QASHQADARYO VILOYATI YAKKABOGʻ TUMANI HOKIMINING
QARORI
Tuman hududidagi avtomobil yoʻllarida oʻqqa tushadigan ogʻirligi 9 tonnadan ortiq boʻlgan transport vositalari harakatini cheklash choralarini koʻrish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash va tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-son “Avtomobil yoʻllari boʻylab katta hajmli va ogʻir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi Yakkabogʻ tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasining 2026-yil 6-avgustdagi 75-son va 11-avgustdagi 77-son xatlarini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi Yakkabogʻ tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasining 2026-yil 6-avgustdagi 75-son va 11-avgustdagi 77-son xatlarida keltirilgan takliflar maʼqullansin hamda ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (N. Murodov) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi Yakkabogʻ tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi (U. Fayziyev) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-son qarorining 2-ilovasi talablariga muvofiq 3.12 “Oʻqqa tushadigan ogʻirlik cheklangan (9 tonna)” yoʻl belgilarini oʻrnatish;
yoʻl belgilarini amaldagi davlat standartlari va texnik meʼyorlar asosida joylashtirish;
yoʻl belgilarining uzluksiz saqlanishi hamda texnik soz holatda boʻlishini taʼminlash.
3. 3.12 “Oʻqqa tushadigan ogʻirlik cheklangan (9 tonna)” yoʻl belgilarini quyidagi manzillarga oʻrnatilsin:
xalqaro ahamiyatdagi M-39 “Almati — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz” avtomobil yoʻlidan mahalliy ahamiyatdagi 70V014 “Yakkabogʻ shahri — Olaqoʻylak qishlogʻi — Shov qishlogʻi — Dotqush qishlogʻi” avtomobil yoʻliga kirish qismida;
70V117 “Yakkabogʻ shahri — Qasnoq qishlogʻi — Yangiqoʻrgʻon” avtomobil yoʻlidan 70V014 avtomobil yoʻliga kirish qismida;
70V014 avtomobil yoʻlining 2-3 kilometr oraligʻida, yoqilgʻi quyish shoxobchasi roʻparasida, yoʻlning oʻng tomonida.
D148 “Yakkabogʻ — Chiroqchi — Shoʻrbozor q.” avtomobil yoʼlida
70V017 “Yakkabogʼ — Samoq q. — Tatar q.” avtomobil yoʼlida
70V116 “Sharsharbogʼot — Ishkent” avtomobil yoʼlida
70V085 “Olaqargʼa q — Qayragʼoch q” avtomobil yoʼlida
70V013 “M39 avtomobil yoʼli (1199 kmdan) — Qayragʼoch q.” avtomobil yoʼlida
70V124 “Yakkabogʼ sh — Qoʼshtegirmon q” avtomobil yoʼlida
4. Tuman Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (N. Murodov):
mazkur yoʻl belgilariga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni tashkil etsin;
oʻqqa tushadigan ogʻirligi 9 tonnadan ortiq boʻlgan transport vositalarining harakatlanishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralarni koʻrsin;
yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilari va yuk tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi Yakkabogʻ tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi (U. Fayziyev) yoʻl belgilari oʻrnatilgandan soʻng ularning saqlanishi, texnik holati hamda foydalanishga yaroqliligini doimiy nazorat qilib borsin.
6. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari-tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi E. Beknayev zimmasiga yuklatilsin.
Yakkabogʻ tuman hokimi A. GʻIYOSOV
Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumani,
2026-yil 27-avgust,
448-4-68-Q/26-son