XALQ DEPUTATLARI SHAHRIXON TUMANI KENGASHINING
qarori
Shahrixon tumanida suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari va 2026-yil oʻsuv davri uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga ajratilgan cheklangan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida suv xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularning hisobini yuritish tizimini takomillashtirish, shuningdek, suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha ishlar izchil davom etmoqda.
Suv resurslarini boshqarish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, irrigatsiya va melioratsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini taʼminlash, suv xoʻjaligini boshqarish sohasida bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fanni rivojlantirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvar kungi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, xalq deputatlari Shahrixon tumani Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvar kungi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvar kungi PQ-5-sonli qarori 7-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki:
Shahrixon tumanida 2026-yil hosili uchun asosiy maydonlarga qishloq xoʻjaligi ekinlarining joylashtirish koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
tuman hududidagi massivlar kesmida 1-apreldan 30-sentabrgacha ajratilgan cheklangan suv limiti taqsimoti 2-ilovaga muvofiq;
tumanda faoliyat olib borayotgan qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini yetishtiruvchi suv istemolchilarning ekin maydonlariga 2026-yil 1-apreldan 30-sentabrgacha ajratilgan cheklangan suv limiti taqsimoti 3-ilovaga muvofiq;
tuman hududidagi aholi tomorqa maydonlariga 2026yil 1-apreldan 30-sentabrgacha ajratilgan cheklangan suv limiti taqsimoti 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda sugʻorish tarmoqlarini xatlovdan oʻtkazish hamda ularning tegishliligi boʻyicha balansga berilishi va kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi choralarini koʻrsin.
5. Shahrixon tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi rahbari E. Oʻrinboyevga:
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
tuman hududida suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman Kengashiga har yarim yillikda hisobot berish vazifalari yuklatilsin.
6. Mazkur qaror tasdiqlash uchun tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibibga kiritilsin.
Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish doimiy komissiya aʼzolari zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi R. BOʻTAYEV
Andijon viloyati, Shahrixon tumani,
2026-yil 26-may,
VII-14-37-1-28-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.