Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan kelib chiqadigan tashkiliy-amaliy vazifalar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan kelib chiqib, istiqlol davrida, ayniqsa, oʻtgan oʻn yil davomida mamlakatimizda olib borilgan islohotlarning ahamiyatini hamda kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltirish boʻyicha Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan milliy dasturlarni amalga oshirishda parlamentning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar boʻyicha «Yoʻl xaritasi» (bundan buyon matnda «Yoʻl xaritasi» deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz besh yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng yoritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining media-rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. «Yoʻl xaritasi»da nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlar bajarilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosarlari, qoʻmitalari raislari hamda Devoni rahbari masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga «Yoʻl xaritasi»da belgilangan tegishli tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining organlariga belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ilmiy-uslubiy jihatdan koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Matbuot xizmati hamda Parlament axborot-tahlil markazi «Yoʻl xaritasi» doirasida amalga oshirilgan ishlarni ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Nazorat-tahlil boʻlimi «Yoʻl xaritasi»ning ijrosi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning ijrosi toʻgʻrisida Qonunchilik palatasining rahbariyatiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-sentabr,
2518-V-son