|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.05.2018
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh PROKURATURASINING OLIY OʻQUV KURSLARINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-sonli “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va xodimlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi tugatilsin va uning negizida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslari tashkil etilsin.
2. Oliy oʻquv kurslarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
yuridik fani, prokuror-tergov amaliyoti, mehnat va boshqaruvni ilmiy tashkil etishning eng yangi yutuqlarini oʻrgatish maqsadida prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va xodimlarining malakasini oshirish;
muntazam ravishda tinglovchilarning nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirish, ishchanlik va kasbiy fazilatlarini takomillashtirish;
axborot-tahlil ishlari koʻnikmalarini rivojlantirish, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi va ichki siyosatining asosiy yoʻnalishlariga doir bilimlarni chuqurlashtirish;
professional vazifalarni hal etishda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan, global axborot tarmoqlari resurslari imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi bilimlarni chuqurlashtirish va amaliy koʻnikmalarni takomillashtirish;
demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va qonunchilikni mustahkamlash sohasida tinglovchilarning huquqiy bilimlarini oshirish;
tinglovchilarda tashkilotchilik qobiliyati va rahbarlik mahoratini takomillashtirish;
tinglovchilarni vatanparvarlik, Vataniga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda axloqiy-irodalik fazilatlarni shakllantirish;
prokuror-tergov va sud amaliyotini oʻrganish hamda tahlil qilish;
qonuniylikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurash muammolari boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish hamda amaliy takliflar, tavsiyalar va qoʻllanmalarni ishlab chiqish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslarini boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 11 kishidan iborat tashkiliy-shtat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslari tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash dasturi boʻyicha oʻqish muddati — 6 oy va malaka oshirish dasturi boʻyicha — 1 oy etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ikki haftalik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Bosh prokuraturaning Oliy oʻquv kurslari xodimlariga prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy taʼminlash shartlari tatbiq etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorga muvofiq Oliy oʻquv kurslariga zarur mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 7-noyabr,
PQ-727-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy oʻquv kurslarini tashkiliy-shtat tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 464-modda)