XALQ DEPUTATLARI FORISH TUMANI KENGASHINING
Qarori
Forish tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PQ387-son qarorining 8-bandi (a)-qismida 2026-yil 1-yanvardan boshlab Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar)lar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat berilishi, bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan Xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritilishi, shuningdek, tuman markaziy koʻchalaridagi qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq xizmatlar sifatidan toʻliq qoniqishini va tadbirkorlar uchun jozibadorligini taʼminlash, hosil boʻlayotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish, chiqindilar toʻplanishining oldini olish, ekologik hamda sanitariya holatini yanada yaxshilash maqsadida va tuman hokimligining 2026-yil 27-martdagi 03-58-son Xalq deputatlari Forish tuman Kengashi raisiga yoʻllagan xati yuzasidan, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Forish tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuman markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish boʻyicha toʻlov tariflari yuzasidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi F.Amirovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi (Q.Xidirov), tuman Sogʻliqni saqlash boʻlimi (A.Jabbarova), tuman Sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi boʻlimi (Y.Usmonov), Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi v.v.b (E.Urishboyev)lar fuqarolarning huquqiy va sanitariya-ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitar qoidalari va meʼyorlariga asosan hududlar boʻyicha oʻrnatilgan meʼyorlardan isteʼmolchining faoliyat turidan, joylashuvidan va xizmatidan foydalanish usulidan kelib chiqib isteʼmolchi tomonidan QSMCh (qattiq, suyuq maishiy chiqindilar) yillik toʻlash hajmi va QQS (qoʻshimcha qiymat soligʻi) xizmat haqqi soʻmda, 1-ilovaga muvofiq belgilansin.
4. Tuman hokimining axborot xizmati (lavozimiga koʻra) ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi (A.Ergashev), ijrosi tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh.Uzoqov) va tuman Soliq inspeksiyasi boshligʻi v.v.b (M.Quvatov) hamda tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi (F.Amirov)larning zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan, 3 oydan soʻng kuchga kiradi.
Kengash raisi KARIMOV BOTIR NARINOVICH
Jizzax viloyati, Forish tumani,
2026-yil 13-may,
VII-21-48-3-53-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.