Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.08.2008
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NODAVLAT NOTIJORAT TAShKILOTLARI FAOLIYATINI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 12-avgustdagi 183-sonli“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2007-yil 28-apreldagi 86-son qarorini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga mablag‘larni nazarda tutsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-aprel,
86-son
Vazirlar Mahkamasining
2007-yil 28-apreldagi 86-son qaroriga
ILOVA
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlariga (keyingi o‘rinlarda NNT deb ataladi) davlat subsidiyalari ajratish, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmasi berish shaklida ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini belgilaydi.
2. Adliya organlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va kamida bir yil faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan NNT faoliyatining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga talabgor bo‘lishlari mumkin.
3. NNT faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hajmi har yili Davlat budjeti xarajatlarining asosiy parametrlarida alohida satrda tasdiqlanadi, uning doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Nizomning 1-bandida ko‘rsatilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shakllaridan har biriga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi belgilanadi.
II. Davlat subsidiyasi ajratish tartibi
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari (keyingi o‘rinlarda davlat subsidiyalari deb ataladi) mablag‘lari hisobiga NNT faoliyatini hamda maxsus loyihalarning amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan moliyaviy yoki boshqacha moddiy yordam davlat subsidiyasi hisoblanadi.
5. NNT faoliyatini davlat subsidiyalari ajratish shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
6. Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan faoliyatni amalga oshiruvchi, fuqarolik jamiyati institutlari tizimini rivojlantirishda qatnashuvchi NNT davlat subsidiyalari olishga talabgor bo‘lishlari mumkin.
7. Davlat subsidiyalari faqat NNTning ustavdagi maqsadlari va vazifalarini bajarish uchun, shu jumladan joriy ta’minot, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarni o‘tkazish uchun ajratiladi va foydalaniladi.
8. Davlat budjeti asosiy parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasidagi davlat subsidiyalarini NNT o‘rtasida taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Davlat budjeti qabul qilingandan keyin 15 kun mobaynida NNT O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat subsidiyalari ajratish to‘g‘risida, ulardan foydalanish yo‘nalishlarini ko‘rsatgan holda yozma buyurtmanoma bilan murojaat qiladilar;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tushgan buyurtmanomalarni NNT ish tajribasi, ustavdagi vazifalarining bajarilishi, faoliyatining ijtimoiy ahamiyati darajasi to‘g‘risida xulosalar taqdim etish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablag‘laridan foydalanishda moliya intizomiga rioya etilishi masalasi bo‘yicha xulosalar taqdim etish uchun — Moliya vazirligiga jo‘natadi;
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqib Vazirlar Mahkamasiga uch haftadan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘z xulosalarini jo‘natadilar.
Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan xulosalarni hisobga olgan holda, NNT murojaat qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida davlat subsidiyalari ajratish to‘g‘risida qaror qiladi.
9. Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining har chorakda teng ulushlarda davlat subsidiyalari ajratish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq har bir NNTni tasdiqlangan hajmlar doirasida moliyalashtirishni amalga oshiradi. Ajratilgan davlat subsidiyalarini hisobga kiritish va sarflash davlat subsidiyalari oladigan NNT uchun maxsus ochilgan budjet hisob raqamlaridan amalga oshiriladi.
10. Davlat subsidiyalari mablag‘larining yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
11. Davlat subsidiyalari oladigan NNT har chorakda Moliya vazirligiga budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda davlat subsidiyalari mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadilar.
12. Ajratilgan davlat subsidiyalarining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
III. Davlat granti ajratish tartibi
13. Ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga, tanlov asosida NNTga beriladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslar davlat granti hisoblanadi.
14. NNT faoliyatini davlat granti ajratish shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
15. Vazirlar Mahkamasi Davlat budjeti qabul qilingandan keyin 15 kun mobaynida davlat grantlari hajmlarini belgilash bilan bir vaqtda NNT tomonidan davlat grantlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarni tanlab olishni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan muvofiqlashtiruvchilarni (keyingi o‘rinlarda Muvofiqlashtiruvchi deb ataladi) belgilaydi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolik jamiyati institutlari tizimini rivojlantirishda qatnashuvchi va milliy maqomga ega bo‘lgan NNT uyushmalari va birlashmalari (O‘zbekiston nodavlat, notijorat tashkilotlari milliy uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot elektron vositalari milliy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va boshqalar) muvofiqlashtiruvchilar bo‘lishi mumkin.
16. Davlat grantlari mablag‘lari hisobiga Muvofiqlashtiruvchilar tomonidan belgilanadigan yoxud NNT tomonidan tavsiya qilingan loyihalar amalga oshiriladi.
17. Ikkala holatda ham Muvofiqlashtiruvchi davlat grantlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmlari belgilangandan keyin bir oy muddatda tanlov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tuzadi va grant olish uchun NNTdan buyurtmanomalar qabul qilishni tashkil etadi.
18. Davlat granti olish uchun NNT komissiyaga davlat granti olish yuzasidan buyurtmanomalarni Muvofiqlashtiruvchilar loyihalari bo‘yicha ham, NNTning o‘zlari tavsiya qiladigan loyihalar bo‘yicha ham tanlov shartlarida belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etadilar.
19. Muvofiqlashtiruvchi buyurtmanomalarni qabul qilishning belgilangan muddati o‘tgandan keyin bir hafta muddatda tanlov qatnashchilari ro‘yxatini amalga oshirish uchun tavsiya qilinayotgan loyihaning NNTning ustavdagi faoliyatiga, maqsadlari va vazifalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar olish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablag‘laridan foydalanishda moliya intizomiga rioya qilinishi masalasi bo‘yicha xulosa olish uchun — Moliya vazirligiga jo‘natadi.
20. Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqib Muvofiqlashtiruvchiga uch haftadan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘z xulosalarini jo‘natadilar.
21. Komissiya taqdim etilgan xulosalarni hisobga olgan holda NNT murojaat qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida davlat granti ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, Muvofiqlashtiruvchi ushbu qaror asosida har bir NNT — grant oluvchi bilan tegishli shartnoma tuzadi.
22. Muvofiqlashtiruvchilar NNTga ajratiladigan davlat grantlari maqsadi va hajmlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga axborot beradilar.
23. NNT — davlat grantlari oluvchilarni moliyalashtirish Muvofiqlashtiruvchilar orqali Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Moliyalashtirish uchun Muvofiqlashtiruvchiga va har bir NNTga ajratilgan davlat grantlarini hisobga olish va sarflash maqsadida xizmat ko‘rsatuvchi banklarda budjet hisob raqamlari ochiladi.
25. Davlat granti mablag‘larining yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
26. Bir moliya yili mobaynida NNTga bittadan ortiq grant berish taqiqlanadi.
27. Davlat grantlari olgan NNT Muvofiqlashtiruvchilarga grantlar ajratish to‘g‘risidagi shartnoma (bitim) shartlarida belgilangan muddatlarda va tartibda, Muvofiqlashtiruvchilar esa har chorakda budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda — ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi to‘g‘risida Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadilar.
28. Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Muvofiqlashtiruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
IV. Davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish tartibi
29. Davlat organi va NNT o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun ishlarni bajarish yoki tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan davlat topshirig‘i NNTga beriladigan davlat ijtimoiy buyurtmasi hisoblanadi.
30. NNT faoliyatini davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
31. NNT tomonidan bajariladigan yo‘nalishlar bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun ajratiladigan mablag‘lar ro‘yxati va hajmi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni bir vaqtda Vazirlar Mahkamasi ular bilan ijtimoiy buyurtmalar bajarilishi kerak bo‘lgan shartnomalar bo‘yicha davlat organlari (keyingi o‘rinlarda Buyurtmachilar deb ataladi) ro‘yxatini yoxud NNT — ijtimoiy buyurtma bajaruvchilari (Vazirlar Mahkamasi buyurtmachi bo‘lgan taqdirda) ro‘yxatini belgilaydi.
32. Ijtimoiy buyurtma olish uchun (Vazirlar Mahkamasi buyurtmachi bo‘lmagan taqdirda) NNT tomonidan bajariladigan ijtimoiy buyurtmalar ro‘yxati tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda NNT buyurtmachilarga ijtimoiy buyurtmani bajarish yuzasidan asoslangan buyurtmanomalar taqdim etadilar.
33. Buyurtmachi bir hafta muddatda buyurtmanomalar bergan NNT ro‘yxatini, amalga oshirish uchun tavsiya qilinayotgan ijtimoiy buyurtmaning NNTning ustavdagi faoliyati, maqsadi va vazifalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar olish uchun — Adliya vazirligiga hamda NNTga ilgari ajratilgan davlat mablag‘laridan foydalanishda moliya intizomiga rioya qilinishi masalasi bo‘yicha xulosa olish uchun — Moliya vazirligiga jo‘natadi.
34. Adliya vazirligi va Moliya vazirligi har bir NNT bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqib Buyurtmachiga uch haftadan ortiq bo‘lmagan muddatda o‘z xulosalarini jo‘natadilar.
35. Buyurtmachilar Adliya vazirligi va Moliya vazirligi xulosalarini hisobga olgan holda davlat ijtimoiy buyurtmasi bajaruvchilarini belgilaydilar va ular bilan aniq ijtimoiy buyurtmani bajarish yuzasidan tegishli shartnomalar (bitimlar) tuzadilar.
36. Moliya vazirligi davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorga muvofiq har bir NNTni tasdiqlangan hajmlar doirasida, shartnomada nazarda tutilgan muddatlarda moliyalashtirishni amalga oshiradi. Davlat ijtimoiy buyurtmalarini bajarishga ajratilgan mablag‘larni hisobga kiritish va sarflash NNT — ijtimoiy buyurtma bajaruvchisi uchun maxsus ochilgan budjet hisob raqamlaridan amalga oshiriladi.
37. Davlat ijtimoiy buyurtmasini olgan NNT Buyurtmachilarga tegishli shartnoma shartlarida belgilangan muddatlarda va tartibda, Buyurtmachilar esa har chorakda budjet tashkilotlari uchun belgilangan muddatlarda — ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi to‘g‘risida Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadilar. Davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun ajratilgan mablag‘larning yil oxiridagi foydalanilmay qolgan qoldiqlari budjetga qaytariladi.
38. Ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat belgilangan tartibda Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
NNTga davlat subsidiyalari ajratish sxemasi
NNT davlat subsidiyalari olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga buyurtmanomalar jo‘natadilar

↓‎

Vazirlar Mahkamasi NNT buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish uchun Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga jo‘natadi
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasiga har bir NNT bo‘yicha tegishli xulosalar taqdim etadilar
↓‎
Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan xulosalarni hisobga olgan holda NNTga davlat subsidiyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uni Moliya vazirligiga jo‘natadi
↓‎
Moliya vazirligi ajratilgan subsidiyalar hajmlari doirasida tegishli NNTga mablag‘lar o‘tkazadi
↓‎
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi davlat subsidiyalari sifatida NNTga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
NNTga davlat granti ajratish sxemasi
Vazirlar Mahkamasi NNT loyihalarini tanlab olishni amalga oshiruvchi muvofiqlashtiruvchilarni ko‘rsatgan holda NNTga grantlar tarzida ajratiladigan davlat mablag‘lari hajmlarini tasdiqlaydi

↓‎

Muvofiqlashtiruvchilar NNTning grant olish yuzasidan buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish uchun tanlov komissiyasi tuzadilar
NNT muvofiqlashtiruvchilarga grant olish yuzasidan buyurtmanomalarni taqdim etadilar
↓‎
Muvofiqlashtiruvchilar ko‘rib chiqish uchun Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga tanlov qatnashchilari ro‘yxatini jo‘natadilar
↓‎
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi muvofiqlashtiruvchilarga har bir NNT bo‘yicha tegishli xulosalarni taqdim etadilar
↓‎
Tanlov komissiyasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi xulosalarini hisobga olgan holda tanlab olishni amalga oshiradilar, NNTga grant ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar, ushbu qaror asosida Muvofiqlashtiruvchi ular bilan tegishli shartnoma tuzadi
↓‎‎
Muvofiqlashtiruvchilar nazoratni ta’minlash maqsadida NNTga ajratiladigan grantlarning maqsadi va hajmlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga axborot taqdim etadilar
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
Davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish sxemasi
Vazirlar Mahkamasi NNT davlat ijtimoiy buyurtmalari uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari hajmini, davlat ijtimoiy buyurtmalari, Buyurtmachilar (davlat organlari) yoki NNT — ijtimoiy buyurtma bajaruvchilari ro‘yxatini tasdiqlaydi

↓‎

Buyurtmachilar NNTning davlat ijtimoiy buyurtmasi olish yuzasidan buyurtmanomalarini qabul qilib olishni tashkil etadilar
NNT davlat ijtimoiy buyurtmasi olish yuzasidan buyurtmanomalarni Buyurtmachilarga taqdim etadilar
↓‎
Buyurtmachilar davlat ijtimoiy buyurtmasi olish yuzasidan Buyurtmachilar ro‘yxatini ko‘rib chiqish uchun Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga jo‘natadilar
↓‎
Adliya vazirligi va Moliya vazirligi Buyurtmachilarga har bir NNT bo‘yicha tegishli xulosalarni taqdim etadilar
↓‎
Buyurtmachilar Adliya vazirligi va Moliya vazirligi xulosalarini hisobga olgan holda tanlab olishni amalga oshiradilar, davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish uchun NNTga mablag‘lar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar hamda ular bilan tegishli shartnoma tuzadilar
↓‎‎
Buyurtmachilar nazoratni ta’minlash uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish uchun NNTga ajratiladigan mablag‘larning maqsadi va hajmlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga va Moliya vazirligiga axborot taqdim etadilar
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 17-18-son, 183-modda)