XALQ DEPUTATLARI NUROTA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Nurota tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan markaziy koʻchalar boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-son qarorining 8-bandiga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar) markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlariga chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlarini shartnoma asosida koʻrsatishga ruxsat berilganligi, mazkur xizmatlar uchun tariflar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, tuman hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi O. Oxunjonovning 2026-yil 3-iyuldagi 03-03/2071/3-sonli xati hamda xalq deputatlari Nurota tumani Kengashining agrar suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 3-iyuldagi DKQ 03-04/56-26-sonli qarorini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan, Xalq deputatlari Nurota tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Nurota tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflari yuzasidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari R. Saidovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda maishiy chiqindilar, agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va boʻta shox-shabbalari, barglari) hamda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun toʻlov narxlari ilovaga muvofiq maʼqullanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (O. Oxunjonov)ga tasdiqlangan tariflarni amaliyotga toʻliq va oʻz vaqtida joriy etilishini taʼminlash, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, iqtisodiyot va moliya boʻlimi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatishda yagona yondashuv va tartib intizomni taʼminlash tavsiya etilsin.
4. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari (R. Saidov)ga markaziy koʻchalarda joylashgan tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida chiqindilarni oʻz vaqtida va sifatli olib chiqish, hududlarni sanitariya va ekologik talablarga muvofiq obodonlashtirish, belgilangan tariflar asosida xizmatlarni uzluksiz tashkil etish, shartnoma majburiyatlarini qatʼiy bajarish tavsiya etilsin.
5. Tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi (S. Haydarov)ga mazkur xizmatlar uchun belgilangan tariflarning iqtisodiy asoslanganligini doimiy ravishda tahlil qilib borish, xizmatlar tannarxi va moliyaviy samaradorligini oʻrganish, budjet intizomiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash hamda ushbu sohada ortiqcha xarajatlarning oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrib borish tavsiya etilsin.
6. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (F. Usmanov)ga xizmatlar boʻyicha shakllanadigan barcha tushumlarning toʻliq va shaffof hisobga olinishini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlari bilan hisob-kitoblarning toʻgʻri yuritilishini nazorat qilish, yashirin iqtisodiyotning oldini olish hamda soliq bazasini kengaytirish yuzasidan qatʼiy nazorat choralarini amalga oshirish tavsiya etilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi (O. Oxunjonov) zimmasiga, qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining agrar suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (H. Qurbonov) zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 (uch) oydan soʻng kuchga kiradi.
Kengash raisi J. MIRZAYEV
Navoiy viloyati, Nurota tumani,
2026-yil 5-avgust,
VII-28-81-5-74-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.