Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 17.11.1993
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
HAKAMLIK SUDI VA XO‘JALIK NIZOLARINI HAL ETISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrdagi 925-XII-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
I.BO‘LIM. Hakamlik sudi to‘g‘risida
1-modda. Hakamlik sudi
Hakamlik sudi tadbirkorlik faoliyati jarayonida vujudga keladigan fuqarolik huquqiy munosabatlari (iqtisodiy nizolar) dan yoki boshqaruv sohasidagi huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni hal etishda sud hokimiyatini amalga oshiradi.
Hakamlik sudi mazkur nizolarni, basharti ular tashkilotlarning (ushbu Qonunda “tashkilotlar” deganda yuridik shaxslar-korxonalar, ularning birlashmalari, har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotlar, shu jumladan jamoa xo‘jaliklari va xususiy korxonalar tushuniladi), fuqarolarning (ushbu Qonunda “fuqarolar” atamasi tadbirkorlik faoliyatini mustaqil ravishda olib borayotgan fuqarolarga va ularning birlashmalariga nisbatan ishlatiladi) o‘zaro munosabatlaridan, shuningdek tashkilotlar va fuqarolarning davlat idoralari va o‘zga idoralar* bilan munosabatlaridan kelib chiqqudek bo‘lsa, hal etadi. Bunday nizolarda ajnabiy korxonalar, xorijliklar ishtirokidagi korxonalar yoki ajnabiy fuqarolar qatnashgan hollarda tomonlar o‘rtasida bitim bo‘lgan taqdirda yoxud bu hol qonun hujjatida maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, nizo hal qilish uchun hakamlik sudiga berilishi mumkin.
*bundan buyon “tashkilotlar” deb yuritiladi
2-modda. Hakamlik sudini tuzish, uning faoliyat ko‘rsatish tartibi va huquq doirasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Hakamlik sudini tuzish, uning faoliyat ko‘rsatish tartibi va huquq doirasi O‘zbekiston Respublikasining ushbu Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
3-modda. Hakamlik sudining vazifalari
Hakamlik sudining vazifalari:
odil sudlovni amalga oshirish yo‘li bilan tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari himoya etilishini ta’minlashdan;
iqtisodiy munosabatlarda qonunlarga rioya etilishiga huquqiy vositalar bilan yordam berishdan;
xo‘jalik nizolarini hal etish chog‘ida qonunlarning bir xil va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashdan iborat.
4-modda. Hakamlik sudlarining tizimi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Respublikada:
Respublika hakamlik sudlarining yagona tizimini tashkil etuvchi O‘zbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining hakamlik sudi, viloyatlarning hakamlik sudlari faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga ko‘ra shahar hakamlik sudlarini tuzish mumkin.
5-modda. Hakamlik sudlariga rahbarlik
Respublikadagi hakamlik sudlari tizimiga Oliy hakamlik sudi boshchilik qiladi. U odil sudlovni amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining barcha idoralari faoliyatini tashkil etish, bu faoliyatning ahvoli va uni takomillashtirish uchun javobgardir.
Oliy hakamlik sudi quyi hakamlik sudlari faoliyatini muntazam tekshirib boradi va ularning hisobotlarini eshitib turadi, shuningdek respublika hakamlik sudi idoralarining ijobiy ish tajribasini o‘rganadi, umumlashtiradi va ommalashtirib boradi.
6-modda. Hakamlik sudi tomonidan qo‘llanadigan qonunlar
Hakamlik sudi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi bilan boshqa respublikalar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va ikki tomonlama shartnoma hamda bitimlarga va xalqaro shartnomalarga amal qiladi.
Oliy hakamlik sudi xo‘jalik nizolarini hal etish munosabati bilan davlat boshqaruv idorasi hujjatlarining, mahalliy o‘zini o‘zi boshqaruv idorasi, uning ijroiya va boshqaruv idorasi qarorining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlariga, davlat hokimiyati oliy idoralari o‘z huquq doiralarida chiqargan boshqa hujjatlarga muvofiq emasligini aniqlab, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati oliy idoralarining boshqa hujjatlari asosida qaror qabul qiladi.
Hakamlik sudi xorijiy huquq normalarini qonunga binoan qo‘llaydi.
Nizoli munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar bo‘lmagan taqdirda hakamlik sudi shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llaydi.
7-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorlarining majburiyligi
Hakamlik sudi chiqargan hal qiluv qarorlari, qarorlar, ajrimlar O‘zbekiston Respublikasi hududida va respublikalararo bitimlarga muvofiq boshqa respublikalarning hududida barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro etilishi majburiydir.
8-modda. Oliy hakamlik sudi Raisining qonun loyihalari taklif etish tashabbusi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy hakamlik sudining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashida qonun loyihalari taklif etish tashabbusi bilan chiqish huquqiga egadir.
9-modda. Hakamlik sudining tarkibi
Oliy hakamlik sudi Oliy hakamlik sudining Raisi, Rais o‘rinbosarlari, hakamlik hay’atlarining raislari, hakamlaridan iborat bo‘ladi.
Oliy hakamlik sudida:
Oliy hakamlik sudining Plenumi;
Oliy hakamlik sudining Rayosati;
xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hakamlik hay’ati;
qonuniylikni va qarorlarning asosligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’ati faoliyat ko‘rsatadi.
10-modda. Hakamlik sudlari hakamlarini saylash va tayinlash tartibi
Oliy hakamlik sudi Raisini Respublika Prezidentining taqdimiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 10 yil muddatga saylaydi.
Oliy hakamlik sudi Raisining o‘rinbosarlarini, viloyatlar hakamlik sudlarining raislarini Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hakamlik sudining Raisini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan xolda O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisi taqdimiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi saylaydi.
Hakamlik hay’atlarining raislari — Oliy hakamlik sudi hakamlarini Oliy hakamlik sudining Raisi tayinlaydi.
Oliy hakamlik sudining hakamlarini, viloyatlar hakamlik sudlari raislarining o‘rinbosarlari va hakamlarini Oliy hakamlik sudining Raisi tayinlaydi.
Yoshi 25 ga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumoti, huquqshunoslik ixtisosi bo‘yicha kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hakam etib tayinlanishi mumkin.
11-modda. Oliy hakamlik sudining Raisi
Respublika Oliy hakamlik sudiga Rais boshchilik qiladi.
Oliy hakamlik sudining Raisi:
Oliy hakamlik sudining faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda uning ishini tashkil etadi;
Oliy hakamlik sudining Plenumi chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi; Oliy hakamlik sudi va hay’ati hakamlik sudining majlislarida raislik qilishi mumkin; zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi hakamlarni boshqa hay’at tarkibida ishlarni ko‘rib chiqish uchun jalb qiladi;
qarorlarning qay darajada qonuniyligi va asosligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atining xo‘jalik nizolari yuzasidan chiqargan qarorlariga nisbatan Oliy hakamlik sudi Plenumiga e’tiroznomalar kiritadi;
Oliy hakamlik sudi Raisining o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xodimlarni lavozimga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, ushbu Qonunga muvofiq o‘zgacha tartibda saylanadigan va vazifasidan ozod qilinadigan xodimlar bundan mustasno;
ushbu Qonunda berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oliy hakamlik sudining Raisi o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq faoliyati ustidan prokurorlik nazorati amalga oshirilmaydigan davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlarining normativ huquqiy hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga qay darajada mos ekanligi to‘g‘risida xulosalar berish xususida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasiga takliflar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, uning Rayosati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining, sessiyalar oralig‘idagi davrda esa — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki hibsga olinishi mumkin emas.
12-modda. Oliy hakamlik sudi Raisining o‘rinbosarlari
Oliy hakamlik sudi Raisining o‘rinbosarlari xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hamda qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atlari hakamlik sudining majlislarida raislik qilishga haqlidirlar.
Oliy hakamlik sudining Raisi yo‘q bo‘lgan hollarda uning vakolatlarini Rais o‘rinbosarlari amalga oshiradi.
13-modda. Oliy hakamlik hay’atlarining raislari
Oliy hakamlik sudi hakamlik hay’atlarining raislari:
hay’atlarning ishini tashkil qiladilar va xo‘jalik nizolarini hal etish, qarorlarning qonuniyligi va asosligini tekshirish uchun sud tarkibini tuzadilar;
hay’atlar hakamlik sudining majlislarida raislik qiladilar;
Oliy hakamlik sudining Plenumiga hay’atlarining faoliyati to‘g‘risida ma’ruzalar taqdim etadilar;
Qarorlarning qonuniyligi va asosligini tekshirish uchun, shuningdek hakamlik amaliyotini umumlashtirish uchun ishlarni talab qilib oladilar.
14-modda. Viloyat hakamlik sudining Raisi
Viloyat hakamlik sudiga Rais boshchilik qiladi.
Viloyat hakamlik sudining Raisi:
viloyat hakamlik sudi faoliyatiga boshchilik qiladi va uning ishini tashkil etadi;
viloyat hakamlik sudining ishlab chiqarish yig‘ilishlarini chaqiradi va ularning majlislarida raislik qiladi; viloyat hakamlik sudi hay’atining majlislarida raislik qilishi mumkin; zarur hollarda bir hay’at tarkibiga kiruvchi hakamlarni boshqa hay’at tarkibida ishlarni ko‘rib chiqish uchun jalb qiladi;
Rais o‘rinbosarlari o‘rtasida, shuningdek hakamlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xodimlarni lavozimga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, ushbu Qonunga muvofiq o‘zgacha tartibda tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan xodimlar bundan mustasno;
hay’ati bo‘lmagan viloyat hakamlik sudlarida nizolar bo‘yicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
ushbu Qonunda berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15-modda. Viloyat hakamlik raisining o‘rinbosari
Viloyat hakamlik sudi raisining o‘rinbosari xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hamda qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atlarining hakamlik sudi majlislarida raislik qilishga haqlidir.
Viloyat hakamlik sudi raisi yo‘qligida uning vakolatlarini viloyat hakamlik sudi raisining o‘rinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
Hay’ati bo‘lmagan viloyat hakamlik sudlarida rais o‘rinbosari nizolar yuzasidan chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining hakamlari
Xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hakamlik hay’atining hakami tashkilotlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi.
Hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atining hakami nizolar yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiradi.
Hakam nizoning qarab chiqilishiga rahbarlik qiladi, tomonlar o‘rtasida ahdlashuvga erishilishiga ko‘maklashadi.
Hakam nizolarni hal etish amaliyotini o‘rganadi va umumlashtiradi, qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish borasidagi ishlarni bajaradi.
Hakam O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari bo‘limining yoki boshqa bo‘linmasining rahbari bo‘lishi mumkin.
Hakamning boshqa tashkilotlarda o‘rindoshlik shartlari bilan ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi, pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bog‘liq faoliyat bundan mustasno.
Hakam ushbu Qonunda belgilab qo‘yiladigan tartibda attestatsiyadan o‘tadi, attestatsiya natijalariga ko‘ra unga malakasi hamda ish tajribasini hisobga olgan holda malaka klassi beriladi.
17-modda. Hakamlik sudi hakamining huquqlari
Hakam:
qonunda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq o‘z farmoyishlarining bajarilishini davlat idoralari va boshqa idoralardan, tashkilotlardan, ularning mansabdor shaxslaridan talab qilish;
tashkilotlarga, davlat idoralari va boshqa idoralarga xususiy ajrimlarni, aniqlangan qonunbuzarliklar haqidagi axborotlarni ularni bartaraf etish xususidagi takliflar bilan birgalikda yuborish;
davlat idoralari va boshqa idoralardan, ilmiy muassasalar va axborot markazlaridan axborotlar so‘rab olish huquqiga egadir.
Hakamning hakamlik sudi vakolatlari doirasida qo‘yadigan talablari ushbu talablar qaratilgan davlat idoralari va boshqa idoralar, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari uchun majburiydir.
Hakam O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilab beriladigan o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vakolatlarga ham ega bo‘ladi.
18-modda. Hakamlik sudi hakamining vazifalari
Hakam o‘z faoliyatida qonunlarning talablarini aniq ijro etish, hakamlik jarayonining yuksak madaniyatini va tarbiyaviy ta’sirini ta’minlashi, adolatli bo‘lishi shart.
Hakam kasbi bilan bog‘liq bitimlari saviyasini oshirib borishi shart.
Hakam o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda odil sudlovning obro‘sini, hakamning qadr-qimmatini tushirish yoki uning haqqoniyligiga va xolisligiga shubha tug‘dirish mumkin bo‘lgan barcha holatlardan o‘zini tiyishi zarur.
19-modda. Hakamning mustaqilligi
Hakam mustaqil bo‘lib, faqatgina qonunga bo‘ysunadi. Hakamning xo‘jalik nizolarini hal etish borasidagi faoliyatiga har qanday idora, tashkilot va mansabdor shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hakamning mustaqilligi uni saylash, tayinlash va ozod qilish tartibi, nizolarni hal etishning yuridik yo‘l-yo‘riqlari, hakamlik sudi faoliyati uchun zarur sharoit yaratish, shuningdek hakamning moddiy va ijtimoiy ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar hakamlik muhokamasi natijalarini oldindan belgilab qo‘yishga haqli emasdirlar.
20-modda. Hakamga nisbatan hurmatsizlik uchun javobgarlik
Hakamlik jarayoni qatnashchilari yoki hakamlik sudi majlisida ishtirok etayotgan fuqarolar tomonidan hakamga hurmatsizlik ko‘rsatilishi, shuningdek biron-bir kishi tomonidan hakamni ochiq-oydin mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlarning sodir etilishi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
21-modda. Hakamlik sudining hakamini lavozimidan ozod qilish
Hakamlik sudining hakami:
qonuniylikni buzganligi yoki o‘z martabasiga mos kelmaydigan noma’qul xatti-harakat sodir etganligi uchun, shuningdek unga nisbatan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sababli;
salomatligi ishni davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan ahvolda ekanligiga binoan;
boshqa lavozimga saylanganligi yoki o‘z roziligi bilan boshqa ishga o‘tkazilganligi natijasida;
o‘z istagiga ko‘ra o‘zini lavozimga saylangan yoki tayinlagan tegishli idoralar yoki mansabdor shaxslar tomonidan lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Hakamni lavozimdan ozod qilish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi malaka hay’ati xulosasini e’tiborga olgan holda hal etiladi.
22-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining tarkibi hamda uning faoliyati tartibi
Hakamlik sudlari, xo‘jalik nizolarini hal etuvchi boshqa idoralar ishining eng muhim masalalarini qarab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Plenumi faoliyat ko‘rsatadi. Plenum to‘rt oyda kamida bir marta chaqiriladi.
Plenum tarkibiga Oliy hakamlik sudining Raisi, Rais o‘rinbosarlari, Oliy hakamlik sudi hakamlik hay’atlarining raislari, Oliy hakamlik sudining Raisi belgilaydigan boshqa xodimlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining raislari kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prokurori Plenum majlislarida qatnashishi shart.
Plenum majlislarida O‘zbekiston Respublikasining Adliya vaziri ham qatnashishi mumkin.
Oliy hakamlik sudi Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida Oliy hakamlik sudi xodimlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, ilmiy muassasalar va davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari qatnashishi mumkin.
Plenum majlisi uning tarkibining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
Plenum masalalarni qarab chiqish natijalari yuzasidan ochiq ovoz berish yo‘li Bilan qaror qabul qiladi. Basharti, ovoz berishda qatnashayotgan Plenum a’zolarining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qaror qabul qilingan hisoblanadi. Plenumning qaroriga qo‘shilmagan Plenum a’zosi o‘z fikrini bayon etishga haqlidir, bu narsa qarorga ilova qilib qo‘yiladi.
Plenum qarorini Oliy hakamlik sudining Raisi va Plenum kotibi imzolaydi.
23-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining kotibi
Oliy hakamlik sudi Plenumining kotibi xizmat vazifasini ado etish bilan bir qatorda Plenum majlislarini tayyorlash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshiradi, majlis bayoni yuritilishini ta’minlaydi hamda Plenum qabul qilgan qarorlar ijrosi uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi.
24-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining vakolatlari
Oliy hakamlik sudining Plenumi:
1) xo‘jalik nizolarini hal etuvchi idoralarning ushbu idoralar huquq doirasida birgalikda tadbirlar o‘tkazish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish masalalarini qarab chiqadi;
2) xo‘jalik nizolarini hal etish amaliyotini umumlashtirishga taalluqli materiallarni qarab chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini qo‘llash masalalari yuzasidan sud talqini tartibida tushuntirishlar beradi, Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari O‘zbekiston Respublikasida tushuntirishga taalluqli bo‘lgan qonunlarni qo‘llayotgan hakamlik sudlari, tashkilotlar, davlat idoralari va boshqa idoralar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir;
3) Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oliy hakamlik sudi hakamlari orasidan Plenum kotibini tasdiqlaydi;
4) Oliy hakamlik sudi hakamlik hay’atlari raislarining tegishli hay’atlar faoliyati to‘g‘risidagi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari raislarining o‘z faoliyatlari to‘g‘risidagi ma’ruzalarini tinglaydi;
5) iqtisodiy munosabatlarni huquqiy boshqarishni hamda xo‘jalik nizolarini hal etuvchi idoralar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va boshqa idoralar muhokamasiga takliflar kiritish masalalarini qarab chiqadi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasining Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga to‘g‘ri kelmasligi xususidagi xulosalarini qarab chiqadi;
7) Oliy hakamlik sudi Raisining, O‘zbekiston Respublikasi Prokurorining Oliy hakamlik sudi qabul qilgan qarorlar qonunlarga zid kelib qolganligi munosabati bilan bildirgan e’tiroznomalari bo‘yicha ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqadi;
8) O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlari hakamlarining malaka hay’atini saylaydi.
25-modda. Oliy hakamlik sudining Rayosati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudida Oliy hakamlik sudining Raisi, uning o‘rinbosarlari hamda Oliy hakamlik sudining boshqa rahbar xodimlaridan iborat Rayosat tashkil etiladi.
Rayosatning shaxsiy tarkibi Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Oliy hakamlik sudining Rayosati muntazam ravishda o‘tkaziladigan o‘z majlislarida hakamlik sudlarining faoliyatiga doir asosiy masalalarni ko‘rib chiqadi, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarini muhokama etadi, Oliy hakamlik sudi hakamlari hamda bu sud tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari raislarining hisobotlarini eshitib boradi.
Rayosat chiqargan qarorlar Oliy hakamlik sudi Raisining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Oliy hakamlik sudining Raisi bilan Rayosat a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda Oliy hakamlik sudining Raisi yuzaga kelgan kelishmovchilik to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga axborot bergan holda o‘z qarorini amalga oshiradi. Oliy Hakamlik sudi Rayosatining a’zolari o‘z navbatida o‘z fikr-mulohazalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga ma’lum qilishlari mumkin.
26-modda. Qonunlarni qo‘llash amaliyotini umumlashtirish
Hakamlik sudi hakamlik amaliyotini o‘rganadi va umumlashtirib boradi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, xo‘jalik nizolarini hal etuvchi idoralar tomonidan qonunlarni qo‘llash tajribasini ommalashtirish maqsadida tahlil etadi.
27-modda. Qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish
Hakamlik sudi hakamlik amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish asosida qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi hamda ularni belgilangan tartibda kiritadi. Hakamlik sudi bu ishga tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda ularning mutaxassislarini va ilmiy xodimlarini jalb etishga haqlidir.
28-modda. Iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish
Hakamlik sudi iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish ishlarini olib boradi va shu maqsadda:
1) iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining sabablaridan darak beruvchi ma’lumotlar va materiallarni izchil tahlil qilib boradi, o‘z huquq doirasida ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
2) ishlarni bevosita tashkilotlarning o‘zida hal etadi;
3) tashkilotlarning rahbarlariga, davlat idoralari va boshqa idoralarga xususiy ajrimlar, aniqlangan qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi, ana shu qonunbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishini talab qiluvchi xolatlar haqidagi axborotlarni yuboradi.
Xususiy ajrim, axborot yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlariga bir oylik muddatdan kechikmay javob berilishi kerak.
Zarur hollarda aniqlangan qoidabuzarliklar haqida prokuratura idoralariga axborotlar yuboriladi;
4) iqtisodiy munosabatlarda yo‘l qo‘yilayotgan eng jiddiy qoidabuzarliklar to‘g‘risida:
Oliy hakamlik sudi — O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ma’lum qiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hakamlik sudi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashiga ma’lum qiladi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
viloyat hakamlik sudi — xalq deputatlari viloyat Soveti hamda uning ijroiya qo‘mitasini xabardor etadi.
29-modda. Statistika hisobi
Hakamlik sudi belgilangan tartibda hakamlik statistikasini olib boradi, hakamlik sudlarining faoliyati to‘g‘risidagi statistika ma’lumotini tahlil etadi.
30-modda. Boshqa idoralar bilan hamkorlik va xalqaro aloqalar
Oliy hakamlik sudi xo‘jalik nizolarini hal etuvchi boshqa idoralar (sudlar, hakamlik sudlari, xolislar sudlari) bilan qonunlar va ularni amaliyotda qo‘llanish to‘g‘risida qo‘shma konferensiyalar, yig‘ilishlar o‘tkazish, axborot almashinish yo‘li bilan va boshqa shakllarda hamkorlik qiladi.
Oliy hakamlik sudi xo‘jalik nizolarini hal qilish uchun tashkil etiladigan xolislar sudlarini tarkib toptirish va ularning faoliyati masalalari yuzasidan tavsiyanomalar ishlab chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi belgilangan tartibda xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yadi.
31-modda. Oliy hakamlik sudining tuzilishi va shtatlari
Hakamlik amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, iqtisodiy munosabatlarda qonunni buzishlarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, Oliy hakamlik sudining faoliyati bilan bog‘liq boshqa vazifalarni bajarish uchun bo‘limlar hamda boshqa bo‘linmalar tuziladi.
Hakamlik hay’atlarida va bo‘limlarda bosh, katta mutaxassislar va boshqa mutaxassislar, shuningdek boshqa xizmatchilar va xizmat ko‘rsatuvchi kichik xodimlar bo‘ladi.
Oliy hakamlik sudi va viloyatlar hakamlik sudlarining jami xodimlari soni Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Oliy hakamlik sudining Raisi Ushbu Qonunga muvofiq belgilangan jami shtatlar soni hamda ish haqi fondi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, viloyatlar hakamlik sudlarining tuzilishini hamda bo‘limlar va boshqa bo‘linmalarning shtatlarini belgilaydi. Oliy hakamlik sudining shtatlar jadvalini, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar to‘g‘risidagi Nizomlarni Oliy hakamlik sudining Raisi, Qoraqalpog‘iston respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining shtatlar jadvalini, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlarni esa tegishli hakamlik sudlarining raislari tasdiqlaydilar.
Oliy hakamlik sudining Raisi zarurat bo‘lganda Oliy hakamlik sudi markaziy apparatining va viloyatlar hakamlik sudlarining shtat ro‘yxatiga jami xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritishga haqlidir.
32-modda. Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hay’ati
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hay’ati Oliy hakamlik sudi huzurida tashkil etiladi.
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hay’ati Oliy hakamlik sudi Plenumi tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy hakamlik sudi hakamlari orasidan rais, uning o‘rinbosari va uch a’zodan iborat tarkibda besh yil muddatga saylanadi.
Oliy hakamlik sudining Raisi va uning o‘rinbosarlari malaka hay’ati tarkibiga kirmaydi.
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hay’ati o‘z ishi to‘g‘risida Oliy hakamlik sudi Plenumi oldida hisobot beradi.
33-modda. Malaka hay’atining vakolatlari
Malaka hay’ati:
1) hakamlik sudlari hakamlarining malaka attestatsiyasini o‘tkazadi;
2) hakamlik sudlari hakamlarini chaqirib olish va ozod qilish to‘g‘risida xulosalar beradi, hakamlik sudlari rahbarlarining va hakamlarining intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi masalalarni qarab chiqadi hamda o‘z takliflarini Oliy hakamlik sudi Raisiga kiritadi.
34-modda. Attestatsiya
Hakamlik sudlarining rahbar xodimlari (lavozimga boshqa tartibda saylanadigan va tayinlanadiganlardan tashqari) va mutaxassislari qonunlarga muvofiq attestatsiyadan o‘tishlari lozim. Attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi tasdiqlaydi.
35-modda. Malaka klasslari
O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining hakamlariga malaka klasslari O‘zbekiston Respublikasi tegishli sudlarining malaka klasslariga o‘xshash yo‘sinda beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining o‘rinbosarlariga, viloyatlar hakamlik sudlarining raislariga malaka klasslarini O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti beradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hakamlik sudining Raisiga, uning o‘rinbosarlariga va hakamlariga malaka klasslarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining hakamlariga, viloyatlar hakamlik sudlarining Rais o‘rinbosarlari va hakamlariga malaka klasslari berishni Oliy hakamlik sudi huzuridagi hakamlar malaka hay’ati xulosasiga binoan Oliy hakamlik sudining Raisi amalga oshiradi.
36-modda. Oliy hakamlik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Xo‘jalik nizolarini hal etuvchi idoralarga hakamlik amaliyotini shakllantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash, qonunchilikni takomillashtirish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish va axborotlar tayyorlash uchun, shuningdek bu ishlarni qonunchilikni buzishning oldini olish va qonunbuzarlik hollarini bartaraf etish bilan birga olib borish uchun Oliy hakamlik sudi huzurida ilmiy-maslahat kengashi tashkil etiladi. Ilmiy-maslahat kengashi mashvarat yo‘sindagi idora bo‘lib, jamoatchilik asosida ishlaydi.
37-modda. Hakamlik sudlarining moliyaviy va moddiy-texnikaviy ta’minoti
Hakamlik sudlarining moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa yo‘sindagi ta’minotini Oliy hakamlik sudi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.
Mablag‘lar miqdorini Oliy hakamlik sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining rayosati tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari yuridik shaxs hisoblanadi.
Oliy hakamlik sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar hakamlik sudlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tushirilgan hamda o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
38-modda. Matbuot organi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi o‘z matbuot organiga ega.
II. BO‘LIM. XO‘JALIK NIZOLARINI HAKAMLIK SUDI TOMONIDAN HAL ETISh TARTIBI
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
39-modda. Xo‘jalik nizolarini hakamlik sudi tomonidan hal etish tartibi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Hakamlik sudi nizolarni ushbu Qonunga muvofiq hal etadi. Ayrim nizo turlarini hal etishning xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilishi mumkin.
40-modda. Hakamlik sudiga murojaat huquqi
Hakamlik sudiga uning uchun belgilangan tobelikka muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shu jumladan jamoa xo‘jaliklari, O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlardagi yuridik shaxs hisoblanuvchi xususiy korxonalar, qo‘shma korxonalar va xalqaro birlashmalar* o‘zlarining buzilgan yoki da’vo qilinayotgan huquqlarini yoxud qonuniy manfaatlarini himoya etishni so‘rab murojaat qilishga haqlidirlar.
* Matnda bundan buyon tashkilot deb yuritiladi.
Hakamlik sudiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat idoralari va o‘zga idoralar, boshqa shaxslar murojaat etishga haqlidirlar.
Hakamlik sudiga murojaat etish huquqidan voz kechish haqqoniy emas.
41-modda. Hakamlik sudida ish qo‘zg‘atish
Hakamlik sudi:
manfaatdor tashkilotlarning;
davlat idoralari va boshqa idoralarning;
tashkilotlar manfaatlarini ko‘zlab tegishli hakamlik sudiga murojaat etgan O‘zbekiston Respublikasi Prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar prokurorlari va ularning o‘rinbosarlarining arizalari asosida ish qo‘zg‘atadi.
Oliy hakamlik sudi o‘z tashabbusi bilan ish qo‘zg‘atishga va bevosita ko‘rib chiqishga yoki ko‘rib chiqishni hakamlik sudiga topshirishga haqlidir.
42-modda. Xo‘jalik nizolarining hakamlik sudi tomonidan hal etilishi
Nizolarni hal etish hakamdan iborat hakamlik sudi, xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hakamlik hay’ati mavjud bo‘lgan taqdirda esa bitta yoki uchta hakamdan iborat hakamlik sudi tomonidan amalga oshiriladi. Hakamlik sudining son tarkibini xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha hakamlik hay’atining raisi belgilab beradi.
43-modda. Hakamlik ishi
Hakamlik sudi tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilishiga ko‘maklashadi va shu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarori qabul qiladi.
Basharti, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv qonunlarga, haqiqiy ahvolga va ish materiallariga zid bo‘lsa, hakamlik sudi qaror qabul qilish chog‘ida bunday kelishuvga amal qilmaydi.
44-modda. Hakamning mustaqilligi va uning faqat qonunga bo‘ysunishi
Xo‘jalik nizolarini hal etish chog‘ida hakam mustaqil bo‘lib, faqatgina qonunga bo‘ysunadi.
45-modda. Tomonlarning tengligi
Hakamlik sudida xo‘jalik nizolarini hal etish mulk shakli, kimning tasarrufida va qayerda joylashganligidan hamda boshqa holatlardan qat’i nazar, tashkilotlarning qonun oldida va hakamlik sudi oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
46-modda. Xo‘jalik nizolarini hal etishning oshkoraligi
Hakamlik sudida nizolar oshkora hal etiladi. Davlat yoki tijorat sirlarini saqlash manfaatlariga zid keladigan hollar bundan mustasnodir.
47-modda. Hakamlik ishlari olib boriladigan til
Hakamlik sudida hakamlik ishi “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibda olib boriladi.
Hakamlik ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan tomonlarning vakillariga, hakamlik jarayonining boshqa qatnashchilariga tarjimon yordamida ishga doir barcha materiallar bilan tanishish va hakamlik sudi majlislarida qatnashish huquqi ta’minlanadi.
48-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligi
Hakamlik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asosli bo‘lishi kerak.
49-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish hamda hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish hamda hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqishga ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
50-modda. Hal qiluv qarorining kuchga kirishi va uning majburiyligi
Hakamlik sudining hal qiluv qarori (hal qiluv qarori, qarori, ajrimi) qabul qilinishi bilanoq darhol kuchga kiradi. Hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi hududida va respublikalararo ahdlashuvga muvofiq boshqa respublikalarning hududida tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiydir.
II BOB. XO‘JALIK NIZOLARINING MANSUBLIGI
51-modda. Xo‘jalik nizolarining Oliy hakamlik sudiga tegishliligi
Oliy Hakamlik sudi:
1) 10 million so‘mdan ortiq summaga xo‘jalik shartnomalari tuzilganda, u o‘zgartirilganda va bekor qilinganda, shuningdek shartnomalarni ijro etish chog‘ida va boshqa asoslar bo‘yicha, da’vo 100 ming so‘mdan ortiqni tashkil etganda turli respublikalar va O‘zbekiston Respublikasining viloyatlarida joylashgan tomonlar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni (O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal etilishi o‘zga idoralar ixtiyoriga berilgan nizolar bundan mustasnodir);
2) davlat boshqaruvi idoralarining va boshqa respublika idoralarining qonunlariga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi normativ xarakterga ega bo‘lmagan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb e’tirof etish haqidagi nizolarni;
3) O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi idoralari va respublika idoralari tomonidan normativ xarakterga ega bo‘lmagan, qonunlarga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi aktlarini nashr etish natijasida yoxud uqtirilgan idoralarning tashkilotlarga nisbatan o‘z vazifalarini lozim tarzda amalga oshirmasliklari natijasida tashkilotlarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash haqidagi nizolarni;
4) respublika boshqaruv idoralari o‘rtasidagi iqtisodiy bitimlardan kelib chiqadigan nizolarni;
5) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, respublikalararo bitimlar yoki xalqaro shartnomalarda Oliy hakamlik sudi idora qilishi uchun berilgan boshqa nizolarni hal etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi nizolar hakamlik sudiga qarashliligi doirasida har qanday nizoni o‘z ijrosiga qabul qilishga va hal etishga haqlidir.
52-modda. Xo‘jalik nizolarining ko‘rib chiqilishi qaysi hududga tegishliligi
Xo‘jalik shartnomalari tuzish, ularni o‘zgartirish va bekor qilish chog‘ida yuzaga keladigan nizolar mahsulotlar yetkazib berayotgan yoki xizmat ko‘rsatayotgan korxona (tashkilot) joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shartnomalarni ijro etishga va boshqa asoslarga oid nizolar javobgar joylashgan yerda ko‘rib chiqiladi.
Davlat idoralarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topishga, davlat buyurtmasini talashish bilan bog‘liq nizolar hujjatni chiqargan davlat idorasi joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ishda bir necha javobgar qatnashayotgan bo‘lsa, nizo da’vogarning xohishiga binoan javobgarlarning biri joylashgan yerdagi hakamlik sudida ko‘rib chiqiladi.
53-modda. Xo‘jalik nizolari ko‘rib chiqilishining mansubligi
Yuk tashish ishlari yuzasidan kelib chiqqan nizoda javobgarlardan biri transport idorasi bo‘lsa, bu ish transport idorasi joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Davlat hujjatini yoki respublika bo‘ysunuvidagi o‘zga idora hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizolar Oliy hakamlik sudi tomonidan, mahalliy bo‘ysunuvdagi idora hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizo esa — viloyat hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
54-modda. Da’vo materiallarini tegishli hakamliklarga topshirish va bunda kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal etish
Kelib tushgan xo‘jalik nizosi tegishli bo‘lmagan hakamlik sudi da’vo materiallarini besh kunlik muddat ichida tegishli hakamlik sudiga jo‘natadi.
Muayyan nizo hakamlik sudiga tegishli emasligi aniqlangan taqdirda, hakamlik sudi da’vo arizasini qaytarish asoslarini ko‘rsatib ajrim chiqargan holda da’vo materialini arizachiga qaytaradi, ajrimda da’vo arizasining qaytarilishi asoslab beriladi.
Basharti, nizoni qarab chiqish jarayonida da’vo qiymati oshib ketishi, da’vo sababi o‘zgarishi yoki ikkinchi tomon ham qarshi da’vo arizasini taqdim etishi tufayli nizoning sudga tegishliligi o‘zgarsa, da’vo arizasi tufayli nizoning sudga tegishliligi o‘zgarsa, da’vo arizasini qabul qilgan hakamlik sudi nizoni mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqishi kerak.
Viloyatlarning hakamlik sudlari o‘rtasida kelib chiqqan nizoni qarab chiqish kimga tegishli ekanligiga doir kelishmovchilik O‘zbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi tomonidan hal etiladi.
55-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining hamda viloyatlarning hakamlik sudlari hal etadigan xo‘jalik nizolari
Qoraqalpog‘iston Respublikasining hamda viloyatlarning hakamlik sudlari o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha nizolarni va yuz so‘mdan ortiq bo‘lgan mulkiy nizolarni hal etadilar, O‘zbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudiga qarashli nizolar bundan mustasnodir.
56-modda. Xo‘jalik nizolarini xolislar sudi hukmiga havola etish
Tashkilot O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlariga tegishli nizoni xolislar sudi hukmiga havola etishi mumkin.
III BOB. HAKAMLIK JARAYoNINING QATNAShChILARI
57-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning tarkibi
Ishda qatnashuvchi shaxslar sifatida: tomonlar, zimmasiga yuklangan majburiyatlari tufayli jarayonda ishtirok etayotgan uchinchi shaxslar, prokuror, davlat idoralari va boshqa idoralar, shuningdek hujjatlarni haqiqiy emas deb topishga doir ishlar yuzasidan arizachilar e’tirof etiladi.
58-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning huquqlari va majburiyatlari
Ishda qatnashuvchi shaxslar va ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, raddiya bildirish, dalil-asoslarni taqdim etish, dalil-asoslarni tadqiq etishda qatnashish, hakamlik jarayonining qatnashchilariga savollar berish, iltimosnomalar kiritish, hakamlik sudiga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, hakamlik jarayoni davomida yuzaga keladigan barcha masalalar yuzasidan o‘z dalil-isbotlarini hamda mulohazalarini bildirish, ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalari, dalil-isbotlari hamda mulohazalariga e’tiroz bildirish, hakamlik sudi qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish hamda o‘zlariga mazkur Qonun bilan berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga egadirlar.
Ishda qatnashayotgan shaxslar o‘zlari ega bo‘lgan protsessual huquqlardan vijdonan foydalanishlari shart.
59-modda. Hakamlik jarayonidagi tomonlar
Tashkilotlar — mulk egaligi shakllaridan qat’i nazar, yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga asosan o‘z huquqlari hamda manfaatlarini xo‘jalik nizolarini hal etuvchi idoralarda himoya qilishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslar hakamlik jarayonidagi tomonlar — da’vogar yoki javobgar bo‘lishlari mumkin.
Da’vo qilayotgan yoki manfaatlarini ko‘zlab da’vo kiritilgan tashkilotlar da’vogarlar hisoblanadi. Da’vo talablari qaratilgan tashkilotlar javobgarlar hisoblanadi.
Tomonlar teng protsessual huquqlardan foydalanadilar.
60-modda. Ishda bir necha da’vogar yoki javobgarning ishtirok etishi
Ishda bir necha da’vogarlar tomonidan birgalikda taqdim etilishi yoki bir necha javobgarga qaratilishi mumkin. Da’vogarlar yoki javobgarlarning har biri ishni ko‘rish jarayonida boshqa tomonga nisbatan mustaqil ishtirok etadi. Qatnashchi-sheriklar ishni yuritishni qatnashchi-sheriklardan biriga topshirishlari mumkin.
61-modda. Boshqa da’vogarni yoki javobgarni ishda qatnashishga jalb etish
Hakamlik sudi yetarlicha asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, xo‘jalik nizosi bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar biron tomonning talabiga ko‘ra yoxud o‘z tashabbusi bilan tegishli tashkilotni boshqa da’vogar yoki javobgar sifatida ishda qatnashishga jalb etishga haqlidir.
Javobgarni ishga jalb etish to‘g‘risidagi talab ushbu javobgar bilan o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy tartibga solish chora-tadbirlari ko‘rilganligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Da’vogarni yoki javobgarni ishda qatnashish uchun jalb etish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
62-modda. Protsessual huquqiy vorislik
Nizoli yoki hakamlik sudining qaroriga binoan belgilangan huquqiy munosabatda qatnashayotgan tomonlardan biri o‘zining qayta tashkil etilishi oqibatida chiqib ketgan taqdirda hakamlik sudi ushbu tomonni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi hamda bu to‘g‘rida qarorda yoki ajrimda yozib qo‘yadi. Huquqiy vorislik hakamlik jarayonining istalgan bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
63-modda. Da’vo asosini yoki mavzusini o‘zgartirish, da’vo talablarining miqdorini o‘zgartirish, da’vodan voz kechish, da’voni e’tirof etish
Da’vogar xo‘jalik nizosi bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar da’vo asosi va mavzusini o‘zgartirishi, da’voning talablar miqdoriga doir qismida o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rish sharti bilan da’vo talablarining miqdorini oshirishga haqlidir.
Hakamlik sudi da’vo asosi yoki mavzusiga doir o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari ko‘rilgan-ko‘rilmaganligidan qat’i nazar, da’vogarning roziligini olib, o‘z tashabbusi bilan da’vo asosini yoki mavzusini o‘zgartirishga haqlidir.
Da’vogar da’vodan voz kechishga yoki da’vo talablarining miqdorini kamaytirishga haqlidir. Javobgar da’voni to‘la yoki qisman e’tirof etishga haqlidir.
Hakamlik sudi, basharti, qonunlarga zid keladigan bo‘lsa, da’vodan voz kechishni yoki da’voning e’tirof etilishini qabul qilmaydi.
64-modda. Tomonlarning vakillari
Tashkilotlarning rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlari hakamlik sudida tomonlarning vakillari hisoblanadi. Mazkur shaxslarning vakolatlari ularning xizmat mavqeini guvohlantiruvchi hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Boshqa shaxslar ham tomonlarning vakillari bo‘lishi mumkin; ushbu shaxslarning vakolatlari tashkilotlarning tegishli tarzda rasmiylashtirilgan ishonch yorlig‘i bilan tasdiqlanadi.
65-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar sud qaror qabul qilguniga qadar ishga qo‘shilishlari mumkin. Ular qatnashchi tomonning huquqlaridan foydalanadilar hamda uning barcha majburiyatlarini zimmaga oladilar.
66-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar, basharti xo‘jalik nizosi bo‘yicha qabul qilinadigan qaror tomonlardan biriga nisbatan o‘z huquqlari yoxud majburiyatlariga ta’sir etishi mumkin bo‘lsa, hakamlik sudi qaror qabul qilguniga qadar da’vogar yoki javobgar tomonida turib ishga qo‘shilishlari mumkin. Ular tomonlarning, prokurorning taklifiga ko‘ra yoki hakamlik sudining tashabbusi bilan ham ishda qatnashish uchun jalb etilishi mumkin. Mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar da’vo asosini va mavzusini o‘zgartirishga, da’vo talablari miqdorini oshirish yoki kamaytirishga, shuningdek da’vodan voz kechishga, da’voni e’tirof etishga yoxud murosaga kelishga, qarorning majburiy tarzda ijro etilishini talab qilishga bo‘lgan huquqlardan tashqari, tomonning protsessual huquqlaridan foydalanadilar hamda uning protsessual majburiyatlarini zimmaga oladilar.
Hakamlik sudi bir jarayonning o‘zida javobgarga nisbatan dastlabki da’voni va javobgarning mustaqil talablar bayon etmagan uchinchi shaxsga nisbatan regress da’vosini yoxud ana shunday uchinchi shaxsning tomonlardan biriga nisbatan da’vosini ko‘rib chiqishga hamda regress da’vosi yuzasidan qaror qabul qilishga haqlidir.
67-modda. Hakamlik jarayonida prokurorning ishtiroki
Da’vo arizasi prokuror yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan hakamlik sudlariga tashkilot manfaatlarini ko‘zlab yuborilgan yoxud hakamlik sudining qaroriga e’tiroz bildirilgan hollarda prokuror hakamlik jarayonida ishtirok etadi. Prokuror hakamlik jarayonining istalgan bosqichida ishtirok etishga haqlidir, basharti bu tashkilotlar huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish talab etilsa.
Prokurorning da’vodan bosh tortishi, da’vo talablari miqdorini kamaytirishi, da’vo asosi yoki mavzusini o‘zgartirishi da’vogarni da’vo talablarini dastlabki tarzda saqlab turish huquqidan mahrum etmaydi.
68-modda. Hakamlik jarayonida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilib chiqayotgan davlat idoralari va o‘zga idoralarning ishtiroki
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat idoralari va o‘zga idoralar yuridik shaxslarning yoxud davlatning huquqlari hamda qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlarini himoya qilish tarzida da’vo taqdim etishlari mumkin.
Mazkur idoralarning o‘zlari kiritgan da’vodan voz kechishlari da’vo berish bilan manfaatlari himoya qilinayotgan shaxsni ish mohiyatidan qarab chiqilishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Davlat idoralari va o‘zga idoralar qonunda nazarda tutilgan hollarda hakamlik sudi tomonidan jarayonda ishtirok etishga jalb qilinishi yoxud o‘z zimmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ish yuzasidan xulosa berish uchun o‘z tashabbuslariga binoan jarayonga qo‘shilishlari mumkin.
69-modda. Xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqishda jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining ishtiroki
Ish yuzasidan tomonlar hisoblangan jamoat birlashmalari va tashkilotlar mehnat jamoalarining vakillari hakamlik sudiga qarab chiqilayotgan nizo bo‘yicha o‘zlarini vakil qilib yuborgan birlashmalar hamda jamoalarning fikrini bayon etishlari uchun nizoning hakamlik sudida ko‘rib chiqilishida ishtirok qilishga kiritiladi.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakillari ish materiallari bilan tanishish, dalil-isbotlarni ko‘zdan kechirish hamda tadqiq etishda qatnashish (davlat yoki tijorat sirini qo‘riqlash manfaatlariga zid bo‘lgan hollar bundan mustasno), dalil-isbotlarni taqdim etish, nizolarni qarab chiqish davomida tug‘ilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z dalil-asoslarini keltirish, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonuniylik buzilishining sabablarini aniqlashda ishtirok etish huquqiga egadirlar, o‘zlariga berilgan protsessual huquqlardan qonunga qat’iyan muvofiq holda foydalanishlari shart.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining vakolatlari jamoat birlashmasi yoki mehnat jamoasining saylab qo‘yiladigan idorasi qabul qilgan qarordan ko‘chirma bilan guvohlantiriladi.
IV BOB. DALIL-ISBOTLAR
70-modda. Dalil-isbotlar tushunchasi va turlari
Hakamlik sudining tomonlar talablari va e’tirozlarini asoslaydigan holatlar bor-yo‘qligini qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos bo‘ladigan har qanday haqqoniy ma’lumotlar, shuningdek xo‘jalik nizosining to‘g‘ri hal etilishi uchun ahamiyat kasb etadigan boshqa holatlar ishga oid dalil-isbotlar deb hisoblansin.
Bu ma’lumotlar: yozma va ashyoviy dalillar, tomonlarga vakillik qiluvchilarning va hakamlik jarayonida qatnashayotgan boshqa shaxslarning tushuntirishlari, shuningdek ekspertlarning xulosalari kabi vositalar bilan aniqlanadi.
71-modda. Isbotlash va dalil-isbotlarni taqdim etish majburiyati
Har bir tomon o‘z talablari va e’tirozlarining asosi sifatida tayanayotgan holatlarni isbotlab berishi shart.
Dalil-isbotlar tomonlar va hakamlik jarayonining boshqa qatnashchilari tomonidan taqdim etiladi.
72-modda. Dalil-isbotlarning taalluqliligi va ularga yo‘l qo‘yilishi
Hakamlik sudi ish uchun ahamiyat kasb etadigan dalil-isbotlarnigina qabul qiladi.
Qonunga binoan isbotlashning muayyan vositalari bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan ishga oid holatlar ana shu vositalar bilan tasdiqlanmog‘i kerak.
73-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari
Hakamlik sudi hammaga ma’lum deb e’tirof etgan holatlar isbotlanishga muhtoj emas.
Bir xo‘jalik nizosini hal etish chog‘ida hakamlik sudining (xo‘jalik nizosini hal etuvchi boshqa idoraning) qarori bilan aniqlangan faktlar xuddi shu tomonlar ishtirok etayotgan boshqa nizolarni hal etishda qaytadan isbot qilinmaydi.
Sudning jinoiy ish yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan xatti-harakatlar sodir etilgan-etilmaganligi va ular kim tomonidan sodir etilganligiga oid masalalar bo‘yicha nizoni hal etayotgan hakamlik sudi uchun majburiydir.
Sudning fuqarolik ishi yuzasidan qonuniy kuchga kirgan qarori sud tomonidan aniqlangan va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan faktlarga oid masalalar bo‘yicha nizoni hal etayotgan hakamlik sudi uchun majburiydir.
74-modda. Yozma dalil-isbotlar
Xo‘jalik nizosini to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan aktlar, xatlar, boshqa hujjatlar va materiallar yozma dalil-isbotlar hisoblanadi.
Yozma dalil-isbotlarning asl nusxasi yoki ularning guvohlantirilgan nusxasi taqdim etiladi. Basharti nizoni hal qilish uchun hujjatning bir qismigina ahamiyatli bo‘lsa, uning guvohlantirilgan ko‘chirmasi taqdim etiladi.
Ishning holatlari qonunlarga binoan faqat hujjatlarning asli bilan guvohlantirilishi lozim bo‘lganda, shuningdek hakamlik sudining talabiga ko‘ra boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi.
75-modda. Ashyoviy dalil-isbotlar
Xo‘jalik nizosining to‘g‘ri hal etilishi uchun ahamiyati bo‘lgan holatlarni aniqlash vositalari bo‘lib xizmat qiladigan buyumlar ashyoviy dalil-isbotlar hisoblanadi.
76-modda. Dalil-isbotlarni talab qilib olish
Basharti, tomonlar taqdim etgan dalil-isbotlar yetarli bo‘lmasa, hakamlik sudi ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganligidan qat’i nazar, tashkilotlardan xo‘jalik nizosini hal qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, ma’lumotlarni va xulosalarni taqdim etishlarini talab qilishga hamda bilvosita ular joylashgan yerda shunday materiallar bilan tanishishga haqlidir.
Dalil-isbotlar so‘rab olinishini iltimos qilayotgan tomon, prokuror ushbu dalil-isbotlar vositasida ish uchun ahamiyatli bo‘lgan qaysi holatlar aniqlanishi mumkinligini ko‘rsatishlari shart.
Hakamlik sudi tomoni tashkilotlardan, ular ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganliklaridan qat’i nazar, dalil-isbotlar olish uchun vakil qilishi mumkin.
77-modda. Dalil-isbotlarni ular turgan joyda ko‘zdan kechirish va taqdim etish
Hakamlik sudi dalil-isbotlarni taqdim etish qiyin bo‘lgan hollarda ularni turgan joyida ko‘zdan kechirishi va taqdim etishi mumkin.
Dalil-isbotlarni ko‘zdan kechirish va taqdim etish natijalari yuzasidan bayon tuzilib, uni hakam hamda dalil-isbotlarni ko‘zdan kechirish va tadqiq etishda qatnashgan tomonlarning vakillari imzolaydilar. Bayon ishga ilova qilib qo‘yiladi.
78-modda. Yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni qaytarish
Ishda mavjud bo‘lgan hujjatlarning asl nusxalari xo‘jalik imzosi hal etib bo‘linganidan so‘ng ushbu hujjatlarning guvohtirilgan nusxalari taqdim etilgach, tashkilotlarning iltimosiga ko‘ra ularga qaytariladi.
Hakamlik sudida mavjud bo‘lgan ashyoviy dalil-isbotlar nizo hal etilganidan so‘ng, ular qaysi tashkilotlardan olingan bo‘lsa, ana shu tashkilotlarga qaytariladi yoki hakamlik sudi qaysi tashkilotlarning ushbu ashyolarga egalik qilish huquqini e’tirof etgan bo‘lsa, o‘sha tashkilotlarga topshiriladi.
79-modda. Tashkilotlar mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining tushuntirishlari
Xo‘jalik nizosining mohiyati yuzasidan tushuntirish berish uchun chaqirilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari hakamlik jarayonida ishtirok etishlari mumkin. Mazkur shaxslar hakamlik sudiga uning chaqirig‘iga binoan kelishlari, ish yuzasidan o‘zlariga ayon bo‘lgan axborot va holatlarni ma’lum qilishlari, hakamlik sudining talablariga ko‘ra yozma ravishda tushuntirishlar taqdim etishlari, hakamning va hakamlik jarayonida qatnashayotgan shaxslarning savollariga javob qaytarishlari shart.
80-modda. Ekspertiza tayinlash va uni o‘tkazish
Xo‘jalik nizosini hal etishda tug‘iladigan va maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun hakamlik sudi ekspertiza tayinlaydi.
Hakamlik jarayonining qatnashchilari hakamlik sudiga ekspert tomonidan tushuntirish berilishi lozim bo‘lgan masalalarni taqdim etishga haqlidirlar.
Ekspertning xulosasi talab qilinadigan masalalarning uzil-kesil doirasini hakamlik sudi ajrimda belgilab beradi.
Ekspertizani o‘tkazish vakolati tashkilotlarga yoki buning uchun zarur bilimi bo‘lgan mutaxassislarga bevosita topshirilishi lozim. Ekspertiza o‘tkazayotgan shaxslar ish materiallari bilan tanishish hamda hakamlik jarayonining qatnashchilaridan qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish huquqiga egadirlar. Zarur bo‘lgan hollarda ekspertiza tomonlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
81-modda. Ekspertning xulosasi
Ekspertning xulosasi o‘tkazilgan tadqiqotlarning batafsil bayonini, ularning natijalari bo‘yicha chiqarilgan xulosalarni hamda hakamlik sudi qo‘ygan masalalarga berilgan asosli javoblarni o‘z ichiga olishi kerak. Xulosa hakamlik sudiga yozma ravishda taqdim etiladi hamda uning nusxalari tomonlarga yuboriladi.
Agar ekspertizani o‘tkazish chog‘ida hakamlik sudi o‘rtaga qo‘ymagan, lekin xo‘jalik nizosini to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar aniqlansa, ekspert xulosada ushbu holatlar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etadi.
Ekspertning xulosasi yetarlicha aniq yoki to‘la-to‘kis bo‘lmagan hollarda hakamlik sudi qo‘shimcha ekspertiza tayinlashi mumkin.
Ekspertning xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda hakamlik sudi takroriy ekspertiza tayinlashi mumkin va uni o‘tkazish boshqa ekspertga topshiradi.
82-modda. Dalil-isbotlarni baholash
Hakamlik sudi barcha dalil-isbotlarni qonunga amal qilgan holda ishning barcha holatlarini har tomonlama, to‘la va xolis tadqiq etishga asoslangan o‘z ichki komil ishonchiga ko‘ra baholaydi.
Har qanday dalil-isbot ham hakamlik sudi uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas.
Bir tomon o‘zining talablari yoki e’tirozlarini asoslash uchun foydalangan daliliy ma’lumotlar va holatlarni ikkinchi tomonning e’tirof etishi hakamlik sudi uchun majburiy emas.
Ekspertning xulosasi hakamlik sudi tomonidan majlisda muhokama qilinadi va ish yuzasidan boshqa barcha dalil-isbotlar bilan birgalikda baholanadi.
Ekspertning xulosasi hakamlik sudi tomonidan rad etilib, buning sabablari qarorda ko‘rsatilishi mumkin.
V BOB. HAKAMLIK SARF-XARAJATLARI
83-modda. Hakamlik sarf-xarajatlarining tarkibi
Hakamlik sarf xarajatlari davlat bojidan va hakamlik sudi tayinlangan ekspertizani o‘tkazganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lardan iborat bo‘ladi.
84-modda. Davlat boji
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgandan boshqa hollarda da’vo arizalari va hakamlik sudi qarorining qonuniyligi hamda asosliligini tekshirish haqidagi arizalar uchun davlat boji to‘lanadi.
Pul mablag‘larini chet el valyutasida undirish to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha davlat boji chet el valyutasida to‘lanib, u valyuta schyotiga kiritiladi.
85-modda. Davlat bojini to‘lash
Davlat boji O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda respublika budjetiga to‘lanadi yoki undirib olinadi.
Da’vo talablarining hajmi oshirilgan taqdirda davlat bojining yetmayotgan mablag‘i da’voning oshirilgan bahosiga muvofiq ravishda to‘lanadi.
86-modda. Davlat bojini qaytarish
Davlat boji qonunlarda belgilangan hollarda qaytarib berilishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorida, ajrimda, qarorida davlat poshlinasini to‘la-to‘kis yoki qaytarish uchun asos bo‘ladigan holatlar ko‘rsatiladi.
87-modda. Ekspertiza o‘tkazilganligi uchun to‘lanadigan pul miqdorini belgilash
Ekspertiza haq to‘lash evaziga o‘tkazilgani taqdirda, unga oid sarf-xarajatlar tegishli tartibda belgilangan haq stavkalarini hamda sarflangan vaqtni e’tiborga olib hakamlik sudi tomonidan qarorda belgilanadi.
Ekspertlarga hakamlik sudida hozir bo‘lish uchun qilgan yo‘l xarajatlari va uy-joyni ijaraga olish xarajatlari to‘lanadi hamda xizmat komandirovkalariga yuborilayotgan xodimlar uchun qonunlarda belgilangan miqdorlarda sutkalik pullar beriladi.
88-modda. Hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimlanishi
Davlat boji:
1) shartnomalarni tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish chog‘ida yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha — takliflar qabul qilinmagan tomon zimmasiga yoxud tomonlardan har birining takliflaridan bir qismi hakamlik sudi tomonidan rad etilgan taqdirda — ikkala tomon zimmasiga;
2) shartnomalarni bajarish chog‘ida yoki boshqa asoslarga binoan yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha — qondirilgan da’vo talablarining miqdoriga mutanosib ravishda tomonlar zimmasiga yuklanadi.
Agar ish tomonning noto‘g‘ri xatti-harakatlari oqibatida (munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish to‘g‘risidagi takliflarni javobsiz qoldirish, javobgar o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish uchun talab qilgan hujjatlarni da’vogarning yubormasligi va shu kabilar) kelib chiqqan bo‘lsa, hakamlik sudi ishning yakunidan qat’i nazar, davlat boji yuzasidan sarf-xarajatlarni shu tomonning zimmasiga yuklashga haqlidir.
Da’vogar davlat boji to‘lashdan belgilangan tartibda ozod qilingan bo‘lsa, bu davlat boji qondirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan (basharti, javobgar bojni to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa) budjet foydasiga undirib olinadi.
Qaror qaysi tomonning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, hakamlik sudi shu tomonning davlat bojiga oid sarf-xarajatlarini ikkinchi tomon (garchi u boj to‘lashdan ozod qilingan bo‘lsa ham) hisobidan qoplaydi.
Ekspertiza o‘tkazilganligi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pullar: da’vo qondirilgan taqdirda — javobgar zimmasiga; da’vo rad etilgan taqdirda — qondirilgan da’vo talablari miqdoriga mutanosib ravishda har ikkala tomon zimmasiga yuklanadi.
Agar tomonlar o‘rtasidagi kelishuvda hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimoti nazarda tutilgan bo‘lsa, hakamlik sudi ushbu kelishuvga muvofiq qaror qabul qiladi.
VI BOB. PROTSESSUAL MUDDATLAR
89-modda. Protsessual muddatlarni belgilash va hisoblash
Protsessual harakatlar qonunda belgilangan muddatlarda bajariladi. Qonunda protsessual muddatlar belgilab qo‘yilmagan hollarda ular hakamlik sudi tomonidan tayinlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish muddatlari albatta ro‘y berishi lozim bo‘lgan voqea ko‘rsatilgan holda aniq kalendar kuni yoki vaqt davri bilan belgilanadi. So‘nggi holda harakat butun davr mobaynida bajarilishi mumkin.
Yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat uning boshlanishi belgilab qo‘yilgan kalendar kundan yoki voqea ro‘y berganidan keyingi kundan boshlanadi.
90-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat so‘nggi yilning tegishli oyi kunida tugaydi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat ana shu muddatning tegishli oyida hamda so‘nggi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri unda tegishli kun yo‘q bo‘lgan oyga to‘g‘ri kelib qolsa, muddat ushbu oyning so‘nggi kunida tugaydi.
Muddatning so‘nggi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
Bajarilishi uchun muddat belgilab qo‘yilgan protsessual harakatlar muddatning so‘nggi kuni soat 24 gacha bajarilishi mumkin. Basharti da’vo arizasi, da’vo arizasi haqidagi fikr, qarorning qonuniyligi va asosliligini tekshirish haqidagi ariza, qarorni qayta ko‘rib chiqishga oid ariza hamda boshqa hujjatlar pochta yoki telegrafga muddatning so‘nggi kuni soat 24 gacha topshirilgan bo‘lsa, muddat o‘tkazib yuborilgan deb hisoblanmaydi.
91-modda. Protsessual muddatlarning to‘xtatilishi
Ish yuritish to‘xtatilishi bilanoq barcha tugamagan protsessual muddatlar to‘xtatiladi. Ish yuzasidan ijro qaytadan boshlangan kundan boshlab protsessual muddatlar davom etadi.
92-modda. Protsessual muddatlarni qayta tiklash va uzaytirish
Hakamlik sudi tomonning, prokurorning arizasiga binoan yoki o‘z tashabbusi bilan qonunda belgilangan protsessual muddat o‘tkazib yuborilishi sababini uzrli deb topib, o‘tkazib yuborilgan muddatni qayta tiklaydi.
O‘tkazib yuborilgan muddat qayta tiklanganligi to‘g‘risida hakamlik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida yoki qarorida yozib qo‘yiladi. Muddatni qayta tiklash rad etilganligi xususida ajrim chiqariladi.
Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish haqida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Hakamlik sudi tayinlangan muddatlar tomonning, prokurorning arizasiga binoan yoki hakamlik sudining tashabbusiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin.
VII BOB. TOMONLARNING O‘Z XO‘JALIK NIZOLARINI MUROSAGA KELTIRISh TARTIBI VA MUDDATLARI
93-modda. Da’volarni taqdim etish tartibi
Mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan tashkilot bu huquqlari va manfaatlarini buzgan tashkilotlarga da’vo qilishga haqlidir.
Da’vo yozma ravishda taqdim etiladi.
Da’voda quyidagilar ko‘rsatiladi:
da’vo qilayotgan va da’vo qaratilgan tashkilotlarning nomlari; da’vo berilgan kun va uning tartib raqami;
da’voni berish uchun asos bo‘lgan holatlar; da’voda ko‘rsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar;
arizachining talabi;
da’voning summasi va uning hisob-kitobi, da’vo arizasi berayotganning to‘lov va pochta ma’lumotlari;
da’voga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Da’vo tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Da’vo buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida jo‘natiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Yuklarni tashish va aloqa xizmati ko‘rsatish yuzasidan transport va aloqa tashkilotlarga qaratilgan da’volarni taqdim etish tartibi va muddatlari tegishli qonunlarda belgilanadi.
94-modda. Da’volarni qarab chiqish tartibi va muddatlari
Da’vo taqdim etilgan tashkilot da’voni olgan kundan boshlab bir oy muddat ichida unga javob qaytarishi shart.
Da’voga berilgan javob tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Da’voga berilgan javob buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida jo‘natiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Da’voni bir oy muddat ichida qarab chiqish tartibi buzilgan yoki da’vo javobsiz qoldirilgan hollarda hakamlik sudi xo‘jalik nizolarini qarab chiqayotganda bunday tartibbuzarlikka yo‘l qo‘ygan tashkilotdan da’vo summasining 2 foizini, lekin kamida 100 so‘m yoki ko‘pi bilan 1000 so‘m pulni respublika budjeti foydasiga undirishga haqlidir.
Da’voni butunlay yoki qisman tan olgan taqdirda tashkilot ana shu tan olingan summani ixtiyoriy ravishda arizachiga o‘tkazadi.
Da’voni tan olish to‘g‘risidagi javob tan olingan summani o‘tkazish to‘g‘risida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, da’vo arizasini beruvchi javob olgandan keyin 20 kunlik muddat o‘tgach, qarzdor tan olgan summani so‘zsiz chegirib olish xususidagi farmoyishni bankka taqdim etishga haqlidir. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.
Da’voni qondirishdan butunlay yoki qisman bosh tortilgan hollarda yoki javob o‘z muddatida olinmagan taqdirda arizachi hakamlik sudiga da’vo bilan murojaat qilishga haqlidir.
95-modda. Xo‘jalik shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish paytida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal etish
Xo‘jalik shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish paytida tashkilotlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar shartnoma loyihasi, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida taklif olingan kundan boshlab 10 kunlik muddat ichida tashkilot rahbari yoki tashkilot rahbarining o‘rinbosarlari tomonidan qarab chiqiladi.
Shartnoma shartlari qabul qilinsa, uning loyihasi imzolanadi va shartnomaning ikkinchi nusxasi shartnoma loyihasini yo‘llagan tomonga qaytariladi. Shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi takliflar qabul qilinganligi haqida ikkinchi tomonga xat jo‘natiladi.
Shartnoma shartlari bo‘yicha e’tirozlar bo‘lgan taqdirda shartnoma loyihasini olgan tashkilot e’tirozlar bayonini tuzadi, bu haqda shartnomada qayd etib qo‘yadi va 10 kunlik muddat ichida ikki nusxada tayyorlangan e’tirozlar bayonini imzolangan shartnoma bilan ikkinchi tomonga jo‘natadi.
E’tirozlar bayonini olgan tashkilot 20 kunlik muddat ichida shartnoma tuzilayotgan tomon bilan uni qarab chiqishi va shu muddatda murosaga kelinmagan masalalarni hakamlik sudining muhokamasiga yo‘llashi shart.
Bahsli masalalar shu muddatlarda hakamlik sudi muhokamasiga kiritilmagan hollarda shartnoma kelishmovchiliklar bayoni tahrirda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi taklifga javob olinmaganda yoki rad javobi olinganda manfaatdor tomon 20 kunlik muddat ichida hakamlik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
VIII BOB. DA’VONING TAQDIM ETILIShI VA ISh YuRITIShNING BOShLANIShI
96-modda. O‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rish
Nizo tomonlar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rganlaridan so‘nggini hakamlik sudining hukmiga havola etilishi mumkin.
Prokurorning arizasiga binoan ishlarni qo‘zg‘atish tomonlar uqtirilgan chora-tadbirlarni ko‘rgan-ko‘rmaganligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Tomonlar o‘zaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rgan-ko‘rmaganligidan qat’i nazar, uchinchi shaxslar ishga qo‘shiladi yoki ishda qatnashishga jalb qilinadi.
97-modda. Da’vo arizasining shakli va mazmuni
Da’vo arizasi hakamlik sudiga yozma ravishda beriladi hamda tashkilotning rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Da’vo arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
1) tomonlarning nomi va bo‘ysunuvi; ularning manzilgohi;
2) basharti, da’vo baholanishi lozim bo‘lsa, da’voning bahosi;
3) da’vo talabi asoslangan holatlar, arizada bayon etilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar, undirilayotgan yoki bahsga sababchi bo‘lgan mablag‘ning asosli hisob-kitoblari, da’vo taqdim etish uchun asos bo‘lgan qonunlar;
4) javobgarlardan har biri o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
5) da’vo talabi; basharti da’vo bir necha javobgarga qaratilgan bo‘lsa — ularning har biriga nisbatan qo‘yilgan talab;
6) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning ro‘yxati.
Agar ular nizoni to‘g‘ri hal etish uchun kerakli bo‘lsa, da’vo arizasida boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
98-modda. Da’voning bahosi
Da’voning bahosi:
pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha — undirilayotgan mablag‘dan yoki ijro etishga oid hujjatga yoxud undirish hech so‘zsiz (akseptsiz) tartibda o‘tkazilishiga olib keladigan boshqa hujjatga ko‘ra bahslashishga sabab bo‘lgan mablag‘ga qarab;
egalik huquqiga oid va mulkni talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha – mol-mulkning bahosiga qarab belgilanadi.
Da’voning bahosiga da’vo arizasida uqtirilgan neustoyka (jarima, penya) mablag‘lari ham kiradi, agar ular uqtirilmagan bo‘lsa, bu mablag‘larni hakam belgilaydi.
Bir necha mustaqil talablardan iborat bo‘lgan da’voning bahosi barcha talablarning jami qiymati bilan belgilanadi.
Da’vo bahosi noto‘g‘ri uqtirilgan taqdirda u hakam tomonidan belgilanadi.
99-modda. Da’vo arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Da’vo arizasiga:
1) javobgarlardan har biri o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rganligini;
2) javobgarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligini;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini;
4) da’vo talabini qo‘yish uchun asos bo‘lgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Muayyan hujjatni haqiqiy emas deb topishga oid arizaga bahslashuvga sabab bo‘layotgan hujjatning nusxasi yoki undan olingan guvohlantirilgan ko‘chirma ilova qilinadi.
Shartnoma tuzishga majbur qilganlik to‘g‘risidagi arizaga shartnomaning loyihasi ilova qilinadi.
100-modda. Da’vo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalarini yuborish
Arizachilar da’vo taqdim etish chog‘ida tomonlarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalarini, basharti, bu nusxalar tomonlarda yo‘q bo‘lsa, yuborishlari shart.
101-modda. Bir necha da’vo arizalarini birlashtirish yoki ajratish
Basharti, kelib chiqish asoslariga ko‘ra taqdim etilgan dalil-isbotlarga binoan bir necha talab o‘zaro bog‘liq bo‘lsa, bu talablar da’vo arizasida birlashtirilishi mumkin.
Hakam ayni bir xil tomonlar qatnashayotgan bir turdagi bir necha da’vo arizalarini yoki ishlarni bitta ishga birlashtirishga haqlidir. Bu haqda ish qo‘zg‘atishga doir ajrimga yoki qarorga yozib qo‘yiladi.
Da’vo arizasini qabul qilayotgan hakam birlashtirilgan talablardan birini yoki bir nechtasini, agar talablarni alohida ko‘rib chiqish ko‘proq maqsadga muvofiq deb topilsa, alohida ish yuritish uchun ajratib olishga haqlidir.
102-modda. Da’vo arizasi haqidagi fikr
Javobgar ish qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi ajrimni olgan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay quyidagilarni jo‘natadi:
hakamlik sudiga — da’vo arizasiga javobni va da’voga qarshi e’tirozlarni tasdiqlovchi barcha hujjatlarni;
da’vogarga, boshqa javobgarlarga, shuningdek hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorga — javob nusxasini.
Javobni tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzolaydi.
Bunday javobda da’vogarning nomi va ishning tartib nomeri; qonunlarga, shuningdek da’vo arizasi rad etilishiga asos bo‘lgan dalil-isbotlarga tayangan holda da’vogarning talabini to‘la yoxud qisman rad etish sabablari; javobgar ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning (shu jumladan da’vogarga, boshqa javobgarlarga, prokurorga javobning nusxalari yuborilganligi to‘g‘risida) ro‘yxati ko‘rsatiladi.
103-modda. Qarshi da’vo taqdim etish
Javobgar xo‘jalik nizosi yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar dastlabki da’vo bilan birgalikda hal etmoq uchun da’vogarga qarshi da’vo taqdim etishga haqlidir. Qarshi da’vo dastlabki da’voga bog‘liq bo‘lishi kerak.
Qarshi da’voni berish da’volarni berishning umumiy qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
104-modda. Da’vo arizasini qabul qilishni rad etish
Hakam quyidagi hollarda, ya’ni:
1) agar ariza hakamlik sudida hal etishga oid bo‘lmasa;
2) agar tomonlar ushbu nizoni xolislar sudi hal etsin degan bitimga kelgan bo‘lsalar;
3) agar xo‘jalik nizolarini hal etadigan idora ijrosida xuddi shu tomonlar o‘rtasidagi, xuddi shu mavzudagi va xuddi shu asoslar yuzasidan nizo bo‘yicha ish mavjud bo‘lsa yoxud ushbu idoralarning qarori mavjud bo‘lsa, da’vo arizasini qabul qilishni rad etadi.
Da’vo arizasini qabul qilishni rad etganlik to‘g‘risida ajrim chiqarilib, u ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay tomonlarga hamda prokurorga yuboriladi.
Arizachiga yuborilayotgan ajrimga da’vo materiallari ilova qilinadi.
Muayyan tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirishga oid ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Ajrim bekor qilingan taqdirda da’vo arizasi hakamlik sudiga dastlabki tarzda murojaat qilingan kuni berilgan deb hisoblanadi.
105-modda. Da’vo arizasini qaytarish
Hakam quyidagi hollarda:
1) agar da’vo arizasi uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs yoki mansab mavqei ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
2) agar da’vo arizasida tomonlarning nomi, ularning pochta manzilgohi ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan bo‘lsa, shartnomalar tuzish chog‘ida yuzaga keladigan xo‘jalik nizolari bundan mustasno;
4) agar bir da’vo arizasida bir yoki bir necha javobgarga nisbatan bir qancha talablar birlashtirib qo‘yilgan bo‘lib, bu talablar kelib chiqish asoslariga yoki taqdim etilgan dalil-isbotlarga ko‘ra o‘zaro bog‘liq bo‘lmasa;
5) agar javobgarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan bo‘lsa;
6) agar boshqa tomon bilan o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari ko‘rilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan bo‘lsa;
7) qonunga ko‘ra qarz bank orqali olinishi lozim bo‘lganda, javobgardan qarzni olish uchun bank muassasasiga murojaat qilinganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan bo‘lsa;
8) agar ish yuritish to‘g‘risida ajrim chiqarilguniga qadar da’vogardan nizo hal etilganligi haqida ariza kelib tushsa, da’vo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqmasdan turib qaytaradi.
Hakam da’vo arizasini ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay qaytaradi.
Da’vo arizasining qaytarilishi yo‘l qo‘yilgan kamchilik bartaraf etilganidan so‘ng umumiy tartibda hakamlik sudiga ikkinchi marta da’vo arizasi bilan murojaat qilinishiga to‘siq bo‘lmaydi.
106-modda. Ish yuritishni boshlash
Hakam da’vo arizasini qabul qilib, ish yuritishni boshlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi hamda uni tomonlarga, hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorga yuboradi. Ushbu ajrimda da’vo arizasi qabul qilinganligi, ish hakamlik sudining majlisida hal etishga tayinlanganligi, majlis o‘tkaziladigan vaqt va joy, ishni majlisda hal etishga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan harakatlar qayd etib qo‘yiladi.
Boshqa tashkilotlardan hujjatlar, ma’lumotlar va xulosa so‘rab olingan yoki ularning mansabdor shaxslari hakamlik sudiga chaqirilgan hollarda ajrim ularga ham yuboriladi.
Ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi ajrim ushbu Qonun 125-moddasining talablariga rioya etilgan holda chiqariladi. Ajrimda ish yuritishni boshlashga asos bo‘lgan ma’lumotlar hamda qoidabuzarlikning mohiyati ham ko‘rsatiladi.
107-modda. Ishni majlisda qarab chiqish uchun materiallarni tayyorlash bo‘yicha hakamning harakatlari
Xo‘jalik nizosining to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlash maqsadida hakam zarur hollarda ishni majlisda ko‘rib chiqish uchun materiallarni tayyorlash bo‘yicha quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) da’vogar ko‘rsatmagan tashkilotlarni qatnashchi-tomonlar sifatida ishda qatnashishga jalb etish masalasini hal qiladi;
2) o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish to‘g‘risida taklif yuborilmagan tashkilotlarni javobgarlar jumlasidan chiqaradi;
3) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish vazifasini (hisob-kitoblarni solishtirib chiqishni, dalil-isbotlarni joyida ko‘zdan kechirish va shu kabilarni) yuklaydi;
4) tomonlardan, boshqa tashkilotlardan nizoni hal etish uchun zarur hujjatlarni, ma’lumotlarni hamda xulosalarni so‘rab oladi;
5) ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi masalani hal etadi;
6) yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni joyida ko‘zdan kechiradi hamda tadqiq qiladi;
7) tomonlar vakillarning hakamlik sudi majlisida hozir bo‘lishini majburiy deb yoki majburiy emas deb topish haqidagi masalani hal etadi;
8) mansabdor shaxslarni ishning mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish uchun chaqirish haqidagi masalani hal etadi;
9) hakamlik sudining majlisini tashkilot joylashgan yerda o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani hal qiladi;
10) nizoning to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlashga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
IX BOB. DA’VONI TA’MINLASh
108-modda. Da’voni ta’minlashning maqsadi
Hakamlik sudi qatnashchi-tomonning, hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorning arizasiga binoan yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra da’voni ta’minlash chora-tadbirlarni ko‘rishga haqlidir. Basharti, bunday chora-tadbirlarni ko‘rmaslik qarorning ijro etilishini qiyinlashtirishi yoxud ijro etilishini yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lsa, da’voning ta’minlanishiga yo‘l qo‘yiladi.
109-modda. Da’voni ta’minlash choralari
Quyidagilar da’voni ta’minlash choralari bo‘lishi mumkin:
1) javobgarga tegishli mol-mulk yoki pul mablag‘larini xatlab qo‘yish;
2) javobgarning muayyan xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
3) boshqa shaxslarning nizo mavzuiga oid xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
4) da’vogar norozilik bildirayotgan ijro hujjatiga yoki unga ko‘ra jazolash hech so‘zsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan boshqa hujjatga binoan undirib olishni to‘xtatib qo‘yish.
Da’vo ta’minlanganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
110-modda. Da’voni ta’minlashning bekor qilinishi
Da’voni ta’minlashni bekor qilish to‘g‘risidagi masala ishni qarab chiqayotgan hakamlik sudi tomonidan hal etiladi, bu xususda hal qiluv qaroriga yoki ajrimga yozib qo‘yiladi.
X BOB. XO‘JALIK NIZOLARINI HAL ETISh
111-modda. Xo‘jalik nizolarini hal etish muddatlari
Nizolarning qarab chiqilishi, hal qiluv qarorlarining qabul qilinishi va tarqatilishi mumkin qadar qisqa muddatlarda, biroq da’vo arizasi olingan kundan boshlab ko‘pi bilan ikki oy ichida amalga oshirilishi shart.
Bunda hal qiluv qarori u qabul qilingan kundan boshlab ko‘pi bilan 5 kun ichida jo‘natiladi.
Ikkala tomonning iltimosnomasiga binoan qaror o‘zgacha, ancha uzoqroq muddatda qabul qilinishi mumkin.
112-modda. Majlisni olib borish tartibi
Xo‘jalik nizolari hakamlik sudi tomonidan majlisda tomonlar vakillarining ishtirokida bir yoki uch hakamdan iborat tarkibda ko‘rib chiqiladi.
Majlisni olib borish tartibini majlisda raislik qilayotgan hakam belgilaydi. Hakam sudning tarkibini e’lon qiladi, hakamlik jarayonining qatnashchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi hamda ularga tegishli huquqlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.
Majlisda da’vogar va javobgar vakillarining, ekspertning hamda majlisda qatnashayotgan boshqa shaxslarning so‘zi tinglanadi.
Hakam nizoni hal etish uchun har qanday zarur dalil-isbotlarni taqdim etishda har bir tomonga teng va to‘la imkoniyat berishi lozim.
Hakam tomonlar murosaga kelishiga ko‘maklashadi.
113-modda. Hakamning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar xo‘jalik nizosini hal etish boshlangunga, basharti hakam shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa, uning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lib qolgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Rad etish dalil-asosli bo‘lishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Rad etish masalasini hakamlik sudining raisi va uning o‘rinbosari yoxud tegishli hakamlik hay’atining raisi hal qiladi.
Hakamni rad etish to‘g‘risidagi ariza qondirilgan taqdirda nizo hakamlik sudining raisi yoki uning o‘rinbosari yoxud tegishli hakamlik hay’atining raisi belgilaydigan boshqa hakam tomonidan hal etiladi yoki u qarorning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.
114-modda. Ekspertning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar xo‘jalik hal etish boshlanguncha, basharti ekspert shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lsa, shuningdek uning salohiyatsizligi sababiga asoslanib ekspertning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lib qolgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Rad etish dalil-asosli bo‘lishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Ekspertni rad etish to‘g‘risidagi masalani majlisda raislik qilayotgan hakam hal qiladi.
115-modda. Da’vo arizasiga bildirilgan fikr yoki hakam talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda, shuningdek tomonlar vakillarining ishtirokisiz xo‘jalik nizosini hal etish
Da’vo arizasiga bildirilgan fikr yoki hakam talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda ish ushbu masalaga oid mavjud bo‘lgan materiallar bo‘yicha hal etilishi mumkin.
Hakamlik sudining majlisiga tomonlarning vakillari kelmagan taqdirda, basharti hakamning fikricha bunday hozir bo‘lmaslik nizoning hal etilishiga to‘siq bo‘lmasa hamda tomonning nizo o‘z vakilining ishtirokisiz hal etilishiga qarshi yozma e’tiroznomasi yo‘q bo‘lsa, nizo ular yo‘qligida hal qilinishi mumkin.
116-modda. Xo‘jalik nizosini bevosita tashkilotda hal etish
Hakamlik sudi nizoni bevosita tashkilotda hal etishga haqlidir.
Tashkilotlarning rahbarlari bunday holda hakamlik sudining majlisini o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlab berishlari shart.
117-modda. Ishni eshitishni keyinga qoldirish, majlisdagi tanaffus
Hakamlik sudi ish mazkur majlisda hal etilishi mumkin bo‘lmagan hollarda ishni eshitishni keyinga qoldirishga haqlidir.
Hakamlik jarayonining qatnashchilari navbatdagi majlis o‘tkaziladigan vaqt va joy to‘g‘risida hakam tomonidan ajrim yoki boshqa yozma hujjat bilan xabardor qilinadilar.
O‘ta murakkab xo‘jalik nizolari hal etilayotganda hakam keyinchalik hal qiluv qarorida buni ko‘rsatib o‘tish sharti bilan uch kundan oshmaydigan muddatga majlisda tanaffus e’lon qilishga haqlidir.
118-modda. Ish yuritishni to‘xtatib turish va uni qayta tiklash
Xo‘jalik nizosini hal etuvchi idora muayyan ish bilan bog‘liq boshqa ishni yoki vakolatli idoralar tegishli masalani hal etguniga qadar bu muayyan ishni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmagan hollarda hakamlik uni yuritishni to‘xtatib turadi.
Hakamlik sudi ekspertiza tayinlagan, materiallarni tergov idoralariga yuborgan, tashkilot qayta tuzilganligi oqibatida biron tomon uning huquqiy vorisi bilan almashtirilgan taqdirda hakamlik sudi tomonning iltimosiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan ish yuritishni to‘xtatib turishga haqlidir.
Hakamlik sudi ishning to‘xtatib turilishiga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng ish yuritishni qaytadan davom ettiradi.
Ish yuritishni to‘xtatib turish va uni qaytadan davom ettirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Qatnashchi tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
119-modda. Ish yuritishni to‘xtatish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda ish yuritishni to‘xtatadi:
1) agar xo‘jalik nizosi hakamlik sudida hal etilishiga tegishli bo‘lmasa;
2) agar tomonlar ushbu nizoni hal etish uchun xolislar sudiga berish to‘g‘risida bitim tuzgan bo‘lsalar;
3) agar ayni bir tomonlar o‘rtasida, ayni bir mavzuda va ayni bir asoslarga ko‘ra kelib chiqqan nizo bo‘yicha xo‘jalik nizosini hal etuvchi idoraning qarori mavjud bo‘lsa;
4) agar arizachi javobgar bilan o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish choralarini ko‘rmagan hamda bunday tartibga solish imkoniyati yo‘qqa chiqqan bo‘lsa;
5) agar ishdagi qatnashchi-tomon hisoblangan tashkilot tugatilgan bo‘lsa.
Ish yuritish to‘xtatilgan taqdirda ayni bir tomonlar o‘rtasida ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga ko‘ra kelib chiqqan nizo yuzasidan hakamlik sudiga ikkinchi bor murojaat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ish yuritish to‘xtatilganligi haqida ajrim chiqarilib, unda hakamlik sarf-xarajatlarini tomonlar o‘rtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Tomonlar ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
120-modda. Da’voni qarab chiqmay qoldirish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda da’voni qarab chiqmay qoldiradi:
1) agar da’vo arizasi imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan, yoxud mansab lavozimi qayd etilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
2) agar xo‘jalik nizosini hal etuvchi idoraning ijrosida ayni bir tomonlar o‘rtasida, ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga ko‘ra kelib chiqqan nizo yuzasidan ish mavjud bo‘lsa;
3) agar arizachi qonunlarga binoan javobgardan qarzni bank orqali olishi kerak bo‘lib, bu xususda bank muassasasiga murojaat qilmagan bo‘lsa;
4) agar da’vogar hakamlik sudi tomonidan talab qilingan, nizoni hal etish uchun kerakli bo‘lgan materiallarni uzrli sabablarsiz taqdim etmagan bo‘lsa;
5) agar arizachi javobgar bilan o‘zaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini ko‘rmagan va bunday tartibga solish imkoniyati yo‘qqa chiqqan bo‘lsa.
Da’vo qarab chiqilmay qoldirilganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilib, unda hakamlik sarf-xarajatlarini tomonlar o‘rtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Qatnashchi-tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Da’voni qarab chiqmay qoldirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng da’vogar hakamlik sudiga umumiy tartibda qaytadan da’vo bilan murojaat qilishga haqlidir.
121-modda. Hal qiluv qarorining qabul qilinishi
Xo‘jalik nizosini mohiyatan hal qilishda (da’voni qondirish, da’voni to‘la va qisman rad etish) hakamlik sudi hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori majlisda ishning barcha holatlarini tomonlarning vakillari ishtirokida muhokama qilish natijalariga qarab qabul qilinadi.
Hal qiluv qarori tomonlar o‘rtasida erishilgan bitimni hisobga olib, basharti u qonunlarga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga zid bo‘lmasa, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga zid bo‘lmasa, qabul qilinadi.
Nizo bir necha hakam tomonidan hal etilayotgan taqdirda hal qiluv qarori hakamlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Favqulodda hollarda alohida muhim ishlar yuzasidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi uch kundan oshmaydigan muddatga kechiktirilishi mumkin.
Hal qiluv qarori yozma shaklda bayon qilinadi hamda majlisda raislik qilayotgan hakam tomonidan, basharti nizoni bir necha hakam hal etayotgan bo‘lsa, majlisda qatnashayotgan barcha hakamlar tomonidan imzolanadi. Hal qiluv qaroriga rozi bo‘lmagan hakam o‘z fikrini yozma bayon qiladi. Bu bayon ishga ilova etiladi.
122-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudining huquqlari
Hakamlik sudi qonunlarga zid bo‘lgan shartnomani butunlay yoki uning muayyan qismini haqiqiy emas deb topadi, shuningdek agar tomonlarning talablari davlat idorasining yoxud boshqa idoraning qonunlarga muvofiq kelmaydigan hujjatiga asoslangan bo‘lsa, ushbu talablarning qondirilishini rad etadi.
Xo‘jalik nizosi yuzasidan qaror qabul qilishda hakamlik sudi:
1) basharti tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa, da’vo talablaridan chetga chiqishga;
2) basharti da’vogar jazo choralari to‘g‘risida talablar qo‘ymagan bo‘lsa yoki qonunlarni javobgarning mas’uliyatini pasaytirmaydigan tarzda buzgan bo‘lsa, undirilayotgan neustoykani (jarima, penya) respublikaning budjet daromadiga to‘la yoxud qisman o‘tkazishga;
3) majburiyatni buzgan tomondan undirilishi lozim bo‘lgan neustokaning (jarimaning, penyaning) miqdorini favqulodda hollarda kamaytirishga;
4) qarorning ijro etilishini kechiktirishga yoki uzaytirishga haqlidir.
Bundan tashqari hakamlik sudi talab qilgan materiallarni belgilangan muddatda jo‘natmaganlik uchun, da’vo yuzasidan fikr bildirmaganlik uchun, hakamlik sudi qatnashchi-tomonning zimmasiga yuklangan harakatlarni sodir etishdan bosh tortganlik uchun, shuningdek mansabdor shaxs kelishi shart bo‘lgani holda hakamlik sudiga kelmaganligi uchun aybdor tomondan respublika budjeti foydasiga 500 so‘m miqdorida jarima undirishga haqlidir.
123-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Hakamlik sudining hal qiluv qarori kirish, ta’riflash, dalillash va xulosa chiqarish qismlaridan iborat bo‘ladi, bunda:
1) kirish qismida hakamlik sudining nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan kun, tomonlarning nomi, da’voning bahosi, hakamning (hakamlarning) familiyasi, tomonlar vakillarining hamda ishni qarab chiqishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyasi va mansablari ko‘rsatiladi. Xo‘jalik nizosi tashkilotda hal etilgan taqdirda bu haqda ham hal qiluv qarorining kirish qismida aytib o‘tiladi;
2) ta’riflash qismi da’vogar talabining, da’vo arizasiga bildirilgan fikrning, tomonlar va ularning vakillari, nizoni hal etishda qatnashayotgan boshqa shaxslar bergan arizalar, tushuntirishlar hamda iltimosnomalarning qisqacha bayoni, hakamlik sudi amalga oshirgan harakatlarning (bevosita ular hamda materiallar bilan tanishish) tavsifini o‘z ichiga olishi lozim;
3) dalillash qismida: ishning hakamlik sudi aniqlagan holatlari; nizoning kelib chiqish sabablari; hal qiluv qarori qabul qilinishiga asos bo‘lgan dalil-isbotlar; basharti tomonlar ahdlashuvga erishgan bo‘lsalar, ushbu yozma ahdlashuvning mazmuni; hakamlik sudi tomonlarning iltimosnomalari va dalil-isbotlarini, shartnoma shartlari yuzasidan ularning takliflarini yoki tomonlarning bitimini rad etishiga olib kelgan dalillar; hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudi amal qilgan qonunlar ko‘rsatiladi;
4) xulosa chiqarish qismi qo‘yilgan har bir talab bo‘yicha da’voni qondirish to‘g‘risidagi yoki da’voni to‘la-to‘kis yoxud qisman rad qilish haqidagi xulosani o‘z ichiga olmog‘i kerak. Hakamlik sudining xulosasi biron-bir holatlarning ro‘y berishiga yoki ro‘y bermasligiga bog‘liq (shartli qaror) bo‘lmasligi lozim.
Da’vo qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar ko‘rsatiladi:
nizo kimning foydasiga hal etilgan bo‘lsa, shu tomonning nomi hamda pul mablag‘lari undirib olingan yoki muayyan harakatlarni ham bajarishi lozim bo‘lgan tomonning nomi, ushbu harakatlarni bajarish muddatlari, shuningdek hal qiluv qarorining ijrosi kechiktirilgan yoki uzaytirilgan taqdirda pul mablag‘larini to‘lash muddatlari;
undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘larning (moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun asosiy qarzlarning, zararlarning, neustoykaning, jarimaning, penyaning, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimaning) miqdori;
pul mablag‘lari undirib olinadigan schyotning nomi;
topshirilishi lozim bo‘lgan mol-mulkning nomi va uning turgan joyi (mol-mulkni topshirish to‘g‘risidagi nizo bo‘yicha);
ijro hujjatining yoki undirishni hech so‘zsiz tartibda (akseptsiz amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatning (bu hujjat ijro etilmasligi lozim deb topilgan taqdirda) nomi, tartib raqami va sanasi, shuningdek hisobdan chiqarilmasligi lozim bo‘lgan mablag‘.
Shartnomani tuzishda yoki o‘zgartirishda yuzaga kelgan nizo bo‘yicha xulosa qismida shartnomaning har bir nizoli sharti yuzasidan qaror, shartnoma tuzishga majburlashga oid nizo bo‘yicha esa — tomonlar shartnoma tuzishlari uchun asos bo‘lgan shartlar ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida shartnoma qonunlarga zid bo‘lgan taqdirda, shartnoma to‘la-to‘kis yoki uning muayyan qismi haqiqiy emas deb topilganligi haqida uqtirib o‘tiladi.
Hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza qondirilgan taqdirda xulosa qismida hujjatning hamda uni chiqargan idoraning nomi, hujjatning tartib raqami, u chiqarilgan sana ko‘rsatiladi, hujjat to‘la-to‘kis yoki qisman (aynan qaysi qismi) haqiqiy emas deb topiladi, hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizachining talabi qondirilmaganda esa uni qondirish rad etilganligi uqtirib o‘tiladi.
Agar tomonlar o‘rtasida qarab chiqilayotgan nizo bo‘yicha qonunlarga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga muvofiq keladigan ahdlashuvga erishilgan bo‘lsa, hakam hal qiluv qarorining xulosa qismida erishilgan ahdlashuvning shartlarini bayon etadi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida hakamlik sarf-harajatlarining tomonlar o‘rtasida taqsimlanishi, budjetdan davlat bojining qaytarilishi haqida ko‘rsatma beriladi.
Ishda bir necha da’vogar va javobgar qatnashgani taqdirda hal qiluv qarori nizo ularning har biriga nisbatan qanday hal etilganligi ko‘rsatiladi.
Dastlabki va qarshi da’vo ko‘rib chiqilgani taqdirda hal qiluv qarorida da’volardan har birining ko‘rib chiqilishi natijalari ko‘rsatib o‘tiladi.
124-modda. Hal qiluv qarorining e’lon qilinishi
Qabul qilingan hal qiluv qarori hakam tomonidan ish ko‘rib chiqish tugallanganidan keyin majlisda e’lon qilinadi. Hakam faqat qarorning xulosa qismini e’lon qilishga haqlidir.Tomonlarga qarorning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza berish tartibi tushuntiriladi.
125-modda. Ajrim chiqarish va uning mazmuni
Agar xo‘jalik nizosi mohiyatan hal etilayotgan bo‘lsa (ish ko‘rish kechiktirilganda, ish yuritish to‘xtatib turilganda, tugatilganda, da’vo ko‘rib chiqilmay qoldirilganda va shu kabilarda), hakamlik sudi ajrim chiqaradi.
Hakamlik sudining ajrimi quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
1) hakamlik sudining nomini, ishning tartib raqamini va ajrim chiqarilgan sanani, tomonlarning nomini, da’voning bahosini, da’vogarning talabini, hakamning (hakamlarning) familiyasini, tomonlar vakillarining hamda ishni hal qilishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyasini va mansablarini;
2) nizo mohiyatining qisqacha bayonini yoki ajrim chiqarilishiga sabab bo‘lgan masalaning mazmunini;
3) qonunlarga tayangan holda ajrim chiqarilishining sabablarini;
4) qarab chiqilgan masala yuzasidan xulosani;
5) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hakamlik sudi belgilagan muddatlarda sodir etishi lozim bo‘lgan harakatlarga oid ko‘rsatmani.
126-modda. Xususiy ajrim
Xo‘jalik nizosini hal etish chog‘ida tashkilotning, davlat idorasi va boshqa idoraning faoliyatida qonunlar buzilayotganligi aniqlangan taqdirda hakamlik sudi xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Xususiy ajrim tegishli tashkilotlarga, davlat idoralari va boshqa idoralarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi.
127-modda. Hal qiluv qarorlari va ajrimlarning yuborilishi
Hal qiluv qarorlari va ajrimlar tomonlarga jo‘natiladi yoki ularning vakillariga topshiriladi.
128-modda. Qo‘shimcha qaror
Hakamlik sudi tomonning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan quyidagi hollarda qo‘shimcha qaror qabul qilishga haqlidir:
1) basharti, da’vo arizasida bayon etilgan biron-bir talab bo‘yicha qaror qabul qilinmagan bo‘lsa;
2) basharti, hakamlik sarf-xarajatlari to‘g‘risidagi masala hal etilmagan bo‘lsa.
129-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirib berish va tuzatish
Hakam qatnashchi-tomonning arizasiga binoan, hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirmagan holda uni tushuntirib berishga, qarorda yo‘l qo‘yilgan xatolarni yoki arifmetik yanglishishlarni tomonning arizasiga yoxud o‘z tashabbusiga ko‘ra to‘g‘rilashga haqlidir, bunda u qarorning mohiyatiga daxl qilmaydi.
Hal qiluv qarori tushuntirib berilganligi, shuningdek xatolar yoki arifmetik yanglishishlar to‘g‘rilanganligi haqida ajrim chiqariladi.
XI BOB. HAL QILUV QARORLARINING QAY DARAJADA QONUNIY VA ASOSLILIGINI TEKShIRISh
130-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza bilan hakamlik sudiga murojaat qilish hamda raddiya kiritish huquqi
Qatnashchi-tomon hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza bilan hakamlik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasining prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning prokurorlari va ularning o‘rinbosarlari tegishli tarzda O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hakamlik sudining va viloyatlar hakamlik sudlarining hal qiluv qaroriga nisbatan raddiya kiritishga haqlidirlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning hakamlik sudlari qabul qilgan hal qiluv qarorlari 500 so‘mgacha bo‘lgan summaga oid bo‘lsa, bu qarorlarning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudiga ariza berib bo‘lmaydi.
131-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligini o‘z tashabbusiga ko‘ra tekshirish huquqi
O‘zbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat hakamlik sudi o‘z tashabbusi bilan vakolati doirasida istalgan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqishga haqlidir.
132-modda. O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish borasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi hakamlik sudlari chiqarilgan hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini quyidagicha tartibda tekshiradi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining hakamlik hay’atida va quyi hakamlik sudlarida xo‘jalik nizolari bo‘yicha hal etilgan hamda bu hal qiluv qarori qay darajada qonuniy yoki asosligini ushbu Qonunda belgilangan tartibda tekshirilgandan so‘ng;
2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hakamlik sudi, viloyat hakamlik sudi shu sudlar hal etgan nizolar bo‘yicha hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiradi.
Hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligi xususida O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi chiqargan qaror qat’iy bo‘ladi va qayta ko‘rib chiqilmaydi.
133-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirayotgan sudning tarkibi
Hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atining uch hakamidan iborat tarkibdagi hakamlik sudi hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshiradi. Tekshirish natijalari yuzasidan qaror ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Hal qiluv qarorlarini tekshiruvchi hay’at bo‘lmaydigan hakamlik sudlarida qarorlarni tekshirish hakamlik sudining raisi yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hakamlik sudi raisining o‘rinbosarlari qabul qilgan hal qiluv qarori rais tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
134-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaning shakli va mazmuni
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya yozma ravishda beriladi. Ular hal qiluv qarorini qabul qilgan idoraning nomini, ishning tartib raqamini, qaror qabul qilingan sanani, tomonlarning nomini, da’voning bahosini, arizachining va prokurorning talablarini, shuningdek qonunlarga va ish materiallariga tayangan holda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy hamda asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi masala qo‘yilishining asoslarini o‘z ichiga olishi shart.
Arizani tashkilot rahbari yoki rahbarining o‘rinbosari imzolaydi.
Raddiya prokuror yoki prokurorning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
135-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizani hamda prokuror raddiyasini berish tartibi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudlariga yuboriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning hakamlik sudlarida hal etilgan nizo bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish uchun ushbu nizoni hal qilgan idoradan ish talab qilib olinadi. Ish talabnoma qabul qilib olinganidan so‘ng besh kunlik muddatda Oliy hakamlik sudiga yuborilishi kerak.
Tegishli ravishda arizaning va raddiyaning nusxalari tomonlarga, da’vo arizasini yuborgan prokurorga jo‘natiladi.
Arizaga uning nusxasi jo‘natilganligini hamda davlat boji to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Raddiyaga uning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida ariza berilishi hamda prokurorning raddiya kiritishi qarorning ijro etilishini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Hakamlik sudi tomonning, ishda qatnashayotgan prokurorning iltimosnomasiga binoan yoki o‘z tashabbusi bilan hal qiluv qarorning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish nihoyasiga yetgunga qadar qarorning ijrosini to‘xtatib qo‘yishga haqlidir.
136-modda. Hal qiluv qarorining qay daraja qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizani berish hamda hal qiluv qaroriga raddiyani kiritish muddatlari
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga raddiyani kiritish qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay amalga oshiriladi.
137-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaga bildirilgan fikr
Qatnashchi tomon hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risida hakamlik sudiga berilgan arizaning yoki hal qiluv qaroriga raddiyaning nusxasini olishi bilanoq shu sudga, boshqa tomonlarga va ishda qatnashayotgan prokurorga o‘z fikrini ariza yoxud raddiya ko‘rib chiqiladigan kungacha olish ta’minlanadigan muddatda yuboradi.
Bunday fikrni tashkilotning rahbari yoki uning o‘rinbosari imzolaydi.
138-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaning qaytarilishi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya:
1) basharti, ariza yoki raddiya uni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqei ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa;
2) basharti, arizaga uning nusxasi tomonlarga va da’vo arizasini yuborgan prokurorga jo‘natilganligining dalillari, raddiyaga esa uning nusxasi tomonlarga jo‘natilganligining dalillari ilova qilinmagan bo‘lsa;
3) basharti, arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan bo‘lsa;
4) basharti, ariza yoki raddiya uni berish uchun belgilangan muddat tugaganidan so‘ng ushbu muddatni tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomasiz berilgan bo‘lsa; agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilinganidan so‘ng bir yil o‘tgach bayon etilgan bo‘lsa, qarab chiqish uchun qabul qilinmaydi va qaytarilmaydi.
Ariza yoki raddiya, basharti uni qaytarib olish to‘g‘risidagi hujjat hakamlik sudiga qaror qabul qilinishidan avval kelgan bo‘lsa ham qaytariladi.
139-modda. Majlisda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish, majlis o‘tkaziladigan vaqt hamda joy to‘g‘risida xabardor qilish
Majlisda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligi hakamlardan birining raisligi ostida tekshiriladi.
Majlis o‘tkaziladigan vaqt va joy to‘g‘risida tomonlarga, ishda qatnashayotgan prokurorga, zarur hollarda hakamlik jarayonning boshqa ishtirokchilariga xabar yuboriladi.
140-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga raddiyani ko‘rib chiqish muddatlari
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya:
Oliy hakamlik sudida qabul qilingan hal qiluv qarorlari bo‘yicha ariza yoki raddiya kelib tushgan kundan boshlab;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarida qabul qilingan hal qiluv qarorlar bo‘yicha — ish kelib tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
141-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik sudining vakolatlari
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari bo‘yicha:
hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga;
hal qiluv qarorini o‘zgartirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va yangi qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangitdan ko‘rib chiqish uchun topshirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yurgizishni to‘xtatish;
hal qiluv qarorini bekor qilish va da’voni ko‘rib chiqmay qoldirishga haqlidir.
Hal qiluv qarori arizada yoki raddiyada bayon etilgan dalillardan qat’i nazar to‘la hajmda tekshiriladi.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish chog‘ida xo‘jalik nizosini hal etishda hakamlik sudiga beriladigan huquqlardan foydalanadi.
142-modda. Hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish asoslari
Quyidagilar hal qiluv qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish asoslari hisoblanadi:
1) ish uchun ahamiyat kasb etadigan holatlarning to‘la-to‘kis aniqlanmaganligi;
2) ish uchun ahamiyat kasb etadigan va hakamlik sudi aniqlangan deb hisoblayotgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga nomuvofiqligi;
4) moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi, basharti bunday buzilish noto‘g‘ri qaror qabul qilinishiga olib kelgan yoxud olib kelishi mumkin bo‘lgan taqdirda, qarorning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi.
143-modda. Qarorning qabul qilinishi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari yuzasidan dalil-isbotli qaror qabul qilinadi hamda bu qaror qabul qilingan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish bo‘yicha hakamlik hay’atining hakamlari tomonidan, hay’at bo‘lmagan joylarda esa — hakamlik sudining raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi:
1) hakamlik sudining nomi, ishning tartib raqami va qaror qabul qilingan sana, ariza bergan tomonning (tomonlarning) nomi, raddiya kiritgan prokuror, hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining tarkibi hamda hakamlik sudida tushuntirish bergan shaxslar va ularning mansablari;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining, xo‘jalik nizosini hal etuvchi boshqa idoraning nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan sana, hal qiluv qarorini qabul qilgan shaxslarning familiyalari;
3) qabul qilgan hal qiluv qarori mohiyatining qisqacha bayoni;
4) hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish to‘g‘risidagi masala o‘rtaga qo‘yilishining asoslari, ariza yoki raddiyaga bildirilgan fikrda bayon etilgan dalillar;
5) qaror qabul qilinishiga olib kelgan sabablar — bunda qonunlarga va ish materiallariga tayanilishi lozim;
6) ariza yoki raddiyani qarab chiqish natijalari yuzasidan xulosalar;
7) tomonlar va hakamlik sudi, nizoni qarab chiqayotgan boshqa idora hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun berish chog‘ida bajarish lozim bo‘lgan harakatlar.
144-modda. Qarordagi ko‘rsatmalarning majburiyligi
Qarordagi ko‘rsatmalar ish yangitdan ko‘rib chiqilayotgan paytda hakamlik sudi, xo‘jalik nizosini hal etuvchi boshqa idora uchun majburiydir. Qaror biron-bir dalil-isbotning ishonchliligi yoxud ishonchli emasligi to‘g‘risidagi, bir dalil-asosining boshqasidan ustunligi haqidagi ko‘rsatmalarni, shuningdek xo‘jalik nizosi yangitdan hal etilayotganda qanday qaror qabul qilinishi lozimligini o‘z ichiga olishi mumkin emas.
145-modda. Qarorlarni tarqatish
Qarorlar tomonlarga, ishda qatnashgan prokurorga qabul qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda tarqatiladi.
146-modda. Ajrimlarning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish
Ajrimlarning qay darajada qonuniy va asosliligi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tekshiriladi.
XII BOB. HAL QILUV QARORLARINING NAZORAT TARTIBIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY HAKAMLIK SUDINING PLENUMI TOMONIDAN KO‘RIB ChIQILIShI
147-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Plenumiga hal qiluv qarorini nazorat tartibida ko‘rib chiqish xususida murojaat qilish huquqi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi, Prokurori xo‘jalik nizolari yuzasidan Oliy hakamlik sudida qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan raddiya kiritishga haqlidirlar.
Raddiya hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlariga zid bo‘lgan yoki respublikalarning manfaatlari buzilganligi taqdirda uning qonuniy va asosliligi mazkur Qonunda belgilangan tartibda tekshirilgandan so‘ng kiritiladi.
148-modda. Raddiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Plenumi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi
Oliy hakamlik sudining Plenumi raddiyani ko‘rib chiqish chog‘ida Oliy hakamlik sudining hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiruvchi hay’ati raisi yoki a’zosi (hakam) ning tekshirish natijalari, ish holatlari hamda raddiya asoslari to‘g‘risidagi ma’ruzasini tinglaydi.
Zarur hollarda tushuntirish berish uchun Plenum majlisiga tomonlarning vakillari taklif etiladi. Bunday hollarda Plenum majlisi to‘g‘risidagi xabar raddiyaning nusxasi tomonlarga yuboriladi.
149-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining qaror qabul qilish tartibi
Raddiya muhokama qilinganidan so‘ng ushbu Qonunda belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
Xo‘jalik nizosini hal etishda (hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirishda) qatnashgan hakam ovoz berishda qatnashishga haqli emas.
Plenumning qarori qabul qilinishi bilanoq kuchga kiradi hamda mazkur Qonunning XIV bobida belgilangan tartibda ijro etiladi.
XIII BOB. YaNGITDAN OChILGAN HOLATLARGA KO‘RA HAKAMLIK SUDINING HAL QILUV QARORLARINI QAYTA KO‘RIB ChIQISh
150-modda. Qayta ko‘rib chiqish asoslari
Hakamlik sudi o‘zi qabul qilgan hal qiluv qarorini ish uchun muhim ahamiyat kasb etadigan hamda arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘la olmaydigan yangitdan ochilgan holatlarga binoan qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
151-modda. Ariza berish tartibi va muddati
Yangitdan ochilgan holatlarga ko‘ra qarorni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza qarorning qayta ko‘rib chiqilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan holatlar aniqlangan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay berilishi mumkin.
Arizachi boshqa tomonga arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasini yuborishi shart.
Arizaga boshqa tomonga arizaning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza belgilangan muddat tugaganidan so‘ng berilgan taqdirda yoki arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasi boshqa tomonga yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan taqdirda u ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi hamda arizachiga qaytariladi.
152-modda. Hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish
Ko‘rib chiqilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan tegishli hakamlik hay’atining hakami (hakamlari), hay’at bo‘lmagan joyda hal qiluv qarorini qabul qilgan hakam hal qiluv qarorini qaytadan ko‘rib chiqadi.
Yangitdan ochilgan holatlarga ko‘ra hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish mazkur Qonunning tegishli ravishda X, XI va XII boblarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yangitdan ochilgan holatlarga ko‘ra hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish xususidagi ariza kelib tushgan taqdirda hakamlik sudi, basharti birinchi galdagi hal qiluv qarori ijro etilmagan bo‘lsa, hal qiluv qarorining qayta ko‘rib chiqilishi nihoyasiga yetguncha hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib turishga haqlidir.
Yangitdan ochilgan holatlarga ko‘ra qabul qilingan hal qiluv qarori mazkur Qonunning XI va XII boblarida belgilangan tartibda tekshirilishi mumkin.
XIV BOB. QARORLARNING IJRO ETILIShI
153-modda. Hakamlik sudining buyrug‘i va uning ijro etish uchun yuborilishi
Hakamlik sudining qarori hakamlik sudi beradigan buyruqqa asosan O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq ijro etiladi. Buyruq ijro hujjati hisoblanadi va qaror bilan birgalikda yuboriladi.
Pul mablag‘larini undirishga oid buyruq uni undiruvchi shaxsga topshiriladi yoki buyurtma xat yoxud qiymatli xat bilan unga yuboriladi. Mablag‘lar budjet foydasiga undirilayotganida buyruq soliq idorasiga yuboriladi hamda belgilangan tartibda bank muassasasi orqali ijro etiladi. Qolgan buyruqlar sud ijrochilari tomonidan bajariladi.
Birinchi galdagi va qarshi da’volar to‘la yoki qisman qondirilgan taqdirda undirish xususidagi buyruqlar har bir da’vo bo‘yicha alohida beriladi.
154-modda. Buyruqning mazmuni
Hakamlik sudining buyrug‘ida:
1) buyruq berilishiga asos bo‘lgan ishning tartib raqami qaror qabul qilingan kun, buyruq berilgan kun va uning amal qiladigan muddati;
2) hal qiluv qarorining xulosa qismi ko‘rsatilishi lozim.
Agar hal qiluv qarorini qabul qilishda ijroni kechiktirish yoki bu muddatni cho‘zish belgilansa, buyruqda u amal qiladigan muddatning borishi qaysi paytdan boshlanishi ko‘rsatiladi.
Sud ijrochisi tomonidan ijro etilishi lozim bo‘lgan yoki soliq idorasiga yuboriladigan buyruqda qarzdorning manzilgohi ham ko‘rsatiladi.
Buyruq hakam tomonidan imzolanadi va buyruq chiqargan hakamlik sudining muhri bilan tasdiqlanadi.
155-modda. Ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilish muddati
Buyruq undiruvchi shaxsga ijro etish hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud qarorning ijrosini kechiktirilgan yoki cho‘zilgan taqdirda belgilangan muddat tugagan kundan boshlab yoinki buyruqni ijro etish uchun taqdim qilishning o‘tkazib yuborilgan muddatini qayta tiklash haqida ajrim chiqarilgan kundan boshlab uch oydan kechiktirmay taqdim etilishi mumkin. Hal qiluv qarorining ijrosini to‘xtatib qo‘yilgan davr ushbu muddatga kirmaydi.
Bank muassasasi yoki ijrochisi tomonidan buyruqni ijro etish imkoni bo‘lmagan va buyruq shu munosabat bilan ijro etilmay qaytarilgan taqdirda ijro etilishi uchun buyruqni taqdim etishning yangi uch oylik muddati u qaytarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Hal qiluv qarorini ijro etish muddati ijro etilishi uchun buyruq taqdim qilinishi bilan to‘xtatiladi.
156-modda. Qarorni ijro etmaganlik uchun javobgarlik
Ijro uchun buyruq taqdim etilgan idora pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi hakamlik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun hakamlik sudi qatnashchi-tomonning arizasiga yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra unga undiriladigan mablag‘ning 5 foizi miqdorida jarima soladi. Jarima respublika budjeti foydasiga undiriladi.
Jarima solinganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Jarima solingan idora ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Hal qiluv qarorini ijro etishi shart bo‘lgan mansabdor shaxs hakamlik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun qonunda umumiy sud qarorini ijro qilmaganlik uchun belgilangan tarzda javobgar bo‘ladi.
157-modda. Buyruqning dublikatini berish
Buyruq yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda hakamlik sudi, basharti undirib oluvchi shaxs ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar bu haqda ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa, uning dublikatini berishi mumkin. Buyruqning dublikati berilganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Buyruqning dublikatini berish xususidagi arizaga:
buyruq yo‘qotib qo‘yilganligi to‘g‘risida bank muassasasi, sud ijrochisi, aloqa idorasi bergan ma’lumotnoma yoxud tashkilotning buyruq yo‘qotilganligi va ijro etilishi uchun taqdim qilinmaganligi haqidagi ma’lumotnomasi ilova qilinishi lozim.
Tashkilotlarning ma’lumotnomasini tashkilot rahbari yoki rahbarining o‘rinbosari va bosh (katta) buxgalteri imzolaydi.
158-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoki cho‘zish, qarorni ijro etish hamda tartibini o‘zgartirish
Hakamlik sudi tomonning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugaguniga qadar hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoki cho‘zishga, uni ijro qilish usulini va tartibini o‘zgartirishga haqlidir.
Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirilgan yoki cho‘zilgan taqdirda hakamlik sudi qaror mazkur Qonunning IX bobida nazarda tutilgan tartibda ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘rishi mumkin.
Hal qiluv qarori ijrosining kechiktirilganligi yoki cho‘zilganligi, uni ijro etish usuli va tartibi o‘zgartirilganligi yoxud arizani qondirish rad qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Qatnashchi-tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Zarur hollarda ajrim qarzdor turgan joydagi bank muassasasiga jo‘natiladi.
159-modda. Hal qiluv qarori ijrosidagi burilish, hal qiluv qarori asosida undirishning to‘xtatilishi
Agar ijro etilgan hal qiluv qarori o‘zgartirilib yoki bekor qilinib, da’voni to‘la yoki qisman rad qilish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro to‘xtatilgan yoinki da’vo qarab chiqilmay qoldirilgan bo‘lsa, qatnashchi-tomonga hal qiluv qarorining o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan tegishli qismiga binoan boshqa tomon foydasiga undan undirilgan barcha buyumlar qaytariladi.
Undirilgan pul mablag‘larini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish xususida hakamlik sudi tashkilotning arizasiga binoan buyruq beradi. Arizaga ilgari qabul qilingan qarorning ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Agar ijro etilmagan hal qiluv qarori o‘zgartirilib yoki bekor qilinib, da’voni to‘la yoxud qisman rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro to‘xtatilgan yoinki da’vo qarab chiqilmay qoldirilgan bo‘lsa, hakamlik sudi tegishli qismi o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan hal qiluv qarori bo‘yicha undirishni to‘la yoxud qisman to‘xtatish xususida hal qiluv qarori qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
443-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 86-modda)