XALQ DEPUTATLARI TUPROQQAL'A TUMANI KENGASHINING
Qarori
Tuproqqalʼa tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2027-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-bobi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi 126-son Farmoniga muvofiq, 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish bilan taʼminlash uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish maqsadida, tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2026-yil 30-sentabrdagi xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Tuproqqalʼa tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2026-yil 30-sentabrdagi xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi 98-sonli Farmoniga muvofiq ijtimoiy ehtiyojmand shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilganligi hamda 126-sonli Farmoniga muvofiq ish oʻrinlarini majburiy zaxiralash tartibi belgilanganligi ijro uchun qabul qilinsin.
3. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (Z. Raxmonov) hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi (S. Allayarov) ning takliflari maʼqullansin va 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun jami 252 ta ish oʻrni zaxiraga qoʻyilsin, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun — 126 kishi;
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun — 7 kishi; ijtimoiy reyestrdagi oilalarning aʼzolari uchun — 102 kishi;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun — 9 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun — 3 kishi; odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun — 5 kishi.
4. 2027-yilda zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) boʻyicha manzilli roʻyxati 1-ilovaga;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) boʻyicha manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizini kalendar yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechiktirmay tayyor holga keltirsin hamda bu haqda tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga axborot taqdim etsin;
ish oʻrinlarining qolgan qismini kalendar yilning birinchi choragi davomida zaxiraga qoʻysin hamda birinchi chorak tugaganidan keyin 10 kun ichida bu haqda axborot taqdim etsin;
ishga joylashtirilgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oy hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar taqdim etib borsin.
Ish oʻrinlarini zaxirada saqlash “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi 64-sonli qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslarni belgilangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan ish beruvchilarsubsidiya olish huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-, 13-, 34-, 38-, 39-, 40- va 41-moddalariga muvofiq mazkur qaror talablarini bajarmagan ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar. Jarima qoʻllanilishi ish beruvchini zaxiraga qoʻyilishi lozim boʻlgan ish oʻrinlarini yaratish majburiyatidan ozod etmaydi.
8. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (Z. Raxmonov)ga:
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini “Bandlik xizmati” axborot tizimi orqali ish beruvchining “YaMMT” IDAKdagi shaxsiy kabinetiga yuborsin;
qaror ijrosi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshirsin;
qaror talablarini bajarmagan yoki fuqarolarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qaror rasmiy nashrlarda eʼlon qilinsin.
10. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan, 2-ilovasi qaror rasman eʼlon qilingan kundan uch oydan keyin kuchga kiradi.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi I. Qalandarov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi X. SULTONOV
Xorazm viloyati, Tuproqqalʼa tumani,
2026-yil 30-oktabr,
VII-31-107-12-218-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.