|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKSPORT QILUVCHI KORXONALARNI MOLIYAVIY VA KREDIT YOʻLI BILAN QOʻLLAB-QUVVATLASHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tasdiqlangan Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturining 1.6-bandi ijrosini taʼminlash, shuningdek eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy va kredit yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, iqtisodiyotning real sektori korxonalarining investitsion faolligi oʻsishini ragʻbatlantirish va modernizatsiyalash, aholi bandligini oshirishga koʻmaklashish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) eksport qiluvchi korxonalarning banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish huquqi berilsin.
2. Eksport qiluvchi korxonalarning banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha murojaatlarini Komissiya tomonidan koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Komissiyaga:
banklarning ilgari berilgan kreditlari boʻyicha eksport qiluvchi korxonalarning muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish masalalari boʻyicha tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yilda qabul qilingan hujjatlariga muvofiq banklarning kapitallashuvini oshirish uchun budjet mablagʻlaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlaridan va boshqa aksiyadorlarning mablagʻlaridan ajratilgan maqsadli mablagʻlardan berilgan kreditlar hisobiga korxonalar tomonidan yangi qurilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, tovarlarni realizatsiya qilish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish)ning prognoz parametrlariga erishilishiga koʻmaklashish;
ishchi organning amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini har oyda koʻrib chiqish yuklansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-dekabr,
290-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 31-dekabrdagi 290-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Eksport qiluvchi korxonalarning banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha murojaatlarini Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan eksport qiluvchi korxonalarning banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Vaqtinchalik nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
eksport qiluvchi korxona — Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan, oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qiladigan, yangi qurilishni, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni amalga oshiradigan hamda eksport qilinadigan mahsulotga eksport narxlari va talab pasayishi munosabati bilan vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan korxona;
bank — eksport qiluvchi korxonaga kredit bergan tijorat banki;
muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish — koʻrsatib oʻtilgan eksport qiluvchi korxonaning moliyaviy holati vaqtincha yomonlashganligi munosabati bilan kreditni qaytarish va foizlar toʻlash muddatlarini uzaytirish, kredit boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni qaytarish boʻyicha kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) yuzasidan eksport qiluvchi korxonaga berilgan kredit boʻyicha shartnomaning birlamchi yoki ilgari qayta koʻrib chiqilgan shartlarini oʻzgartirish;
kreditlar boʻyicha jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish — eksport qiluvchi korxonaning bank oldidagi qarzlarini koʻrsatib oʻtilgan eksport qiluvchi korxonaning moliyaviy holati vaqtincha yomonlashganligi munosabati bilan asosiy qarz oʻz vaqtida qaytarilmaganligi uchun qoʻllanilgan jarima sanksiyalari va hisoblangan penya summasiga kamaytirish;
eksport qiluvchi korxonaning murojaati — eksport qiluvchi korxonaning banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarini hisobdan chiqarish boʻyicha rasmiy yozma murojaati (iltimosnomasi).
3. Ushbu Vaqtinchalik nizomning amal qilishi quyidagilar:
mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxini kamida 20 foizgacha pasaytirish boʻyicha asoslangan moliyaviy reja, shu jumladan ishlab chiqarishning materiallar va energiya sarfini qisqartirish, ishlab chiqarishning rentabelliligini va foyda koʻrishini oshirish, moliyaviy oqimlarni boshqarishni takomillashtirish va ortiqcha shtat birliklarini maqbullashtirish;
ilgari amalga oshirilgan oʻzi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni barqaror eksportga yetkazib berishni har yili ishlab chiqariladigan mahsulotning kamida 30 foizi hajmida boʻlishi va jahon moliya tangligining taʼsiri natijasida eksport mahsulotga narx-navo va talab pasaygungacha amal qilgan eksport kontraktlarga ega boʻlish mavjud boʻlganda faqat ekvivalentda 500 ming AQSh dollaridan ortiq qiymatli yangi qurilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilishini nazarda tutadigan eksport quruvchi korxonalar faoliyatiga joriy etiladi.
4. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va banklarning eksport qiluvchi korxonalarning kreditlarini tarkibiy oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
II. Komissiyaning asosiy funksiyalari
5. Komissiya yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
banklarning eksport qiluvchi korxonalarga berilgan kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish masalalari boʻyicha banklar, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining xulosalarini koʻrib chiqish;
banklarning eksport qiluvchi korxonalarga berilgan kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha hujjatlarning belgilangan muddatlarda banklar, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqilishini nazorat qilish;
qonunchilikni takomillashtirish va eksport qiluvchi korxonalarning muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlari hosil boʻlishiga olib keladigan omillarni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Kreditlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlar summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha eksport qiluvchi korxonalarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi
6. Banklarning kreditlari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlari summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarish uchun eksport qiluvchi korxona ishchi organga murojaat qilishning xolisona sabablarini, yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish va toʻlov qobiliyatini tiklashning asoslangan yoʻllarini koʻrsatgan holda rasmiy yozma murojaatni taqdim etadi.
7. Eksport qiluvchi korxonaning rasmiy yozma murojaatini Ishchi organ tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish murojaat qilingan paytdan boshlab bir kun muddatda amalga oshiriladi.
8. Eksport qiluvchi korxona ayni bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va bankka quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaatni taqdim etadi:
belgilangan tartibda tasdiqlangan yangi qurilishni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishi (texnik-iqtisodiy asoslash) yoki dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitob (texnik-iqtisodiy hisob-kitob), shuningdek ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axborot;
eksport qiluvchi korxonani boshqarishning vakolatli organlari tomonidan tasdiqlangan mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxini kamida 20 foizgacha pasaytirish boʻyicha moliyaviy reja, shu jumladan ishlab chiqarishning materiallar va energiya sarfini qisqartirish, ishlab chiqarishning rentabelliligini va foyda koʻrishini oshirish, moliyaviy oqimlarni boshqarishni takomillashtirish va ortiqcha shtat birliklarini maqbullashtirish, shuningdek ushbu moliyaviy rejani amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axborot;
2006—2008-yillar mobaynida tuzilgan eksport kontraktlari hamda oʻzi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning eksportga yetkazib berilishi va eksport boʻyicha valyuta tushumi toʻgʻrisidagi axborot;
bankning eksport kontraktlari boʻyicha valyuta mablagʻlari roʻyxatdan oʻtkazilishi va harakati haqidagi, shuningdek davlat bojxona xizmati organlarining — eksportga yuklab joʻnatish toʻgʻrisidagi yozma tasdiqnomalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan 2008-yilda narx-navo va talabning eng yaxshi va eng yomon koʻrsatkichlari davrida eksport mahsulotga narxlar va talabning dinamikasi toʻgʻrisidagi axborot.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va bank kreditlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlar summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqishda eksport qiluvchi korxonadan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrashga haqlidir.
10. Eksport qiluvchi korxonaning murojaatini bank, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqish muddati 10 kundan oshmasligi kerak.
11. Eksport qiluvchi korxonaning murojaatini koʻrib chiqish:
bank tomonidan — eksport qiluvchi korxonaning murojaati qondirilgan va shartlar oʻzgarmagan taqdirda, shuningdek eksport qiluvchi korxonaning murojaati qondirilgan taqdirda ilgari berilgan kreditlar qaytarilishini taʼminlash uchun eksport qiluvchi korxona tomonidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurligini hisobga olgan holda kredit shartnomasida nazarda tutilgan eksport mahsulotga narx-navo va talabning pasayishi hamda kreditning qaytarilishi, toʻlay olishi va muddatliligi oʻrtasidagi sababli oʻzaro aloqani aniqlash, eksport qiluvchi korxonaning moliya-xoʻjalik faoliyatini qiyosiy baholash va ilgari berilgan kreditlarni qaytarish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan — yangi qurilishni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, shuningdek korxonada mahsulot ishlab chiqarishni oʻzlashtirish va kengaytirishni hisobga olgan holda eksport qiluvchi korxonani yanada rivojlantirish istiqbollari boʻyicha investitsiya loyihasi amalga oshirilishini baholash yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan — mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarishning rentabelliligini va foyda koʻrishini oshirish, shuningdek korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha eksport qiluvchi korxonaning moliyaviy rejasi bajarilishini tahlil qilish yuzasidan amalga oshiriladi.
12. Eksport qiluvchi korxonaning murojaatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan ishchi organga kreditlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzlar summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligi (maqsadga muvofiq emasligi) toʻgʻrisida xulosa kiritiladi.
13. Ishchi organ bir kun muddatda eksport qiluvchi korxonaga va Komissiyaga bankning, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining xulosasini yuboradi.
14. Komissiya ikki hafta muddatda taqdim etilgan xulosalarni koʻrib chiqadi va bankka iltimosnoma yuborish yoki eksport qiluvchi korxonaning murojaatini qondirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
15. Komissiyaning qarori tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda bankka va eksport qiluvchi korxonaga yuboriladi.
16. Komissiyaning eksport qiluvchi korxonaning murojaatini qondirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi toʻgʻrisidagi qarorini olishda kreditni tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha toʻplanib qolgan hujjatlar bir hafta muddatda tegishli qaror qabul qilish uchun bankning kredit qoʻmitasi koʻrib chiqishi uchun kiritiladi. Bank qonunchilikka va bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq kredit qoʻmitasining qarorini qabul qilish uchun zarur qoʻshimcha axborotni eksport qiluvchi korxonadan soʻrashga haqlidir.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
17. Bankning kredit qoʻmitasi hujjatlar kiritilgan kundan boshlab 2 kun mobaynida kredit boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzdorlik summasini tarkibiy oʻzgartirish va/yoki jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligi (maqsadga muvofiq emasligi) toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
18. Kredit qoʻmitasi tomonidan kredit boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan va joriy qarzdorlik summasini tarkibiy oʻzgartirish hamda jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda bank bankning kredit qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilingan kundan boshlab 2 kundan kechikmay rad etishning asosli sabablarini koʻrsatgan holda Komissiyani va eksport qiluvchi korxonani yozma shaklda xabardor qiladi.
19. Kredit qoʻmitasining qarori ijobiy boʻlgan taqdirda bank qonunchilikka va bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq eksport qiluvchi korxona bilan kredit berish shartlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida kredit shartnomasiga qoʻshimcha tuzadi, kredit boʻyicha jarima sanksiyalari va penyalarni hisobdan chiqaradi hamda tarkibiy oʻzgartirilgan kreditni qaytarishning yangi jadvalini tasdiqlaydi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
20. Bank bank toʻgʻrisidagi qonunchilikka va bankning kredit siyosatiga muvofiq eksport qiluvchi korxonalarning tarkibiy oʻzgartirilgan kreditlari monitoringini amalga oshiradi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
21. Tarkibiy oʻzgartirilgan kreditni qaytarish jadvali buzilgan taqdirda bank kreditning muddatida qaytarilmagan qismini eksport qiluvchi korxonaning bankdagi talab qilib olinadigan depozit hisob raqamidan kredit shartnomasida nazarda tutilgan tartibda muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 528-modda; 2010-y., 23-son, 182-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)