Oʻzbekiston Respublikasining sanitariya qoidalari va meʼyorlari, gigiyena normativlari
Metanol bilan ishlashda sanitariya qoidalari va gigiyenik talablar
1. Metanolning fizik va toksik xususiyatlari haqida qisqacha maʼlumot.
Metanol (metil spirti) — rangsiz suyuqlik boʻlib, spirtlar va boshqa organik erituvchilarda eriydi. Suv bilan har qanday nisbatda aralashadi. Rangi, hidi va taʼmi jihatidan etil (vino) spirtiga oʻxshaydi. Metanol kimyo sanoatida formaldegid olish, metillash, etil spirtini denaturlash uchun, shuningdek yogʻlar, moylar, kauchukni erituvchi sifatida qoʻllaniladi, antifriz tarkibiga ham kirishi mumkin. U organizmga nafas olish aʼzolari, teri va oshqozon-ichak trakti orqali kiradi. Asosiy taʼsirini asab va qon tomir tizimlariga koʻrsatadi. Kuchli kumulyativ xususiyatga ega. Metanol molekulasining bir necha kun davomida oʻzgarmagan holda organizmda aylanishi hamda markaziy asab tizimi va koʻzni oʻrab turuvchi muhitga kirishi zararlanishning ogʻirligini belgilaydi. Metil spirtining narkotik taʼsiri kuchsiz ifodalangan, hayajonlanish bosqichi deyarli kuzatilmaydi, spirt ichilgandan soʻng maʼlum vaqt oʻtgach tormozlanish bosqichi boshlanadi. Zaharlanishning klinik belgilari bir necha soatdan bir sutkagacha davom etadigan yashirin davrdan soʻng namoyon boʻladi.
Zaharlanishning yengil shakllari markaziy asab tizimining buzilishlari bilan kechadi. Dastlabki ikki kun davomida bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, qusish, bosh aylanishi, yurganda chayqalish, uyquchanlik, koʻz qorachiqlarining kengayishi, qoʻl barmoqlarining titrashi kuzatiladi. Qulay kechganda, bu alomatlar bir necha kun davom etadi. Oʻrtacha ogʻirlikdagi zaharlanlishlarning asosiy klinik belgisi koʻrishning buzilishi hisoblanadi. Bu belgilar 2-3 kunlik koʻrinishdan yaxshi boʻlib turgandan soʻng paydo boʻladi. Avvaliga koʻz oldida miltillash va tuman paydo boʻladi, bir necha soatdan keyin, baʼzan 1-2 kundan soʻng koʻrish oʻtkirligi keskin pasayib, hatto butunlay yoʻqolishi mumkin. Koʻrish qobiliyatining yoʻqolishi bilan birga umumiy zaharlanish belgilari ham kuzatiladi: qusish, koʻngil aynishi, hiqichoq, oshqozon sohasidagi ogʻriqlar, yurak urishi, bosh ogʻrigʻi, muvozanatning buzilishi.
Zaharlanishning ogʻir shakllari markaziy asab tizimi shikastlanish belgilarining tez kuchayishi bilan tavsiflanadi. Bu holat komatoz holatning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bunda chuqur hushsizlik, reflekslarning yoʻqolishi, qorachiqlarning kengayishi, yorugʻlikka reaksiyaning yoʻqligi, yurak va nafas olish faoliyatining pasayishi kuzatiladi.
Koʻpincha koma oʻlim bilan yakunlanadi. Bemor hayoti uchun 2 — 2,5 kunlik koʻrinishdan sogʻlom holatdan keyin toʻsatdan yuzaga keladigan kollaps ham xavfli hisoblanadi. Koʻkrak qafasi va yurak sohasida siqilish hissi, nafas olish qiyinlashuvi bilan harakat bezovtaligi, oʻlim qoʻrquvi, tutqanoq, sianoz paydo boʻladi. Oʻlim nafas olishning toʻxtashi yoki hushi saqlangan holda yurak faoliyatining toʻxtashidan yuz berishi mumkin. Katta yoshli odam uchun ichilganda 10 — 15 ml doza zaharli hisoblanadi.
Surunkali zaharlanishlar shilliq qavatlarning taʼsirlanishi, umumiy holsizlik, tez charchash, yigʻloqilik, bosh ogʻrigʻi, titroq, hazm qilish buzilishlari, jigar faoliyatining izdan chiqishi bilan namoyon boʻladi. Koʻrish aʼzolarining zararlanishi xos boʻlib, koʻz qorachiqlarining yorugʻlikka reaksiyasi susayadi, rangli koʻrish chegaralari konsentrik torayadi, ish staji ortishi bilan bu torayish kuchayib boradi.
2. Bosh reja va hududga qoʻyiladigan talablar.
2.1 Metil spirtidan foydalaniladigan, saqlanadigan ishlab chiqarishlar uchun sanitariya-himoya zonalarining oʻlchamlarini sanoat korxonalarini loyihalashning sanitariya meʼyorlariga muvofiq atmosfera havosida chiqindilarning tarqalishini hisoblash asosida belgilash lozim. Atmosfera havosidagi metanolning maksimal bir martalik ruxsat etilgan miqdori 1 mg/m³, oʻrtacha sutkalik ruxsat etilgan miqdori 0,5 mg/m³, xavflilik sinfi III. B
2.2 Suv havzalari va tuproq ifloslanishining oldini olish uchun hudud qismlari, metanolni qayta yuklash, saqlash, berish amalga oshiriladigan joylarda tuproq ifloslanishiga toʻsqinlik qiladigan qoplama, ishlab chiqarish kanalizatsiya tarmogʻiga oqova suvlar tizimi yoki yopiq toʻplagichlar boʻlishi shart.
3. Ishlab chiqarish bino va inshootlariga qoʻyiladigan talablar.
3.1 Ishlab chiqarish binolarini rejalashtirish vertikal va gorizontal yoʻnalishda qoʻshni xonalarga metanol bugʻlarining kirishini istisno qilishi kerak.
3.2 Metanol bilan ishlanadigan xonalar silliq, oson yuviluvchi materiallar bilan pardozlanishi lozim. Pollar metanol oʻtkazmaydigan, namlikka chidamli materiallardan tayyorlanib, metanol bugʻlanishini iloji boricha kamaytirish uchun issiqlik oʻzlashtirish koeffitsiyenti 4 kkal/m2 soat dan oshmasligi kerak. Pollar qiyalik va oqim tizimi bilan jihozlanadi.
3.3 Ishlab chiqarish xonalarini sanitariya jihatidan saqlash kundalik nam tozalashni oʻz ichiga olishi shart.
3.4 Metanol va tarkibida metanol boʻlgan moddalar bilan ishlanadigan xonalar quyidagilar bilan jihozlanishi lozim: almashinuvchi havo kiritish-soʻrish ventilyatsiyasi (ventilyatsiya ishlamayotganda metanol bilan ishlash qatʼiyan man etiladi), suv taʼminoti va kanalizatsiya, suv gidrantlari, shuningdek, tabiiy shamollatish imkoniyati taʼminlangan boʻlishi kerak. [Ish zonasi havosidagi metanol bugʻlarining REMK -5 mg/m3. B1G xavflilik sinfi]
4. Texnologik jarayon va jihozlarga qoʻyiladigan talablar.
4.1 Ishlab chiqarish jarayonlari va uskunalar metanol va tarkibida metanol boʻlgan moddalar bilan ishlovchilar uchun zararsiz mehnat sharoitlari va xavfsizlikni taʼminlashi shart.
4.2 Texnologik jarayonlarni loyihalash va modernizatsiya qilishda metanoldan foydalanishni imkon qadar kamaytirish va uni boshqa, kamroq zaharli (etil, gidroliz spirti kabi) moddalar bilan almashtirish zarur.
4.3 Metanol yoki uni oʻz ichiga olgan moddalarni qoʻllagan holda texnologik jarayonlarni olib borish davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilishi shart.
4.4 Quyidagilar taqiqlanadi: tarkibida metanol boʻlgan, maishiy turmushda ishlatiladigan va savdo tarmogʻiga chiqariladigan mahsulotlar (mastikalar, nitrolaklar, yelimlar) ishlab chiqarish;
metanolni erituvchi sifatida ishlatish,
isitish asboblarini yoqish uchun metanoldan foydalanish,
metanolda polituralar tayyorlash.
4.5 Metanolning maqsadsiz ishlatilishini oldini olish va unga yoqimsiz hid hamda rang berish uchun isteʼmolchi tomonidan unga etilmerkaptan yoki kerosin yoki boʻyoqlar qoʻshilishi lozim.
4.6 Agar bu texnologik jarayonning kimyoviy xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlmasa, bir xil ishlab chiqarish xonasida (sex, ishlab chiqarish) metanol va etil spirtini bir vaqtning oʻzida yoki navbatma-navbat qoʻllash taqiqlanadi. Xonalarda etil spirtini saqlashga ruxsat etilmaydi.
4.7 Metanol yoki tarkibida metanol boʻlgan moddalar qoʻllaniladigan ishlab chiqarish jarayonlari toʻliq germetiklangan boʻlishi va ishchilarning metanol bilan aloqada boʻlish imkoniyatini istisno etishi lozim.
4.8 Metanol qoʻllaniladigan laboratoriya ishlari faqat ventilyatsiya ishlayotgan tortma shkafda bajariladi.
4.9 Ish xonalari havosiga metanol ajralib chiqishi bilan kechadigan texnologik operatsiyalar amalga oshiriladigan ish joylari mahalliy soʻrgʻichli yopqichlarga ega boʻlishi shart.
4.10. Metanol ishlatiladigan har bir ish oʻrni uchun metanolning miqdori va qoʻllanish sharoitlari, ventilyatsiya tizimining koʻrsatkichlari: yopqich ostidagi zarur siyraklanish, tegishli rejimlarda soʻrib olinadigan havo hajmi batafsil tavsiflangan pasport tuzilishi shart.
4.11 Sexlarda, ishlab chiqarish boʻlimlarida, laboratoriyalarda, korxonalarning boshqa boʻlinmalarida metanol miqdori bir kunlik ehtiyojdan oshmasligi lozim. Bir kecha-kunduzda olingan metanol toʻliq sarflanmagan taqdirda, uning qoldigʻi omborga topshiriladi yoki maxsus xonalarda (seyflarda) saqlanadi.
4.12 Metanol saqlanadigan xonalar javonlar, ustunlar, koʻtarish-tashish vositalari, yongʻinga qarshi va qoʻriqlash signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Javonlarning balandligi poldan 170 sm dan oshmasligi lozim.
4.13 Metanol va metanol saqlagan moddalar solingan idishlar joylashtirilgan xona kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart. Metanolli idishlarni qoʻlda tashish qatʼiyan man etiladi.
4.14 Inventar va uskunalarni pardozlash uchun qoʻllaniladigan materiallarning issiqlik oʻzlashtirish koeffitsiyenti 4 kkal/m2 soatdan oshmasligi kerak.
4.15 Metanol GOST 2222-78 “Metanol — texnik zahar. Texnik shartlar” ga muvofiq, oʻralgan idishda taglik ustida saqlanadi. Idishda “Metanol — zahar”, “Yongʻinga xavfli” degan ogohlantiruvchi yozuvlar va zaharli moddalar uchun belgilangan belgi boʻlishi shart.
4.16 Tapuga metanol quyish maxsus shu maqsad uchun moʻljallangan nasoslar va sifonlar (vakuum bilan zaryadlangan) yordamida amalga oshirilishi shart. Chelaklar va ogʻiz bilan soʻrish orqali sifonlash usuli taqiqlanadi.
4.17 Idishdan metanolni toʻkish mahsulot qoldigʻisiz toʻliq amalga oshiriladi.
4.18 Metanoldan boʻshagan idish darhol kamida ikki barobar hajmda suv bilan yuvilishi kerak.
Metanol va tarkibida metanol boʻlgan moddalarni toʻkish va ular bilan ishlash paytida sachrashning oldini olish maqsadida ekranlar, toʻsiqlar va shunga oʻxshash himoya vositalaridan foydalanish lozim.
4.20. Toʻkilgan metanol ustiga zudlik bilan qum yoki X/ʼ qirindi sepiladi. Ular xonadan chiqarib tashlanadi, metanol quyilgan joy esa suv oqimi bilan yuviladi.
4.21 Metanol ishlatilgan uskunalar, sigʻimlar yoki kommunikatsiyalarda taʼmirlash ishlari zarur boʻlganda, apparatlar va kommunikatsiyalarni sifatli tayyorlash (puflash, shamollatish, bugʻlash) tashkil etilishi kerak. Apparatlar ichida ishlayotganda uzluksiz shamollatish, ish joylarini yoritish va ishchilarning nafas olish hududiga toza havo yetkazib berishni taʼminlash, ularning metanol bilan ifloslangan muhitda boʻlish vaqtini cheklash lozim.
5. Isitish va shamollatishga qoʻyiladigan talablar.
5.1 Isitish va shamollatish qurilmalari metanolning bugʻlanishini kuchaytirmaydigan va xonada ishlovchilar uchun xavfsiz boʻlgan uning ish zonasi havosidagi konsentratsiyasini taʼminlaydigan tarzda joylashtirilishi kerak. Isitishni keluvchi havo ventilyatsiyasi bilan birlashtirish mumkin.
5.2 Kuchli havo oqimlarini istisno qilgan holda, kiritilayotgan havo taqsimoti imkon qadar ish joyiga yaqinlashtirilishi lozim.
5.3 Ish joylaridan metanol bugʻlarini chiqarib yuboradigan mahalliy soʻrish tizimlari alohida boʻlishi va tozalash qurilmalari bilan jihozlanishi shart.
5.4 Tozalash qurilmalaridan olingan ishlatilgan yutgichlar zaharli moddalar uchun belgilangan sanitariya qoidalariga muvofiq toʻplanadi, saqlanadi va utilizatsiya qilinadi.
6. Yoritishga qoʻyiladigan talablar.
6.1 Yoritish jihozlari xona va ish yuzasini bir tekis yoritishni taʼminlashi, yaltiroq buyumlardan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltirilgan nurlar tushishi ehtimolini hisobga olgan holda joylashtirilishi kerak.
6.2. Ish joylarining yoritilganligi “Tabiiy va sunʼiy yoritish” QMQ talablariga toʻliq mos kelishi lozim.
7. Dastlabki materiallar, tayyor mahsulot va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash hamda tashishga qoʻyiladigan talablar.
7.1 Dastlabki materiallar, tayyor mahsulotlar va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash germetik idishlarda, qulflanadigan xonalarda yoki seyflarda amalga oshirilishi, bunda kiruvchi va chiqariladigan moddalarning miqdori hamda foiz tarkibi qatʼiy hisobga olinishi va nazorat qilinishi shart.
7.2 Tarkibida metanol mavjud boʻlgan materiallarni tashish germetik muhrlangan idishlarda, tashilayotgan moddalarning miqdori va konsentratsiyasi aniq koʻrsatilgan holda amalga oshirilishi lozim.
8. Atrof-muhitni muhofaza qilish talablari.
8.1 Metanol tashish, saqlash, u bilan ishlash, metanol tarkibli chiqindilarni yigʻish, saqlash va tashishning barcha bosqichlari atmosfera havosi, tuproq, suv, suv havzalarining ifloslanishini oldini olishi shart. Metanolning suv bilan har qanday nisbatda oson aralashishini va oshqozon-ichak trakti orqali organizmga kirganda ogʻir zaharlanish xavfini hisobga olgan holda, metanolning suv taʼminoti manbalari va ochiq suv havzalariga tushishini oldini olishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Suv havzalarida metanolning ruxsat etilgan konsentratsiyasi 3,0 mg/l. Xavflilik sinfi 2.
8.2 Atrof-muhitni metanol bilan ifloslanishdan himoya qilishni taʼminlaydigan ishlab chiqarish uchastkalarining tuzilishi va jihozlari ushbu qoidalarning tegishli boʻlimlarida bayon etilgan.
8.3 Ishlatilgan metanol va uni oʻz ichiga olgan moddalarni kanalizatsiyaga toʻkish; metanol bilan ifloslangan chiqindilarni maishiy va zaharli boʻlmagan ishlab chiqarish chiqindilari bilan aralashtirish qatʼiyan man etiladi. Ularni germetik yopiladigan idishlarga yigʻish va sanitariya qoidalariga muvofiq yoʻq qilish uchun topshirish kerak.
zaharli sanoat chiqindilarini toʻplash, tashish, zararsizlantirish va koʻmish.
9. Nazorat usullari.
9.1 Belgilangan nazorat nuqtalarida ish joyi havosi, atmosfera havosi, tuproq va suv havzalari suvida metanol miqdorini laboratoriya-asboblar yordamida nazorat qilish muntazam ravishda rejali tartibda va alohida favqulodda vaziyatlarda amalga oshiriladi.
9.2 Nazorat rejasi jadvali va nuqtalari hududiy davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishiladi. Birinchi navbatda qurilmalarning germetikligi buzilishi mumkin boʻlgan uchastkalar va jarayonlar, metanol tarkibli moddalarni ochiq yuklash, qayta yuklash, tushirish joylari mavjud boʻlgan, texnologik namunalar olinadigan, yaʼni havoning zararli moddalar bilan ifloslanish ehtimoli eng yuqori boʻlgan joylar kuzatuv ostiga olinishi lozim. Havoning tahlili unda metanol parchalanishi mahsulotlari: formaldegid va chumoli kislotasi mavjudligiga ham oʻtkazilishi shart.
9.3 Metanolning taʼsirlantiruvchi xususiyati yoʻqligini hisobga olgan holda, havoga toʻsatdan koʻp miqdorda metanol tushishi mumkin boʻlgan xonalarda ishchilarni xavf haqida ogohlantirish uchun gaz analizatorlari va signal beruvchi qurilmalardan foydalanish zarur.
10. Mehnat tartibiga qoʻyiladigan talablar.
10.1 Metanol qoʻllanilishi bilan bogʻliq ishga kirayotgan barcha shaxslar terapevt, nevropatolog, oftalmolog ishtirokida va koʻz tubi tekshiruvi bilan majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart. Keyinchalik davriy tibbiy koʻriklar har 2 yilda 1 marta va zarurat tugʻilganda oʻtkaziladi.
10.2 Koʻruv nervi va toʻr parda kasalliklari boʻlgan, alkogolizm, giyohvandlik, toksikomaniyaga moyil shaxslar, homilador va emizikli ayollar metanol qoʻllaniladigan ishlarga qoʻyilmaydi.
10.3 Metanol qoʻllaniladigan ishlab chiqarishga ishga qabul qilinayotganda, metanolning inson salomatligi va hayoti uchun xavfi haqida maxsus yoʻriqnoma oʻtkaziladi.
10.4 Metanol qoʻllaniladigan ishlab chiqarishlarda ishlash uchun jalb etiladigan quruvchilar, montajchilar, taʼmirlovchilar, sozlovchilar va boshqa mutaxassislik egalariga ham metanolning xavfi haqida yoʻl-yoʻriq berilishi va ular dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtishlari shart.
11. Maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalariga qoʻyiladigan talablar.
11.1 Metanol bilan ishlashga ruxsat etilgan shaxslar 8-j guruhidagi maxsus kiyim, rezina fartuk va rezina qoʻlqoplarga ega boʻlishlari kerak.
11.2 Metanol ishlatiladigan yoki saqlanadigan ishlab chiqarish xonalarida “A” rusumli navbatchi protivogazlar, rezina qoʻlqoplar va rezina fartuklar boʻlishi shart.
11.3 Metanol maxsus kiyimga tushgan taqdirda, uni darhol yechib, almashtirish lozim. Metanol bilan ifloslangan maxsus kiyimlar iliq suvda yuviladi. Maxsus kiyimlarni yuvish, taʼmirlash va zararsizlantirish markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Maxsus kiyimlarni ishlab chiqarishdan tashqariga olib chiqish va uy sharoitida yuvish qatʼiyan man etiladi.
11.4 Metanol bilan ishlashda himoyalovchi surtma va pastalardan foydalanish lozim.
12. Metanoldan zaharlanishning oldini olish boʻyicha shoshilinch choralar.
12.1 Metanol yuzga, qoʻllarga, terining ochiq joylariga va shilliq qavatlarga tushganda, zararlangan joylarni zudlik bilan koʻp miqdordagi suv bilan yuvish zarur.
Metanol ichilgan hollarda oshqozonni 2% li soda eritmasi bilan yuvish, ichishga qustiruvchi dorilar berish, bemorni yotqizib, issiq grelkalar bilan oʻrash kerak. Shoshilinch ravishda tibbiy yordamga murojaat qilish lozim.
12.2 Sex dori qutisi tarkibiga natriy bikarbonat (ovqat sodasi) va qustiruvchi vositalar kiritilishi shart.