OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XORAZM VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Viloyatda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yer uchastkasiga ijara huquqining minimal qiymatini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining 2026-yil 4-fevraldagi 01-1070-sonli xatini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 211-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Viloyatda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yer uchastkasiga (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkasi) ijara huquqining minimal qiymati mahallalar kesimida 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi (A. Atayev), Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi (H. Rozmetov), shahar (tuman)lar hokimliklari:
elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilishga moʻljallangan boʻsh yer uchastkalarining roʻyxatini shakllantirsin;
viloyatdagi yer uchastkasiga ijara huquqining minimal qiymati tasdiqlangan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida “YERELEKTRON” AATga kiritilishini taʼminlasin;
yer uchastkalari boʻyicha kelishilgan yoki ijobiy xulosa berilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida yer uchastkasiga ijara huquqining minimal qiymati asosida yer uchastkasining boshlangʻich narxini belgilasin;
viloyatda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun boʻsh turgan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom talablariga asosan amalga oshirsin.
3. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xorazm viloyati hokimining 2023-yil 18-apreldagi 126-12-0-Q/23-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская прaвда” gazetalarida rasmiy eʼlon qilingandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Davletov zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi J. RAXIMOV
Xorazm viloyati,
2026-yil 6-aprel,
116-12-0-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.