Oʻzbekiston Respublikasining Sanitariya qoidalari va meʼyorlari, gigiyena normativlari
Dafn joylari (qabristonlar)ni joylashtirish va saqlashga qoʻyiladigan gigiyenik talablar
0298-11-sonli SanQvaM
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu sanitariya qoidalari va meʼyorlari (bundan buyon sanitariya qoidalari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-276-sonli «Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida»gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-yanvardagi PQ-1045-sonli «Oʻzbekiston Respublikasi aholi punktlarini obodonlashtirishni yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-martdagi 59-sonli «Zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini inobatga olgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi, 2009-yil 1-apreldagi 91-sonli «Obodonlashtirish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi dafn etish joylarini (bundan buyon qabriston deb yuritiladi) saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
1.2. Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi qabristonlarni saqlash va ulardan foydalanish mintaqalar mahalliy aholisining, shuningdek boshqa millat va elatlarning sanitariya qoidalari hamda boshqa meʼyorlarga zid boʻlmagan mavjud anʼanalari, urf-odatlari va marosimlari asosida amalga oshiriladi.
1.3. Alohida hollarda har bir diniy konfessiya uchastkalarining chegaralari qatʼiy belgilangan holda kompleks, koʻp konfessiyali qabristonlarni ochish va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.
1.4. Qabristonlarni saqlash va ulardan foydalanish ekologik meʼyorlar, sanitariya, shaharsozlik qoidalari hamda boshqa meʼyor va qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
1.5. Qabristonlar shahar va tumanlar davlat hokimiyati organlarining, shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining bevosita tasarrufida boʻlib, ularni tegishli holatda saqlash va ulardan foydalanish ushbu organlarning majburiyatiga kiradi. Shu maqsadda shaharlar va tumanlar obodonlashtirish bosh boshqarmalari, boshqarmalari va boʻlimlari tarkibida qabristonlarni saqlash va ulardan foydalanish boʻyicha boshqarmalar va boʻlimlar tashkil etiladi.
1.6. Qabristonning asosiy kirish joyida (ichki tomondan) maʼmuriy va boshqa binolar, yoʻllar, xiyobonlar, tarixiy va xotira qabrlari, jamoat hojatxonalari hamda boshqa obyektlarning joylashuvi koʻrsatilgan qabristonning sxematik rejasi oʻrnatilishi lozim. Shuningdek, qabristonlarni saqlash va ulardan foydalanish boʻlimi (boshqarmasi), qabriston maʼmuriyati haqidagi maʼlumotlar, ularning manzillari va aloqa raqamlari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
2. QABRISTON UCHUN MAYDON AJRATISH VA UNI TASHKIL ETISH
2.1. Yangi qabristonlar qurish uchun maydon tanlash, uni tashkil etish, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va mavjud qabristonlarni qayta qurish mahalliy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
2.2. Shahar va qishloq anʼanaviy qabristonlari aholi yashaydigan hududdan tashqarida, baland, shamol yaxshi esadigan, quruq gʻovak (qumli, qumloq, kuchsiz loyli) tuproqli va yer osti suvlari chuqur joylashgan (qabr tubidan kamida 0,5 m pastda boʻlishi shart) maydonlarda joylashtirilishi kerak. Ular shahar va qishloqdan, shuningdek ochiq suv havzalari va suv taʼminoti manbalaridan qarama-qarshi tomonga 0,5 — 5% gacha qiyalikda boʻlishi lozim.
Togʻli va togʻoldi hududlarda 30% gacha qiyalikka ruxsat etiladi, bunda albatta terrasalar va 5% gacha qiyalikdagi yoʻllar qurilishi shart. Tabiiy qiyalik boʻlmagan hollarda suvni chiqarib yuborish va tuproqni ortiqcha namlanishdan saqlashni taʼminlaydigan vertikal tekislash oʻtkazilishi lozim. Zarurat tugʻilganda, lotoklar, ariqchalar qurish, quvurlar yotqizish va boshqa muhandislik-texnik inshootlarni barpo etishni koʻzda tutish kerak.
Qabristonlar uchun suv bosadigan yoki koʻchki yoxud oʻpirilish xavfi mavjud boʻlgan joylarni ajratish man etiladi. Zarur hollarda tayanch devorlar qurish, jarliklarni mustahkamlash, qiyaliklarni tekislash va koʻkalamzorlashtirish choralarini koʻrish lozim.
2.3. Qabriston uchun ajratiladigan hududdagi yer osti suvlari eng yuqori holatida ham yer yuzasidan kamida 2 metr chuqurlikda joylashgan boʻlishi kerak. Ushbu talabga javob beradigan joylar boʻlmagan taqdirda, qabriston uchun ajratiladigan hudud vertikal yoki gorizontal drenaj tizimi oʻrnatish orqali quritilishi lozim.
2.4. Quyidagi joylarda qabristonlar barpo etish taqiqlanadi:
suv quvurlari, suv taʼminoti manbalari, mineral suv manbalari qurilmalarining sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi va ikkinchi mintaqalari, kurortlarning birinchi va ikkinchi muhofaza zonalari, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, dam olish zonalari hududida hamda madaniy meros obyektlari (arxeologiya yodgorliklari) va ularning muhofaza zonalari joylashgan hududlarda;
kuchli yorilgan togʻ jinslarining yer yuzasiga chiqish joylari va suvli qatlamlarning sinish nuqtalarida;
aholi xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari va dam olish maqsadlarida foydalanadigan dengiz, koʻl, daryo va boshqa ochiq suv havzalari qirgʻoqlarida. Qabriston uchun daryolarga yaqin joy tanlangan hollarda, uni daryo oqimi boʻylab aholi punktidan pastroqqa joylashtirish lozim.
2.5. Qabriston qurilishi uchun ajratiladigan yer maydonini hisoblash ushbu qabriston xizmat koʻrsatadigan har 1000 kishiga 0,24 gektar hisobidan amalga oshiriladi. Qabristondan foydalanishning hisobiy muddati «Shaharsozlik, shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurishni rejalashtirish» Qurilish meʼyorlari va qoidalariga (SHNQ 2.07.01-03) muvofiq kamida 20 yil boʻlishi kerak.
2.6. Qabriston maydoni quyidagicha taqsimlanishi lozim:
dafn etish joylari — 75 — 80%;
koʻkalamzorlashtirish — 15 — 20%;
xiyobonlar, yoʻllar va soʻqmoqlar — 5 — 8%;
xoʻjalik hovlilari, maʼmuriy binolar, yordamchi inshootlar — 2-3%.
2.7. Dafn etish bilan bogʻliq diniy marosimlarni oʻtkazish uchun qabristonlarni diniy maqsadiga koʻra tegishli ibodat inshootlari (masjid, cherkov, sinagoga va boshqalar) bilan birlashtirish tavsiya etiladi.
2.8. Turar joy va jamoat binolari devorlaridan hamda dam olish zonalaridan qabristonlargacha boʻlgan masofa SHNQ 2.07.01-03 va «Oʻzbekiston aholi punktlarini rejalashtirish va qurishning sanitariya qoidalari va normalari»ga (OʻzR SanQvaN № 0227-07) muvofiq 100 metrdan kam boʻlmasligi kerak.
Suv taʼminoti manbai quduqlar, kaptajlar va boshqa qurilmalar boʻlgan markazlashmagan xoʻjalik-ichimlik suv taʼminotiga ega aholi punktlarida, qabriston ushbu manbalarni taʼminlovchi yer osti suvlari oqimidan yuqorida joylashgan taqdirda, sanitariya-gigiyena jihatidan asoslangan holda sanitariya-himoya zonasi (SHZ) oʻlchami 500 metrgacha kengaytirilishi mumkin.
2.9. Maydoni 20 gektardan 40 gektargacha boʻlgan yangi ochilayotgan aralash va anʼanaviy dafn etish qabristonlari uchun SHZ 500 metr, 20 gektardan kam boʻlsa — 300 metr boʻlishi lozim. Qishloq qabristonlari (1000 xonadondan kam boʻlgan aholi punktlari uchun) va kolumbariylar (devordagi maxsus joylarga kul koʻmish) aholi yashaydigan joydan kamida 50 metr uzoqlikda joylashishi kerak.
Yopiq qabristonlar va krematsiyadan soʻng dafn etiladigan qabristonlardan SHZ 100 metr boʻlishi lozim. Qabriston yopilgandan soʻng, baʼzi hollarda, qabriston va aholi punkti oʻrtasidagi SHZ Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari bilan kelishilgan holda 50 metrgacha qisqartirilishi mumkin.
Aholining qabristonga kelishini qiyinlashtirmaslik uchun qabristonni aholi yashaydigan joydan juda uzoqda (0,5 soatdan ortiq transport vaqti talab qilinadigan masofada) joylashtirmaslik kerak.
2.10. Qabriston chegaralarini kengaytirishda qurilmalar mavjud boʻlgan joylarda SHZni qisqartirishga yoʻl qoʻyiladi, biroq bu qisqartirish 25 foizdan oshmasligi kerak.
2.11. Qabriston shahar yoki qishloq aholi punkti bilan qulay aloqaga ega boʻlishi lozim (obodonlashtirilgan yoʻllar, rivojlangan yoʻlovchi tashish xizmati).
2.12. Qabriston hududida mexanizatsiya vositalari, inventar va shu kabilarni saqlash uchun alohida kirish yoʻli va loyiha topshirigʻiga muvofiq maydonga ega boʻlgan xoʻjalik hovlisini rejalashtirish zarur.
2.13. Qabriston kirish qismida gulxona-doʻkonlar, dafn marosimlari uchun zarur buyumlar sotiladigan doʻkonlar, maʼmuriy bino va jamoat hojatxonasi joylashtiriladi. Qabriston oldida avtotransport toʻxtash maydoni tashkil etilishi lozim.
2.14. Qabriston hududi albatta oʻrab chiqiladi, turli muddatlarda oʻzlashtirilishi kerak boʻlgan alohida rejaviy uchastkalarga boʻlinadi, yoʻllar, soʻqmoqlar va sugʻorish suv quvurlari oʻtkaziladi. Shu yerning oʻzida murdalarni vaqtincha saqlash uchun bino ham quriladi.
2.15. Qabriston hududidan umumshahar (qishloq) markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suv quvuri tarmogʻini oʻtkazish taqiqlanadi. Shu bilan birga, qabriston hududining suv taʼminoti tashrif buyuruvchilar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojlarini, shuningdek, yashil maydonlarni sugʻorish uchun suv bilan toʻliq taʼminlashi kerak.
2.16. Qabriston hududidagi koʻkalamzorlar quyosh nuri va tuproq shamollatilishiga xalaqit bermasligi uchun haddan ziyod qalin boʻlmasligi lozim (yer yuzasidan shamollatiluvchi tuzilishdagi daraxt va buta koʻchatlari — 0,6-0,7 m zichlikdagi nafis shox-shabbali) hamda qabriston perimetri boʻylab himoya koʻchatlari va asosiy xiyobonlar hamda dafn etish joylari boʻylab manzarali koʻchatlardan iborat boʻlishi kerak (mevali daraxtlar ekish taqiqlanadi).
3. DAFN ETISH TARTIBI VA MURDALARNI TASHISH
3.1. Bir marhumni dafn etish uchun moʻljallangan qabr maydoni kattalar uchun 5 m², 10 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun esa 2 m² gacha boʻladi. Qabrlar orasidagi masofa uzun tomoni boʻyicha kamida 1 m, qisqa tomoni boʻyicha esa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
3.2. Kattalar uchun qabr chuqurligi kamida 1,5 m, uzunligi kamida 2 m va kengligi 1 m gacha boʻlishi kerak. Bolalarni dafn etishda bu oʻlchamlar kichikroq boʻlishi mumkin. Qabr usti tepaligining balandligi yer yuzasidan kamida 0,5 m boʻlishi, bunda u yer usti suvlari kirishidan himoya qilish uchun qabr chetlaridan tashqariga chiqib turishi lozim.
3.3. Marhumni "oʻtirgan" holatda dafn etishda tuproq qatlami 1 metrgacha (qabr usti tepaligi bilan birga) oshiriladi.
3.4. Qabriston hududida krematoriy qurilganda (yirik va katta shaharlarda) kul solingan urnalarni koʻmish joylari maxsus tokchalarda yoki yerda koʻzda tutiladi. Bunda tokchalar uchun 1,2 m², yerda esa 2-3 m² hisoblanadi.
3.5. Krematoriy binosi oldida gullar, manzarali daraxtlar va butalar oʻtqazilgan park yoki bogʻ, shuningdek avtomobil toʻxtash joyi rejalashtiriladi.
3.6. Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari bilan kelishilgan holda, faqat alohida hollarda, zarur qoidalarga rioya qilgan holda umumiy qabrlarda dafn etishga ruxsat beriladi:
umumiy qabrlarning chuqurligi (ikki qator qilib dafn etilganda) kamida 2,5 m boʻlishi kerak;
qatordagi tobutlar orasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim;
yuqori qatordagi tobutlar pastki qatordagilardan kamida 0,5 m yuqorida joylashishi kerak;
yuqori qatordagi tobutlar pastki qatordagi tobutlar oraligʻidan yuqorida joylashtiriladi.
3.7. Dafn etishni amalga oshirish uchun mahalliy (shahar, qishloq yoki tuman) Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYo) byurosining tegishli hujjatlarini taqdim etish talab qilinadi.
3.8. Marhumlarni dafn etish joyiga olib borish tobutlarda yoki "tobut" deb ataladigan maxsus zambillarda amalga oshiriladi.
3.9. Patologoanatomik boʻlimdan uyga olib borish zarur boʻlganda (qarindoshlari va yaqinlari bilan vidolashish uchun), jasadlarni oldindan balzamlash (formalin, spirt, boshqa balzamlovchi vositalar yordamida) va sovutish lozim.
3.10. Jasadlarni dafn etish joyiga keyingi tashishda namlikni yaxshi shimuvchi (gigroskopik) materiallardan foydalanish kerak. Buning uchun tobut tubiga quruq qipiq, mayda qirindi va shunga oʻxshash narsalar qoʻyiladi.
3.11. Oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan (oʻlat, vabo, tulyaremiya, kuydirgi, gemorragik isitma va boshqalar) vafot etganlarni dafn etish tartibi OʻzR SSV tomonidan 10.07.2009-yilda tasdiqlangan “Oʻlat, vabo, boshqa karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan vafot etgan yoki shu kasalliklarga shubha qilingan odamlarning jasadlarini dafn etishda birlamchi chora-tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnoma” bilan belgilanadi.
3.12. Oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan vafot etganlarning tobutini qarindoshlari va yaqinlari bilan vidolashish uchun ochishga ruxsat berilmaydi. Oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan oʻlganlarning jasadlarini qayta koʻmish taqiqlanadi.
3.13. Vafot etganlarning jasadlarini bir aholi punktidan (oʻlim sodir boʻlgan joydan) boshqasiga olib borish zarur boʻlgan hollarda istalgan transport vositasidan (temir yoʻl, havo, avtomobil transporti) foydalanish mumkin. Biroq buning uchun oʻlim sodir boʻlgan joydagi sanitariya-epidemiologiya xizmati mahalliy organlarining majburiy ruxsatnomasi talab etiladi. Ushbu ruxsatnoma oʻlim faktini aniqlagan davolash-profilaktika muassasasining oʻlim sababi koʻrsatilgan xulosasi asosida beriladi.
3.14. Marhumni temir yoʻl, havo yoki avtotransportda tashish yuk boʻlimida amalga oshiriladi. Bunda marhum germetik kavsharlangan ruxlangan tobutga joylashtiriladi va tobutning ichiga namlikni yutuvchi vositalar qoʻyiladi. Ruxlangan tobut esa pishiq qilib yasalgan yogʻoch qutiga joylashtiriladi.
3.15. Jasadni eksgumatsiya qilishga dafn etilgandan keyin 1 yil oʻtgach ruxsat beriladi. Dafn etilganidan keyin 1 yil ichida jasadni eksgumatsiya qilish uchun prokuratura organlarining maxsus qarori talab etiladi. Zarurat tugʻilganda eksgumatsiyani yilning istalgan faslida oʻtkazish mumkin.
3.16. Boshqa hollarda eksgumatsiyani yilning sovuq faslida, kunning yorugʻ vaqtida oʻtkazish maqsadga muvofiq. Bunda kommunal xoʻjalik xodimlari, militsiya va mahalliy Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati vakillari ishtirok etishi lozim.
3.17. Jasad qoldiqlari qazib olingandan soʻng, qabr zudlik bilan koʻmilishi va yer yuzi tekislanishi shart.
3.18. Vafot etganlarning qoldiqlarini qayta koʻmish uchun birodarlik qabridan olish taqiqlanadi. Faqat istisno hollardagina mahalliy hokimiyat va sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari bilan kelishilgan holda umumiy qabrga dafn etilgan barcha jasadlarning qoldiqlarini qayta koʻmish uchun chiqarib olishga ruxsat beriladi.
3.19. Vafot etgan kishining jasadini qayta koʻmishga qumloq va kuchsiz loyli tuproqlarda dafn etilgan vaqtdan boshlab kamida 1 yil oʻtgach, nam loyli tuproqlarda esa kamida 3 yil oʻtgach ruxsat etiladi. Chunki bunday tuproqlarda chirish, minerallashish va zararsizlantirish jarayonlari sekinroq kechadi.
3.20. Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari jasadni eksgumatsiya qilish, uni boshqa dafn etish joyiga koʻchirishga ruxsat beruvchi tegishli hujjatlar va tibbiy muassasaning eksgumatsiya qilinuvchining oʻlimi sababi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi taqdim etilganda, mazkur joydagi epidemiologik va epizootik vaziyatni hisobga olgan holda, jasadni eksgumatsiya qilish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
4. QABRISTONLARDAN FOYDALANISH VA ULARNI SAQLASH
4.1. Qabriston hududi muntazam ravishda tozalanib turilishi, axlat va xazonlardan kuzda, qordan esa qishda tozalanishi lozim. Yoz faslida qabriston hududi har kuni sugʻorilishi kerak. Yoʻllar, oʻtish joylari va boshqa qoplamalar, shuningdek, qabrlar oʻz vaqtida taʼmirlanishi va tartibda saqlanishi shart. Koʻkalamzorlar oʻz vaqtida siyraklashtirilishi (kuchli soya tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun), butab turilishi va yaxshi holatda saqlanishi lozim.
4.2. Katta qabristonlar hududida ochiq suv manbalaridan (daryolar, koʻllar) va yopiq suv manbalaridan (artezian quduqlar) suv oladigan sugʻorish suv taʼminoti tarmoqlarini oʻrnatish tavsiya etiladi. Bunda qabristonning har bir sektorida suv olish ustunlari yoki sugʻorish joʻmraklari boʻlishi shart.
4.3. Qabriston hududi albatta elektr taʼminoti bilan taʼminlanishi kerak. Havo liniyasi ustunlari yoki chiroqlar orasidagi masofani 40 — 50 metr qilib belgilash maqsadga muvofiq.
4.4. Qabriston hududida eng koʻp ziyoratchi keladigan kunlarga moʻljallangan jamoat hojatxonalari boʻlishi shart. Hojatxonalar kanalizatsiya tizimiga ulangan va oqar suv bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Kanalizatsiya boʻlmagan hollarda, toʻliq gidroizolyatsiya qilingan (devorlari va tubi) va tozalovchi mashinalar uchun qulay kirish yoʻli taʼminlangan chuqur hojatxonalar quriladi. Hojatxonalarni koʻkalamzorlashtirish va tirik toʻsiqlar bilan yashirish tavsiya etiladi.
4.5. Yopiq yoki faoliyat yuritayotgan qabristonda ikkilamchi dafn etishga (qoʻshimcha koʻmishga) tuproqning oʻz-oʻzini tozalash qobiliyatiga qarab ruxsat berilishi mumkin:
qumli, qumloq va kuchsiz loyli tuproqlarda oxirgi dafn etishdan keyin kamida 10 yil oʻtgach;
loyli, botqoq va nam tuproqlarda oxirgi dafn etishdan keyin kamida 15 yil oʻtgach.
Yopiq qabristondan ikkilamchi dafn etish uchun foydalanish Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining mahalliy organlari bilan kelishilgan boʻlishi shart.
4.6. Qabriston yopilganidan soʻng, yer qatlami, dafn etish hududidagi barcha qabr usti yodgorliklari, obodonlashtirish unsurlari, yoʻllar, toʻsiqlar, binolar va inshootlar qabriston tugatilgunga qadar toʻliq daxlsiz holda saqlanadi, shuningdek, qabristonni saqlash boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ham oʻz vazifalarini davom ettiradilar. Tugatilishi rejalashtirilgan yopiq qabristonlarda dafn etish va qoʻshimcha koʻmish taqiqlanadi.
4.7. Qabriston muddati tugagach (yopilganidan 20 yil oʻtgach), tugatilayotgan qabriston hududi dam olish maqsadlarida yashil maydon sifatida foydalanilishi lozim. Bunday holatlarda, dafn etilganlarning qoldiqlarini qazib olish shart emas, qabrlar esa qabrtoshlarni olib tashlash va hududni tekislash orqali yoʻq qilinadi.
4.8. Faoliyat yuritayotgan qabriston tugatilganda (favqulodda vaziyatlarda), ushbu qoidalarga muvofiq eksgumatsiya va dafn etish boʻyicha barcha talablarga rioya qilgan holda, jasad qoldiqlarini qazib olish va ularni boshqa qabristonga koʻchirish zarur.
4.9. Qabristonlarda belgilangan tartibga rioya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻtkazish qabriston maʼmuriyati zimmasiga yuklatiladi.
4.10. Qabristonlarda belgilangan tartibning taʼminlanishini bevosita nazorat qilish mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular vakolat bergan obodonlashtirish boshqarmalari (fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmalari) tomonidan amalga oshiriladi.
4.11. Bosh boshqarmalar va boshqarmalar, tumanlar (shaharlar) obodonlashtirish boʻlimlari eskirgan (qurigan) daraxtlarni oʻz vaqtida kesib tashlashlari, bu orqali ularning yiqilishi va qabr usti yodgorliklariga zarar yetkazishining oldini olishlari, umumiy foydalaniladigan joylarni toza saqlashlari, xiyobonlar boʻylab maishiy chiqindilar uchun axlat qutilari va yashiklar oʻrnatishlari, qabristondan maishiy chiqindilarni belgilangan tartibda oʻz vaqtida olib chiqib ketilishini taʼminlashlari shart. Yiliga kamida ikki marta qabristonning butun hududini toʻliq tozalash ishlarini amalga oshirishlari lozim.
4.12. Ushbu qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-276-son «Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida»gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 9-martdagi 59-son va 2011-yil 4-apreldagi 101-son qarorlariga muvofiq shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzurida fuqarolarga xizmat koʻrsatish xizmatlari (byurolari)ni tashkil etadigan mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi. <1>4.12.