OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ADMINISTRATSIYASI HUZURIDA TAʼLIM SIFATINI TAʼMINLASH MILLIY AGENTLIGI
DIREKTORINING
DIREKTORINING
BUYRUGʻI
Taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun yigʻimlar miqdorlari va ularni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 31-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3739-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-76-son “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-son “Oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining 2025-yil 24-dekabrdagi 1-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3739, 2025-yil 30-dekabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2026-y., 10/26/3739/0005) bilan tasdiqlangan Taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun yigʻimlar miqdorlari va ularni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun bazaviy yigʻim miqdorlari taʼlim tashkilotining Agentlikka qilgan murojaati asosida Agentlik direktorining buyrugʻi bilan mazkur yigʻimlarning toʻrtdan bir qismi miqdorida quyidagilardan biri mavjud boʻlganda qoʻllaniladi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida muayyan sohalar uchun kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, yangi taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar yoki taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha topshiriqlar belgilangan boʻlib, ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli taʼlim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish zarurati yuzaga kelganda;
2) taʼlim tashkilotining amaldagi taʼlim dasturlarining kamida 50 foizi Agentlik tomonidan yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestriga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan hamda ushbu akkreditatsiya natijalaridan davlat akkreditatsiyasi jarayonida foydalanish orqali baholash ishlari hajmini qisqartirish imkoniyati mavjud boʻlganda;
3) taʼlim dasturining xususiyati, baholash mezonlari va indikatorlaridan kelib chiqib, joyiga chiqqan holda oʻrganish talab etilmasdan maxsus davlat akkreditatsiyasini masofaviy shaklda oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlganda;
4) taʼlim tashkiloti bir vaqtning oʻzida 10 ta va undan ortiq taʼlim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish uchun murojaat qilganda;
5) bir turdagi yoki turdosh taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda ular uchun umumiy boʻlgan taʼlim, moddiy-texnika, axborot-resurs, kadrlar yoki boshqa infratuzilmani takroran baholash talab etilmasligi natijasida akkreditatsiya ishlarining amaldagi hajmi qisqarganda.
Bunda taʼlim tashkiloti akkreditatsiya yigʻimini kamaytirishni soʻrab, quyidagilarni yozma yoki elektron shakldagi arizaga ilova qilishi lozim:
taʼlim tashkilotining faoliyatni amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjati nusxasi;
ushbu bandning 1 — 5-kichik bandlarida nazarda tutilgan holatlardan kamida bittasini tasdiqlovchi hujjatlar.
Arizaga akkreditatsiya yigʻimini kamaytirishga asos boʻluvchi boshqa maʼlumotlar ham ilova qilinishi mumkin.”.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. YULDASHEV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-oktabr,
1-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 6-oktabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili A. BURIYEV
2026-yil 17-avgust
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2026-yil 10-avgust
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 10-avgust
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 15-iyul
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2026 y., 10/26/3739-1/1087-son)