OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI NAVOIY VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Navoiy viloyatidagi markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti bilan taʼminlangan turar va noturar joylardan chiqayotgan oqava suv uchun ichimlik suv koʻrsatkichidan koeffitsiyent qoʻllanilgan holda belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan “Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalari”ning 91-bandiga muvofiq, “Navoiy suv taʼminoti” AJning 2026-yil 16-martdagi 07-041/543-sonli xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan “Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalari”ning 91-bandida markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti mavjud turar joy va noturar joy xonalaridan chiqadigan oqova suv miqdori isteʼmolchilari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan qaror bilan belgilangan koeffitsiyentga koʻra, (barcha guruh isteʼmolchilari uchun 2 koeffitsiyentdan oshmagan holda), mahalliy sharoitlardan kelib chiqib belgilanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2026-yil 1-iyundan viloyatning tuman (shahar) hududlarida markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti mavjud boʻlgan turar va noturar joylardan issiq suvning oqovaga chiqarilishini isteʼmol qilingan ichimlik suv hajmiga nisbatan 1,7 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda hisoblanishi belgilansin.
3. “Navoiy suv taʼminoti” AJ (Zaripov) tuman (shahar) hududlarida markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan isteʼmolchilarning oqova suvi miqdori isteʼmol qilingan ichimlik suv hajmiga nisbatan aholi isteʼmolchilariga qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblanishini taʼminlasin.
4. Ushbu qaror “Doʻstlik bayrogʻi” va “Знамя дружбы” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Mazkur qaror 2026-yil 1-iyundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimligining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A. Niyozov zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi N. TURSUNOV
Navoiy viloyati,
2026-yil 19-may,
124-5-0-Q/26-son