Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.06.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat aktivlarini sotish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 22-maydagi 135-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini amalga oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat aktivlarini birja savdolarida va birjadan tashqari savdolarda sotish mexanizmlarini, davlat mulkini xususiylashtirishdan tushumlarni hisobga olish va mablagʻlarni taqsimlash tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek investorlarning qabul qilingan majburiyatlar bajarilishi yuzasidan masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Xususiylashtirishdan tushumlarni hisobga olish, taqsimlash va mablagʻlardan foydalanilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 29-yanvar,
27-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-son qaroriga
4-ILOVA
Xususiylashtirishdan tushumlarni hisobga olish, taqsimlash va mablagʻlardan foydalanilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni shakllantirish manbalari va ularni taqsimlash tartibi
1. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining bir qismi hisoblanadi va quyidagilar:
korxonalarni, xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ni, yer uchastkalarini (shu jumladan yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini) va davlat mulki hisoblanadigan boshqa mulklarni (keyingi oʻrinlarda davlat aktivlari deb ataladi) sotish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davlat raqobat qoʻmitasi deb ataladi) tomonidan ilgari berilgan kreditlar hamda olingan kreditlar (qarzlar)ning asosiy summasini qaytarish tarzidagi qarzlar va ular boʻyicha hisoblangan foizlar boʻyicha qarzdorlardan tushumlar;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
tuzilgan va bekor qilingan davlat aktivlari oldi-sotdi shartnomalari, berilgan kreditlar va qarzlar boʻyicha tushgan penyalar va jarimalar;
ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatishdan tushumlar;
ishonchli boshqaruvchilar tomonidan talab qilib olinmagan Davlat raqobat qoʻmitasining subhisob raqamlaridan qaytarilgan mablagʻlar;
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
protokolni yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortgan yoki uni rad etgan kimoshdi savdolari yoki tanlovlar (tenderlar) gʻoliblaridan ushlab qolingan zakalat summasi;
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga muvofiq yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 578-modda)
sud qarorlari boʻyicha davlat mulki qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga va uning hududiy organlari ikkilamchi maxsus hisob raqamlariga tushumlar hisobiga hosil boʻladi.
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Davlat raqobat qoʻmitasi va vakolatli boshqa organlar tomonidan baholash tashkilotlari davlat aktivlarini baholashda yoʻl qoʻygan qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda ilgari sotilgan davlat aktivlari qiymatiga qoʻshimcha toʻlov summalari, shuningdek davlat aktivlarini sotishda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan shartnoma majburiyatlari buzilganligi uchun neustoyka summalari.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
2. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni (ushbu Nizomning 4, 5 va 5-1-bandlariga muvofiq taqsimlanadigan mablagʻlardan tashqari) taqsimlash Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan har oyda milliy valyutada, quyidagi nisbatlarda amalga oshiriladi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
68,5 foizi — respublika budjetiga;
(2-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
25 foizi — ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, bozor infratuzilmasi institutlarini shakllantirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga;
Oldingi tahrirga qarang.
4 foizi — ularni faqat bozor infratuzilmasini rivojlantirishga va tadbirkorlarni huquqiy qoʻllab-quvvatlashga maqsadli yoʻnaltirgan holda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasiga;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
2,5 foizi — tasarruf etish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, shu jumladan Xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonini axborotlar bilan taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish uchun Davlat raqobat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlari hisob raqamlariga.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Ushbu bandga muvofiq mablagʻlarni taqsimlashda:
davlat aktivlarini sotishdan tushgan (shu jumladan penyalar va jarimalar, shuningdek protokolni yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortgan yoki uni rad etgan auksionlar yoki tanlovlar (tenderlar) gʻoliblaridan ushlab qolingan zakalat summalari), ushbu bandga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar ularga davlat aktivi joylashgan joy boʻyicha yoʻnaltiriladi. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan davlat aktivi sotilgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar respublika budjetiga yoʻnaltiriladi;
Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan ilgari berilgan kreditlar va qarzlar boʻyicha olingan kreditlar (qarzlar)ning asosiy summalarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni (shu jumladan penyalar va jarimalarni) qaytarish tarzida qarz oluvchilardan tushgan, ushbu bandga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar ularga qarz oluvchi roʻyxatdan oʻtkazilgan joy boʻyicha yoʻnaltiriladi. Qarz oluvchilar Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar respublika budjetiga yoʻnaltiriladi;
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatishdan tushgan, ushbu bandga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar ularga tugatilayotgan xoʻjalik jamiyati joylashgan joy boʻyicha yoʻnaltiriladi. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xoʻjalik jamiyatlari tugatilgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar respublika budjetiga yoʻnaltiriladi;
Davlat raqobat qoʻmitasining sub hisob raqamidan qaytarilgan, ishonchli boshqaruvchilar tomonidan talab qilinmagan, shu jumladan xususiylashtirish umumiy mablagʻlaridan ilgari oʻtkazilgan mablagʻlar qaytarilgan taqdirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar respublika budjetiga yoʻnaltiriladi;
sud qarorlariga koʻra tushgan, ushbu bandning yettinchi — oʻninchi xatboshida nazarda tutilgan hollar daʼvo predmeti boʻlmagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli boʻlgan mablagʻlar respublika budjetiga yoʻnaltiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qaroriga asosan chiqarilgan— OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 578-modda)
3. Xususiylashtirishdan xorijiy valyutada tushadigan mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasining Markaziy bankdagi maxsus valyuta hisob raqamiga oʻtkaziladi, keyinchalik ular belgilangan tartibda, toʻliq hajmda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy tartibda sotiladi. Milliy valyutadagi tushumlarni taqsimlash ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda xususiylashtirishdan tushgan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan maqsadlarga oʻtkazilishi lozim boʻlgan valyuta mablagʻlari sotib olish toʻlovlari (shu jumladan hisoblangan taqdirda — penyalar) toʻliq toʻlangandan keyin majburiy tarzda sotiladi hamda koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga milliy valyutada yoʻnaltiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
4. Er uchastkalarini rezidentlarga xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamida hamda Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamlarida jamlanadi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
80 foizi — respublika budjetiga ajratiladi. Bunda yer uchastkalarini xususiylashtirishdan respublika budjetiga tushgan mablagʻlarning kamida 3 foizi muhandislik infrastrukturasining bosh rejalari va sxemalarini xatlovdan oʻtkazish, ishlab chiqish va ularga tuzatishlar kiritish, yer kadastrlarini shakllantirish va yerlarni iqtisodiy zonalarga boʻlish xarajatlarini qoplashga ajratiladi;
20 foizi — mahalliy budjetlarga muvofiq hududlarning infratuzilmasini rivojlantirish va obodonlashtirish uchun maqsadli foydalangan holda tegishli mahalliy budjetlarga ajratiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar yoki ularning bir qismi boshqa maqsadlarga yoʻnaltirilgan taqdirda ushbu Nizom ularning qolgan qismiga tatbiq etiladi.
Bunda aniq davlat aktivlarini sotishdan tushgan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan maqsadlarga oʻtkazilishi lozim boʻlgan mablagʻlar sotib olish toʻlovlari (shu jumladan hisoblangan taqdirda — penyalar) toʻliq toʻlangandan keyin koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga yoʻnaltiriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
5-1. Davlat aktivlari oldi-sotdisi boʻyicha tuzilgan va bekor qilingan shartnomalar, berilgan kreditlar va qarzlar boʻyicha tushgan penya va jarimalar summalari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi tasarruf etish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, shu jumladan Xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonini axborotlar bilan taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish uchun Davlat raqobat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlari hisob raqamlariga yoʻnaltiriladi;
(5-1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
qolgan qismi ushbu Nizomning 2-bandiga muvofiq taqsimlanadi.
(5-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga muvofiq kiritilgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 578-modda)
Davlat aktivlarining oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinganda:
ushbu shartnoma boʻyicha toʻlangan mablagʻlarni qaytarish toʻlangan mablagʻlardan penyalar va jarimalar summasini ushlab qolgan holda shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi, sudning qarorida yoki shartnoma tomonlarining alohida bitimida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa;
penyalar va jarimalar summasini taqsimlash mazkur shartnoma boʻyicha ilgari toʻlangan mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamida yoki uning hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamida mavjud boʻlganda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan maqsadlar uchun oʻtkazilgan mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga yoki uning hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamiga qaytarilganda (undirilganda) ushbu bandga muvofiq amalga oshiriladi.
Hisoblangan penya va jarimalar summasining etishmayotgan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirib olinadi hamda ushbu bandga muvofiq taqsimlanadi.
Xorijiy valyutada tuzilgan va ular boʻyicha toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha amalga oshiriladigan belgilangan tartibda bekor qilingan davlat aktivlarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha penya va jarima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining shartnomani bekor qilish yuzasidan sudning qarori kuchga kirgan kundagi, boshqa hollarda esa shartnoma belgilangan tartibda bekor qilingan kundagi kursi boʻyicha hisoblanadi.
(5-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
6. Mablagʻlarni ushbu Nizomning 2, 3 va 4-bandlariga muvofiq taqsimlashda quyidagilar hisobga olinmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari boʻyicha xususiylashtirishdan tushgan umumiy mablagʻlardan bir yoʻla toʻlovlar;
belgilangan tartibda bekor qilingan shartnomalar boʻyicha Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan xaridorlarga qaytariladigan mablagʻlar;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
ular boʻyicha bitishuvlar tuzilmagan va ularning egalariga qaytarilishi kerak boʻlgan bitishuvlar tuzish uchun talabgorlar tomonidan depozitga qoʻyilgan mablagʻlar;
qonun hujjatlariga muvofiq majburiy tusga ega boʻlgan davlat aktivlarini sotish boʻyicha tenderlar oʻtkazish xarajatlari;
bank tomonidan toʻlovchilarga notoʻgʻri oʻtkazilgan summalar, shuningdek Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga va uning hududiy organlarining ikkilamchi hisob raqamlariga tushgan summalar aniqlashtirilgungacha;
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksiyalarini chiqarish, saqlash va sotish, shuningdek boshqa davlat aktivlarini sotish bilan bogʻliq xarajatlar;
amaliy tadqiqotlarni bajarish boʻyicha baholash, ilmiy-tadqiqot, auditor, moliya, konsalting va boshqa xorijiy va mamlakatimiz kompaniyalarining xizmatlari, normativ-metodik hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish, ishlab chiqish, davlat aktivlarini sotishdan oldingi tayyorlash boʻyicha xarajatlar;
yuridik shaxslarning aksiyalari (ulushlari, paylari)ni, shuningdek boshqa aktivlarni davlat manfaatlari uchun sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar;
davlat aktivlarini boshqarish boʻyicha xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha xarajatlar.
Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamidan hamda uning hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamidan sud qarorlari asosida amalga oshirilgan xarajatlar.
Belgilangan tartibda bekor qilingan, toʻlov xorijiy valyutada va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada amalga oshirilgan davlat aktivlarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha mablagʻlarni qaytarish xaridorning roziligiga koʻra, xususiylashtirish umumiy mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qaytarish kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
6-1. Davlat raqobat qoʻmitasi (uning hududiy organlari) tomonidan xarajatlarni amalga oshirishda yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar quyidagi hollarda tanlov (tanlab olish)ni oʻtkazmasdan tuzilishi mumkin:
(6-1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
davlat aktivlari toʻgʻrisidagi reklamalarni va axborot tusidagi eʼlonlarni ommaviy axborot vositalarida joylashtirish, shuningdek reklama va eʼlonlarni tashqi reklama manbalarida (bilbordlar, bannerlar va boshqalarda) joylashtirish;
davlat aktivlarini sotishda, shuningdek yuridik shaxslar aksiyalari (ulushlari, paylari)ni va boshqa aktivlarni davlat manfaatlarini koʻzlab sotib olishda birja va birjadan tashqari savdolarga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan xizmatlar koʻrsatish;
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish va korporativ boshqaruv muammolari tadqiqotlari markazi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlar loyihalarini ishlab chiqish;
(6-1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Respublika biznes-maktabi tomonidan korporativ boshqaruvni rivojlantirish maqsadida Davlat raqobat qoʻmitasi markaziy apparati va tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek davlat ishonchli vakillari malakasini oshirish;
(6-1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi “Xususiylashtirish axborot tizimlari” axborot texnologiyalari markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan zamonaviy axborot-texnologiya kompyuter dasturlarini, mahalliy kompyuter va internet tarmogʻini ishlab chiqish, joriy etish va ularga xizmat koʻrsatish;
(6-1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat tender komissiyasi qarorlari asosida davlat aktivlarini sotishda mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan maslahat xizmatlari koʻrsatish;
baholash tashkilotlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish.
Baholash faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyasi boʻlgan baholovchi tashkilotlar xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(6-1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
7. Aniq davlat aktivini sotishdan tushgan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan maqsadlarga aniq summasini koʻrsatmasdan oʻtkazilishi kerak boʻlgan mablagʻlar mazkur davlat aktivlarining tuzilgan va bekor qilingan oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha penya va jarimalar summasini, shuningdek ushbu davlat aktivini sotish bilan bogʻliq xarajatlarni (baholash kompaniyalari, savdolar tashkilotchilari, vositachilar, depozitariylar va hisob-kitob-kliring xarajatlarini) chegirgan holda koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
Bunda davlat mulkining oldi-sotdi shartnomasi bekor qilingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan maqsadlar uchun ilgari oʻtkazilgan mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga yoki uning hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamiga qaytarilishi (Davlat budjetiga, davlat boshqaruvi organlariga va/yoki budjet tashkilotlariga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan tashqari)va ushbu Nizomga muvofiq taqsimlanishi kerak.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
8. Ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahri boʻyicha Bosh boshqarmasining hisob-kitob-kassa markazidagi Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy bosh boshqarmalarida ochilgan Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamlarida jamlanadi.
Xususiylashtirishdan tushgan, Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamlarida jamlanadigan hamda ushbu Nizomning 2 va 4-bandlariga muvofiq taqsimlanadigan mablagʻlar har haftada hisob-kitob-kassa markazidagi Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamiga Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
9. Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining ikkilamchi maxsus hisob raqamlaridan tushgan va sarflanadigan mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy bosh boshqarmasiga har haftada taqdim etiladigan, Davlat raqobat qoʻmitasi tasdiqlaydigan shakl boʻyicha hisobotda aks ettiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
10. Davlat raqobat qoʻmitasining va uning hududiy organlarining hisob raqamlariga manbalarning barcha turlari boʻyicha tushgan mablagʻlardan soliq olinmaydi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
II. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni hisobga olish va nazorat qilish tartibi
11. Davlat raqobat qoʻmitasining va uning hududiy organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hududiy bosh boshqarmalaridagi maxsus hisob raqamlariga mablagʻlarni oʻtkazish tegishli tijorat banklari tomonidan, xaridorning (yuridik yoki jismoniy shaxsning) topshiriqnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Bankda hisob raqamiga ega boʻlmagan jismoniy shaxslar bank orqali naqd mablagʻlarini topshirishi mumkin.
Sotib olinayotgan davlat aktivlari uchun toʻlangan mablagʻlar birinchi navbatda asosiy qarz hisobiga oʻtkaziladi, toʻlov muddatlarini oʻtkazib yuborganlik uchun hisoblangan penyalarni toʻlash sotib olish toʻlovlari boʻyicha asosiy qarz toʻliq qoplangandan keyin oʻtkaziladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
12. Davlat aktivlari xaridorlari toʻlov hujjatlarida quyidagilarni koʻrsatishlari shart:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hududiy bosh boshqarmasida ochilgan Davlat raqobat qoʻmitasi yoki uning hududiy organining maxsus hisob raqami rekvizitlari;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
davlat aktivi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq toʻlovning nomi;
mablagʻlarni oʻtkazishning asosi (oldi-sotdi shartnomasining yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatning roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami);
davlat aktivining nomi.
Xaridor tomonidan toʻlov topshiriqnomasini toʻldirish uchun zarur boʻlgan hisob raqamining tartib raqami va boshqa bank rekvizitlari davlat aktivi oldi-sotdi shartnomasida yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatda koʻrsatiladi.
13. Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tarmoqlar va tushum manbalari boʻyicha har bir xususiylashtirish obyekti boʻyicha mablagʻlarning tushishi, harakati va taqsimlanishi hisobini yuritadilar ular boʻyicha Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan tartibda va shakllarda hisobotlar tuzadilar.
Xususiylashtirishdan mablagʻlarning tushishi va taqsimlanishi toʻgʻrisidagi yigʻma jadvallar hududiy boshqarmalar tomonidan har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning birinchi kunidagi holatiga koʻra oyning beshinchi kunigacha Davlat raqobat qoʻmitasiga taqdim etiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
14. Birja savdolarida sotilgan davlat aktivlari uchun hisob-kitoblarning oʻz vaqtida qilinganligi yuzasidan nazoratni hisob-kitob-kliring xizmatlari koʻrsatish yuzasidan tuzilgan shartnomaga muvofiq hisob-kitob-kliring tashkiloti, birjadan tashqari savdolarda sotilgan davlat aktivlari boʻyicha esa qonun hujjatlariga muvofiq Davlat raqobat qoʻmitasi yoki uning hududiy organi amalga oshiradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
15. Davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan, belgilangan muddatlarda kiritilmagan mablagʻlar summasi xaridorlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirib olinadi.
III. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan foydalanish, ularni Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari maxsus hisob raqamlaridan oʻtkazish tartibi
(III-boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
16. Ushbu Nizomning 2 va 4-bandlarida koʻrsatilgan oluvchilar tomonidan mablagʻlardan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
17. Mablagʻlarni respublika budjetiga oʻtkazish har oyda Davlat raqobat qoʻmitasining maxsus hisob raqamlaridan amalga oshiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
18. Mablagʻlar Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlari uchun (25 foiz) har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunigacha, ularning gʻaznachilik hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
19. Ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan gʻaznachilik hisoblaridan mablagʻlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha sarflanadi:
a) mablagʻlarning 50 foizi 1991-yilgacha qurilgan koʻp kvartirali uy-joylarning umumiy foydalaniladigan joylarini va muhandislik kommunikatsiyalarini mukammal taʼmirlashni, shuningdek umumtaʼlim maktablari va maktabgacha tarbiya muassasalarini mukammal taʼmirlash va jihozlashni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;
b) mablagʻlarning kamida 25 foizi aholining ijtimoiy himoyalanmagan toifalari uchun uy-joy qurilishini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;
v) mablagʻlarning qolgani:
kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan muhandislik va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari, suv quvurlari, kanalizatsiya tizimlari va inshootlar, gaz va elektr taʼminoti tarmoqlari, yoʻllar qurilishini, shuningdek ijtimoiy infratuzilmani — taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport obyektlari qurilishini moliyalashtirishga;
loyihalash hujjatlarini, shu jumladan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
20. Mablagʻlarning yoʻnalishlar boʻyicha oʻz vaqtida oʻtishini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining tegishli boʻlinmalari va bank muassasalari taʼminlaydilar.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga ushbu Nizomga ilovadagi shakl boʻyicha mablagʻlardan foydalanishning yoʻnalishlari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
22. Tasarruf etish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, shu jumladan Xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonini axborotlar bilan taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish uchun Davlat raqobat qoʻmitasi ixtiyorida qoldiriladigan mablagʻlardan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq foydalaniladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
IV. Xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi
23. Ushbu Nizomga muvofiq taqsimlanishi kerak boʻlgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Davlat raqobat qoʻmitasi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga xususiylashtirishdan mablagʻlarning tushishi va sarflanishi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
25. Xususiylashtirishdan mablagʻlarning tushishi va sarflanishi boʻyicha boshlangʻich hujjatlarni tekshirishlar har yili kamida bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy sanoat, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish, davlat savdosi hamda umumiy ovqatlanish korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi 443-son qarorining 4-bandi va ushbu qarorga 8 va 9-ilovalar.
2. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qarorining 9-bandi va ushbu qarorga 2 va 3-ilovalar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni hisobga olish, taqsimlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qarorining 1-bandi va unga ilova.
4. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qarori 4-bandining ikkinchi—toʻrtinchi xatboshi, 5-bandi, shuningdek mazkur qarorga 5-ilova va 8-ilovaning 1-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1999-yil 21 maydagi 263-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 5-son, 27-modda) 2-ilova II boʻlimining 1—3-bandlari.
6. Vazirlar Mahkamasining “2001-2002-yillarda xorijiy investorlarni jalb etgan holda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha kelgusidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2001-yil 9-martdagi 119-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 3-son, 17-modda) 6-ilova II boʻlimining 7, 16 va 18-bandlari.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2002-yil 27-fevraldagi 70-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 2-son, 11-modda) ilovaning 4-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “2003-2004-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida” 2003-yil 17-apreldagi 185-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 4-son, 30-modda) 6-ilova II boʻlimining 6 va 9-bandlari.
9. Vazirlar Mahkamasining “Past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor davlat korxonalarini va obyektlarni xususiylashtirishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 26-avgustdagi 368-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 8-son, 78-modda) 1-bandining uchinchi xatboshi va ushbu qarorga 2-ilova.
10. Vazirlar Mahkamasining “Xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 14-noyabrdagi 512-son qaroriga ilovaning 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 120-modda).
11. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratish va ulardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 19-noyabrdagi 520-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 123-modda) 2-ilovaning 14-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2003-yil 24-dekabrdagi 563-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 12-son, 131-modda) ilovaning 3-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2004-yil 11-fevraldagi 67-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
14. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2004-yil 11-fevraldagi 68-son qarori.
15. Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki ayrim obyektlarini investitsiya majburiyatlari evaziga bepul berishni jadallashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 5-maydagi 209-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 5-son, 45-modda) 2-ilovaning 1, 2-bandlari hamda 7-bandning uchinchi xatboshi.
16. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga ajratmalarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 10-son, 100-modda) 3-ilovaning 11-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2005-yil 4-avgustdagi 185-son qaroriga 2-ilovaning 2-bandi.
18. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-avgustdagi 362-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni hisobga olish, taqsimlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish tartibiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida” 2006-yil 4-yanvardagi 3-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 1-son, 2-modda).
19. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 26-apreldagi PQ–335-son qarori)” 2006-yil 9-iyundagi 112-son qarorining 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 6-son, 43-modda) va ushbu qarorga 1-ilova.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-son qaroriga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-iyundagi 285-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qiymatli qogʻozlar bilan bitishuvlar tuzish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda.
a) I boʻlimga quyidagi mazmundagi 21 va 22-bandlar qoʻshilsin:
“21. Xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasi aksiyalari ulushini sotish tartibi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
22. Agar birja va birjadan tashqari savdolar qoidalari bilan boshqa taʼrif usuli belgilanmagan boʻlsa, aksiyaning kurs qiymati (aksiya kursi) birja va birjadan tashqari qimmatli qogʻozlar bozorida tuzilgan bitishuvning yakuniy qiymati sifatida belgilanadi (bitishuvlarning miqdoriy hajmi emitentlar tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarning umumiy sonining kamida 5 foizini tashkil etgan taqdirda)”;
quyidagi mazmundagi 201 va 251-bandlar qoʻshilsin:
“201. Sotuvchi yoki sotib oluvchi yoki ularning vakillari — qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlar tuzish, oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha tomonlar sifatida ishtirok etish va agar ushbu bitishuvlarning yakuni qonun hujjatlari buzilishiga olib kelgan taqdirda, uni imzolashga haqli emas.
Qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni amalga oshirishda roʻyxatga oluvchi sifatida ishtirok etayotgan qimmatli qogʻozlar savdolari tashkilotchilari, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, agar ular qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan yoki ularning yakuni qonun hujjatlari buzilishiga olib kelgan boʻlsa, qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazmasligi shart”;
“251. Depozitariy quyidagilarga majbur:
bitishuvlar qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan yoki ularning yakuni qonun hujjatlari buzilishiga olib kelgan boʻlsa, qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazmaslikka va “depo” hisob raqamlariga pul oʻtkazmaslikka;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining natijasi qonun hujjatlari buzilishiga olib keladigan qimmatli qogʻozlar bilan bitishuvlarni roʻyxatdan oʻtkazish, “depo” hisob raqamlariga pul oʻtkazish haqidagi murojaatlari toʻgʻrisida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga zudlik bilan xabar berishga”;
27-banddagi “aʼzolarining” soʻzi “kuzatuv kengashining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 281 va 282-bandlar qoʻshilsin:
“281. Fond birjasi quyidagilarga majbur:
qimmatli qogʻozlarning normal muomalada boʻlishi, ularning bozor narxlarini belgilash va ular toʻgʻrisida zarur axborotni tarqatish, qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining yuqori professionallik darajasini qoʻllab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashga;
savdoga qoʻyiladigan qimmatli qogʻozlarni ekspertizadan oʻtkazishga, unda birja tomonidan belgilangan talablarga emitentlarning moliya-xoʻjalik va boshqa koʻrsatkichlari muvofiqligini tahlil qilish, emitentning ishchanlik obroʻsini va uning moliyaviy ishonchliligi toʻgʻrisida axborot beradigan boshqa maʼlumotlarni baholash nazarda tutiladi;
savdoga qoʻyiladigan, moliyaviy barqaror emitentlarning muomalada boʻlgan aksiyalari roʻyxatini oʻz ichiga oladigan qimmatli qogʻozlarning birja listingini doimiy ravishda yuritishga;
qimmatli qogʻozlar birja savdolari yakunlari asosida qimmatli qogʻozlarning kotirovkasini belgilashga (aksiyalar kursini, eng kam va eng yuqori narxlarni, kurs qiymatidagi oʻzgarishlar va boshqalarni belgilash);
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilari boʻlgan birja savdolari operatorlarini (treyderlarni) oʻqitishga;
qimmatli qogʻozlar operatsiyalari boʻyicha nizolarni oʻz vaqtida koʻrib chiqishga.
“282. Bitishuvlarning barcha ishtirokchilari qonun hujjatlari buzilishi holatlari toʻgʻrisida ular aniqlangan vaqtdan boshlab ikki kun mobaynida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga xabar berishi shart”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 41-son, 506-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 6-son, 51-modda, 52-son, 578-modda; 2010-y., 14-15-son, 106-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2014-y., 41-son, 506-modda)