Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“MEHNAT ShUHRATI” ORDENINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Mehnat shuhrati” ordeni taʼsis etilsin.
2. “Mehnat shuhrati” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Mehnat shuhrati” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
115-I-son
“Mehnat shuhrati” ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekistonda iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar.
Mustasno hollarda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining, jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3 va 9 moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mehnat shuhrati” ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, shunga vakil qilingan boshqa shaxslar topshiradi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar va qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi.
6. “Mehnat shuhrati” ordeni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
“Mehnat shuhrati” ordenining
tavsifi
“Mehnat shuhrati” ordeni 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan kumushdan tayyorlanadi.
Orden markaz qismidan nurlar taralib turgan yashil dafna novdalari bilan oʻralgan boʻrtma notoʻgʻri ellips shaklidadir.
Ordenning yuqori qismida hilpirab turgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan. Ordenning boʻyi 46 millimetr, eni — 41 millimetr.
Ordenning markazida, diametri 16 millimetrli kumush rang doira ichida, quyosh fonida kumush rangda Toshkent shahridagi Xalqlar doʻstligi saroyi tasvirlangan. Doira oq emal bilan qoplangan paxta chanoqlari va diametri 29 millimetrli tishli gʻildirakcha bilan hoshiyalangan. Pastda kumush rang hoshiyali qizil yoqut rangdagi fonda “MEHNAT SNUHRATI” degan kumush rang yozuv bor. Harflarning boʻyi 2 millimetr.
Ordenning orqa tomoni botiq shaklda. Pastda 1 millimetr kattalikdagi shriftda ordenning tartib raqami yozilgan.
Orden eni 24 millimetrli rangdor yoʻl-yoʻl shoyi mato (lenta) sirilgan besh qirrali qadagʻich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Sariq yoʻlning eni 3 millimetr, qizil yoʻlning eni 8,8 millimetr, havo rang yoʻlning eni 4,8 millimetr, yashil yoʻlning eni 4 millimetr, chetdagi sariq yoʻlning eni 3,2 millimetr. Havo rang va yashil yoʻllar biri-biridan eni 0,2 millimetrli oq yoʻl bilan ajratilgan.
Qadagʻichning boʻyi 48 millimetr, eni 46 millimetr.
Orden toʻgʻnogʻich bilan taqiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 190-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)