XALQ DEPUTATLARI GURLAN TUMANI KENGASHINING
QARORI
Gurlan tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Gurlan tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimining 2025-yil 29-dekabrdagi 04-7-09/14140-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Gurlan tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq Gurlan tumani budjetining 2026-yilgi daromadlari 134,9 mlrd soʻm va xarajatlari esa 134,9 mlrd soʻmga tengligi maʼlumot uchun qabul qilinganligi, Gurlan tumani budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 0,8 mlrd soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman budjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman budjetidan 2026-yilda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1,67 mlrd soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. Xasanov, tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Artikov), tuman soliq inspeksiyasi (A. Urazbayev) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishini;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishini;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishini;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishini;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarning joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi” raisi N. Azimjanov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi R. OʻRAZBAYEV
Xorazm viloyati, Gurlan tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-19-122-12-171-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.