OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SURXONDARYO VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Surxondaryo viloyatidagi bozorlar va savdo majmualarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan toʻlovlar miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati tumani kengashining 2026 yil 14 apreldagi 191-8-0-Q/26-sonli “Surxondaryo viloyatidagi bozorlar va savdo majmualarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan toʻlovlar miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-son qarorining 4-bandiga muvofiq hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi va Soliq boshqarmasining takliflarini inobatga olib, qaror qilaman:
1.Quyidagilar:
viloyatdagi bozorlar va savdo majmualari maʼmuriyati tomonidan undiriladigan bir martalik yigʻimlar miqdori 1-ilovaga muvofiq;
viloyatdagi bozorlar va savdo majmualari hududidagi bino-inshootlar va inventarlarni ijaraga berish va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori 2-ilovaga muvofiq;
bozorlar va savdo komplekslarining balansidagi bino va inshootlar hamda yer maydonlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlarining miqdorlari 3-ilovaga muvofiq;
umumiy foydalaniladigan obyektlarni saqlash boʻyicha koʻrsatiladigan majburiy xizmatlar haqi miqdorlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2.Termiz shahar va tumanlar hokimlari viloyat Soliq boshqarmasi, hududiy davlat soliq xizmati organlari hamda bozorlar va savdo majmualari maʼmuriyatlari bilan birgalikda:
bozorlar va savdo majmualaridan tushadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatini belgilangan tartibda toʻliq undirilishini;
belgilangan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini viloyatdagi barcha bozorlar va savdo majmualariga yetkazilishi, sotuvchi va xaridorlarga koʻrinarli joylarga joylashtirilishi hamda amalda tatbiq etilishi ustidan nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
3. Surxondaryo viloyat Soliq boshqarmasi bozorlar va savdo majmualari maʼmuriyati tomonidan bozorlarda bir martalik yigʻimlar, koʻrsatilgan xizmatlar, foydalanganlik uchun ijara toʻlovlari yigʻim miqdorlarini koʻpaytirish evaziga tushadigan daromadlarni Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
4. Viloyat hokimining 2025-yil 24-apreldagi 266-8-0-Q/25-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qaror “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Sh.Rajabov zimmasiga yuklansin.
Surxondaryo viloyat hokimi U. B. QOSIMOV
Surxondaryo viloyati,
2026-yil 25-mart,
156-8-0-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.