Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan yer islohotlari samaradorligini taʼminlash, qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan, shuningdek mazkur sohada olib borilayotgan islohotlarni hayotga izchil tatbiq etishga doir ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita 1 ta yaxlit qonun loyihasi, ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan 10 ta qonun loyihasi, shuningdek maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari bilan bogʻliq boʻlgan Qonunchilik palatasining 3 ta qarori loyihasi ustida ish olib borgan hamda qabul qilingan qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
Ushbu qonun loyihalarida agrar sohadagi milliy qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilotining bitimlariga uygʻunlashtirishga, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish ishlarini yanada tezlashtirishga, suvni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, yer toʻgʻrisidagi qonunchilikni va qishloq xoʻjaligi yer uchastkalaridan foydalanish tizimini takomillashtirishga, sugʻoriladigan yerlarni muhofaza qilishga, mahsulot yetishtiruvchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan normalar oʻz aksini topgan.
Qoʻmita tomonidan qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazish natijalaridan, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlaridan, saylovchilar bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan dolzarb masalalarning tahlilidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari va qarorlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda jami 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan va ulardan 1 tasi Qonunchilik palatasiga kiritilib, qabul qilinishiga erishilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita davlat organlari tomonidan qonunlarning ijro etilish holatini joylarga chiqib oʻrganish, davlat organlari mansabdor shaxslarining oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha axborotini eshitish, Qonunchilik palatasining va Qoʻmitaning qarorlari ijrosini monitoring qilish yuzasidan jami 5 ta nazorat-tahlil tadbirini oʻtkazgan.
Jumladan, Qoʻmita masʼul etib belgilangan «hukumat soati» tadbirida mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish, veterinariya xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirish va yaylov yerlaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga taalluqli boʻlgan 1 ta masala koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita majlislarida davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitilib, bunda agrar va suv xoʻjaligi sohasida korrupsiyaning oldini olish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, yaylovlardan samarali foydalanish, budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning ijrosi, qishloq xoʻjaligi sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratish, chorvachilik sohasini va uning tarmoqlarini rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek Qoʻmita aʼzolari qonunlarning va qonunosti hujjatlarining ijro etilish holatini Toshkent, Namangan, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrgangan.
Hisobot davrida Qoʻmita qonunchilikni takomillashtirish, qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat-tahlil tadbirlari olib borish ishlariga ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari kabi hamkor tashkilotlarni keng jalb qildi. Xususan, Qoʻmita ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa 10 dan ortiq tashkilot bilan hamkorlik memorandumi imzolab, mazkur tashkilotlar bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan saylovchilar bilan tizimli muloqotni kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgan boʻlib, oʻtgan davrda Qoʻmita jismoniy va yuridik shaxslarning 280 ta murojaati bilan ishlagan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlikda ishlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻtgan davrda Qoʻmita faoliyati ularda jami 1 961 marotaba yoritilgan.
Shu bilan birga oʻtgan davrdagi faoliyatning tahlili Qoʻmita tomonidan hali eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni yanada koʻpaytirish, qabul qilingan qonunlarning ijrosini oʻrganish yuzasidan nazorat-tahlil tartibida oʻtkaziladigan tadbirlarning samaradorligini taʼminlash talab etiladi.
Qoʻmita tashabbusi bilan oʻtkazilgan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.
Agrar sohani yanada rivojlantirishga hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar toʻgʻrisida jamoatchilikning xabardorligini taʼminlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zaruriyati mavjud.
Fermer xoʻjaliklarining huquqlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, agrar sohadan samarali foydalanish borasida yuzaga kelayotgan masalalarning huquqiy yechimini tezkorlik bilan ishlab chiqish choralarini koʻrish zarur.
Shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga, fuqarolardan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha kelib tushayotgan takliflarni bevosita ularning ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama etib borishga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi:
qonun tashabbuskorligi borasidagi takliflarni koʻpaytirish, qabul qilingan qonunlarning ijrosi boʻyicha oʻtkaziladigan nazorat-tahlil tadbirlarining samaradorligi va natijadorligini taʼminlash;
agrar va suv xoʻjaligi sohasida belgilangan vazifalarning sifatli ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish hamda nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish;
agrar tarmoqni yanada rivojlantirishga hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik orasida targʻib qilishga doir ishlarni jadallashtirish;
fermer xoʻjaliklarining huquqlarini himoya qilish, yer uchastkalaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, tomorqadan samarali foydalanish borasida yuzaga kelayotgan masalalarning huquqiy yechimini tezkorlik bilan ishlab chiqish;
Qoʻmita aʼzolarining jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash boʻyicha masʼuliyatini yanada oshirish hamda fuqarolarning qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan bergan takliflarini bevosita ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama qilish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-avgust,
2427-V-son