OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SPORT VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 25-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2247-4]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2011-yil 9-iyundagi 484-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2247, 2011-yil 22-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 30-son, 318-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-iyun,
3-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirining 2026-yil 5-iyundagi 3-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning uchinchi — beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sport turi — sport musobaqalariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrilishi bilan ajralib turuvchi, sport musobaqalarini oʻtkazishga va ularda ishtirok etishga doir talablar va shartlar belgilanadigan qoidalarga (nizomga, reglamentga) ega boʻlgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) — mamlakatda muayyan sport turini (turlarini) rivojlantirishni, ommalashtirishni, sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoasi aʼzoligiga nomzodlarni saralashni va tavsiya etishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi sifatida belgilagan, tegishli tartibda Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
trener — sportchilarni tayyorlash hamda ularning musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishini tashkil etish, ularga nazariy va amaliy bilimlarni berish, shuningdek ularni jismoniy jihatdan kamol toptirishni amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;”.
2. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Trenerlik faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
zoʻravonlikni, diniy ekstremizmni, davlat tuzumiga, mamlakatning tinchligi va xavfsizligiga, uning aholisiga qarshi qaratilgan boshqa harakatlarni targʻib qilishga;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga;
oʻquv mashgʻulotlari jarayonida sportga aloqasi boʻlmagan boshqa faoliyatni olib borishga;
taqiqlangan vositalarni, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish hamda ularni isteʼmol qilishni targʻib etishga.”.
3. 17-banddan beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
4. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
trenerlik faoliyatini amalga oshirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish;
sport musobaqalarida, jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etish.
Trener qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.”.
5. 21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar quyidagilarga majbur:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda malaka oshirganlik haqidagi malaka sertifikatga ega boʻlishga;
oʻz faoliyati jarayonida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarda vatanparvarlik, vatanga muhabbat tuygʻularini tarbiyalashga, ularning sogʻligini mustahkamlashga, sport mahoratini oshirishga, ularni axloqiy, maʼnaviy tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratishga;
trenerga nisbatan qoʻyilgan talablarga qatʼiy rioya etishga;
kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga;
jismoniy tarbiya va sportni hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga;
yuksak madaniyat va tashkilotchilik boʻyicha oʻrnak boʻlish, shugʻullanuvchilar tomonidan qoʻpollik, intizomsizlik va axloqiy meʼyorlar buzilishining oldini olishga;
oʻquv-mashgʻulotlarida xavfsizlik, sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etishga.
Trenerning zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026 y., 10/26/2247-4/0625-son)