Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) ijrosi “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilganligini taʼkidlaydi.
Jahon iqtisodiyotida noaniqliklar va xavf-xatarlar saqlanib qolayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar makroiqtisodiy barqarorlikni va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash imkonini berdi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻsish surati 8,5 foizni tashkil etib, bunda bozor xizmatlari 16,9 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 8,0 foizga, qurilish ishlari 13,8 foizga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,7 foizga koʻpaygan. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yil boshiga nisbatan inflyatsiya darajasi 3,3 foizgacha pasaydi. Asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 17,5 foizga oshib, 338,9 trln. soʻmni tashkil etdi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar esa 12,4 mlrd. dollarga yetdi. Oltin eksporti ulushini inobatga olmagan holda umumiy eksport hajmi 31,6 foizga oʻsib, 14,4 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Davlat budjeti daromadlari 207,4 trln. soʻmga yetkazilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln. soʻmga (+43,8 foiz) oshdi. Bevosita soliqlar 77 trln. soʻmni (+75,1 foiz), bilvosita soliqlar 61,6 trln. soʻmni (+20 foiz), resurs va mol-mulk soliqlari 29,1 trln. soʻmni (+48,7 foiz) tashkil etdi. Mahalliy budjetlarda 6,2 trln. soʻm miqdordagi qoʻshimcha manbalar shakllantirildi. Budjet xarajatlarining 51,5 foizi yoki 105,8 trln. soʻm miqdordagi qismi ijtimoiy sohani moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Bunda taʼlim sohasiga 49,5 trln. soʻm, sogʻliqni saqlash sohasiga 22,7 trln. soʻm, nafaqa va moddiy yordam toʻlovlariga 7,3 trln. soʻm ajratildi. Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari (BRMM) tamoyillari doirasida xarajatlarning 78,5 foizi (161,3 trln. soʻm) milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga yoʻnaltirildi. Aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha ipoteka kreditlari uchun 814,2 mlrd. soʻm subsidiya berildi, “Tashabbusli budjet” tadbirlariga 3,2 trln. soʻm ajratildi, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga 837,2 mlrd. soʻm yoʻnaltirildi. Budjetdan ajratilgan 13,0 trln. soʻm miqdordagi subsidiyalarning 5,5 trln. soʻm qismi ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarga (nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, jamoat transporti, ijara va kontrakt toʻlovlari), 5,0 trln. soʻmga yaqin qismi energetika va issiqlik taʼminotida tariflar farqini qoplashga yoʻnaltirildi.
Shu bilan birga budjet intizomini taʼminlash, ajratilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida va manzilli oʻzlashtirish hamda moliyaviy hisobotlarning haqqoniyligini taʼminlash borasida bir qator tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan markazlashgan investitsiya xarajatlari rejaga nisbatan 88,6 foizga (1 250,9 mlrd. soʻm qismi bajarilmagan), fan sohasi xarajatlari 85,4 foizga (188,5 mlrd. soʻm qismi bajarilmagan), obodonlashtirish ishlari 89,2 foizga (404 mlrd. soʻm qismi bajarilmagan) ijro etilgan.
Xususan, respublika budjetidan ajratilgan limitlar doirasida yillik rejada koʻzda tutilgan ayrim rivojlantirish dasturlari boʻyicha hajmi 2,9 trln. soʻm (8,0 foiz) boʻlgan amaliy ishlar birinchi yarim yillikda boshlanmagan, shu jumladan maktablarda kompyuter sinflarini yangilash, interaktiv doskalarni xarid qilish, bemorlarni bepul ingalyatorlar hamda qon bilan ishlash muassasalarini gemokonteynerlar bilan taʼminlash kabi oʻta muhim ijtimoiy vazifalar moliyalashtirilmagan, shuningdek ayrim vazirliklar va idoralarda (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligida, Migratsiya agentligida) budjet xarajatlari ijrosi nihoyatda past darajada qolgan.
Infratuzilmani rivojlantirish dasturiga kiritilgan 147 ta yangi obyekt boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari oʻz vaqtida ishlab chiqilmagan, moliyalashtirilmay qolganligi sababli 3 ta taʼlim muassasasini yangi oʻquv yiliga foydalanishga topshirmaslik xavfi yuzaga kelgan, birinchi yarim yillik uchun 20,3 trln. soʻm miqdordagi xarajatlar rejasi asossiz kamaytirilib, yilning ikkinchi yarmiga oʻtkazib yuborilgan. Shuningdek yuridik shaxslarning 33,2 foizi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning 51 foizi nofaol holatda ekanligi iqtisodiy islohotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Budjet-soliq maʼmuriyatchiligi va hisobotlarida jiddiy nomuvofiqliklarga va raqamlarni buzib koʻrsatish holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Xususan, axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga koʻra yuridik shaxslarning jami 50,2 trln. soʻm miqdordagi soliq qarzi mavjud boʻlsa-da, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan hisobotda faqat “faol qarz” (11,4 trln. soʻm) koʻrsatilib, 38,9 trln. soʻm miqdordagi qarzdorlik, shuningdek jismoniy shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq qarzlari yashirilgan. Bundan tashqari yuridik shaxslarning ortiqcha toʻlangan soliqlari miqdori 8,57 trillion soʻmga (66 foizga) kam koʻrsatilgan, “E-imtiyoz” tizimida esa jismoniy shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan imtiyozlarning yagona bazasi yaratilmagan.
Tovarlarni import qilishda toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarining soliq va bojxona organlari tomonidan notoʻgʻri hisobga olinishi oqibatida amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda mahalliy budjetlarda 31,2 mlrd. soʻm miqdordagi daromadlar notoʻgʻri shakllantirilgan. Xuddi shuningdek alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻlangan aksiz soligʻidan hamda gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalarini utilizatsiya qilish yigʻimidan tegishli jamgʻarmalarga oʻtkazilgan mablagʻlar Davlat budjeti xarajatlari orqali emas, balki daromadlarni alohida ochilgan kodlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kamaytirish orqali notoʻgʻri aks ettirilgan. Xorijiy kreditlar hisobidan qayta moliyalashtirilgan loyihalar boʻyicha subqarzdorlarning 16,6 mln. dollar miqdordagi muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari (Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Migratsiya jamgʻarmasi, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi, Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi, Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi, Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi) tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda daromadlar, xarajatlar va davr oxiriga oid qoldiq mablagʻlar kamaytirib koʻrsatilgan.
Budjet tashkilotlarida mavjud 3 mingdan ortiq vakant lavozim shtat birliklari bilan toʻldirilmagan. Bundan tashqari ayrim birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning bajarilishi holati haqidagi hisobot maʼlumotlari bilan Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotdagi maʼlumotlar oʻrtasidagi mavjud tafovutlar bartaraf etilmagan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari 245,3 trln. soʻmni, xarajatlari esa 240,4 trln. soʻmni tashkil etib, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari 4,9 trln. soʻm profitsit bilan ijro etilganligi qayd etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi 2026-yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan maqsadlar va vazifalarning soʻzsiz amalga oshirilishini, Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlari bajarilishini hamda aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha tizimli choralar davom ettirilishini taʼminlash;
Davlat dasturi ijrosini taʼminlash doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar, budjet mablagʻlari hamda boshqa manbalar hisobidan ajratilayotgan resurslarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va ulardan oqilona foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasida koʻrsatilgan, Davlat budjeti ijrosiga, soliq va bojxona maʼmurchiligiga oid yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Davlat budjeti xarajatlarining oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin, budjet intizomi buzilishi, kamomadlarga va maqsadsiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olsin, shuningdek vazirliklar va idoralarning rivojlantirish dasturlari hamda ularning maqsadli indikatorlari ijrosi yuzasidan doimiy monitoringni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining va Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining maʼlumotlarini avtomatik ravishda solishtirish tizimini takomillashtirish orqali budjet daromadlarining takroriy yoki notoʻgʻri aks ettirilishi holatlarini bartaraf etsin;
Davlat budjetidan har yili ajratiladigan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatsin hamda uning natijalari boʻyicha maʼlumotlarni Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining choraklik hisobotlari tarkibida taqdim etib borsin;
Davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobotlaridagi daromadlаr, xarajatlar va qoldiq mablagʻlar boʻyicha tafovutlarni bartaraf etsin hamda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rasmiy veb-saytlarida maqsadli indikatorlar koʻrsatkichlari toʻliq aks ettirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi:
soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga koʻmaklashish, boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin;
soliq organlarining axborot tizimlaridagi maʼlumotlar va budjet hisobotlari oʻrtasidagi tafovutlarni bartaraf etsin, yuridik va jismoniy shaxslarning hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning jami soliq qarzdorligi va ortiqcha toʻlovlari hisobotlarda toʻliq aks ettirilishini taʼminlasin;
“E-imtiyoz” axborot tizimiga jismoniy shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlarining yagona elektron hisobini toʻliq kiritsin hamda tovarlarni import qilishda toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini notoʻgʻri hisobga olish oqibatida mahalliy budjetlarda yuzaga kelgan nomuvofiqliklarni bartaraf etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining, tarmoqlarga oid va hududiy dasturlar hamda loyihalarning natijadorligini oʻz faoliyati yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda oʻrganish va bu boradagi parlament nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari vazirliklar va idoralarning rivojlantirish dasturlari hamda ularning maqsadli indikatorlari ijrosi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining axboroti belgilangan tartibda qoʻmita majlislarida muntazam eshitib borilishini taʼminlasin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-sentabr,
2533-V-son