SURXONDARYO VILOYATI BANDIXON TUMANI HOKIMINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 30-sentabrdagi OʻRQ-226-son “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, tuman hududida kunning keskin isib ketishi munosabati bilan yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 30-sentabrdagi OʻRQ-226-son “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasi ijrosini taʼminlash, tuman hududida yozgi mavsumda kunning keskin isib ketishi natijasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlarning oldini olish, shuningdek, aholining suv havzalarida choʻmilishi bilan bogʻliq baxtsiz hodisalardan muhofaza qilish, insonlar hayoti va sogʻligini asrash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 30-sentabrdagi OʻRQ-226-son “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, tuman hududida kunning keskin isib ketishi munosabati bilan yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatilsin.
2. Mazkur farmoyish talablari tuman hududidagi barcha korxona, tashkilot, muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar uchun ijro etilishi majburiy boʻlgan asosiy rahbariy hujjat sifatida qabul qilinsin.
3. Tuman Ichki ishlar boʼlimi (J. Toʻrayev), “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti Bandixon tuman boʻlimi (A. Ochildiyev):
Tumandagi mavjud gaz toʻldirish stansiyalari, gaz taqsimlash punktlari hamda avtomobillarga siqilgan va suyultirilgan gaz quyish shoxobchalarida (AGNKS va AGQSH) kunning eng issiq vaqtida, yaʼni soat 11:00 dan 17:00 gacha boʻlgan oraliqda tez yonuvchan va yonilgʻi-moylash materiallarini tashish, shoxobchalarga quyish va toʻkish ishlarini amalga oshirishni qatʼiyan taqiqlasin;
shoxobchalarda quyosh nuri toʻgʻridan-toʻgʻri tushadigan sigʻimlarning yopib qoʻyilishi va doimiy sovitib turilishini taʼminlasin;
nafas olish klapanlari va boshqa texnologik jihozlarning sozligi va yaroqliligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin. Ushbu talablarga rioya etmagan transport vositalari egalari va shoxobcha rahbarlariga nisbatan keskin choralar koʻrsin.
4. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (D. Musurmonov) hamda tuman elektr tarmoqlari korxonasi (Y. Toshboyev):
bozorlar, savdo komplekslari va aholiga xizmat koʻrsatish maskanlaridagi transformator punktlarining qizib ketishi va qisqa tutashuvlarning oldini olish maqsadida ularning atrofini tez yonuvchan chiqindilar va quruq oʻtlardan tozalasin;
ichki va tashqi elektr uzatish tarmoqlarining izolyatsiya qatlami, savdo nuqtalaridagi avtomatik oʻchirgichlar (rubilniklar) va saqlagichlarning sozligi hamda loyihaviy quvvatga mosligini tekshiruvdan oʻtkazsin;
issiq havo natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyalarni tezkor bartaraf etish va xavfli hududlarni tarmoqdan zudlik bilan uzish uchun maxsus avariyaviy navbatchi brigadalarning kecha-kunduz faoliyatini tashkil etsin;
bozorlar hududiga yongʻin oʻchirish avtomobillarining toʻsiqsiz kirishi uchun harakatlanish yoʻlaklarini doimiy ochiq holatda saqlasin, barcha yongʻin oʻchirish gidrantlari, ichki kranlar va suv havzalarini yetarli suv bosimi bilan ishchi holatga keltirsin;
har bir savdo rastasi va doʻkonlarni birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari (oʻt oʻchirgich, qum, bagor) bilan majburiy tartibda taʼminlasin;
ish vaqti yakunlangandan soʻng doʻkon va pavilyonlardagi elektr jihozlari (muntazam ishlovchi konditsioner va sovitkichlardan tashqari) tarmoqdan toʻliq uzilishi nazorat qilinsin, qoʻlbola va nostandart isitish/elektr moslamalaridan foydalanishni taʼqiqlasin hamda tungi qorovullik xizmatini kuchaytirsin.
5. Yoʻllardan foydalanish korxonasi DM (B. Hamroyev) tomonidan temir yoʻl va avtomobil yoʻllari chetlaridagi qurigan xas-xashaklar va yonuvchan chiqindilarni tozalash tadbirlarini toʻliq amalga oshirsin.
6. Tuman Qishloq xoʻjaligi boʻlimi (B. Xolbekov) zimmasiga tuman hududidagi fermer xoʻjaliklari va klasterlarga qarashli sunʼiy suv havzalari (plyonkali/membranali suv saqlagichlar)da fuqarolarning choʻmilishini qatʼiyan taʼqiqlash, ehtiyotsizlik oqibatida suvga tushib ketgan insonlarni qutqarish uchun havzalar atrofini arqon va narvonlar bilan taʼminlash hamda tunu-kun navbatchilik tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
7. Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi (Sh. Xusanov), Ichki ishlar boʻlimi(J. Toʻrayev), Milliy gvardiya boʻlimi (M. Eshmoʻminov) va Sogʻliqni saqlash boʻlimi (P. Sagizov):
tuman hududidagi suv omborlari, koʻllar, daryo va kanallar, yasama havzalar hamda choʻmilish taʼqiqlangan boshqa hududlarda aholi hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha tizimli profilaktik tadbirlarni amalga oshirsin;
xavfsizlikni taʼminlash uchun FVB, IIB, Milliy gvardiya va sogʻliqni saqlash xodimlaridan iborat masʼullarni biriktirsin va doimiy nazorat oʻrnatsin.
Tuman tasarrufidagi kanal, soy, suv inshootlari va kollektorlarning har bir piketiga masʼul shaxslarni biriktirsin;
choʻmilish ruxsat etilmagan joylarga “Choʻmilish taʼqiqlanadi!” belgilarini oʻrnatsin;
kanallar, zovurlar va ariqlar ustidan oʻtgan quvurlar ustiga fuqarolar oʻtishini va harakatlanishini cheklash maqsadida ikki tomonlama toʻsiqlar (panjaralar) oʻrnatsin;
belgilanmagan joylarda choʻmilgan fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalariga asosan qonuniy choralar koʻrilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi (X. Toʻrayev) mahalla faollari bilan birgalikda choʻmilish mavsumi davomida voyaga yetmagan bolalar oʻrtasida baxtsiz hodisalarning oldini olish, taqiqlangan joylarda choʻmilishning fojiali oqibatlari hamda xonadonlarda yongʻin xavfsizligi madaniyatini oshirish boʻyicha “mahallabay” tizimi asosida keng qamrovli tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
9. Axborot xizmati rahbari rahbari — davlat tili boʻyicha maslahatchi (Z. Pardayev), “Yangi Bandixon” gazetasi tahririyati (A. Rajapov)ga choʻmilish mavsumi davomida muntazam ravishda oʻtkaziladigan oʻquv amaliy seminar va profilaktik tadbirlami ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Bandixon tumani hokimining 2026-yil 24-iyundagi 90-8-211-F/26-sonli farmoyishi bekor qilinsin.
11. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Doniyorov hamda tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi Sh. Xusanovlar zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi A. ALLAMURADOV
Surxondaryo viloyati, Bandixon tumani,
2026-yil 15-avgust,
154-8-211-Q/26-son