Maxsus qismi tegishli moddasida belgilangan miqdorda qoplanmagan) taqdirda yengil jazo tayinlash va jazodan ozod qilishga yoʻl qoʻymasliklari kerak. Qimmatbaho yoki noyob hayvonlar, parranda va baliqlarni qirib tashlash, oʻrmonlarga shikast yetkazish yoki ularni yoʻq qilish, qishloq xoʻjaligi mulklarini ishdan chiqarish va hokazo yoʻllar bilan davlatga koʻp miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllanilmogʻi zarur.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining, bu xizmat jamoatchi nazoratchilarining, shuningdek, oʻgʻrincha ov qilish va qonun bilan qoʻriqlanadigan tabiat obyektlariga boshqacha tajovuz qiluvchilarning harakatlariga barham berish yuzasidan oʻzining jamoatchilik burchini bajarayotgan fuqarolarning hayoti va sogʻligiga tajovuz qilgan shaxslar qattiq jazoga tortilmoqlari shart.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining oʻzlari xizmat mavqeyidan foydalanib tabiat obyektlariga jinoiy tajovuzlar sodir etgan taqdirda, sudlar ularning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilishlari zarur.
16. Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud jarayonlarining taʼsirini kuchaytirish maqsadida sudlar tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlashlari va bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.
Davlatga koʻp miqdorda zarar yetkazganlik, qimmatbaho yoki noyob hayvonlarni qirib tashlaganlik toʻgʻrisidagi, shuningdek, portlovchi moddalar, kimyoviy vositalar va hokazolarni qoʻllab, guruh boʻlib sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud protsesslarini keng ommaga yetkazmoq kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarni toʻgʻri qoʻllanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
1996-yil 20-dekabr,
36-son