XALQ DEPUTATLARI QIZILTEPA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Qiziltepa tumanida 2026-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish miqdor (limit)larini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorning ijrosini taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongiga shakllangan “suv – tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni tashkillashtirish maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqishi hamda tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 5-fevraldagi PQ-47-sonli qarori bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangicha mexanizmi joriy qilindi. Bunda:
2027-yildan boshlab, har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sugʻoriladigan yer maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanishi;
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun suv manbalarining suvlilik darajasini tahlil qilgan holda suv bilan barqaror taʼminlangan hamda taʼminlanmagan hududda joylashgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari roʻyxatini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman kengashlariga kiritishi belgilab berildi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʼllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish hamda mazkur qaror bilan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, suv bilan barqaror taʼminlangan hamda taʼminlanmagan hududda joylashgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari roʻyxatini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining navbatdagi sessiyasida koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilangan.
Taqdim etilgan maʼlumotlarni xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiyasi yigʻilishi muhokamasida bildirilgan takliflarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuninig 24-moddasiga hamda xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasining 2026-yil 30-martdagi DKQ 03-04/25-26-sonli qaroriga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori, Qiziltepa tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2026-yil 19-martdagi 39-sonli xati hamda A.Fattoyevning bergan hisoboti maʼlumot va ijro qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi 38-bandiga asosan, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 soʻm etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Qiziltepa tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan joriy yil vegetatsiya davri uchun tuman chegarasidan olinadigan 209,35 mln. m3 suv olish limitlarini, kanallardagi suv yoʻqotishlarni inobatga olib, 30 foizga kamaytirgan holatda 501ta isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari hududlar kesimida 1-ilovaga muvofiq;
Suv manbalarining suvlilik darajasi tahlil qilingan holda suv bilan barqaror taʼminlangan hududda joylashgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Suv bilan barqaror taʼminlanmagan roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tumandagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi suv isteʼmolchilariga isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
5. Tuman hokimligining axborot xizmati (A. Umedov), “Yangi Qiziltepa” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda, amalga oshirilgan ishlarni ommaviy axborot vositalarini yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimi oʻrinbosari (H. Farmonov), qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (R. Valiyeva) zimmasiga yuklansin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirsin.
Kengash raisi BOBOJONOV ULUGʻBEK RAXIMOVICH
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani,
2026-yil 23-aprel,
VII-20-28-5-72-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.