XALQ DEPUTATLARI PISKENT TUMANI KENGASHINING
Qarori
Piskent tumanida 2026-yilning sugʻorish (vegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarori ijrosi yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi tomonidan tumanda mavjud qishloq xoʻjaligi korxonalarini vegetatsiya davrida kerakli miqdorda suv bilan taʼminlash maqsadida belgilangan tartibda suv yetkazib berish limitlari oʻrganib chiqilgan.
Tumanda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish asosiy maqsad qilib olingan.
Tumanda 2026-yil sugʻorish (vegetatsiya) davrida isteʼmolchilar soni 3700 tani tashkil etib, jami sugʻoriladigan maydon 22 102 gektar boʻlib, suv olish limiti 136.1 mln metr kub, shundan 131.4 mln metr kub suv limiti MFY, dehqon xoʻjaliklari, fermer va MCHJlarga va baliqchilik xoʻjaliklariga 4.73 mln. metr kub tashkil etadi.
Tumanda 2026-yilning sugʻorish (vegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi boshliq oʻrinbosari R.Xoʻjamqulovning axborotini eshitib, Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 10-apreldagi 03-04-DKB/24-son bayonini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonuni 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi, qaror qiladi:
1. Tumanda 2026-yilning sugʻorish (vegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi boshliq oʻrinbosari R.Xoʻjamqulovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda 2026-yilning sugʻorish (vegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlari 136.1 mln metr kub (bir yuz oʻttiz olti million bir yuz metr kub) hajmida tasdiqlansin.
3. Tumanda 2026-yilning sugʻorish (vegetatsiya) davri uchun isteʼmolchilar kesimida ajratilishi rejalashtirilgan suv limiti 1 — 4-ilovalarga asosan tasdiqlansin.
4. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi (O. Ubaydullayev)ga:
tumanda belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga oʻz vaqtida suv yetkazib berish choralarini koʻrish;
hududga berkitilgan miroblar, oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
tumanda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini oʻz vaqtida koʻrsatish borish vazifasi yuklatilsin;
tuman “Suv yetkazib berish xizmati” rahbarlarini ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan bir yilda ikki marta xalq deputatlari tuman Kengashlariga hisobot berib borishi belgilab qoʻyilsin.
5. Tuman hokimligi Axborot xizmati (N. Ismoilov) va “Piskent hayoti” gazetasi (B. Sattorova) mazkur qaror tasdiqlangandan keyin tuman hokimligining rasmiy veb-sayti va tuman mahalliy gazetasida eʼlon qilinishini nazoratga olsin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashning “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (B. Abralov) hamda tuman hokimining oʻrinbosari S. Tulepov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi IBRAGIMOV AZIMJON GʻULOMJONOVICH
Toshkent viloyati, Piskent tumani,
2026-yil 26-may,
VII-26-27-10-142-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.