Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKENGILSANOAT” DAVLAT-AKSIYADORLIK KOMPANIYASI HUZURIDA TO‘QIMAChILIK MAHSULOTLARI REKLAMASI VA MARKETINGI AGENTLIGINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-martdagi 164-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zi qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Engil sanoatning eksport salohiyatini oshirish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmoqlari ishlab chiqaruvchilarini marketing olib borish borasida qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz to‘qimachilik mahsulotlarining tashqi bozorlarga kirib borishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzurida To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligini (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
yengil sanoat mahsulotlari jahon bozorlari konyunkturasini, mahsulot eksporti yo‘nalishlari bo‘yicha tarmoq korxonalarining takliflari va salohiyatini chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan marketing faoliyatini olib borish, yengil sanoat korxonalariga ularning marketing xizmatlari faoliyatini takomillashtirishda ko‘maklashish;
xorijiy iste’molchilar bilan aloqalar o‘rnatishda, o‘zaro foydali kontraktlar tuzishda, respublika korxonalarining manfaatlarini chet elda himoya qilishda mamlakatimiz yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ko‘maklashish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga eksport qilinadigan mahsulotga narx belgilashga oid axborotlar taqdim etish, tarmoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotning eksport narxlarini oshirish maqsadida tarmoq korxonalari tomonidan kelishilgan narx siyosati o‘tkazilishi bo‘yicha tavsiyalar berish;
korxonalar tomonidan tayyor mahsulotni eksport qilish yuzasidan uzoq muddatli (3—5 yil) buyurtmalar portfeli shakllantirilishini ta’minlashga, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan, jahon bozorida raqobatbardoshli tayyor mahsulot sotilishini rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
yengil sanoat korxonalari va tashkilotlariga, shu jumladan ixtisoslikka doir adabiyotlar, bukletlar nashr etishda va Internet tarmog‘ida ixtisoslashtirilgan veb-saytlar yaratilishi va yuritilishida axborot xizmatlari ko‘rsatish.
2. "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligining xodimlarning cheklangan umumiy soni 11 nafar bo‘lgan boshqaruv tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:
Agentlik mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z faoliyati to‘g‘risida "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga hisobot beradi;
Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.
4. Quyidagilar:
marketing, maslahat, reklama xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Agentlik hisob raqamlariga tushadigan ajratmalar va pul mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb qilinadigan grant mablag‘lari;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foyda);
amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa tushumlar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
5. Agentlik "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahar, Bobur ko‘chasi, 45-uydagi binosiga joylashtirilsin.
6. "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bir oy muddatda Agentlikning ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek Agentlikning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
7. "O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-avgust,
171-son
Vazirlar Mahkamasining
2007-yil 13-avgustdagi 171-son qaroriga
ILOVA
"O‘zbekyengilsanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi huzuridagi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligining boshqaruv tuzilmasi
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 33-34-son, 342-modda)