O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Atom Energiyasi Bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati (EVRATOM) o‘rtasida
Bitim
ATOM ENERGIYASIDAN TINCh MAQSADLARDA FOYDALANISh SOHASIDA HAMKORLIK TO‘G‘RISIDA
2003-yil 6-oktabr, Bryussel
 LexUZ sharhi
Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-maydagi 212-sonli “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
(2004-yil 1-avgustdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati (bundan keyin “O‘zbekiston” deb ataluvchi) bilan Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyati (Evratom) (bundan keyin “Hamjamiyat” deb ataluvchi), bundan keyin tegishli ravishda “Tomon” yoki “Tomonlar” deb ataluvchilar,
yadro materiallari savdosi O‘zbekiston bilan Evratom o‘rtasida imzolanadigan maxsus Bitim shartlariga binoan belgilab berilishi O‘zbekiston bilan Yevropa Hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida Sherikchilik va hamkorlik (ShHB) to‘g‘risida 1999-yil 1-iyulda kuchga kirgan Bitimga asosan o‘rnatilishini anglab,
O‘zbekiston bilan Hamjamiyatga a’zo barcha mamlakatlar Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida Shartnoma (bundan keyin “Tarqatmaslik to‘g‘risida Shartnoma”)ning tomonlari hisoblanishini e’tiborga olib,
O‘zbekiston bilan Hamjamiyat va unga a’zo mamlakatlar, tadqiqotlar hamda ishlanmalarni amalga oshirish, shuningdek Tarqatmaslik to‘g‘risida Shartnomaning maqsadlariga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish tarafdori ekanligini inobatga olib,
Evratom Shartnomasining VII moddasiga asosan hamda Hamjamiyat va Hamjamiyatga a’zo mamlakatlar bilan bundan keyin “MAGATE” deb ataluvchi Atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik o‘rtasida tuzilgan Himoya choralari bo‘yicha Bitimlarga binoan yadro muhofazasi Hamjamiyatga daxldor ekanligini e’tiborga olib,
O‘zbekiston bilan MAGATE o‘rtasida himoya choralari to‘g‘risidagi bitimga muvofiq yadro muhofazasi O‘zbekistonga aloqador ekanligini inobatga olib,
O‘zbekiston bilan Hamjamiyat va unga a’zo mamlakatlar MAGATE va MAGATE himoyalash tizimini quvvatlashini yana bir bor tasdiqlayotganini e’tiborga olib,
Tomonlar o‘rtasida fuqarolik atom energiyasi sohasidagi hamkorlik asoslarini hadli bitimlar bilan mustahkamlash zaruratini inobatga olib,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
I Bob. Hamkorlikning maqsad va sohalari
1-modda
Ushbu Bitimning maqsadi O‘zbekiston bilan Hamjamiyat o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zarolik foyda va o‘zarolik hamda har bir Tomonning tegishli organlarining huquqlarini kamsitmaslik asosida Tomonlar o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hadli hamkorlikni ta’minlashdan iborat.
2-modda
1. Tomonlar 3—7-moddalarda qayd etilgan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning quyida sanab o‘tiladigan sohalarida hamkorlik qiladilar:
a) yadro xavfsizligi (3-modda);
b) a) kichik band (6-modda)da qayd etilmagan, boshqa sohalardagi ilmiy tadqiqot ishlanmalari;
c) yadro materiallari savdosi va atom-yonilg‘i turkumidagi xizmatlar shartlari (7-modda);
d) o‘zaro manfaatli boshqa sohalar (8-modda).
2. Tomonlar o‘rtasidagi ushbu bandda qayd etilgan hamkorlik O‘zbekiston bilan Hamjamiyat tomonidan belgilangan vakolatli shaxslar va organlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
II Bob. Yadro xavfsizligi va saqlanishi
3-modda
1. Hamkorlik yadro xavfsizligini yaxshilashni rag‘batlantiradi hamda unga ko‘maklashadi, shu jumladan yadro xavfsizligining ilmiy-kafolatlangan va xalqaro qabul qilingan qonun-qoidalarini aniqlash va qo‘llashga, shuningdek Tomonlarga taalluqli darajada yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirishga yordam beradi.
2. Hamkorlik keng miqyosli bo‘lib, quyidagi sohalarni ham o‘z ichiga oladi:
a) Radioaktiv xavfsizlik;
Xavfsizlik standartlarining tadqiqoti, tartibga solib boriladigan aspektlari, ishlanmalari, kam dozali effektlar, sanoatdan ifloslanish, xodimlar va dozirovkalarni prognozlash hamda avariya holatidan keyingi boshqaruv masalalarini alohida e’tibor bilan o‘qitish va tayyorlash;
b) Yadro chiqindilari boshqaruvi;
Geologik chiqindilar va yadro chiqindilari boshqarilishini baholash va optimizatsiyalash;
c) Yadro materiallari xavfsizligi sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlanmalari;
Yadro materiallari o‘lchovlari texnikasi tadqiqoti va ishlanmalari hamda muhofaza choralari uchun tegishli materiallar xarakteristikasi hamda yadro materiallari bo‘yicha hisobotlar va ular ustidan nazorat tizimini ishlab chiqish;
d) Yadro va radioaktiv materiallarining noqonuniy tranzitiga yo‘l qo‘ymaslik;
Hamkorlik yadro va radioaktiv materiallari ustidan nazorat usullari va texnikasini ham o‘z ichiga oladi.
3. Tomonlarning kelishuvi asosida ularning qonunchiligi doirasida hamkorlikning boshqa sohalari ham qamrab olinishi mumkin.
4-modda
1. Hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
— ma’ruzalar, tashriflar, seminarlar, texnik uchrashuvlar kabi tadbirlar vositasida texnikaviy axborot va ma’lumotlar almashuvi;
— ikkala tomonning laboratoriya va/yoki organlarining xodimlarini almashish, shu jumladan ularni o‘qitish;
— eksperimental maqsadlarda namunalar, materiallar, asbob-uskunalar va apparatlar almashuvi;
— qo‘shma tadqiqotlar va faoliyatda teng tarzda ishtirok etish.
2. Zaruriy hollarda, Tomonlar va/yoki organlar hamkorlik amalga oshiriladigan soha, uning shartlari va muddatlarini aniqlash maqsadida, oqibat natijada istalgan tomon yuqorida qayd etilgan xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar joriy qilishi mumkin.
Bunday tarzda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar moliyalash, boshqaruv mas’uliyati topshirish hamda ma’lumotlar tarqatish va intellektual mulk huquqlari bo‘yicha batafsil shart-sharoitlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
3. Harakat-tadbirlar takrorlanishini kamaytirish maqsadida, Tomonlar, ushbu Bitimga asosan o‘z faoliyatlarini o‘zlari unda tomon hisoblanuvchi, yadro xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan boshqa xalqaro tadbirlar bilan muvofiqlashtirish uchun bor imkoniyatlardan foydalanadilar.
5-modda
1. Ushbu bobga muvofiq har bir Tomonning majburiyatlari zaruriy pul mablag‘larining mavjudligiga bog‘liq bo‘ladi.
2. Mazkur hamkorlikdan kelib chiquvchi barcha xarajatlarni ularni sarflovchi Tomon qoplaydi.
III Bob. Yadro tadqiqotlari va rivojlanishning boshqa sohalari
6-modda
1. Ushbu bobga muvofiq, hamkorlik tadqiqotlar va ishlanmalar bo‘yicha Tomonlarning tegishli faoliyati ularning kelishuviga asosan qamrab olingan darajada, Tomonlar o‘zaro manfaatga ega bo‘lgan holda, 3-moddada qayd etilmagan, atom energiyasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Hamkorlik quyidagi sohalarni o‘z ichiga olishi mumkin:
a) atom energiyasini tibbiyot va sanoat, shu jumladan elektr energiyasini ishlab chiqarish sohalarida qo‘llash;
b) atom energiyasi va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro harakat;
c) Tomonlar o‘rtasida kelishilganidek yadro tadqiqotlari va ishlanmalarining har qanday sohasi hamda ular Tomonlarning tegishli qonunchiligiga muvofiq qay darajada amalga oshirilishi mumkinligi.
3. Hamkorlik, xususan, quyidagi vositalar asosida amalga oshiriladi:
— ma’ruzalar, tashriflar, seminarlar, texnik uchrashuvlar kabi tadbirlar vositasida texnikaviy informatsiya va ma’lumotlar almashuvi;
— laboratoriyalar va/yoki ikkala tomonning organlari xodimlarini almashish, shu jumladan ularni o‘qitish;
— eksperimental maqsadlarda namunalar, materiallar, asbob-uskunalar va apparatlar almashuvi;
— qo‘shma tadqiqotlar va faoliyatda teng tarzda ishtirok etish.
4. a) Zarur hollarda, muayyan loyihalar bo‘yicha hamkorlik sohasi va shartlari tegishli qonunchilik va tartibga solib boruvchi talablarga muvofiq o‘zining vakolatli institutlari orqali faoliyatini amalga oshiradigan Tomonlar tatbiq etilib, amalga oshiriladigan choralarda qayd etiladi.
b) Bunday tarzda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, boshqalari qatorida, moliyalash, boshqaruv mas’uliyatini topshirish hamda ma’lumotlar tarqatish va intellektual mulk huquqlari bo‘yicha batafsil shart-sharoitlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
c) Agar Tomonlar boshqa tarzda ahdlashib olmagan bo‘lsalar, hamkorlik bo‘yicha faoliyatdan kelib chiquvchi barcha xarajatlarni ularni sarflovchi Tomon qoplaydi.
d) Ushbu bob bo‘yicha hamkorlik yuzasidan faoliyatga muvofiq amalga oshiriladigan har qanday yadro transfertlari Tomonlar va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning 7(5)-moddada qayd etilgan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi xalqaro va ko‘p tomonlama majburiyatlari asosida amalga oshiriladi.
IV Bob. Yadro materiallari savdosi va tegishli xizmatlar ko‘rsatish
7-modda
1. Agar jo‘natuvchi Tomon qabul qiluvchi Tomonni jo‘natishdan avval yoki jo‘natish paytida yozma ravishda xabardor qilgan bo‘lsa, (Tomonlarning tegishli organlari joriy qilgan Ma’muriy choralarda belgilangan tartibotlarga muvofiq) qabul qiluvchi Tomonning hududiy yurisdiksiyasiga kirish paytida Tomonlar o‘rtasida bevosita ravishda yoki uchinchi mamlakatlar orqali topshiriladigan yadro materiali ushbu Bitimning mavzui bo‘ladi.
2. Bundan avvalgi bandda qayd etilgan yadro materiali quyidagi holatlargacha ushbu Bitim shartlariga mos keladi:
— undan himoyaga taalluqli yadro maqsadlarida foydalanilmayotgan yoki umuman tiklanmaydigan holatga kelgan bo‘lsa, quyida keltiriladigan 5.e) bandda qayd etiladigan bitimga muvofiq himoyani tugatish uchun shartlarga muvofiq aniqlanmasa;
— u quyida keltiriladigan 5.e) bandga muvofiq qabul qiluvchi Tomonning yurisdiksiyasidan chiqmagan bo‘lsa; yoki
— Tomonlar uning ushbu Bitim mavzusi bo‘lmasligiga kelishgan bo‘lsalar.
3. Tomonlar o‘rtasida yadro materiallari va tegishli xizmatlar bilan savdo bozor narxlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
4. a) Yadro materiallari bilan o‘zaro savdoda Tomonlar tijorat borasida himoya choralarini talab qiluvchi nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishlari zarur. Basharti, bundan qat’i nazar, ularning yadro materiallari bilan o‘zaro savdosida atom sanoati (shu jumladan uran qazib olish) uchun jiddiy xavf yaratuvchi muammolar yuzaga kelsa, O‘zbekiston yoki Hamjamiyat, istalgan tomon ad hoc Qo‘mitasi doirasida imkon qadar tezroq muddatlarda maslahatlashuvlar o‘tkazilishini talab qilishi mumkin.
b) Agar maslahatlashuvlar jarayonida bu muammolarni hal etish uchun o‘zaro maqbul qaror topilmasa, maslahatlashuv o‘tkazilishini talab qilgan tomon, muammoni hal etish uchun tegishli tijorat himoya choralarini qabul qilishi yoki ularning ta’sirini o‘zining ichki qonunchiligi va xalqaro huquqning tegishli tamoyillariga muvofiq yumshatishi mumkin.
c) yuqorida keltirilgan (a) va (b) kichik bandlari qoidalarini tatbiq etish Evratom Shartnomasi va shu Bitim asosidagi unga qo‘shimcha qonunlarni, shu jumladan O‘zbekiston qonunchiligini kamsitmasligi lozim.
5. Yadro materiallarini topshirish quyidagi shartlarga bo‘ysunishi zarur:
a) Yadro materialidan tinch maqsadlarda foydalanilishi zarur va undan har qanday yadro portlatish uskunasi uchun yoki uni tadqiq qilish yoxud har qanday shu kabi uskunani ishlab chiqish uchun foydalanmaslik lozim;
b) Yadro materiali quyidagi holatlar uchun mavzu bo‘lishi zarur:
i) O‘zbekistonda — III Modda (1) va 1994-yil 8-oktabrda kuchga kirgan Tarqatmaslik to‘g‘risida Shartnomani bajarishda MAGATE bilan tuzilgan himoya choralari bo‘yicha bitim; (INFCIRC/508 sifatida e’lon qilingan);
INFCIRC/540 (Davlat(lar) va MAGATE o‘rtasidagi Bitimni to‘ldiruvchi Model Protokoli himoya choralarini qo‘llash uchun) sifatida e’lon qilingan hujjat, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida 1998-yil 22-sentabrda tuzilgan to‘ldirilgan qo‘shimcha Bayonnoma.
ii) Hamjamiyatda — Evratom Shartnomasiga muvofiq himoya choralari va himoya choralari bo‘yicha quyidagi bitimlarga muvofiq MAGATE kafolatlari, shunga muvofiq, quyidagilarni ko‘zda tutuvchi hamda Tarqatmaslik to‘g‘risida Shartnoma talab qiladigan darajada ko‘rib chiqilishi va almashtirilishi mumkin bo‘lgan:
— 1977-yilning 21-fevralida kuchga kirgan, yadro davlati bo‘lmagan, Hamjamiyatga a’zo mamlakatlar, Evratom va MAGATE o‘rtasidagi Bitim (INFCIRC/193 sifatida e’lon qilingan);
— 1981-yil 12-sentabrda kuchga kirgan, Fransiya, Evratom va MAGATE o‘rtasidagi Bitim (INFCIRC/290 sifatida e’lon qilingan);
— 1978-yil 14-avgustda kuchga kirgan, Birlashgan Qirollik, Evratom va MAGATE o‘rtasidagi Bitim (INFCIRC/263 sifatida e’lon qilingan);
INFCIRC/540 (Davlat(lar) va MAGATE o‘rtasidagi Bitimni to‘ldiruvchi Model Protokoli himoya choralarini qo‘llash uchun) sifatida e’lon qilingan hujjat asosida 1998-yil 22-sentabrda tuzilgan qo‘shimcha Bayonnomalar (belgilangan muddatlarda taqdim etilgan).
s) yuqoridagi b) bandda qayd etilgan, O‘zbekiston va Hamjamiyat doirasida istalgan sababga ko‘ra vaqtincha harakatdan to‘xtatilgan yoki bekor qilingan MAGATE bilan tuzilgan har qanday Bitim qo‘llanganda, tegishli Tomon b.i) yoki b.ii) bandlarda qayd etilgan himoya choralari bo‘yicha bitimlarda ko‘zda tutilgan samaradorlik va miqyos ekvivalentini nazarda tutuvchi atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik bitimiga kirishi lozim, yoxud bunday holat ko‘zda tutilmagan bo‘lsa,
Hamjamiyat, unga aloqadar tarzda, b.i) bandda qayd etilgan himoya choralari bo‘yicha bitimlarda nazarda tutilgan samaradorlik va miqyos ekvivalentini ko‘zda tutuvchi Evratom himoya choralari tizimiga asoslangan himoya choralari tizimini qo‘llashi zarur, yoxud bunday holat ko‘zda tutilmagan bo‘lsa,
Tomonlar, b.i) yoki b.ii) bandlarda himoya choralari bo‘yicha bitimlarda nazarda tutilgan samaradorlik va miqyos ekvivalentini ko‘zda tutuvchi himoya choralarini qo‘llash uchun mexanizmlarni tadbiq etishi zarur.
d) Jismoniy himoya choralarining MAGATEning INFCIRC/254/Rev.5/Part1 (yadro materiallarini topshirish uchun Qo‘llanma) hujjatiga nisbatan eng kamida Ilova S (Annex S)da bayon qilingan mezonlarga javob beruvchi darajada qo‘llanishi ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan radioaktiv materiallarni xavfsiz ravishda tashish uchun MAGATE qoidalari asosida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin; hamda ushbu hujjatga qo‘shimcha ravishda Hamjamiyatga a’zo mamlakatlar, Yevropa Komissiyasi, muvofiq ravishda O‘zbekiston ham jismoniy himoya choralarini qo‘llash jarayonida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan INFCIRC/225/REV/4 (yadro materialining hamda yadro uskunasining jismoniy himoyasi) hujjatidagi tavsiyalarga asoslanishi mumkin. Xalqaro yuk tashish Tomonlar va Hamjamiyatga a’zo mamlakatlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi hamda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan Yadro materialini jismoniy himoyalash bo‘yicha Xalqaro Konvensiya (MAGATE INFCIRC/274/Rev.l) qoidalaridan, radioaktiv materiallarni xavfsiz ravishda tashish uchun MAGATE qoidalari (TS-R-1/-ST-1, MAGATE xavfsizlik standartlari seriyasi ko‘rib chiqilgan)dan kelib chiqishi lozim.
e) Ushbu moddada shartlangan har qanday obyektlarni Tomonlarning yurisdiksiyasi doirasidan tashqariga ikki marta o‘tkazish faqat qayta ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan MAGATE INFCIRC/254/Rev.5/Part1 hujjatida bayon qilingan yadro materiallarini topshirish uchun Qo‘llanma shartlari asosida amalga oshirishlari zarur.
6. a) Tomonlar, ishlab chiqaruvchilar, atom sanoatining yonilg‘i sikli, kommunal xo‘jalik va iste’molchilar korxonalarining o‘zaro manfaatlari borasida o‘zlarining tegishli hududlarida tomonlar o‘rtasidagi yoki vakolatli shaxslar yoxud idoralar o‘rtasidagi o‘rnatilgan yadro materiallari savdosiga ko‘maklashishlari lozim.
b) Ruxsatnomalardan, shu jumladan eksport va import litsenziyalari, shuningdek uchinchi tomonlarga savdo, sanoat operatsiyalari va tomonlarning hududida yadro materiallarini topshirishga taalluqli ruxsatnomalardan savdoni cheklash yoki xalqaro miqyosda ham, mamlakat ichkarisida ham atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish borasida istalgan tomonning savdo manfaatlariga to‘siq sifatida foydalanilmasligi zarur. Tegishli idora bunday ruxsatnomalarni olish uchun ariza asosida harakat qilishi va arizalarni topshirilgan kunidan boshlab imkon qadar tez muddatlarda hamda asossiz kechiktirishlarsiz ko‘rib chiqishi lozim. Bu qoidaga rioya qilinishini ta’minlash uchun tegishli qoidalar belgilanishi zarur.
c) Ushbu Bitim qoidalari Hamjamiyat hududi doirasida yadro materialining erkin ravishda harakatlanishiga to‘sqinlik sifatida talqin qilinmasligi lozim.
7. Mazkur Bitimning har qanday sababga ko‘ra vaqtincha harakatdan to‘xtatilishi yoki uning joriy muddati to‘xtatilishiga qaramay, 5-bandini qo‘llash ana shu qoidalarda shartlangan har qanday yadro materiallari kabi shu qadar uzoq davom etishi zarur, u istalgan tomonning yurisdiksiyasi ostida bo‘ladi yoki yuqorida qayd etilganidek, 2-bandga muvofiq qaror qabul qilingunga qadar, ammo Bitim harakatdan to‘xtatilgan yoki joriy muddati to‘xtagandan so‘ng 10 yildan oshmagan muddatda kuchga ega bo‘ladi.
V Bob. O‘zaro manfaatdorlikning boshqa sohalari
8-modda
1. Tomonlar o‘zlarining tegishli vakolatlari doirasida atom energiyasi sohasidagi boshqa faoliyat turlari bo‘yicha hamkorlik qilish borasida kelishishlari mumkin.
2. Hamjamiyat tomonidan faoliyat tegishli harakat dasturlarini qamrab olishi va uning uchun belgilangan shartlarga, masalan, yadro materialini xavfsiz ravishda transportirovka qilish, himoya choralari yoki atom inshootlari xavfsizligining ayrim jihatlariga ko‘maklashish uchun sanoat hamkorligi kabi sohalar shartlariga muvofiq kelishi zarur.
3. 6-modda 4-band qoidalari teng tarzda qo‘llanadi.
VI Bob. Umumiy qoidalar
9-modda
Ushbu Bitim bo‘yicha hamkorlik O‘zbekiston va Hamjamiyatda amalda bo‘lgan qonunlar va qoidalarga, shuningdek tomonlar o‘rtasida tuzilgan xalqaro bitimlarga ham muvofiq kelishi lozim. Hamjamiyat borasida esa qo‘llash huquqi Evratom Shartnomasi hamda unga muvofiq ikkinchi darajali qonunchilikni o‘z ichiga oladi.
10-modda
Ushbu Bitim bo‘yicha faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan, ma’lumotlardan foydalanish va ularni tarqatish hamda intellektual mulk huquqlari, patentlar va mualliflik huquqlari mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblangan Ilovalarga muvofiq bo‘lishi zarur.
11-modda
1. Agar Tomonlar alohida mexanizmli maslahatlashuvlar o‘tkazishni nazarda tutmagan bo‘lsa, ular ushbu Bitim bo‘yicha hamkorlik monitoringi uchun ShHB doirasida muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazadilar.
2. Mazkur Bitimni qo‘llash yoki talqin qilish borasida yuzaga keladigan har qanday nizolar ShHBning 90-moddasiga muvofiq ravishda ko‘rib chiqilishi mumkin.
12-modda
1. Bitim Tomonlar diplomatik notalar almashish vositasida u kuchga kiradigan sanani belgilagan kundan boshlab kuchga kirishi hamda dastlabki 5 yil mobaynida o‘z kuchini saqlab qolishi zarur.
2. Natijada, agar istalgan tomon ushbu Bitimning joriy muddati tugashidan kamida 6 oy avval boshqa tomonga yozma ravishda Bitimni harakatdan to‘xtatish yoki yangi muzokaralar o‘tkazishni taklif qilmasa, Bitim o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik muddatga uzaytirilishi lozim.
3. Agar istalgan Tomon yoki Hamjamiyatga a’zo istalgan mamlakat ushbu Bitimning ahamiyatga ega bo‘lgan istalgan qoidasini buzsa, boshqa Tomon yozma xabarnoma yuborib, mazkur Bitim bo‘yicha hamkorlikni butunlay yoki qisman to‘xtatishi xususida o‘z maqsadini ma’lum qilishi mumkin. Istalgan boshqa Tomon ana shu maqsadda harakat qilgunga qadar, Tomonlar tuzatishlar kirituvchi choralar qabul qilish hamda bunday choralar qabul qilinishi lozim bo‘lgan vaqtincha muddatlar yuzasidan kelishuvga erishish uchun maslahatlashuvlar o‘tkazishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar faqat kelishilgan choralarni muayyan vaqt doirasida amalga oshirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda yoki avvalgi bandda ko‘zda tutilgan, qoidabuzarlikning tabiati va jiddiyligini e’tiborga olgan holda, ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng kelishuvga erishilmagan holda amalga oshirilishi zarur.
13-modda
Ushbu Bitim maqsadlarida:
a) “yadro materiali” iborasi MAGATE Nizomining XX moddasida belgilab berilgan atama bo‘lib, u parchalanish manbai hisoblangan istalgan material yoki bo‘linib ketishga moyil maxsus materialni anglatadi.
b) “Hamjamiyat” quyidagilarni bildiradi:
i) Yuridik shaxs — atom energiyasi bo‘yicha Yevropa Hamjamiyatini ta’sis etuvchi Shartnomaga ko‘ra tashkil etilgan ushbu Bitimning Tomoni;
ii) hududlar, yuqorida qayd etilgan Shartnoma qo‘llanadigan hududlar;
c) “Tomonlarning tegishli organlari” quyidagilarni anglatadi:
i) O‘zbekiston uchun — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki manfaatdor Tomon istalgan vaqtda boshqa Tomonni xabardor qilishi mumkin bo‘lgan boshqa shunday organ;
ii) Hamjamiyat uchun — Yevropa Ittifoqi Komissiyasi.
14-modda
Mazkur Bitim o‘zbek, daniya, golland, ingliz, fin, fransuz, nemis, grek, italyan, portugal, ispan va shved tillarida ikki nusxada tuzilishi zarur, matnlarning barchasi bir xil kuchga egadir.
(imzolar)
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Evratom o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitimga muvofiq qo‘shma tadqiqotlardan kelib chiquvchi intellektual mulk huquqlarini taqsimlashning
asosiy tamoyillari
I. Mulkni taqsimlash va huquqlarni amalga oshirish
1) Ushbu Bitimga muvofiq o‘tkaziladigan barcha tadqiqotlar “qo‘shma tadqiqotlar” bo‘lishi zarur. Ishtirokchilar qo‘shma tadqiqotlar jarayonida ma’lumotlar va intellektual mulk (IM)ka egalik qilish va foydalanish, shu jumladan ularni e’lon qilishga taalluqli texnologiyalar boshqaruvi rejasi (TMR)ni hamkorlikda rivojlantirishlari lozim. Bunday rejalar tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun jalb qilingan Tomonning rivojlanishdagi tadqiqotlar va hamkorlik bo‘yicha maxsus kontraktlarga biriktirilgan mas’ul moliya agentliklari yoki bo‘limi tomonidan ma’qullanishi zarur. TMR qo‘shma hamkorlik maqsadlarini, qatnashchilarning qiyosiy ulushi, hududlarni litsenziyalash yoki foydalanish sohalari uchun imtiyozlar va kamchiliklar, qo‘llanadigan huquq bilan o‘rnatilgan talablar hamda qatnashchilar deb hisoblovchi boshqa omillarni hisobga olgan holda ishlab chiqilishi lozim.
2) Qo‘shma hamkorlik jarayonida yuzaga kelgan va TMRda qayd etilmagan ma’lumotlar va IM texnologiyalarni boshqarish rejasida bayon qilingan tamoyillarga muvofiq Tomonlarning ma’qulloviga binoan taqsimlanishi zarur. Murosaga erishilmagan hollarda, bunday ma’lumot yoki IM qo‘shma tadqiqotlarga jalb etilgan barcha qatnashchilarning egaligida bo‘lishi lozim. Ushbu qoida aloqador bo‘lgan har bir qatnashchi geografik cheklovlarsiz shunday ma’lumot yoki IMdan tijorat maqsadlarida foydalanish huquqiga egadir.
3) Har bir Tomon, boshqa Tomon va uning qatnashchilari shunday tamoyillarga muvofiq u taqsimlagan huquqlarga ega bo‘lishini ta’minlashi lozim.
4) Ushbu Bitimda qayd etilgan sohalardagi raqobat shartlarini quvvatlagan holda, har bir Tomon mazkur Bitimga binoan qo‘lga kiritilgan huquqlarning, xususan quyidagi holatlarni rag‘batlantirish yo‘li bilan amalga oshirilishiga xizmat qiladi:
i) ushbu Bitimga muvofiq yuzaga kelgan, oshkor etilgan yoki boshqa tarzda ma’lum qilingan ma’lumotlarni tarqatish va foydalanish;
ii) xalqaro standartlarni qabul qilish va qo‘llash.
II. Mualliflik huquqlari:
Mazkur Bitimga muvofiq Tomonlar yoki ularning qatnashchilariga tegishli huquqlarga nisbatan badiiy va adabiy asarlarni muhofazalash to‘g‘risida Bern konvensiyasi (1971-y. Parij Akti)ga muvofiq bo‘lgan rejim qo‘llanishi zarur.
III. Ilmiy-adabiy ishlar
4-bo‘lim qoidalarini kamsitmagan holda, agar TMRda o‘zga holatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, Tomonlar yoki shu qo‘shma hamkorlikning qatnashchilari tadqiqot natijalarini birgalikda e’lon qiladilar. Bundan avvalgi asosiy qoidaga muvofiq quyidagi tartibotlar qo‘llanadi:
1) Tomon yoki shu Tomonning davlat organi ushbu Bitimga muvofiq tadqiqotlardan kelib chiquvchi ilmiy va texnikaviy jurnallar, maqolalar, hisobotlar, kitoblarni, shu jumladan ularni video va dastur ta’minoti shaklida e’lon qilgan holda, boshqa Tomon bunday ishlarning tarjimasi uchun jahon, noeksklyuziv, qaytarilmaydigan, bepul litsenziyasiga, qayta ishlash, moslashtirish, topshirish va jamoatchilikka tarqatish huquqiga ega.
2) Tomonlar bitimga muvofiq qo‘shma tadqiqot asosida yaratilgan va mustaqil noshirlar tomonidan e’lon qilingan, ilmiy xarakterga ega adabiy ishlar imkon qadar keng doirada tarqatilishini ta’minlashlari zarur.
3) Ushbu qoidalarga muvofiq tarqatiladigan va tayyorlanadigan mualliflik ishlarining barcha nusxalari ish muallif(lar)ining ism-sharifini ko‘rsatishi lozim, ammo muallif yoki mualliflar o‘z ism-shariflarini ochiq tarzda qayd etilishini rad etgan hollar bundan mustasno. Shuningdek, ular Tomonlarning birgalikda qo‘llab-quvvatlashini aniq his etishlari lozim.
IV. Oshkor etilmaydigan ma’lumotlar
A. Sir saqlanadigan hujjatlar
1) Har bir Tomon yoki uning qatnashchilari, tegishli ravishda shu Tomon ushbu Bitimga nisbatan sir saqlashni xohlagan ma’lumotlarni imkon qadar boshlang‘ich davrda va TMRda, boshqalari qatorida quyidagi mezonlarni e’tiborga olgan holda aniqlashi zarur:
— Ma’lumot, butunlay yoki konkret konfiguratsiya yoki uning komponentlari ma’nosidagi maxfiy ma’lumot bilim hisoblanmaydi yoki shu sohadagi ekspertlar uchun ruxsat etilgan huquqiy vosita hisoblanmaydi;
— Ma’lumot uning maxfiyligi tufayli aniq yoki bo‘lg‘usi tijorat qiymatiga egaligi;
— Ma’lumotning maxfiyliligini mas’ul shaxs quvvatlagan holat uning oqilona choralar vositasida avvalgi tarzda saqlanganligi ma’nosida.
Tomonlar va qatnashchilar ma’lum hollarda, agar o‘zga holatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Bitimga muvofiq qo‘shma tadqiqotlarning tegishli tartibida berilgan, almashilgan yoki yuzaga kelgan ma’lumotlarning bir qismi yoki hammasi oshkor etilmasligi zarurligiga kelishishlari mumkin.
2) Har bir Tomon ushbu Bitimga muvofiq oshkor etilmaydigan ma’lumotlar va uning imtiyozli maqomi boshqa Tomon taniydigan tarzda, masalan, tegishli markirovka yoki cheklangan afsona yo‘li bilan taniladigan bo‘lishini ta’minlashi lozim. Bu holat, shuningdek, qayd etilgan ma’lumotlarning har qanday tarzda aks ettirilishiga qisman yoki butunlay tatbiq etiladi.
Ushbu Bitimga muvofiq oshkor etilmagan ma’lumotlarni oluvchi Tomon uning imtiyozli maqomiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi zarur. Bunday ma’lumotlar ularning egalari tomonidan shu soha ekspertlariga cheklashsiz tarzda oshkor etiladigan taqdirda qayd etilgan cheklovlar avtomatik ravishda to‘xtatilishi zarur.
3) Oluvchi Tomon mazkur Bitimga muvofiq oshkor etilmagan ma’lumotlarni mamlakatda bo‘lgan yoki oluvchi Tomon yollagan shaxslarga hamda tartibga muvofiq qo‘shma tadqiqotning maxsus maqsadlarida oluvchi Tomonning vakolatli manfaatdor departamentlariga yoki bo‘limlariga tarqatishi mumkin, buning uchun shunday tarzda tarqatiladigan har qanday maxfiy ma’lumot maxfiylik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshirilishi va yuqorida qayd etilganidek osongina taniladigan bo‘lishi zarur.
4) Ushbu Bitimga muvofiq oshkor etilmaydigan ma’lumotlarni taqdim etuvchi Tomonning avvaldan bildirilgan yozma ravishdagi roziligiga binoan, oluvchi Tomon oshkor etilmaydigan shunday ma’lumotni yuqoridagi 3-bandda qayd etilgandan ko‘ra kengroq ravishda tarqatishi mumkin. Tomonlar bunday tarzda keng ko‘lamda tarqatish uchun so‘rovnoma va dastlabki yozma rozilik olish uchun tartibotlarni ishlab chiqishda hamkorlik qilishlari lozim hamda har bir Tomon o‘zining ichki siyosati, qoidalari va qonunda ruxsat etilgan doirada tegishli tarzda o‘z roziligini bildirishi zarur.
V. Oshkor etilmaydigan boshqa ma’lumotlar
Mazkur Bitimga muvofiq o‘tkaziladigan seminarlar va boshqa uchrashuvlarda taqdim etiladigan o‘zga ma’lumotlar yoki boshqa maxfiy yoki imtiyozli ma’lumotlar yoxud xodimlar, mexanizmlardan foydalanish yoki qo‘shma loyihalardan kelib chiquvchi ma’lumotlarni Tomonlar yoki ularning qatnashchilari Bitimdagi hujjatli ma’lumotlar uchun qayd etilgan tamoyillarga muvofiq ko‘rib chiqishlari zarur, ammo buning uchun bunday maxfiy yoki oshkor etilmaydigan yoxud imtiyozli ma’lumotlarni oluvchi bunday aloqa amalga oshirilgan vaqtda ma’lumotning maxfiy xarakterga ega ekanligi to‘g‘risida xabardor qilinishi lozim.
S. Nazorat
Har bir Tomon ushbu Bitimga muvofiq u olgan maxfiy ma’lumot shu yerda qayd etilgan tarzda nazorat qilinishini ta’minlashi lozim. Agar Tomonlardan biriga uning yuqoridagi A va V bandlardagi Tarqatmaslik to‘g‘risidagi qoidalarni bajara olmasligi yoki oqilona tarzda kutishi hamda o‘sha qoidalarni bajarishga qodir emasligi ma’lum bo‘lsa, u darhol boshqa Tomonni bundan xabardor qilishi zarur. Keyinchalik Tomonlar qabul qilish uchun tegishli choralarni belgilash uchun maslahatlashuvlar o‘tkazishlari lozim.
2-ILOVA
Ta’riflar
1. Intellektual mulk: 1997-yil 14-iyulda Stokgolmda imzolanib, Jahon Intellektual Mulk Tashkilotini ta’sis etgan Konvensiyaning 2-moddasida bayon qilingan ma’noga ega.
2. Qatnashchi: ushbu bitimga muvofiq loyihada ishtirok etuvchi istalgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan Tomonlar.
3. Qo‘shma hamkorlik: Tomonlarning birgalikdagi hissalari vositasida va har ikki Tomonning qatnashchilari hamkorligida mutanosib ravishda moliyaviy ta’minlanadigan tadqiqot.
4. Ma’lumotlar: ilmiy yoki texnikaviy ma’lumotlar, qo‘shma tadqiqotlardan kelib chiquvchi natijalar yoki tadqiqot va ishlanmalar usullari hamda qo‘shma tadqiqotda ishtirok etuvchi Tomonlar va/yoki qatnashchilar ushbu Bitimga yoki tadqiqotga muvofiq taqdim etish yoki almashish zarur deb hisoblagan har qanday boshqa ma’lumotlar.
3-ILOVA
Texnologiyalarni boshqarish rejasi (TMR)ning indikativ sifati
TMR — bu qatnashchilar o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish hamda qatnashchilarning tegishli huquq va majburiyatlari to‘g‘risida tuziladigan maxsus bitim. IM, TMR borasida, odatda, boshqalari qatorida, tadqiqotlar va ishlanmalar maqsadida mulkni qo‘riqlash, foydalanuvchilarning huquqlari, foydalanish va tarqatish, shu jumladan birgalikda maqolalar e’lon qilish, keluvchi tadqiqotchilarning huquq va majburiyatlari hamda nizolarni hal etish tartibotlari qayd etiladi. Shuningdek, TMR ham kelgusidagi, ham tarixga oid, litsenziyalash va ta’minotga taalluqli ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
(O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami, 2004-y., 3-4-son)