XALQ DEPUTATLARI XORAZM VILOYATI KENGASHINING
qarori
Viloyatdagi davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun 2026-yilda qoʻllaniladigan ijara toʻlovining eng kam stavkalarini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-sonli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrda 660-sonli qarori, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari A. Davletovning 2025-yil 19-dekabrdagi 10-5244-sonli xati hamda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqamasining 2025-yil 18-dekabrdagi 02-04-33-32/1175-sonli xulosasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Xorazm viloyatida davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun 2026-yilda 1 kv.metr uchun QQS hisobga olingan holda qoʻllaniladigan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 1-ilovaga;
Ijara toʻlovini (ijara toʻlovining eng kam miqdori) hisoblash tartibi va qoʻllaniladigan oshiruvchi koeffitsiyentlar 2-ilovaga;
Radio, uyali va peyjing aloqa antennalari (texnik uskunalar) oʻrnatilganda foydalaniladigan maydon uchun ijara haqi toʻlovlari hisoblanishi tartibi 3-ilovaga;
Moddiy-madaniy meros obyektlari boʻlgan bino va inshootlarda mehmonxona va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tashkil qilishda ijara toʻlovi (ijara toʻlovining eng kam miqdori)ni hisoblash tartibi va qoʻllaniladigan oshiruvchi koeffitsiyentlar 4-ilovaga;
Ijara toʻlovining eng kam stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni hisoblash tartibi 5-ilovaga;
Viloyat shahar (tuman)larining markaziy va serqatnov koʻchalari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasi (U. Kalandarov):
ijara toʻlovi qiymatini belgilashda 1-ilovada koʻrsatilgan koʻchmas mulk uchun qoʻllaniladigan eng kam stavkalardan eng kam miqdor sifatida foydalansin. Bunda davlat mulki boʻlgan binolar va xonalarda joylashgan budjet tashkilotlari uchun ijara toʻlovi nol stavkada qoʻllansin;
viloyat hududidagi madaniy meros obyektlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-oktabrdagi 881-sonli qarori talablari asosida ijaraga berilishini taʼminlasin.
3. Davlat mulkini balansda saqlovchilarning mansabdor shaxslari joriy yilning har choragida kamida bir marta oʻzining tasarrufida boʻlgan davlat mulkini xatlovdan oʻtkazgan holda foydalanilmayotgan davlat mulki, shuningdek, ijaraga berilayotgan mol-mulkning “tiklanish qiymati” toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasiga oʻz vaqtida toʻliq va ishonchli taqdim etilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.
4. Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi (Oʻ. Matqurbanov) hamda “Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati (S. Raximberganova) ushbu qarorni rasman eʼlon qilsin.
5. Ushbu qaror tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi raisi K. Igambergenov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi A. RADJABOV
Xorazm viloyati,
2026-yil 28-yanvar,
VII-17-4-12-0-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.