Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
meʼyorlari
Oiv/oitsga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish va oiv/oits bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalari va normalari “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) profilaktikasi toʻgʻrisida”gi va “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari asosida ishlab chiqilgan.
2. Ushbu SanQvaNda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
OIV — odamning immunitet tanqisligi virusi;
OIV infeksiyasi — odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan oʻta xavfli yuqumli kasallik;
OIVni yuqtirganlar — odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar;
OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi, OIV infeksiyasining terminal bosqichi;
ixtiyoriy tekshiruv — shaxslarni toʻliq maʼlumot asosida, oʻz xohishiga koʻra tekshirish;
anonim tekshiruv — shaxslarni ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan tekshirish;
maxfiy tekshiruv — natijalari faqat tekshiriluvchining oʻziga va unga bevosita yordam koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlariga maʼlum boʻladigan tekshiruv;
majburiy tibbiy koʻrik — tekshiriluvchining oʻz faoliyatini davom ettirishi sharti sifatida, toʻliq maʼlumot asosida uning roziligi bilan oʻtkazilishi lozim boʻlgan koʻrik (qon va boshqa biologik suyuqliklar, aʼzolar va toʻqimalar donorlari);
majburiy tekshiruvdan oʻtkazish — tekshiriluvchining roziligi olinganidan qatʼi nazar, vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning belgilangan tartibda berilgan qarori asosida OIVga nisbatan majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdir;
toʻliq maʼlumot asosida tekshiruvdan oʻtkazish — tekshiriluvchi shaxs test oldi maslahati davomida OIVga tekshiruvdan oʻtishning barcha oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olganidan keyingina oʻtkaziladigan OIVga nisbatan tekshiruvdir;
maslahat berish — maslahat oluvchi va maslahatchi oʻrtasidagi maxfiy muloqot boʻlib, tekshiruvning vazifa va sabablarini muhokama qilish, maslahat oluvchining xulq-atvor xususiyatlari bilan bogʻliq OIV infeksiyasini yuqtirish xavfi darajasini baholashni maqsad qiladi;
3. Mazkur qoidalar va meʼyorlar OIVga tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda OIV/OITS bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etishning yagona tartibini belgilaydi.
4. OIVga tibbiy koʻrikdan oʻtkazish OITSga qarshi kurash davlat xizmatida faoliyat yurituvchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
5. OIV/OITS bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish va ularni parvarishlashni tashkil etish sogʻliqni saqlashning davlat sektorida faoliyat yurituvchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
6. Aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularga tibbiy yordam koʻrsatish ixtiyoriy hamda maxfiy tarzda amalga oshiriladi.
7. OIVga ixtiyoriy ravishda tekshiruvdan oʻtish istagida boʻlgan shaxslarga malakali test oldi va testdan keyingi maslahatlar beriladi.
8. Immunobloting usuli yoki boshqa yuqori sezgir usullar bilan tasdiqlangan, OIV infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga maxfiy tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etish maqsadida ular raqamli belgi — shifr bilan belgilanadi.
9. Testdan keyingi maslahat berishni, shuningdek, profilaktika tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish uchun Immunobloting usuli bilan tasdiqlangan, OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazlariga “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi ostida yuboriladi.
10. OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan tibbiyot muassasalarining rahbarlari va tibbiyot xodimlari tibbiy yordamni tashkil etishda va koʻrsatishda bemorlar shaxsining maxfiyligi va anonimligiga rioya etishlari shart.
Tibbiy yordam koʻrsatish va profilaktika tadbirlari ixtiyoriylik asosida, shifokor sirini saqlagan, shaxsni oshkor etmagan, insonparvarlarcha munosabatda boʻlgan va inson huquqlariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
11. Tashxisi tasdiqlangan barcha bemorlar bilan testdan keyingi maslahat oʻtkaziladi va ular “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tanishtiriladi hamda ulardan infeksiyani boshqa shaxslarga yuqtirmaslik toʻgʻrisida ixtiyoriy ravishda rozilik olinadi.
12. OIVga topshirilgan IFA tahlili ijobiy chiqqan shaxslar, OIV infeksiyasini yuqtirganlar, OIV/OITSga chalingan bemorning jinsiy va parenteral sheriklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining direktiv hujjatlarida belgilangan boshqa shaxslar umrbod har qanday donorlikdan (qon, aʼzolar, toʻqimalar, biologik suyuqliklar va h.k.) chetlatiladi.
13. IFA va Immunobloting, shuningdek, boshqa yuqori sezgir tahlil usullarining natijalari, qanday boʻlishidan qatʼi nazar, shifokor siridir. OIV infeksiyasi boʻyicha tahlil natijasi ijobiy chiqqani haqida shaxsning yashash, ishlash va oʻqish joyiga, shuningdek, harbiy xizmatni oʻtash yoki ozodlikdan mahrum etish joyiga xabar berish qatʼiyan taqiqlanadi.
14. Vazirliklar, idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, tibbiyot va boshqa muassasalarning rahbarlari va mutaxassislariga OIV infeksiyasini yuqtirgan xodimlarning shaxsini oshkor qilish, ularni ishdan boʻshatish va kamsitish qatʼiyan man etiladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar OIVga laboratoriya tahlilini ixtiyoriy va erkin topshirishlari mumkin. Maxfiylik va anonimlik kafolatlanadi.
16. Chet el fuqarolarida OIV/OITS aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda choralar koʻriladi.
2-bob. OIV infeksiyasini yuqtirganlikni aniqlash boʻyicha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish qoidalari
17. OIVga tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdan maqsadlar quyidagilardir:
gemotransfuziya va transplantatsiya xavfsizligini taʼminlash
epidemiologik monitoring olib borish: OIV infeksiyasi tarqalish darajasini, epidemiyani prognoz qilish uchun aholining ayrim guruhlari orasida kasallanish koʻrsatkichini baholash hamda profilaktika dasturlarini birinchi navbatda taqdim etishga muhtoj boʻlgan guruhlarni aniqlash.
OIV infeksiyasi tashxisini qoʻyish.
18. Respublikada OIVga quyidagi tekshiruvlar oʻtkaziladi:
ixtiyoriy;
majburiy;
majburiy tartibda.
19. Ixtiyoriy tekshiruv:
Quyidagi maqsadli guruhlar va aholining boshqa toifalari testgacha maslahat olish huquqiga ega boʻlib, ixtiyoriy tibbiy koʻrikdan oʻtishlari mumkin va ularning maxfiyligi kafolatlanadi:
OIV yuqtirish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar:
giyohvand moddalarni inyeksiya yoʻli bilan isteʼmol qiluvchi shaxslar;
gomo va biseksuallar;
tartibsiz jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar, fohishalar;
tergov hibsxonalariga, qabul qilish-taqsimlash inshootlariga joylashtirilayotgan shaxslar, shuningdek, muayyan yashash va ish joyiga ega boʻlmagan shaxslar;
jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalarga chalinganlar.
Klinik koʻrsatmalarga koʻra:
bir oydan ortiq isitmalayotgan bemorlar;
bir oydan ortiq davom etayotgan diareyasi (ich ketishi) boʻlgan bemorlar;
tana vaznini sababsiz 10 foiz va undan koʻproq yoʻqotgan shaxslar;
uch oydan ortiq davom etayotgan limfadenopatiyasi boʻlgan bemorlar;
surunkali va qaytalanuvchi pnevmoniyasi boʻlgan yoki pnevmoniyadan samarasiz davolangan bemorlar;
reproduktiv tizimining surunkali yalligʻlanish kasalliklari boʻlgan ayollar (shu jumladan homilador ayollar);
ogʻiz boʻshligʻining virusli va zamburugʻli kasalliklari hamda tilning tukli leykoplakiyasi;
immuniteti tanqis shaxslar (t-xelperlar sonining kamayishi);
OIV/OITSga oʻxshash belgilarga ega, lekin tashxisi toʻliq aniqlanmagan kasalliklar.
qon, toʻqima, aʼzolar va urugʻlik suyuqligi retsipiyentlari.
OITS indikator kasalliklari:
traxeya, bronxlar yoki oʻpka kandidozi;
qiziloʻngach kandidozi;
bachadon boʻynining invaziv saratoni;
koksidioidomikoz (disseminatsiyalangan yoki oʻpkadan tashqari);
oʻpkadan tashqari kriptokokkoz (yevropa blastomikozi);
bir oydan ortiq davom etadigan surunkali ichak kriptosporidiozi;
sitomegalovirus infeksiyalari (jigar, taloq va limfa tugunlari zararlanishi bundan mustasno);
sitomegalovirusli retinit (koʻrish qobiliyatining yoʻqolishi bilan kechadigan);
OIV taʼsiridan kelib chiqqan ensefalopatiya;
oddiy gerpes: bir oydan ortiq bitmaydigan surunkali yaralar, bronxit, pnevmoniya va ezofagit;
gistoplazmoz (disseminatsiyalangan yoki oʻpkadan tashqari);
bir oydan ortiq davom etadigan surunkali ichak izosporozi;
kaposhi sarkomasi;
immunoblastik sarkoma;
berkitt limfomasi;
miya limfomasi (birlamchi);
14 yoshgacha boʻlgan bolalarda limfoid interstitsial pnevmoniya yoki oʻpka limfoid giperplaziyasi;
mycobacterium avium-intracellulare, m. kansasii qoʻzgʻatadigan disseminatsiyalangan va oʻpkadan tashqari mikobakteriozlar;
oʻpka tuberkulyozi;
oʻpkadan tashqari tuberkulyoz;
pnevmotsist pnevmoniya;
qaytalanuvchi pnevmoniyalar (12 oy ichida 2 marta va undan koʻp);
avj oluvchi koʻp oʻchoqli leykoensefalopatiya;
miya toksoplazmozi;
salmonellyozli septitsemiya;
OIV taʼsiri natijasida kelib chiqqan holdan toyish sindromi.
Epidemiologik koʻrsatkichlar boʻyicha quyidagilar tekshiruvdan oʻtkaziladi:
OIV infeksiyasini yuqtirganlar bilan bir vaqtda davolash-profilaktika muassasalarida davolangan shaxslar (sanitariya-gigiyena, dezinfeksiya va sterillash rejimlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda);
OIV infeksiyasini yuqtirgan onalardan tugʻilgan 18 oylik va undan katta yoshdagi bolalar; klinik koʻrsatkichlar mavjud boʻlganda, bolalar yoshidan qatʼi nazar tekshiruvdan oʻtkaziladi;
nikohlanayotgan shaxslar.
20. Majburiy tekshiruv
Quyidagilar OIV infeksiyasini yuqtirganligini aniqlash uchun majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart:
qon, qon preparatlari, sperma va boshqa biologik suyuqliklar, toʻqimalar hamda aʼzolar donorlari — har safar donorlik materiali olinganda;
OIV infeksiyasini yuqtirganlar va OITSga chalingan bemorlar bilan jinsiy aloqada boʻlgan shaxslar.
21. Majburiy tartibda tekshirish
Tekshiriluvchining roziligi olinganidan qatʼi nazar, vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning belgilangan tartibda berilgan qarori asosida OIVga majburiy tartibda tekshirish.
OIVni aniqlash boʻyicha laboratoriya tekshiruvi uchun bir martalik shprits va igna yordamida kamida 5 ml miqdorida qon olinadi. Olingan qonni muzlatkichda 24 soatgacha, qon zardobini esa +4° Selsiydan yuqori boʻlmagan haroratda 5 sutkagacha saqlash mumkin. Tekshirish uchun qon yoki qon zardobi mavjud qoidalar va rejimlarga rioya qilingan holda, tibbiyot xodimi hamrohligida maxsus tibbiy transportda laboratoriyaga yetkaziladi. Laboratoriya tekshiruvi uchun yuborilayotgan zardobning miqdori 1,5 ml dan kam boʻlmasligi kerak.
3-bob. OIV/OITSga chalingan bemorlarga tibbiy yordamni tashkil etish va koʻrsatish qoidalari
22. Hududiy poliklinika yuqumli kasalliklar shifokori va Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati hududiy markazining shifokor-epidemiologi OIVga test natijasi ijobiy chiqqan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot olgach, testdan keyingi ixtiyoriy maxfiy maslahatni tashkil qiladi va bemorni dispanser roʻyxatiga qoʻyadi.
23. OIV infeksiyasini yuqtirganlar va OITSga chalinganlar, butun aholi kabi, Davlat davolash-profilaktika muassasalarida shoshilinch, rejali va boshqa barcha turdagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish huquqiga egadir. Davolash xarajatlari Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
24. OIV infeksiyasini yuqtirganlarni va OITSga chalingan bemorlarni nogironlik boʻyicha koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan tibbiy mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi.
25. OIV infeksiyasini yuqtirganlarni nogironlikka oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tibbiy hujjatlarni yuqumli kasalliklar xonalarining shifokor-infeksionistlari tayyorlaydi va OITS markazi mutaxassislarining roziligi bilan yashash joyi boʻyicha tumanlararo, shahar yoki viloyat TMEKga maxfiy komissiyaviy koʻrib chiqish uchun yuboradi.
4-bob. OIV infeksiyasiga tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi sertifikatni berish qoidalari
26. Xorijga chiquvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga OIV infeksiyasiga tekshiruv natijalari toʻgʻrisida sertifikat beriladi.
27. OIVga qon tahlili toʻgʻrisidagi sertifikatni faqat quyidagilar berish huquqiga ega: OʻzR Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika OITS markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi OITS markazi, viloyatlar OITS markazlari va Toshkent shahar OITS markazi, chunki yuqorida koʻrsatilgan muassasalarda OIV infeksiyasi yuqtirganlar haqidagi maʼlumotlar bazasi hamda IFA va immunoblot (IB) uchun 4-avlod test tizimlari mavjud. Boshqa tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan sertifikat haqiqiy hisoblanmaydi.
28. Qonning OIV infeksiyasiga tekshirilganligi toʻgʻrisidagi sertifikat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan belgilangan shaklda beriladi. Sertifikat davlat tilida va xalqaro (ingliz) tilda toʻldirilib, unga tashkilot rahbarining imzosi va muhri qoʻyiladi. Sertifikat 3 oy davomida amal qiladi. Ushbu muddat ichida sertifikat yoʻqolgan taqdirda, OIVga tahlil oʻtkazilmasdan uning dublikati beriladi.
29. Chet elga chiquvchi barcha shaxslarga va ushbu SanQvaMda nazarda tutilmagan shaxslarga sertifikat pullik asosda beriladi. Sertifikat narxi direktiv hujjatlar asosida belgilanadi va tasdiqlanadi. Sertifikat pul mablagʻi preyskurant boʻyicha OITS markazining hisobvaragʻiga toʻliq oʻtkazilgandan soʻng yoki naqd pul toʻlovi asosida beriladi.
30. OIV infeksiyasiga tibbiy koʻrikdan oʻtkazish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
31. OIVga tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha mazkur sanitariya qoidalari va meʼyorlaridan tashqari chiqarilgan normativ hujjatlar ijro uchun haqiqiy emas deb hisoblanadi.