XALQ DEPUTATLARI OLTINSOY TUMANI KENGASHINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-sonli qarori ijrosi yuzasidan Oltinsoy tumanida Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan koʻrsatiladigan obodonlashtirish va maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflari miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarori 8-bandida 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar)lar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat berilishi, bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan Xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritilishi belgilab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitar qoidalari va meʼyorlariga asosan hududlar boʻyicha oʻrnatilgan meʼyorlardan isteʼmolchining faoliyat turidan, joylashuvidan va xizmatidan foydalanish usulidan kelib chiqib isteʼmolchi tomonidan 1 m3 QMCh (qattiq maishiy chiqindilar) hajmi uchun yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning qattiq maishiy chiqindilarini markaziy chiqindi saqlash obyektiga olib borib joylashtirish xizmat haqqi summasi tasdiqlanishi zarurligi belgilangan.
Tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi hamda tuman tibbiyot birlashmasi, tuman Sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi boʻlimi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimlari bilan birgalikda fuqarolarning huquqiy va sanitariya-ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini tashkil etishi zarur.
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflari yuzasidan Oltinsoy tuman hokimi oʻrinbosari — Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Sh. Muminovning 2026-yil 14-iyundagi 03-03/22-sonli xati va maʼruzasini muhokama qilib, “Oʻzbekiston ekologik” partiyasi Oltinsoy tuman Kengashi deputatlarining takliflari hamda deputatlar tomonida bildirilgan fikr mulohazalarni inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Oltinsoy tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oltinsoy tuman hokimi oʻrinbosari — Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Sh. Muminovning “Qattiq maishiy chiqindilarini olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2026-yil 6-iyundagi 03-218-sonli xati va maʼruzasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2026-yil 3-fevraldagi Viloyat hududida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash hamda olib chiqib ketish xizmatlari tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisida VII-17-14-8-0-K/26-sonli qarori bilan Oltinsoy tumani uchun belgilangan tariflar tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-sonli qarorining 8.(a) bandiga asosan Oltinsoy tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash tariflari ilova muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimi oʻrinbosari — Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi (Sh. Muminov)ga:
tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha taqdim etgan tariflari amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilganligiga shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.
Shuningdek, ushbu tariflar toʻgʻrisida mahalla fuqarolar yigʻinlari yettiligi bilan hamkorlikda aholi va tadbirkor subyektlariga tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borsin.
aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan belgilangan tariflar boʻyicha eʼtirozlar tugʻilganida, shu bilan birgalikda, zarurat tugʻilganida tariflarni qayta koʻrib chiqish uchun tuman Kengashiga kiritilishi belgilansin.
5. Yuqoridagi vazifalar ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlar tomonidan har chorak yakuni bilan xalq deputatlari tuman Kengashiga maʼlumotlar taqdim etib borilsin.
6. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (J. Jabbarov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi A. TURDIYEV
Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani,
2026-yil 28-avgust,
VII-21-83-8-108-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.