|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA PARRANDA GRIPPI TARQALISHINING OLDINI OLISH VA UNING XAVFIGA QARSHI CHORA KOʻRISH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Parranda grippiga qarshi kurashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, parranda grippi bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish Fondi tomonidan beriladigan grant mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hamda parranda grippi bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish Fondi tomonidan beriladigan grant mablagʻlarining administratori boʻlmish Jahon bankining Xalqaro rivojlanish uyushmasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasida parranda grippi tarqalishining oldini olish va uning xavfiga qarshi chora koʻrish” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi 2 960 275 AQSH dollari miqdorida grant ajratish haqida bitim imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, “Oʻzbekiston Respublikasida parranda grippi tarqalishining oldini olish va uning xavfiga qarshi chora koʻrish” loyihasini moliyalashtirish 1 va 2-ilovalarga* muvofiq amalga oshiriladi.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. “Oʻzbekiston Respublikasida parranda grippi tarqalishining oldini olish va uning xavfiga qarshi chora koʻrish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Loyihani amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash:
loyiha yechimlarini tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha tavsiyanomalar va chora-tadbirlar ishlab chiqqan holda, ajratiladigan mablagʻlarning samarali oʻzlashtirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin;
loyiha amalga oshirilishining borishini muntazam ravishda koʻrib borsin, zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha takliflar kiritsin;
tanlov tadbirlarini oʻtkazish uchun tender komissiyasining tarkibini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi korxonalarini tarkibiy oʻzgartirish agentligi zimmasiga Jahon bankining tartib-qoidalariga muvofiq grant mablagʻlarini oʻz vaqtida oʻzlashtirish va ulardan maqsadli foydalanishni taʼminlash boʻyicha javobgarlik yuklansin.
5. Loyiha ishtirokchilari uni amalga oshirish davrida — 2009-yilning 31-iyuligacha:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun soliqlar (yigʻimlar) toʻlashdan;
import qilinadigan tovarlar uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;
loyiha ehtiyojlari uchun sotib olinadigan avtotransport vositalari qiymatidan Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻimlar toʻlashdan;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi va Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-oktabr,
PQ-716-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 10-son, 502-modda)