XALQ DEPUTATLARI TUPROQQAL'A TUMANI KENGASHINING
Qarori
Tuproqqalʼa tumani hududidagi Obodonlashtirish boshqarmasiga biriktirilgan tuproq koʻchalarni shagʻallashtirish va taʼmirlash tadbirlari hamda koʻrsatiladigan obodonlashtirish va maishiy chiqindi xizmatlari uchun toʻlov tariflarining miqdorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarorning 8-a bandida 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tumanlar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat berilgan.
Bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tumanlar hokimliklari tomonidan xalq deputatlari tumanlar Kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritilishi;
8-b bandida mahalla fuqarolar yigʻini buyurtmasi asosida homiylik mablagʻlari hisobidan ichki koʻchalardagi mavjud tuproq koʻchalarni shagʻallashtirish hamda taʼmirlash tadbirlarini obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan. Bunda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan mazkur vazifalarni amalga oshirishda har yil uchun tasdiqlanadigan dasturlarning bajarilishi kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
8-v bandida budjet tashkilotlarining hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish (mavsumiy gul koʻchatlari ekish, gazon yotqizish, sugʻorish tizimlarini tashkil etish) tadbirlarini budjet tashkiloti va obodonlashtirish boshqarmalari oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilishi belgilangan.
Kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6- va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish,budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuproqqalʼa tumani Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan markaziy koʻchalar boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatish uchun toʻlov tariflari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-387-sonli qarorida berilgan topshiriqlarni oʻz muddatlarida bajarish;
tumanning markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatlarini koʻrsatish;
tasdiqlangan tariflarning belgilangan tartibda qoʻllanilishini taʼminlash;
xizmatlardan foydalanuvchi subyektlarga tariflar toʻgʻrisida axborot berilishini taʼminlasin.
4. Tuproqqalʼa tumani Obodonlashtirish boshqarmasining maishiy chiqindilar, agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) hamda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatidan tadbirkorlik subyektlarining foydalanishi ixtiyoriy qilib belgilansin.
5. Mazkur qaror rasmiy nashrlarda eʼlon qilinsin.
6. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi I. Qalandarov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi SULTONOV XUSHNUDBEK ROMANBERGANOVICH
Xorazm viloyati, Tuproqqalʼa tumani,
2026-yil 16-aprel,
VII-23-40-12-218-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.