XALQ DEPUTATLARI SHAHRISABZ TUMANI KENGASHINING
QARORI
Shahrisabz tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan koʻrsatiladigan obodonlashtirish va maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, tuman markaziy koʻchalari boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Shahrisabz tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalariga tuman va shaharlar markaziy koʻchalari boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlarini koʻrsatish huquqi berilganligi hamda mazkur xizmatlar tariflarini belgilash xalq deputatlari Kengashlari vakolatiga kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Shahrisabz tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasining xulosasi hamda tuman hokimining oʻrinbosari X. Turayevning taklifi maʼqullansin.
3. Shahrisabz tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyida joylashgan tadbirkorlik subyektlari (yuridik shaxslar) bilan tuziladigan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida koʻrsatiladigan xizmatlar tariflari miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Shahrisabz tumani obodonlashtirish boshqarmasi (J. Turdiyev):
tuman markaziy koʻchalari boʻyida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan belgilangan tariflar asosida shartnomalar tuzilishini hamda xizmatlar oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilishini taʼminlasin;
koʻrsatilgan xizmatlardan tushgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
5. Tuman hokimligi axborot xizmati (N. Qulmatov) ushbu qaror bilan tasdiqlangan tariflarni keng jamoatchilik va tadbirkorlik subyektlariga veb-sayt hamda rasmiy Telegram kanali orqali yetkazilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Shahrisabz tumani Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi raisi A. Baratov zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning rasmiy veb-sayt va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi taʼminlansin.
Kengash raisi A. UZAKOV
Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani,
2026-yil 18-avgust,
VII-33-71-4-67-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.