XALQ DEPUTATLARI TUPROQQAL'A TUMANI KENGASHINING
Qarori
2026-yilning yozgi sugʻorish davrida tumanda suvdan samarali foydalanish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qaroriga asosan tuman irrigatsiya boʻlimlari hamda maxsus xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilganligi va ularning vazifalari belgilab berilgan.
Shuningdek, ushbu qarorda suv xoʻjaligi tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga vegetatsiya davridagi sugʻorish limitlarini joriy yilning 1-apreliga qadar yetkazish va tasdiqlash uchun tuman xalq deputatlari Kengashiga kiritish topshirilganligini va shunga muvofiq, Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan 2026-yilning vegetatsiya mavsumi uchun isteʼmolchilarning suv manbalari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha suv olish limitlari ishlab chiqilganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qaroriga asosan kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Tuproqqalʼa tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlar boʻyicha 2026-yilning yozgi sugʻorish davri uchun cheklangan suv miqdori (limit) 1 va 2- ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (X. Jumaniyazov) va tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori (O. Abdirimov) 5 kun muddatda:
suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar boʻyicha ishlab chiqilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazsin;
suv iisteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Tuman suv yetkazib berish xizmatlari davlat muassasasi (O. Abdirimov) tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatilsin.
4. Mazkur qaror tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi”raisi Z. Dovlatov zimmalariga yuklatilsin.
Kengash raisi SULTONOV XUSHNUDBEK ROMANBERGANOVICH
Xorazm viloyati, Tuproqqalʼa tumani,
2026-yil 16-aprel,
VII-23-39-12-218-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.