XALQ DEPUTATLARI SHOʻRCHI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Shoʻrchi tumanida 2026-yilgi sugʻorish davrida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarini sugʻorish uchun suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Aholi sonining yildan-yilga ortib borayotgani, suv resurslariga boʻlgan talabning oshishi hamda iqlim oʻzgarishi natijasida suv tanqisligining kuchayib borayotgani mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan respublikamizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu yoʻnalishda muhim vazifalar belgilab berilgan.
Shu bilan birga, tumanda 2026-yil sugʻorish mavsumida mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotilishini kamaytirish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtiruvchilarga ajratiladigan suv hajmlarini cheklangan suv resurslaridan kelib chiqib belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Shoʻrchi tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Shoʻrchi tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2026-yil 19-martdagi 01-569-sonli xati inobatga olinsin.
2. Shoʻrchi tumanida 2026-yil sugʻorish davrida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarini sugʻorish uchun suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori O. Ismoilovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda 2026-yil sugʻorish davrida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarini sugʻorish uchun suv olish limitlari quyidagicha tasdiqlansin: Shoʻrchi tumanidagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan suv isteʼmolchilariga 2026-yil sugʻorish davri uchun ajratilgan suv limitlari 1, 2, 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (S. Saidahmedov) hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi (O. Ismoilov)ga:
cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida ekin maydonlariga, ayniqsa takroriy ekin maydonlariga suvni kam talab qiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish choralarini koʻrish;
tuman hududiga olinadigan suv resurslarini aniq hisobga olish hamda yer maydonlaridan kelib chiqib adolatli taqsimlash;
suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslari hisobini yuritish va belgilangan tartibda soliq organlariga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifalari yuklatilsin
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Qudratov)ga:
joylarga chiqqan holda suv isteʼmolchilari tomonidan suv resurslaridan samarali foydalanilishi yuzasidan deputatlik nazoratini oʻrnatish;
har oy yakunlari boʻyicha suv limitidan ortiqcha foydalangan isteʼmolchilarni komissiya yigʻilishlariga jalb etish hamda ularning hisobotlarini eshitish;
2026-yil davomida mazkur masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini Kengash sessiyasi kun tartibiga kiritishni nazoratga olish topshirilsin.
6. Tuman hokimligi matbuot xizmati (N. Shoyeva) hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi (O. Ismoilov)ga mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvni tejash madaniyatini oshirish va “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (S. Saidahmedov) ,tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi (O. Ismoilov) zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish esa Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Qudratov) zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi SAIDOV IKRAM YAXSHIBOYEVICH
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani,
2026-yil 22-may,
VII-19-46-8-120-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.