1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.02.00 Transport sohasidagi boshqaruv. Transport xizmatlari koʻrsatishni litsenziyalash]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON TRANSPORT VA TRANSPORT KOMMUNIKATSIYALARI UYUSHMASINI TUGATISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tugatish toʻgʻrisida” 2007-yil 23-oktabrdagi PF-3930-son Farmonini bajarish yuzasidan:
1. Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasining tugatilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.01.00 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.02.00 Transport sohasidagi boshqaruv. Transport xizmatlari koʻrsatishni litsenziyalash;
3.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.03.00 Temir yoʻl transporti / 09.15.03.01 Umumiy qoidalar;
4.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.04.00 Suv transporti;
5.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.06.00 Avtomobil transporti;
6.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.07.00 Shahar transporti]
barcha turdagi transportlar — temir yoʻl, havo, avtomobil va daryo transportining transport tuzilmalari faoliyatini maqbullashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzaro harakatini muvofiqlashtirish, respublika hududida va uning tashqarisida yuk hamda yoʻlovchilar tashish samaradorligini va oqilona tashkil etilishini taʼminlash;
iqtisodiyot tarmoqlari va aholining havoda hamda yerda yuk va yoʻlovchilar tashishga boʻlgan doimiy ravishda ortib borayotgan ehtiyojini hisobga olgan holda Yagona oʻzaro bogʻliq respublika transport tizimini istiqbolli rivojlantirishning kompleks dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish;
transport tarmoqlarini va logistika tizimini rivojlantirish, yangi transport kommunikatsiyalarini jadal ravishda qurish, ularning transport vositalarini oʻtkazish quvvatini oshirish va samarali foydalanilishini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirish;
respublika transport tizimi faoliyat koʻrsatishining barqarorligi va xavfsizligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tugatish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish uchun 1-ilovaga muvofiq tarkibda tugatish Komissiyasi tuzilsin.
Tugatish komissiyasi (Xanov):
Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tugatish bilan bogʻliq chora-tadbirlar kompleksini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirsin;
tugatish jarayonida Uyushma mol-mulkining saqlanishini va ulardan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Uyushma mol-mulkining sotilishini, keyinchalik kreditorlar talablari qondirilgandan keyin qolgan mablagʻlarning Uyushma muassislariga ularning qoʻshgan badallariga mutanosib ravishda qaytarilishini taʼminlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahar, Oʻzbekiston koʻchasi, 16 “a” uy manzilida joylashgan bino Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish direksiyasi balansiga bepul oʻtkaziladi, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 12-dekabrdagi 579-F-son farmoyishiga muvofiq Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi balansidagi maydonlar bundan mustasno.
Belgilansinki, balansga oʻtkazilayotgan bino qiymati qoʻshilgan qiymat soligʻi va daromad (foyda) soligʻini hisoblashda soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin va baʼzilari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-oktabr,
PQ-715-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 24-oktabrdagi PQ-715-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tugatish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish komissiyasi
TARKIBI
N.M. Xanov
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya raisi
I.G. Yakovlev
—
Davlat mulki qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari
R.F. Fayzullayev
—
Oʻzbekiston transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi raisi
Sh.O. Toʻlaganov
—
iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari
Yo.E. Tursunov
—
moliya vazirining oʻrinbosari
B.S. Ulashov
—
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi
R.J. Usmonov
—
Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari
S.B. Xolbayev
—
adliya vazirining oʻrinbosari
Sh.M. Irmatov
—
Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentining bosh mutaxassisi, komissiya kotibi
LexUZ sharhi
1-ilova norasmiy tarjima.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 24-oktabrdagi PQ-715-son qaroriga 2-ILOVA
I. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 12-oktabrdagi 475-son qarori 5-ilovasidagi “Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Toshguzar-Boysun-Qumqoʻrgʻon yangi temir yoʻl liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2004-yil 30-noyabrdagi 559-son qarori:
5-bandining ikkinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi (R.F. Fayzullayev) va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
1-ilovasidagi “R.F. Fayzullayev — Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasining raisi, komissiya raisining oʻrinbosari” soʻzlari chiqarib tashlansin.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 12-oktabrdagi 470-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 10-son, 96-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 15-fevraldagi 64-son qarori ilovasining 5-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 44-son, 442-modda)