XALQ DEPUTATLARI IZBOSKAN TUMANI KENGASHINING
qarori
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 14-sentyabrdagi “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2736-III/QQ-592-III-son Qoʻshma qarori ijrosini taʼminlash hamda Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishni ixchamlashtirish, namunali oilaviy tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish va ushbu masalada targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, doimiy monitoringini yoʻlga qoʻyish maqsadida hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 14-sentyabrdagi “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2736-III/QQ-592-III-son Qoʻshma qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qaror bilan Xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashi huzurida “Toʻylar, oilaviy tantanalar maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish” boʻyicha komissiyasi tuzilsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishi quyidagicha belgilansin:
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 22:00 oraligʻida oʻtkazish;
Soat 22:00 dan keyin toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni davom ettirishga yoʻl qoʻyilmasin;
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi belgilansin.
Qoʻshaloq toʻylarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
Dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.
Milliy anʼanalarga yot, odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan toʻylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qoʻshimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “ota koʻrdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “togʻora yuborish” va hokazolarni) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasin.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bogʻliq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va “hokazolarni”) oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmasin.
4. Izboskan tuman hokimining yoshlar siyosati ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari (A. Mirzaev ), Izboskantuman madaniyat boʻlimi (Ch. Mamadaliyeva)larga:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni milliy qadriyatlarga mos tarzda ixcham va kamxarj oʻtkazishga erishish uchun sanʼatkorlar tomonidan xizmatlar koʻrsatilishini tartibga solish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Izboskan tuman boʻlimi boshligʻi (S. Abdusalomova) ga:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq milliy va diniy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid boʻlgan marosimlar, nomaqbul odatlar va ularning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borishi va tegishli tavsiyalar berish;
toʻy egalari tomonidan sodir etiladigan milliy urf-odat va anʼanalarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik kabi xatti-harakatlar ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishi, tegishli talablarga rioya etilmagan holatlarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham, keng aholi manfaatlarini, milliy qadriyat va anʼanalarni hisobga olgan holda, ijtimoiy tabaqalanishga yoʻl qoʻymasdan oʻtkazish boʻyicha jamoaviy suhbatlar tashkil etish;
hududda oʻtkazilishi rejalashtirilgan har bir oilaviy tadbirdan xabardor boʻlishi, uning oʻtkaziladigan joyi, ishtirokchilar soni boʻyicha maʼlumotga ega boʻlish;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlardan oldin va keyin oʻtkaziladigan ortiqcha rasm-rusum va marosimlarning oldini olish choralarini koʻrish kabi vazifalar yuklatilsin.
6. Izboskan tuman bosh imom xatibi ( A. Xamroqulov)ga:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar davomida muqaddas dinimiz talablariga zid boʻlgan turli odat va rasm-rusumlar oʻtkazilishining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha choralarni koʻrsin, bu borada diniy tashkilotlarning vakolatli vakillari masʼuliyatini yanada kuchaytirsin.
7. Xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashi huzurida Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyasi, Izboskantuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi ( M.A. Raxmonov ) bilan birgalikda Nizom talablaridan kelib chiqib, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni tashkil etish va oʻtkazishda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari hamda mahalla fuqarolari yigʻinlari raislarining faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. Izboskan tuman hokimligi matbuot xizmati (O. Jabborov )ga:
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish tartibiga rioya etilishi holati, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizning haqiqiy mohiyati hamda ahamiyatini keng yoritib borish, aholi orasida targʻibot-tashviqot ishlarini tizimli tashkil etish tavsiya etilsin.
9. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi boshligʻi (Y. Komilova)ga:
nikohdan oʻtish maqsadida ariza bergan shaxslar hamda ularning ota-onalari bilan yashash joylarida, mahallada suhbatlar uyushtirishi, ularga nikohdan oʻtish tartib-taomillari, toʻy marosimlarini kamxarj va ixcham oʻtkazish boʻyicha tushuntirish berish;
mahalliy davlat hokimiyati va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda din ulamolari, tibbiyot xodimlari, psixologlar ishtirokida "Yosh kelin-kuyovlar klubi”, “Oila maktabi”, “Qudalar suhbati” kabi kurslar tashkil qilish;
nikohdan oʻtish haqidagi arizani roʻyxatdan oʻtkazgandan soʻng uch ish kunida nikohlanuvchi shaxslar yashayotgan mahalla fuqarolar yigʻinini bu haqda xabardor qilishi koʻrish kabi vazifalar yuklatilsin.
10. Izboskan tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi v.v.b ( B.B. Boʻlishboev )ga:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar oʻrtasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham va kamxarj oʻtkazishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirish;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarning shuhratparastlik va dabdaba bilan oʻtkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek bunday tadbirlar davomida jamoat tartibini taʼminlash;
toʻyxona, kafe va restoranlar maʼmuriyati rejalashtirilayotgan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar haqida ushbu tadbirlar oʻtkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berish;
oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishida jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda fuqarolar xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz holatlarning oldini olish choralarini doimiy ravishda koʻrib borish kabi vazifalar yuklatilsin.
11. Izboskan tuman Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi (N. Qobilova), hamda Yoshlar ishlari agentligi Izboskan tuman boʻlimi boshligʻi (J. Qoʻchqaronov )larga:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishni rejalashtirgan oila vakillari bilan, ayniqsa, nikohning ilk davrlarida er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasida suhbatlar tashkil etishi;
xotin-qizlarga toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni kamxarj qilib oʻtkazishni, ularda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy taʼsir koʻrsatishini hayotiy misollar orqali keng tushuntirishi;
“Ota-onalar universiteti” mashgʻulotlarida sarpo, buyum yigʻishga ruju qoʻyish, oila byudjetini notoʻgʻri rejalashtirish va boshqa nosogʻlom orzu-havaslarning salbiy oqibatlarini tushuntirish;
turmush qurish arafasida turgan yoshlar bilan ijtimoiy-psixologik suhbatlar uyushtirishi, ularni oilaviy hayotga tayyorlashi, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni ixcham va isrofgarchiliksiz oʻtkazish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishi;
yoshlar oʻrtasida urf boʻlayotgan “ommaviy madaniyat”, “sevgi tarixi”, qimmatbaho mashinalar korteji va boshqalarning salbiy oqibatlarini koʻrsatib beradigan ijtimoiy roliklar va filmlar, badiiy asarlar tayyorlash hamda targʻib qilish tadbirlarini amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilsin.
12. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Izboskan tuman boʻlinmasi rahbari (G. Djalilova)ga
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentabrdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 589-son qarorining tegishli bandlarini aholiga yetkazish hamda ushbu yoʻnalishda targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish boʻyicha 2025-yil noyabr-dekabr oylarida amalga oshiriladigan ishlar boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilisin.
13. Xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashi huzuridagi “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish” boʻyicha komissiyasi toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishining doimiy monitoringini amalga oshirib borsin va uning natijalariga koʻra tegishli takliflarni xalq deputatlari tuman Kengashiga kiritib borsin.
14. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari zimmasiga yuklatilsin.
15. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi S. AXRAROV
Andijon viloyati, Izboskan tumani,
2026-yil 5-fevral,
VII-12-6-1-22-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.