XALQ DEPUTATLARI YANGIOBOD TUMANI KENGASHINING
Qarori
Yangiobod tumanida 2026-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori shuningdek, hududlarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv taqsimotida shaffoflik va adolat tamoyillarini taʼminlash, suv yoʻqotishlarini keskin kamaytirish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlarini barqaror sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida, Yangiobod tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan 2026-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun ishlab chiqilgan suv olish limitlarini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24- moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish sarmaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Yangiobod tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan 2026-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun ishlab chiqilgan suv olish limitlari boʻyicha kiritilgan taklif maʼqullansin.
3. 2026-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun ishlab chiqilgan suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori (A.Yuldoshev)ga:
suv resurslarini taqsimlashni ushbu qaror bilan tasdiqlangan limitlar hamda gidrologik koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda samarali tashkil etish;
suv yoʻqotishlarini qisqartirish maqsadida mavjud irrigatsiya tarmoqlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish, taʼmirlash va modernizatsiya qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
suv berish jarayonlarini raqamlashtirish, elektron monitoring va onlayn nazorat tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish;
suv isteʼmolchilari kesimida aniq hisob-kitob yuritilishini taʼminlab, har oy yakuni boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish;
suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha doimiy nazoratni kuchaytirish vazifalari topshirilsin.
5. Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari (S.Ernazarov)ga:
qishloq xoʻjaligida suvdan samarali va tejamkor foydalanishni taʼminlash maqsadida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni, jumladan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish usullarini keng joriy etish;
fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalarida suv sarfini kamaytirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlarni joriy etishga koʻmaklashish;
suvdan oqilona foydalanish, suv intizomiga rioya qilish boʻyicha fermerlar va suv isteʼmolchilari oʻrtasida doimiy tushuntirish va targʻibot ishlarini tashkil etish;
suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha ilgʻor tajribalarni ommalashtirish va ularni amaliyotga joriy etish vazifalari topshirilsin.
6. Ushbu qaror rasman “Yangiobod ovozi” gazetasida eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining Qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.Nazarqulov zimmasiga yuklansin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi TILAKOV XOLBOYKUL ABDUGANIYEVICH
Jizzax viloyati, Yangiobod tumani,
2026-yil 30-aprel,
VII-18-36-3-54-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.