Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga oʻn kunlik muddatda ushbu Qarordan kelib chiqib, xalq deputatlari tegishli Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalariga oʻzgartirish kiritish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi ushbu Qarorning ijrosini taʼminlashda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga va ularning kotibiyatlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi A. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 14-avgust,
KQ-379-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 14-avgustdagi KQ-379-V-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining namunaviy odob-axloq qoidalarining 34-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34. Deputat oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymasligi, begʻaraz va xolis boʻlishi kerak.
Deputat:
oʻz vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan oʻz shaxsiy manfaatlari bilan bogʻliq har qanday harakatlardan oʻzini tiyishi;
vakolatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi;
Kengash sessiyasi, doimiy (muvaqqat) komissiya yoki Kengashdagi partiya guruhi majlisida bevosita oʻzining shaxsiy manfaatdorligi yoxud oʻziga aloqador shaxslarning manfaatdorligi boʻlgan masala koʻrib chiqilayotgan boʻlsa, bu haqda oldindan raislik qiluvchini xabardor qilishi;
Kengash raisi yoki uning oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritganda deputatlarni, Kengashning doimiy (muvaqqat) yoki boshqa komissiyasi raisi, Kengashdagi partiya guruhi rahbari yoki ularning oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritganda ushbu kollegial organlarga saylangan (tarkibida boʻlgan) deputatlarni, bundan tashqari, Kengash kotibiyati xodimlarini bevosita yoki bilvosita oʻzining shaxsiy manfaatlarini koʻzlovchi harakatlarga (harakatsizlikka) majburlamasligi;
boshqa deputatlarga nisbatan oʻziga maʼlum boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi hollari toʻgʻrisida Kengash raisiga xabar berishi lozim.
Kengash sessiyasi, doimiy (muvaqqat) komissiya yoki Kengashdagi partiya guruhi majlisida raislik qiluvchi manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida deputatning shaxsiy yoki deputatga aloqador shaxslarning manfaatdorligi boʻlgan muhokamalarda deputatning soʻz olish huquqini cheklashi mumkin.
Deputat:
xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish orqali shaxsiy naf olishga;
manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chogʻida maʼlumotlarni yashirishga yoxud bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot taqdim etishga;
Kengash kotibiyati mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda ishtirok etishga haqli emas.
Odob-axloq qoidalari maqsadlari uchun quyidagi shaxslar deputatga aloqador shaxslar deb eʼtirof etiladi:
deputatning yaqin qarindoshlari;
deputat va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs;
deputat yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki aʼzosi boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs”.