XALQ DEPUTATLARI KATTAQOʻRGʻON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Kattaqoʻrgʻon tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2027-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi 126-son Farmoniga muvofiq, 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish bilan taʼminlash uchun ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish maqsadida, tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2026-yil 30-sentyabrdagi 1457-sonli xatini hamda mazkur qaror loyihasi (ID 116999) 2026-yil 30-sentyabrdan 15-oktyabrgacha jamoatchilik muhokamasida turganligini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Kattaqoʻrgʻon tumani Kengashining yettinchi chaqiriq oʻttizinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi 98-son Farmoniga muvofiq ijtimoiy ehtiyojmand shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazilganligi hamda 126-son Farmoniga muvofiq ish oʻrinlarini majburiy zaxiralash tartibi belgilanganligi ijro uchun hamda Kattaqoʻrgʻon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining 2026-yil 30-sentyabrdagi 1457-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorning loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (https://regulation.gov.uz/oz/d/116999, ID 116999) 2026-yil 30-sentyabrdan 15-oktyabrgacha muhokamada turganligi hamda Kattaqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan tuman adliya boʻlimining 2026-yil 23-oktyabrdagi 10-sonli huquqiy xulosasida ijobiy baholanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Kattaqoʻrgʻon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining takliflari maʼqullansin va 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun jami 802 ta ish oʻrni zaxiraga qoʻyilsin, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun — 328 kishi;
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun — 21 kishi;
ijtimoiy reyestrdagi oilalarning aʼzolari uchun — 434 kishi;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun — 12 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun — 7 kishi;
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun — 0 kishi.
4. 2027-yilda zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) boʻyicha manzilli roʻyxati 1-ilovaga;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) boʻyicha manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 foizini kalendar yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechiktirmay tayyor holga keltirsin hamda bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga axborot taqdim etsin;
ish oʻrinlarining qolgan qismini kalendar yilning birinchi choragi davomida zaxiraga qoʻysin hamda birinchi chorak tugaganidan keyin 10 kun ichida bu haqda axborot taqdim etsin;
ishga joylashtirilgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oy hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar taqdim etib borsin.
Ish oʻrinlarini zaxirada saqlash “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi 64-son qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslarni belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan ish beruvchilar subsidiya olish huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 3, 13, 34, 38, 39, 40 va 41-moddalariga muvofiq mazkur qaror talablarini bajarmagan ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
Bunda jarima qoʻllanilishi ish beruvchini zaxiraga qoʻyilishi lozim boʻlgan ish oʻrinlarini yaratish majburiyatidan ozod etmasligi inobatga olinsin.
8. Kattaqoʻrgʻon tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (E. Raximov):
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini “Bandlik xizmati” axborot tizimi orqali ish beruvchining “YaMMT” IDAKdagi shaxsiy kabinetiga yuborsin;
qaror ijrosi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshirsin;
qaror talablarini bajarmagan yoki fuqarolarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilishini taʼminlasin.
9. Tuman hokimining Axborot xizmati rahbari — davlat tili boʻyicha maslahatchisi (J. Safarov), “Kattaqoʻrgʻon kecha va bugun” gazetasi tahririyati (J. Normamatov)ga mazkur qaror tuman hokimligining rasmiy veb-sayti va rasmiy ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirish hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
10. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Kattaqoʻrgʻon tumani Kengashining doimiy komissiyalari (A. Xudayberdiyev, D. Mirzaxonova) hamda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari F. Tolibov zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi D. UBAYDULLAYEV
Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon tumani,
2026-yil 29-oktabr,
VII-30-114-7-96-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.