XALQ DEPUTATLARI KO'KDALA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Koʻkdala tumani boʻyicha 2026-yil vegetatsiya davrida sugʻorish ishlari uchun ajratilgan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv-tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Ahmedovning hisobotini tinglab, deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6-24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Koʻkdala tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijro uchun hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Ahmedovning hisoboti maʼqullansin va “qoniqarli” deb topilsin.
2. Koʻkdala tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Ahmedovning Koʻkdala tumani boʻyicha 2026-yil bahor-yoz “vegetatsiya” davrida sugʻorish ishlari uchun ajratilgan suv limiti toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari S. Serkayev va Koʻkdala tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Ahmedovlarga:
ajratilgan suv olish limitlari doirasida irrigatsiya tizimi tuman suv yetkazib berish xizmati alohida ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlarining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va har bir suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilar kesimida ularning suvga boʻlgan talablari asosida belgilangan suv olish chegara limitlarini tasdiqlab, har bir suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilariga yetkazsin;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishi hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda:
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish (aholi tomorqa yerlari bundan mustasno) vositalari bilan jihozlash;
suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmolining tasdiqlangan rejasi (kommunal-maishiy suv taʼminotidagi fuqoralar bundan mustasno);
suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish uchun berilgan ruxsatnomalarning boʻlishi majburiy talab hisoblanishi eʼtiborga olinsin;
suv resurslarini samarali boshqarish maqsadida barcha suv olish nuqtalaridagi gidropostlarning mavjudligi va sifatli taʼmirlanganligini koʻrib chiqib, mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etsin hamda har bir suv olish inshootlari jihozlanishini taʼminlasin;
suvni samarali boshqarish va ulardan maqsadli hamda tejamli foydalanish boʻyicha oʻquv seminar va tushintirish ishlarini olib borsin; har bir suv olish inshooti, nasos stansiyasi boʻyicha suvning ikki (uch) tomonlama kundalik hisob jurnali, hisobi va hisobotini belgilangan tartibda olib borishini taʼminlasin.
4. Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi joylarda suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan maqsadli foydalanish boʻyicha monitoring olib borilishini hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish va suv yetishmovchiligining oldini olish boʻyicha masʼul etib belgilansin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi, ekologiya va qurilish, kommunal soha masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi (Y. Chorshanbiyev) hamda tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (S. Serkayev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi A. KELDIYEV
Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumani,
2026-yil 19-may,
VII-23-55-4-224-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.